Kontent qismiga oʻtish

Millatchilik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Millatchilik deb millatni jamiyat birligining eng yuqori shakli va davlat shakllanishida birlamchi deb qarovchi siyosiy yoki gʻoyaviy yoʻnalishga aytiladi. Siyosiy harakat sifatida davlat bilan munosabatlarda maʼlum bir milliy jamoaning manfaatlarini himoya qilishga intiladi.

Millatchilik oʻz millatiga sadoqatni, uning siyosiy mustaqilligini va oʻz xalqi faravonligiga xizmat qilishni, millatning madaniy va manaviy yuksalishini, millatning yashash sharoitlarini, yashash hududini, iqtisodiy zaxiralarini va manaviy qadriyatlarini amalda saqlab qolish maqsadida milliy oʻzlikni anglash asosida birlashishni targʻib etadi. U vatanparvarlikka yaqin milliy tuygʻuga suyanadi. Bu gʻoya qarama-qarshi sinfiy manfaatlarga qaramasdan, jamiyatning turli qatlamlarini birlashtirishga intiladi.

Bugungi kundagi radikal harakatlar oʻziga millatchi tus berishi tufayli „millatchilik“ yoki „natsionalizm“ tushunchalari etnik, madaniy va diniy toqatsizlik bilan koʻp bogʻlanadi.  Bunaqa toqatsizlik millatchilikda moʻtadil oqimlar tarafdorlari tomonidan qoralanadi.

Koʻpincha OAVda „millatchilik“ soʻzi ostida etnik millatchilik va unnig bir millatni boshqa millatdan ustun qoʻyishga urgʻu beradigan shovinizm va ksenofobiya kabi keskin shakllari nazarda tutiladi. Millatlar aro nizoni yuzaga keltirish va etnik diskriminatsiya kabi etnik millatchilikning koʻplab koʻrinishlari xalqaro qonunbuzarliklarga kiradi.

Millatchilik — bu avvalam bor gʻoya[1] va u quyidagi elementlarni oʻzida mujassam etadi:

  • Millatlarning mavjudligi. Millatchilik insoniyat tabiat qonunlari asosida bir-biridan maʼlum bir xususiyatlari bilan farq qiladigan fundamental birliklarga — avtonom va toʻlaqonli millatlarga ajratilganligini eʼtirof etadi.
  • Millatlarning oʻz taqdirini oʻzi hal qilish suveren huquqi. Milliy loyihalar faqat oʻz davlatida amalga oshirila oladi. Millat oʻzining aʼzolaridan iborat davlat tashkil qilishga haqli. Har bir hududiy-maʼmuriy birlik uchun siyosiy chegaralar madaniy-etnik chegaralarga toʻgʻri kelishi kerak. Shunday qilib millat aniq chegaralangan hududda oliy (suveren) hokimiyatga ega.
  • Davlat qurish jarayonidagi millatning birlamchiligi. Millat butun siyosiy hokiniyatning manbaidir. Hukumatning yagona legitim turi milliy oʻzini-oʻzi boshqarishdir. Millatning har bir aʼzosi siyosiy jarayonda bevosita ishtirok etish huquqiga ega.
  • Milliy oʻzlik. Millatchilik bitta maʼmuriy-hududiy birlik doirasida til va madaniyat umumiyligi boʻlishi lozimligini taʼkidlaydi. Odamlar erkinlik va salohiyatlarini realizatsiya qilish uchun oʻzini millatga bogʻlashadi. Boshqa tarafdan, millat oʻzini hech qaysi guruhga mansubligini his etmaydiganlarga ham aʼzolik va oʻzlik (identifikatsiya) beradi.[2]
  • Birdamlik. Birlikka maʼlum bir madaniyatni majburan singdirish bilan emas, balki insonlarning muhabbat va aka-ukachilik asosida birlashuvi evaziga erishiladi. Aʼzolar birdamlik iplari his etishi va bir xil emas, balki bir-birlarini toʻldirib harakat qilishlari muhim sanaladi.
  • Millat oliy qadriyat sifatida. Alohida shaxsning milliy davlatga sodiqligi shaxsiy va boshqa guruhbozlik manfaatlaridan ustun. Fuqarolarning vazifasi — oʻz davlatining legitimligini (qonuniyligini) ushlab turish. Milliy davlatni mustahkamlash hurriyat va osoyishtalikni taminlanishining bosh shartidir.
  • Ommaviy taʼlim. Odamlar millatning hayotida toʻlaqonli ishtirok etish va uning millati, tarixi, tili bilan bogʻlanish uchun har tomonlama taʼlim olishlari kerak.

Millatchilik millatlarning farqlarini, koloritini, oʻziga xosligini taʼkidlaydi. Bu xususiyatlar madaniy-etnikdir. Milliy oʻzlikni anglash madaniyatga chetdan kelgan qoʻshimlarni anglashga va oʻz millati foydasiga keyinchalik boshqa madaniyatlardan yaxshi taraflarini olish istiqbollarini tahlil qilishga xizmat qiladi.[3]

Bundan tashqari millatchilik millatni shaxsiyatning ekvivalenti, ijtimoiy organizm sifatida koʻradi. Insonlarning, ularning ijtimoiy darajasi va kelib chiqishidan qatʼi nazar, qonun oldida tengligi millatlarning, ularning kuchi va kattaligidan qatʼi nazar, xalqaro qonunchilik nuqtai nazaridan tengligiga toʻgʻri keladi. Millat shuningdek hozirgi avlodni oldingilari va boʻlajak avlodlar bilan bogʻlab turadi, bu esa odamlarni oʻzini qurbon qilishga, hatto millatni qutqarish uchun jonini berishga chorlaydi.[4]

Oldinga qoʻyilgan va hal etilayotgan masalalarning mohiyatiga qarab, zamonaviy dunyoda bir nechta turdagi milliy harakatlar shakllanmoqda. Siyosiy va etnik millatchilik tushunchlarini kiritgan Hans Konning klassifikatsiyasi eng keng qoʻllanadi.[5] Koʻpchilik mutaxassislar (Konning oʻzi ham) har bir shakllangan millat bu ikkita komponentni oʻzida mujassam etadi, deb hisoblashadi.

Vatandoshlik (fuqarolik) millatchiligi (boshqa nomlari: inqilobiy-demokratik, siyosiy, gʻarb millatchiligi) davlat legitimligi fuqarolarning siyosiy qarorlarni qabul qilishda faol ishtiroki bilan belgilanadi. Millat irodasini aniqlashning asosiy instrumenti saylovlar, referendum, soʻrov, ochiq ijtimoiy bahs shaklida boʻlishi mumkin boʻlgan plebissit sanaladi. Insonning millatga mansubligi shaxsiy tanlov asosida aniqlanadi va fuqarolik bilan tenglashtiriladi. Odamlarni ularning fuqarolar sifatidagi teng siyosiy statusi, qonun oldidagi tenglik, millatning siyosiy hayotida ishtirok etish shaxsiy xohishlari[6], umumiy siyosiy qadriyatlarga va fuqaroviy madaniyatga talpinish birlashtiradi[7]. Millat bir biri bilan bitta hududda yashashni istaydiganlardan tashkil topishi muhim sanaladi.[8]

Vatandoshlik (fuqarolik) millatchiligining quyidagi turlarini ajratishadi:

Davlat millatchiligi millatni oʻz manfaatlarini davlatning qudratini oshirishga va qoʻllab quvvatlashga yoʻnaltirgan insonlar hosil qiladi, deb hisoblaydi. U jinsiy, irqiy va etnik mansublik bilan bogʻliq mustaqil haq-huquqlarni tan olmaydi, chunki bunfay muxtoriyat millatning birligini buzadi, deb hisoblaydi.

Liberal millatchilik liberal qadriyatlarga urgʻu beradi va patriotik-axloqiy kategoriyalardan ustun turadigan inson huquqlari kabi umuminsoniy qadriyatlar mavjudligini eʼtirof etadi. Liberal millatchilik yaqinroq va qadrliroq boʻlganlar uchun prioritetlarni inkor etmaydi, lekin bu birovlarning hisobiga boʻlishi kerak emas, deb hisoblaydi.

Etnik millatchilik (boshqa nomlari: madaniy-etnik, organik, romantik, Sharq millatchiligi) millatni etnosning rivojlanish fazasi deb biladi va qisman oʻzini fuqaroviy millatchilikka qarshi qoʻyadi. Bugungi kunda „millatchi“ deb etnik millatchilikka urgʻu beradigan harakatlar ataladi. Etnik millatchilik nuqtai nazaridan, millat aʼzolarini umumiy meʼros, til, din, anʼanalar, tarix, bitta qon, ona yerga hissiy bogʻliqlik birlashtiradi va ular hammasi butun xalqni, qoni bir jamiyatni tashkil qilishadi.[9] Madaniy anʼanalar va etnik mansublik millatchilikning asosini tashkil etishi uchun ular jamiyatga mayoq boʻla oladigan hamma qabul qilgan tasavvurlarni oʻzida mujassam etishi lozim.

Madaniy millatchilik millatni til, urf-odatlar va madaniyat umumiyligi bilan belgilaydi. Davlatning legitimligi uning millatni himoya qilish va millatning madaniy hamda jamoat hayotini rivojlantirish qobiliyatidan kelib chiqadi. Odatda, bu etnik koʻpchilikning tilini va madaniyatini davlat qoʻllab-quvvatlashini hamda millatning bir tusligini saqlash uchun etnik ozchiliklarning assimilyatsiyasini nazarda tutadi.

Primordial etnik millatchilik millat umumiy haqiqiy yoki taxmin qilinayotgan kelib chiqishga asoslangan, deb taʼkidlaydi. Millatga mansublik maʼlum genetik faktoralar (qon) bilan aniqlanadi. Ushbu shaklining tarafdorlari milliy oʻzini oʻzi taʼriflash qadimgi etnik tomirlarga ega va shuning uchun tabiiy tus olgan, deb hisoblaydilar. Ular etnik koʻpchilik madaniyatining boshqa guruhlardan izolyatsiyasini yoqlashadi va assimilyatsiyani maʼqullashmaydi.

Keskin millatchilik koʻpincha ekstremizm bilan bogʻlanadi va ichki yoki xalqaro nizolarga olib keladi. Koʻpchilik mamlakatlarda keskin millatchilik rasmiy tarzda ijtimoiy xavfli hodisa deb tan olinadi. Radikal davlat millatchiligi fashizm va natsizm asoslarini tashkil etadi. Koʻp etnik millatchilar milliy ustunlik (shovinizm) hamda madaniy va diniy toqatsizlik gʻoyalarini qoʻllashadi (ksenofobiya). Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va Irqiy diskriminatsiyasining hamma shakllarini yoʻqotish haqidagi konvensiya kabi hujjatlarda etnik diskriminatsiya (kamsitilish) qoralanadi va qonunga zid deb eʼlon qilingan.

Millatchilik millatni berilgan inʼom sifatida koʻradi, lekin shu bilan birga bilan birga millat nima degan tushunchani oʻzida mujassam etadi. Millat gʻoyasi avloddan avlodga oʻtib keladigan tarix tuygʻusi, xotiralar va anʼanalarga tayanadi. Uning vavjudligi qadimgi etnosning bosh davomi sifatida koʻriladi yoki unga asos solingan maʼlum bir tarixiy voqeaga bogʻlanadi.[10]

Amalda millat — bu oʻzligini anglagan odamlarning maʼlum bir hududga tarixiy bogʻliqligi natijasida yuzaga kelgan madaniy va siyosiy oʻzlikni anglashga asosalangan hamjamiyati.[11] Boshqa tomondan, bu hamjamiyat tasavvuriy: uning har bir aʼzosi oʻzida uning koʻrinishini mujassam etadi, uning chegaralarini tasavvur qiladi, oʻzida uning birodarlik aloqalarini sezadi va uning oliy iqtidoriga ishonchi komil. Inson oʻz hayotini minglab oʻzi koʻrmagan va htch qachon koʻrmaydigan vatandoshlarining hayotiga parallel boʻlgan umumiy yoʻl trayektoriyasi sifatida tasavvur qiladi.[12] Shu bilan birga, millatni tashkil etadigan odamlar umumiy simpatiyalarga ega, oʻzini umumiy faoliyatga bagʻishlaydi, bir hokimiyat ostida boʻlishni va bu hokimiyat ularning vakillaridan iborat boʻlishini istaydilar.[13]

Boshqa tarafdan, koʻpkina millatlarning oʻzagi dominant etnik asos atrofida jipslashgan. Millat aʼzolarining koʻpchiligi umumiy hayot tarzini maʼqullaydilar va oʻzlari oʻrganib qolgan landshaftga ega umumiy yashash hududiga bogʻliqlikni his qiladi. Shu bilan birga, birga yashash vaqt oʻtganda tashqi koʻrinishning oʻxshashligiga[14] va etnik guruh shaklllanishiga olib keladi. Etnik guruh aʼzolari tashqi oʻxshashlik, umumiy urf-odatlar va xotiralar tufayli oʻzlarining umumiy genealogik kelib chiqishiga ishonadi.[15] Bunday umumlik milliy birdamlikka faol xizmat qiladi.

Lekin milliy oʻzlikni anglash etnik oʻzlikni anglashdan keskin farq qiladi, chunki u jamiyatning davlatga nisbatan manfaatlarini anglash jarayonida yuzaga keladi, etnik oʻzlikni anglash esa bir etnik guruhning boshqalar bilan munosabatlardan iborat.[16] Etnik guruhlar, umuman olganda, bir hududga bogʻlanmagan, millatlar esa har doim ham umumiy genealogik kelib chiqish haqidagi mifga asoslanmaydi.

Milliy davlat

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Milliy davlat — bu ijtimoiy tashkilotchilik, siyosiy bosharuv va madaniy oʻzlik bir-biriga bogʻliq boʻlgan hududiy tashkilot. Ushbu taʼrifga toʻlaligicha mos keladigan davlatlar soni 10 foizdan kamroq, ammo zamonaviy davlatlarning koʻpchiligi uning koʻpkina jihatlarini oʻzida mujassam etadi.[17]

Zamonaviy davlatlar markazlashtirilgan, yoyilgan va muxtor tuzilmalar orqali koʻplab shaharlarni va bir biriga tutash mintaqalarni boshqarishadi. Ular hamma uchun shart boʻlgan qoidalarni ishlab chiqish[15] va oʻz hududi doirasida kuch qoʻllash monopoliyasiga egalar[18]. Shunday qilib, ular oʻz hokimiyatini butun aholiga yoyadilar va iqtisodiy rivoj hamda mudofaa uchun insonlar hayotini maʼlum bir tarzda tashkil etishga urinadilar. Bu bilan ular mintaqalarning integratsiyasiga intilmaydigan shahar-davlatlardan va odamlarning kundalik ishlarini kuzatishga urinmaydigan imperiyalardan farq qiladi[19]. Bundan tashqari, milliy davlat xalqlarning ixtiyoriy integratsiyasiga intiladi va bu bilan yangi hududlarni egallab olish, ushlab turish va kolonizatsiyani maqsad qiladigan imperiyadan farq qiladi.[16]

Milliy davlat uning fuqarolari bilan bogʻlanadi, lekin ichki va xalqaro maydonda uni odatda bitta davlat yetakchisi namoyon etadi. Masalan, Sharl de Gol fransuz davlatining rahbari „Fransiya haqidagi alla-qanaqa gʻoyani“ namoyon etishi kerakligini taʼkidlagan.

„Millat“ va „milliy davlat“ tushunchalarining oʻxshashligiga qaramasdan, millatchilik ular orasida baʼzi farqlarni belgilaydi. „Millat“, „davlat“ va „jamiyat“ tushunchalari turlicha darajalarga tegishli: madaniy, siyosiy va ijtimoiy[17]. Masalan armiya davlatni emas, balki xalqni himoya qilishi taʼkidlanadi.

Oʻzining „Jamoat kelishuvi haqida“ (1762-yil) risolasida Jan-Jak Russo davlatning yerlari „aholini boqish uchun yetarli“ boʻlishi kerakligini taʼkidlaydi. Keyinchalik bu fikr davlat chegaralari millat uchun kerakli moddiy zaxiralar bilan belgilanishi kerak degan iddaoni keltirib chiqardi. Masaln, F. Ratsel davlatlar oʻsmasa, ular oʻladi, deb taʼkidlagan. Bu bilan u davom etgan Ovrupo qudratli davlatlarining Afrikadagi kolonial ekspansiyasi ostiga nazariy asos keltirgandi. Shunga oʻxshash qarashlarga Helford Makinder ega boʻlgan.

1899-yil geograf R. Chellen geosiyosat tushunchasini amalga tadbiq etdi va uni keyinchalik K. Haushofer rivojlantirdi. Geosiyosat deganda davlat faoliyatini qoʻllab-quvatlash va uning siyosatini yoʻnaltirish uchun joʻgʻrofiy bilimlarni oʻrganadigan fan tushunilgandi[11]. Geosiyosat kolonializm va natsional-sotsializmni (natsizm) oqlash uchun xizmat qilgani bois, Ikinchi jahon urushidan keyin bu nazariya diskreditatsiya qilingandi.

Millatchilik yangi tarix mahsuli sanaladi[20]. Tarix davomida odamlar ona yeriga bogʻliqlikni his etishgan va mahalliy hokimiyatni qoʻllab-quvatlagan. Lekin siyosiy va madaniy hodisalarning koʻpchiligi yangi tarixdan oldin milliy emas, balki universal tusga ega edi.

Millatchilikning eng birinchi oʻzini namoyon qilishi Angliyadagi Shonli inqilob boʻldi. Millatchilikning qaʼd rostlashi liberalizmning paydo boʻlishiga toʻgʻri keldi va uzoq vaqt ikkala gʻoya bir biri bilan bogʻliqlikda rivojlandi. Millatchilikning yorqin namunasi Yangi Dunyo elitalarining ispan kolonializmiga qarshi kurashi boʻldi[21]. Lekin eng kuchli tebranishlarga Amerika va Fransiyadagi inqiloblar aylandi. 1815-y. kelib millatchilik dunyodagi yetakchi gʻoyalardan biri edi. U kapitalistik iqtisodga oʻtish davrida jamiyatning safarbarligini taʼminlay oldi, bu esa milliy davlatlarning samaraliligiga va ularning iqtisodiy qudratiga olib keldi[11].

Agar XVIII asr oxiri Fransiya va AQSHda millatchilik asosan fuqaroviy boʻlgan boʻlsa, markaziy va sharqiy Ovruponing koʻpchilik mamlakatlarida u fransuz okkupatsiyasiga javob sifatida yuzaga keldi va boshida etnik tusga ega edi. Masalan, Germaniyaning birlashuvi va Elzas-Lotaringiyaning anneksiyasi pangermanchilik asnosida amalga oshirildi. XIX asrning 2-yarmida millatchilik Avstro-Vengriya, Rossiya va Usmonli imperiyalarining yaxlitligini yemira boshladi va ular Birinchi jahon urushidan keyin qulashdi. XX asr boshida u Afrika va Osiyada gulladi, bu esa fransuz va britan imperiyachiligi bilan kurashni shiddatlashtirdi va natijada kolonial tizimning qulashiga olib keldi.

Birinchi jahon urushidan keyingi kelishuvlarning asosiy elementi Vilsonning Ovruponi monoetnik davlatlarga boʻlish rejasi edi va uni amalga oshirish uchun Millatlar ligasi tashkil etilgandi. Lekin shu bilan birga, urush liberalizm poydevori boʻlgan gumanizmga ishonchni soʻndirdi, bu esa boshqa omillar bilan birga fashizm va natsizmning paydo boʻlishiga olib keldi. Olmoniyaning Ikkinchi jahon urushidagi magʻlubiyatidan keyin keskin millatchilikning barcha shakllari va u bilan bogʻliq taʼlimotlarning diskreditatsiyasi boshlandi.

Urushdan keyingi Gʻarbiy Ovrupoda Ovrupo hamjamiyatiga qoʻshilish jarayonlari sababli millatchilikning faolligi pasaygan. Koʻplab davlatlarda diskriminatsiyalovchi irqiy va etnik cheklovlar bekor qilindi.

Zamonaviy dunyoda millatchilik xalqaro maydonda faol rol oʻynashni davom etmoqda va koʻplab koʻrinishlarga ega. Keskin millatchilik rasmiy tarzda qoralanadi va qonuniy taqiqlarga duch keladi. Shu bilan birga, milliy davlat haqidagi tasavvurlar liberal-demokratik mamlakatlardagi odamlar mentalitetining poydevoriy tashkiliy qismi boʻlib qoldi[7][20].

Millatchlikni oʻrganishdagi yoʻnalishlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Millatchilikni tadqiq etishda uchta maktab ajratiladi: primordializm, modernizm va etnosimvolizm.

Primordializm millatlarning prototiplari va millatchilik insoniyat tarixining boshlanishidanoq mavjud boʻlganliklarini va bir etnik guruhga mansub odamlarga xulqini belgilaydigan madaniy xususiyatlar boshidanoq va toabad xos boʻlishini taʼkidlaydi[22]. Primordializmning maqsadi allla-qanday „haqiqiy“ etnik poydevorni topishdir. Bugungi kunda millatchilik tadqiqodchilari orasida primordializm tarafdorlari deyarli qolmagan. Izlanishlar koʻrsatmoqdaki, haqiqatdan ham qadimiy anʼanalar mavjud emas va madaniy meʼyorlar hamda qadriyatlarning kuchliligi ularni shakllantiradigan ijtimoiy institutlarning qanchalik uzoq saqlanishi bilan bogʻliq[19].

Modernizm nuqtai nazaridan millatlar va millatchilik — sanoat erasining boshlanishida paydo boʻlgan va davlatlarning kuchayishi hamda kapitalizmning rivojlanishi bilan bogʻliq tarixiy hodisalar[23]. Ushbu nazariyaga koʻra, davlatning aholini toʻgʻridan-toʻgʻri boshqarishi kuchayishi bilan madaniyat va turmush yanada koʻproq yashash mamlakatiga bogʻlib qoldi. Aloqa texnologiyalari va bozor rivoji bir biri bilan hech qachon bevosita muloqot qilmagan odamlar orasida ijtimoiy aloqalar paydo boʻlishiga xizmat qildi. Bu yoʻnalishning tarafdorlari etnik mansublik millatchilikning kelib chiqishida, madaniyat esa millat shakllanishining yakunlovchi bosqichida rol oʻynashini inkor etmaydilar, lekin umuman millatchilikning etnik mansublik bilan bogʻliqligini tasodif deb biladilar. Ular milliy mansublik aniq belgilangan hudud ostida nazoratini amalga oshiruvchi zamonaviy davlat bilan belgilanadi, mavjud etnik munosabatlar esa davlat chegaralariga toʻgʻri kelishi uchun yoki, aksincha, hokimiyat uchun kurashda yangi davlatlarning shakllanishiga xizmat qilishlari uchun qayta koʻrib chiqiladi.

Etnosimvolizm (perennializm) iqtisod bilan birga millatchilikning oʻzagi etnik mansublikdir ham, degan nuqtai nazarni eʼtirof etadi. Etnosimvolistlar millatni tabiiy tuzilma deb hisoblamasa-da, ular uning asosida nisbatan qadimiy tarix va milliy oʻzlikni anglash yotadi, deb hisoblaydilar[7]. Ushbu nazariyaga koʻra, hali sanoat davridan oldin madaniyatning umumiy elementlari, tarixiy xotiralar, ajdodlar haqidagi miflar bilan va maʼlum bir darajada birdamlikka ega koʻplab etnik hamjamiyatlar vujudga kelgan. Etnik hududlarning chegaralari aniq belgilangan emas edi. Etnik hamjamiyatlar mustahkam, negaki miflar, ramzlar, xotiralar va qadriyatlar sekin oʻzgaradigan madaniyat va faoliyat elementlari bilan birga keladi. Bu hamjamiyatlarning baʼzilari madaniy-iqtisodiy integratsiyaning yangi bosqichiga oʻtishdi, maʼlum bir tarixiy hududga bogʻlanib qoldi hamda oʻziga xos qonun va urf-odatlarga ega boʻlishdi — yaʼni millatlarga aylanishdi. XVIII asrning oxirida millatchilik gʻoyasining paydo boʻlishi esa millatlar sifatini va shakllarini keskin oʻzgartirib yubordi.

Rossiyalik olim A. I. Millerning fikriga koʻra, oxirgi oʻn yilliklardagi millatchilikning barcha nazariy tadqiqotlari ozmi-koʻp Karl Doychning asarlariga tayanadi[24].

Millatchilik va madaniyat

[tahrir | manbasini tahrirlash]

XVIII asrning oxiridan davlatning milliylashuvi taʼlim va jamoat hayotining milliylashuvi bilan birga kechgandi[25]. Shoirlar va olimlar ona tilining islohotiga kirishdi hamda uni adabiy til darajasiga koʻtarishdi. Tarix sohasidagi asarlari milliy davlatchilik uchun siyosiy talablar asosini tayyorlab berdi.

Milliy davlatlarda yangi marosimlar paydo boʻldi: festivallar, bayramlar, bayroqlar, musiqa, sheʼriyat, vatanparvar nutqlar. Vaqt oʻtishi bilan yangi elementlar ertaklarda, meʼmoriy uslublarda, mahalliy qonunlarda oʻz aksini topdi. Dinniy siyosiy ahamiyati asta sekin yoʻqoldi, davlat tilini bilish esa oʻta muhim boʻlib qoldi. Ikkinchisi kommunikatsiya texnologiyalarining rivoji va yagona bozorning kengayishidan manfaatdor boʻlgan kapitalizm bilan bogʻliq[21]. Lekin millatchilik hamma vaqt ham mavjud til anʼanalariga tayanmasdi. Koʻpkina hollarda u aslzoda doiralarning tiliga qarshi mahalliy lahjalarni oldinga surardi. Baʼzan kam qoʻllaniladigan tillarning tiklanishi yuz bergan, baʼzan bir nechta shevalarning bitta tilga integratsiyasi sodir boʻlga.

Preindustrial jamiyat asosan vertikal tabaqalarga boʻlingan boʻlsa, yangi tarixda davlatlar siyosati bu tabaqalanishning oldini olishga xizmat qildi. Millatchilik tufayli yuksak madaniyat butun jamiyatni qamrab oldi, uni belgilashni boshladi va siyosiy qoʻllovga ega boʻldi[23].

Millatchilik odamni milliy madaniyat va til bilan belgilashga intilgani uchun (din, yashash joyi, urugʻ bilan belgilashga qarshi), katta ahamiyatni taʼlim kasb etadi[23]. Ommaviy taʼlim tizimi nafaqat aholiga asosiy kasbiy koʻnikmalarni beradi, balki milliy davlatga oʻz vatandoshlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri samarali muloqot qilishga yordam beradi. Taʼlim tizimi shuningdek etnik koʻpchilikning qadriyatlari, madaniyati, tarixi, tilini qoʻllab quvvatlashga xizmat qiladi[26].

Millatchilik oʻzingni millat bilan bogʻlash hissini tarbiyalash uchun tarixni tushuntirish va oʻrgatishga alohida eʼtibor beradi. Koʻpkina tadqiqodchilar bunaqa eʼtibor mafkurviy tusga egaligini va oʻz talablari uchun mifologik asos yaratish maqsadida amalga oshirilishini taʼkidlaydilar[27].

Dunyoning koʻpchilik mamlakatlarida millatchilik zamonaviy jamiyat tuzilishining qismi boʻlib qoldi. Aholi uni oddiy holdek qabul qiladi va hatto millatchi ritorikaga, agar u jamoat tatibiga rahna solmasa va qaysidir inqiroz bilan bogʻliq boʻlmasa, javob koʻrsatmaydi[28]. Odamlarda mafkuraviy tusga ega bir qancha odatlar paydo boʻladi va ular millatning uzluksiz qayta tiklanishini taʼminlaydi[18].

Millatchilikning keskin shakllari oʻta destruktiv taʼsir koʻrsatishi mumkin, jumladan genotsid va etnik tozalashlar[28]. Millatchilikning asosiy oqimi ham tanqid nishoni boʻlib turadi.

Bir xil olimlar millatlar va millatchilik nazariyasi nafaqat amalga oshmaydigan, balki kerak emas ham, buning oʻrniga uning amaliy tomonlariga eʼtiborni jamlash lozim, degan fikrda[29]. "Millatchilik" va "millat" tushunchalari qiyinchilik bilan taʼriflanadi, negaki bu konsepsiyalar zamonaviy siyosatga kuchli bogʻlangan va har qanday taʼrif bir talablarni legitimlashtirib, boshqalarni nolegitim qiladi[19]. Nazariyatchilar tomonidan millatchilik tushunchasiga berilgan noaniqlik va keng taʼrif ommaviy itoatkorlikning u yoki bu shaklini tahlil qilishda oʻzboshimchalik asosi boʻlib xizmat qiladi[30].

Bir qator olimlar millatchilik xavfli, demokratiyaga toʻgʻri kelmaydi, madaniy-ijtimoiy farqlarning oʻsishiga va buning ortidan mojaro va urushlarga olib keladi, deb taʼkidlaydigan antimillatchilik tarafdoridirlar. Ularning fikricha, agar oʻzingning millating eng yuqori axloqiy platformada tursa, boshqa millatlar joylashuvi pastroq, degan xulosaga kelish mumkin. Antimillatchilikning, masalan, E. Balibar asarlarida taqdim etilgan zamonaviy nazariyasiga koʻra, har qanday millatchilikning yonma yon yuradigan elementi - irqchilik. Millatchilikning baʼzi tanqidchilariga koʻra, u koʻpchilik xalqaro mojarolarning asosida yotadi. Masalan L. N. Tolstoy urushlarning sababi "oʻz xalqingga imtiyozli yaxshilik istashdir", deb yozgandi[31].

Havotir uygʻotadiki, milliy davlatda jamiyat tashkillashuvining barcha eng muhim elementlari madaniy bir xillikni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi. Bu bilan ular oʻzlikni belgilash shaxsiy huquqini tahlika ostiga soladi. Millatga aʼzolik ixtiyoriy boʻlsa-da, asosiy milliy qadriyatlar bilan norozilar huquqiy diskriminatsiyaga uchrashi yoki ksenofobiya qurbonlariga aylanishi mumkin. Tahlika borki, milliy birlikning buzilishini oldini olish maqsadida demokratik davlat kuch ishlatishga qoʻl urishi mumkin va nafaqat chet elliklar yoki etnik ozchiliklarga, balki butun millatga nisbatan. Shu bilan u avtoritarizmga shoʻngʻishi mumkin. Shuning uchun madaniy liberalizm tarafdorlari siyosiy tizim ozchilikni koʻpchilikning diktaturasidan himoya qilishi kerak, deb taʼkidlaydilar. Shu bilan birga mustahkam vatandoshlik qadriyatlariga va vatandoshlik jamiyati institutlariga ega millat shunaqa kafolat boʻla oladi[16].

Kommutarizmning bir xil tarafdorlari vatandoshlik va liberal millatchilik vatandoshlik jamiyati tuziluviga zarar yetkazadi, chunki etnik hanjamiyatlarning chegaralarini tan olmaydi, deb hisoblaydilar. Ularga koʻpmadaniyatlikka qarshilar raddiya bildiradi va ichki etnik chegaralarni tan olish u yoki bu etnik guruhga mansublikka undashga olib kelishini, buning oʻrniga davlat har bir odamga uyushmalarda aʼzolik erkinligini kafolatlashi lozimligini iddao qiladilar.

Tadqiqodchilarning iddaosicha, vatandoshlik millatchiligi oʻz oʻzidan millat birligini taʼminlab bera olmaydi, chunki aql-idrokka asoslangan va vatandoshlik millatchiligining asosiy kategoriyalari (vatandoshlik, siyosiy huquqlar va hk.) inson uchun "tashqi"dir. Shuning uchun amalda milatchilik "ichki" kategoriyalar (din, anʼanalar va hk.) bilan ishlaydigan madaniy elementdan iborat. Vatandoshlik millatchiligi shuningdek milliy oʻzlikni belgilashga yorqin taraflarni kiritishga qodir emas. Uning milliy oʻziga xoslikni shakllantirishga qoʻshgan hissasi qisman hududiy bogʻliqlikka tayanadi, lekin demokratiyaning tarqalishi Ovrupo davlatlari orasida qolgan farqlarning susayishiga olib keldi[26].

  1. Bu bilan u tuygʻu boʻlgan milliy gʻurur va vatanparvarlikdan farqlanadi.
  2. Xobsbaum E.,1998
  3. Bowden B. Nationalism and cosmopolitanism: irreconcilable differences or possible bedfellows? // National Identities. 2003. Vol. 5, No. 3. P. 235. DOI:10.1080/1460894031000163139 (angl.)
  4. Anderson B., 2001.
  5. Кон X. Идея национализма // Аб Империо: Теория и история национальностней и национализма в постсоветском пространстве. 2001. № 3. S.419. Кон Г. Национализм: его смысл и история. Дайджест книги
  6. Кон X. Идея национализма // Аб Империо: Теория и история национальностей и национализма в постсоветском пространстве. 2001. № 3. S.419. Кон Г. Национализм: его смысл и история. Дайджест книги.
  7. 7,0 7,1 7,2 Смит Э. Д. Национализм и модернизм: Критический обзор современных теории нации и национализма. — M.: Праксис, 2004. — 464 s. — ISBN 5-901574-39-7.
  8. "Biz Italiyani yaratdik, endi italyanlarni yaratish qoldi." (Massimo de Adzelio)
  9. Cмит Э. Д., 2004.
  10. Calhoun C. Nationalism and ethnicity // Annu. Rev. Sociol. 1993. Vol. 19. P. 211. [3]
  11. 11,0 11,1 11,2 Penrose J. Nations, states and homelands: territory and territoriality in nationalist thought (Wayback Machine saytida 2015-06-20 sanasida arxivlangan) (angl.) // Nations and Nationalism. 2002. Vol. 8, No. 3. P. 277. DOI:10.1111/1469-8219.00051
  12. Anderson B., 2001
  13. Mill Dj. St. Gl. XVI //Rassujdeniya o predstavitelnom pravlenii (Wayback Machine saytida 2009-07-27 sanasida arxivlangan). — M.: Sotsium, 2006. — 416 s. — ISBN 5-901901-57-6.
  14. Etnicheskie gruppi i sotsialnie granitsi: Sotsialnaya organizatsiya kulturnix razlichiy: Sbornik statey / Pod red. F. Barta; per. s angl. M.: Novoe izdatelstvo, 2006. — 200 s
  15. 15,0 15,1 Veber M. Xozyaystvo i obщestvo / Per. pod red. L. G. Ionina. — M.: Izd-vo GU VShE, 2007. ISBN 5-7598-0333-6
  16. 16,0 16,1 16,2 Pain E. Mejdu imperiey i natsiey. 2-e izd., dop[sayt ishlamaydi]. — M.: Novoe izd-vo, 2004. — 248 s. —ISBN 5-98379-012-9.
  17. 17,0 17,1 McCrone D., Kiely R. Nationalism and citizenship (Wayback Machine saytida 2015-12-11 sanasida arxivlangan) // Sociology. 2000. Vol. 34, No. 1. P. 19.DOI:10.1177/S0038038500000031 (angl.)
  18. 18,0 18,1 Billig M. Natsii i yaziki // Logos. — 2005. — Vip. 4 (49). —S. 60−86..
  19. 19,0 19,1 19,2 Calhoun C. Nationalism and ethnicity // Annu. Rev. Sociol. 1993. Vol. 19. P. 211. [3] 
  20. 20,0 20,1 Nationalism // Британская энциклопедия / Ed. Kohn H. — Chicago: Encyclopædia Britannica, 2007. Sm. takje Pathak B.Singh S. P. Glimpses of Europe, Ch. 3. The origin and growth of nation-states in Europe v Google Knigax
  21. 21,0 21,1 Anderson B. Воображаемые сообщества. Размышления об истоках и распространении национализма. — M.: Kanon-Press-Ts, 2001. — 320 s. — ISBN 5-93354-017-3.
  22. Tishkov V. A. Ocherki teorii i politiki etnichnosti v Rossii. M.: Russkiy mir, 1997.
  23. 23,0 23,1 23,2 Gellner E. Natsii i natsionalizm. — M.: Progress, 1991.
  24. Miller A. Teoreticheskie prinsipi izucheniya natsionalizma, 2009-03-18da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2016-09-25 {{citation}}: no-break space character in |title= at position 14 (yordam)
  25. Britannica, 2007.
  26. 26,0 26,1 Shulman S. Challenging the civic/ethnic and West/East dichotomies in the study of nationalism // Comparative Political Studies. 2002. Vol. 35, No. 2. P. 554. DOI:10.1177/0010414002035005003
  27. Xobsbaum E. Natsii i natsionalizm posle 1780 g. —SPb.: Aleteyya, 1998. — 306 s.
  28. 28,0 28,1 Smit E. D. Natsionalizm i modernizm: Kriticheskiy obzor sovremennix teoriy natsiy i natsionalizma. — M.: Praksis, 2004. — 464 s. — ISBN 5-901574-39-7.
  29. Özkirimli U. Theories of Nationalism: A Critical Inroduction. London: Macmillan, 2000.
  30. Shafer B. C. Nationalism: Myth and Reality. — N. Y.: Harcourt Brace, 1955. — P. 6. — ISBN 0-15-662355-2.
  31. Толстой Л. Патриотизм или мир?, 2016-05-05da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2016-09-26