Kontent qismiga oʻtish

Fuqarolik jamiyati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Fuqarolik jamiyati – haqiqiy fuqarolardan, yaʼni uzviy bogʻliqlikda boʻlgan hamda axloqiy madaniyatga tayanadigan huquqiy va siyosiy madaniyatga ega odamlardan iborat jamiyatdir.

Fuqarolik jamiyati haqida ilk tasavvurlar Aristotelning „Siyosat“ asarida bayon etilgan. Unga koʻra, insonning erkin yashash huquqi kishilik jamiyatining adolat va qonun ustuvorligi asosida tashkil etilishi orqali taʼminlanishi lozim. Jamiyatni boshqarishda qonunlarning toʻgʻri va adolatli boʻlishiga alohida eʼtibor beriladi. Bu gʻoyalar XVII asrga kelib keng rivojlandi. Jumladan, T.Gobbs asarlarida takomillashtiriddi. XVIII asr Buyuk fransuz inqilobi davrida Inson va fuqaro huquklari deklaratsiyasi eʼlon qilinishi bilan esa Fuqarolik jamiyati tushunchasi keng tarqala boshladi. Chunki jamiyatning teng huqukli aʼzolari – „fuqarolar“ tushunchasi paydo boʻldi, ular jamiyat va davlat manfaatlari bilan bogʻlangan shaxsiy manfaatlarini anglay boshladilar. Kant, Russo, Gegel, Popper ilgari surgan fikrlar Fuqarolik jamiyatining yangidan-yangi qirralarini, umuminsoniy qadriyat sifatidagi mohiyatini ochib berdi.

Sharqda Fuqarolik jamiyatining oʻziga xos talqini mavjud. Bu, bevosita, axloq, madaniyat va maʼnaviyatning huquq bilan uygʻunlashgan, feʼl-atvor, xatti-harakatlar va qoida meʼyorlarning uzviy uygʻunlashgan shakli bilan bogʻliq. Jumladan, eng qadimgi madaniy tarixiy-huquqiy yodgorlik – Avestoda kishilarning uyushib yashashi, oʻzaro munosabatlar va aloqalarning axloq va meʼyorlarga tayanishi kabi gʻoyalar ilgari surilgan. Bunda oʻz-oʻzidan jamiyatda qonun ustuvorligiga erishish, jamiyatni shaxs tomonidan emas, qonun boshqarishi kabi Fuqarolik jamiyatining ilk belgilari namoyon boʻlgan. Forobiyning „Fozil odamlar shahri“ asarida mamlakatni boshqarishda adolatli qonun zarurligi, faol Fuqarolik jamiyatini shakllantirish mohiyati chuqur tahlil etilgan. Qonunlari mukammal boʻlgan mamlakatda adolat, inson huquqlari ustuvor boʻlishi muqarrar ekanligi bayon qilib berilgan. Forobiy fikriga koʻra, „Shahar (mamlakat) aholisi xushxulqqa ega boʻlmagan taqdirda hokimiyatga ehtiyoj tugʻiladi“, jinoyatchilik, bezorilik, qonunbuzarlik qonunlar zaif, aholi axloqiymaʼnaviy jihatdan barkamol boʻlmagan sharoitda avj oladi. Bunday xalqni tartibga chaqirish uchun kuchli taʼsir oʻtkazuvchi hokimiyat kerak boʻladi. Bu kabi gʻoyalar Ibn Sino, Beruniy, Xorazmiy, Amir Temur, Alisher Navoiy, Bobur va boshqa tomonidan ham ilgari surilgan va amaliyotda keng qoʻllangan.

Uzoq tarixiy rivojlanish natijasida Fuqarolik jamiyatini hozirgi zamonaviy tushunish shakllandi. Unga koʻra, Fuqarolik jamiyatda mulkchilik shakllarining xilma-xil va teng boʻlishi, mehnat va tadbirkorlikning erkinligiga yoʻl qoʻyilishi, mafkuraviy xilma-xillik va axborot erkinligi, inson huquq va erkinliklarining daxlsizligi, rivojlangan oʻzini oʻzi boshqarish, madaniylashgan huquqiy hokimiyat boʻlishi hamda jamiyat hayotining barcha sohalarida qonun ustuvorligi taʼminlanishi muhim hisoblanadi. Oʻzbekistonda Fuqarolik jamiyatini ko'rish tarixiy anʼana boʻlsada, u butunlay yangi tarixiy sharoitlarda jahon davlatchiligi ilg'or tajribalari va koʻp ming yillik milliy anʼanalarning sintezi sifatida dunyoga kelmokda. Yaʼni erkinlik va axloq, ozodlik va tarbiya, qonunga itoatkorlik va siyosiy hukuqiy faollik, hurriyat va qatiy tartibintizom uygʻunligida Fuqarolik jamiyati shakllantirilmoqda.

Fuqarolik jamiyati nafaqat davlatning majburlov kuchi bilan, balki uning aʼzolari boʻlmish fuqarolarning oʻzlari orqali saqlab turiladigan va qatʼiy tartib qaror topgan jamiyatdir. Bunday jamiyat oʻzini oʻzi yuksak darajada tashkil etishi bilan ajralib turadi. Fuqarolik jamiyatiga davlatning kuchli taʼsiri talab etilmaydi. Davlat bunday jamiyatning nazoratida boʻlishi kerak, chunki davlat – fuqarolik jamiyatning „yollanma xizmatkori“. Zero, u fuqarolar, korxona va muassasalardan olinadigan soliqlar hisobiga mavjud boʻladi. Mazkur jamiyat nafaqat oʻzining siyosiy, madaniy hayotini, balki iqtisodiy, ijtimoiy hayotini ham boshqarib turadi. Hamma jamiyatni ham fuqarolik jamiyati deb boʻlmaydi. Fuqarolik jamiyati ancha yuksak darajadagi ijtimoiy rivojlanish koʻrsatkichidir.

Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yil 4-mart kuni 2021-2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi[1].

Konsepsiyaning ustuvor yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilandi:

  • fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning huquqiy asoslarini izchil takomillashtirish;
  • fuqarolik jamiyati institutlariga koʻmak berish hamda ularni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmini yanada takomillashtirish;
  • davlat va jamiyat boshqaruvida fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
  • davlat ijtimoiy loyihalarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini yanada kengaytirish;
  • fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash.

Kuchli davlatdan - kuchli fuqarolik jamiyati sari“ konseptual g‘oyaning amaliy ahamiyati shundaki, unda mamlakatimizda demokratik jaraënlarni yanada chuqurlashtirishning vazifalari o‘z ifodasini topgan. Ular mustaqillik yillarida bu sohada amalga oshirilgan yangi islohotlar strategiyasining uzviy bir qismi bo‘lib, mamlakatimiz taraqqiëtining bugungi bosqichidagi o‘zgarishlar zaruratini o‘zida aks ettiradi. Fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarish, o‘z hududlaridagi ijtimoiy va xo‘jalik vazifalarini hal etish, ommaviy-madaniy tadbirlarni o‘tkazishdagi faolliklari hozirgidan ko‘ra ancha kuchliroq bo‘ladi.