Kontent qismiga oʻtish

Meʼmorlik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Meʼmorchilikdan yoʻnaltirildi)
Qadimgi Yunoniston

Meʼmorlik (Arxitektura) — foydalanishdagi maqsad va vazifalar, zamonaviy texnik imkoniyatlar va jamiyatning estetik qarashlaridan kelib chiqib bino va inshootlarni loyihalash va qurish sanʼati. Meʼmor inson hayoti va faoliyati uchun zarur fazoviy muhitni tafakkur kuchi bilan avval ijodiy loyihada rejalab, uni amalda yuksak did va mahorat bilan bunyod etadi. Meʼmorlik asarlari qatoriga turli-tuman binolar, uy-joylar, meʼmoriy majmualar, maydonlar, shaharlar, ulardagi monumentlar, usti ochiq va yopiq inshootlar kiradi. Aholi yashaydigan manzillar — qishloq, shahar va shaharchalarni rejalab tashkil etish bilan meʼmorlikning jamlovchi, eng murakkab sohasi — shaharsozlik shugʻullanadi. Tabiat manzaralari bilan bogʻliq muhitni bunyod etish, bogʻlar yaratish sohasi bogʻsozlik (bogʻ-park) sanʼatidir.

Yaponiya

Meʼmorlik asari amaliy xizmati, vazifasidan tashqari maʼlum gʻoyaviy-badiiy mazmunni, oʻz davrini ifodalovchi meʼmoriy qiyofa — obrazni mujassam etadi, moddiy madaniyatning eng mahobatli va eng koʻp harajatli, tarkibiy qismini tashkil qiladi; ayni vaqtda mahobatli sanʼat sifatida namoyon boʻladi. Meʼmorlik boshqa turli xil sanʼat namunalarini (haykaltaroshlik, oʻymakorlik, ganchkorlik kabi) oʻzida mujassam etishi bilan sanʼatlar onasiga, fazoviy shakllar oʻzaro mutanosib, hamohang boʻlishini nazarda tutib meʼmoriy qadimiyat yodgorliklari toshda qotib qolgan musiqaga oʻxshatiladi. Binoning mustahkam, inson uchun kerak va goʻzal boʻlishi meʼmorlikning ilk taraqqiyoti davridan hozirgacha asosiy omili hisoblanadi. Qadimgi dunyo tarixida mashhur boʻlgan yetti moʻʼjizaning hammasi inson dahosi bilan yaratilgan meʼmoriy sanʼat asarlari boʻlgani bejiz emas.

Isfahan (Eran)

Oʻtmish davru-davronlar toʻfonida juda koʻp mahobatli binolar nom-nishonsiz toʻzib ketgan. Lekin asrlar osha yetib kelgan buyuk meʼmoriy meros yodgorliklari zamirida meʼmorlikning yuksalish samara va marralarini kuzatish mumkin. Ayniqsa, moddiy-texnika imkoniyatlari kengayishi, badiiy tarixiy tajriba ortishi natijasida meʼmorlikning uslubiy oʻzgarishlari paydo boʻldi. Qadimgi Sharq va Misrda meʼmorlikning hali tarix bilmagan, odamlarni hayratda qoldiradigan mahobatli ehrom (piramida), zikkurat kabi ilohiy mafkura bilan bogʻliq ulkan inshootlari qadimdan boʻlardi. Hozir ham Misr ehromlarini hayrat bilan ziyorat etadilar. Yunonistonda bunyod etilgan antik, klassik davrlar uslubida (miloddan avvalgi VII asr), oʻrta asrlar Yevropa meʼmorligidagi roman (X—XII asrlar), gotika (XII—XV asrlar) uslublarida ulkan binolar, xususan, ibodatxonalar bunyod etildi. Afina Akropoli tepasidagi mahobatli Parfenon, doriy kolonnalari qatori, ajoyib relyefli haykallari bilan hozirgacha klassik meʼmorlikning mashhur ramziga aylangan maktab, teatr, stadion, ibodatxona kabi yangi taqliddagi binolar qurildi. Gotika uslubiga xos choʻziq ravoqlar, nayzasimon shakllardagi bezaklar Gʻarbiy Yevropa shaharlarining muqaddas ziyoratgohlariga aylangan. Reymsdagi Notr-Dam sobori (Fransiya, XIII—XIV asrlar) Uygʻonish davri — Renessans (XV asr oxiri — XVI asr boshlari) uslubi asosini qadimgi davr klassik meʼmorligi shaklu-shamoyilini yangi davr talab va imkoniyatlari zamini bilan bogʻlab qayta tiklash va rivojlantirish mahsulidir.

Klassik orderlar — ustunlar tizimi asosida keng koʻlamda murakkab meʼmoriy ansambllar, majmualar, katta shaharlar bunyod etildi. Klassik meʼmorlik qonun-qoidalari yangi zamon sharoitida noyob va nafis kompozitsiyalar yaratish imkoniyatiga keng yoʻl ochib berdi.

Oʻrta asrlar meʼmorligida XVI asr oʻrtalaridan boshlab, barokko uslubi keng tarqaldi. Binolar har jihatdan bezakdor boʻlishiga alohida eʼtibor berildi. Keyinroq (XVII—XIX asrlar) hashamatli bezaklardan qaytib, yangi davr uslubini topish izlanishlari yaxshi natija berdi. Klassik va Renessans meʼmorligi tamoyillari erishgan yutuqlaridan ijodiy foydalanish natijasida klassitsizm uslubi paydo boʻldi. Ayniqsa, Gʻarbiy Yevropa shaharlarida klassitsizm ruhidagi ajoyib meʼmoriy ansambllar yaratildi. XIX asrning 1-yarmi va XX asrning boshlarida sanoatning rivojlanishi yangi tipdagi meʼmoriy inshootlar qurilishiga olib keldi. Fabrika, zavod, elektrostansiya, vokzal, elevator kabi sanoat binolari paydo boʻldi. Ayniqsa, metall, temir-beton konstruksiyalari va boshqa yangi qurilish materiallari (maxsus oyna, plastmassa va boshqalar) meʼmorlik imkoniyati ufqlarini baland koʻtardi, uslubiy izlanishlar ajoyib natijalar berdi. Qurilish maydoniga nihoyatda qudratli texnika va industriya kirib keldi. Bu esa osmonoʻpar baland, koʻp qavatli binolar tiklash imkonini yaratdi. Binolar standart va takrorlanuvchi (tipovoy) qismlar asosida yigʻilib, nihoyatda tez fursatda qurila boshladi. Yangi material, texnika, yangi talab va imkoniyatlar meʼmorlikda yangi oqimlarni tez yuzaga chiqardi. Funksionistlar (AQSh da F. Rayt va boshqalar) binoning goʻzalligi, uning shakli va funksiyasining uzviyligi, konstruksiyaning nafis, materiallarini tabiiy boʻlishiga bogʻliq deb taʼkidlasalar, boshqa bir guruh meʼmorlar (Germaniyada V. Gropius va boshqa, "Bauxauz" ijodiy markazi) umuman yangi zamon meʼmorligida bezakdorlikka oʻrin yoʻq, deb eʼlon qilishdi. Qurilish texnikasi yutuq va imkoniyatlariga koʻproq eʼtibor berib, meʼmorlikning gʻoyaviy-badiiy, hatto goʻzallik sifatlarini inkor etish holatlari natijasida konstruktivizm oqimi paydo boʻldi. Ijodiy oqimning koʻpligi meʼmorlik obʼyektlari koʻrinishida oʻz ifodasini topdi. Keyingi yarim asr davomida dunyoning har tomonida ham shaharsozlik sanʼati misli koʻrilmagan miqyosda oʻsib ketdi, ajoyib, goʻzal, zamonaviy shaharlar tarixan qisqa muddatda bunyod topmoqda. Hozirgi zamon meʼmorlikgida ilgari tarix bilmagan badiiy xususiyatlar sezilmoqda, yaʼni meʼmoriy sanʼatda chegara bilmas baynalmilal ruh va shaklu-shamoyil aniq sezilib qoldi. Shuning uchun ham meʼmorlikda milliylik muammosi yana diqqat eʼtiborni tortmoqda. Binobarin meʼmorlik, shaharsozlik, bogʻsozlik sanʼatlari sohasida ilmiy tadqiqot ishlari ham butun dunyo meʼmoriy merosini oʻrganishga qaratilgan, ilgʻor meʼmorlik tajribalar ijodkor meʼmor, rassom, talabalar saviyasini oshirish uchun xizmat qilmoqda. Meʼmorlik olamidagi odatga koʻra, tarixiy kitoblar, asosan, qadimgi dunyo — Misr, Yunoniston, Rim va oʻrta asrlardagi Yevropa davlatlari meʼmorligini kengroq taxlil etadi. Osiyo davlatlari, Xitoy, Hindiston, Arabiston kabi qadimgi madaniyat markazlari meʼmorligi nisbatan kam oʻrganilgani uchun, ularning xalqaro taʼsiri bir oz cheklanganday koʻrinadi. Jumladan, Markaziy Osiyo meʼmorligi, xususan, Oʻzbekiston meʼmorligi ham mutaxassislar tadqiqotida endigina yuz ochmoqda.

Oʻzbekiston meʼmorligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston meʼmorligi juda qadimiyligi, turli-tuman meʼmoriy yodgorliklari, yuksak nafosat mujassami boʻlgan mahobatli osori-atiqalari bilan diqqat-eʼtiborni tortadi. Amudaryo va Sirdaryo oraligʻidagi eng qadimgi madaniyat markazlari hozirgacha arxeologik yodgorliklar qaʼridan ajoyib meʼmoriy xazinani namoyish etmoqda (Sopollitepa, Qoʻyqirilgan qalʼa, Tuproqqalʼa, Afrosiyob, Varaxsha, Poykend, Qanqa kabi). Buxoro, Samarqand, Toshkent, Xiva, Shahrisabz, Termiz, Qoʻqon kabi koʻhna shaharlar oʻzining noyob meʼmoriy obidalari (Somoniylar maqbarasi, Magʻoki Attori, Chashmai Ayyub, Poyi Kalon majmui, Labi hovuz majmui, Samarqand Registoni, undagi Ulugʻbek madrasasi, Sherdor madrasasi, Tillakori masjid-madrasa va boshqalar) bilan dunyoga tanilgan. Oʻzbekiston meʼmorligi taraqqiyoti davrlari ichida tarixan eng ajoyibi Amir Temur va Temuriylar davri bilan uzviy bogʻliq boʻlib, uni Uygʻonish — Sharq Renessansi sifatida taʼriflash odat boʻlib qolgan, "yer yuzining sayqali" Samarqand, "bilim va odob gumbazi" Kesh — Shahrisabz shaharlari, ayniqsa Amir Temur saʼy-ehtimoli, meʼmoriy vayu-yati (valiylikning koʻpligi) va karomati tufayli tubdan qayta qurildi. Oqsaroy, Koʻksaroy koʻshklari, Dor us-Siyodat madrasasi, Koʻk gumbaz, Jomeʼ masjid kabi mahobatli va hashamatli binolar qad koʻtardi. Shohizinda kabi meʼmoriy nekropol bunyod boʻldi. Koʻhna Kesh gullab yashnagan meʼmoriy bogʻistonga aylangani uchun Shahrisabz nomi bilan ulugʻlandi. Samarqand atrofida paydo boʻlgan marjon bogʻlar halqasi toʻrida Dilkusho koʻshki — Ishratxona, Chilustun koʻshki, kichik Oqsaroy koʻshki kabi xushbichim binolar, bir-biridan goʻzal Bogʻi Dilkusho, Bogʻi Naqshi Jahon, Bogʻi Shamol, Bogʻi Chinor kabi bogʻlar umuman meʼmoriy bogʻsozlik sanʼati ravnaqiga asos soldi. Hindistonga haqiqiy bogʻsozlik sanʼati temuriyzoda Zahiriddin Bobur bilan kirib kelganini hind sanʼatshunoslari eʼtirof etishadi. Hatto oʻrta asrlardagi Yevropa bogʻ-parklariga temuriy bogʻlari taʼsiri borligi sir emas. Xuddi shu davrda meʼmorlik bilan bogʻliq ilm-fan risolalari yaratilgani eʼtiborni tortadi. Agar Muhammad Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Birjondiy kabi allomalar asarlarida meʼmorlikdagi garmoniyaga oid jihatlar matn orqali asoslangan boʻlsa, Ulugʻbek atrofidagi olimlar faqat astronomiyaga doir tadqiqotlar bilan cheklanmay, meʼmorlikka doir risolalar yozishgan, bogʻsozlik haqida dasturilamal yaratilgan. XVI asrda Buxorodagi xalq meʼmorlari dastxati bilan yaratilgan nodir meʼmoriy chizmalar saqlangan (OʻzFASHI fondida). Hozirgi zamon meʼmorligida keng qoʻllanilayotgan modul tizimi oʻzbek meʼmorligida miqyos nomi bilan qadimdan maʼlum.

Oʻzbekiston meʼmorligi tarixini oʻrganish yoʻlida anchagina samarali tadqiqotlar bajarildi. Ayniqsa, meʼmorlik bunyodkori xalq meʼmorlari ijodini oʻrganish natijasida qadim zamonlardayoq unut boʻlgan baʼzi meʼmoriy qonun-qoidalar siru-asrori ochildi. Hatto uzoq Misrdagi piramida ehromlar loyihasi haqidagi keyingi ikki asr davomida olimlar bahs etib kelayotgan muammo oʻzbek xalq meʼmorlari amalida saqlanib qolgan meʼmoriy alqonun-ulgutarh orqali oson yechimini topdi.

Oʻzbekiston meʼmorligining asrlar davomida avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan anʼanalari, qonun-qoidalari XIX asr — XX asr boshlaridagi mustamlaka davrida keskin zarbaga uchradi. Meʼmorlik ijodkorlari maʼmuriyat talabi ostida ishlashga majbur boʻldi. Meʼmorlikda baʼzi yangiliklar qatori qorishiq (eklektika), turli uslublar (rus, yevropa va boshqalar) kirib kelayotgan kapitalistik talablar bilan hamohang boʻldi.

Xalq meʼmorligi ikkinchi keskin zarbaga Sovet tuzumi davrida uchradi. Meʼmorlik davlat monopoliyasiga uchragani uchun meʼmorlar ijodi va tashabbusi tamoman inkor etilgani natijasida joylardagi yirik qurilishlar, ayniqsa, shaxsiy binokorlik cheklab qoʻyildi, oqibatda tajribali xalq meʼmorlari oddiy quruvchi, hatto mardikor darajasiga tushib qoldi. Meʼmorlik ijodi Moskva normativlari asosida bajarilishi milliy meʼmorlikni soʻndirib qoʻydi. "Shaklan milliy, mazmunan sotsialistik arxitektura" shiori XX asrning 2-yarmidan boshlab baʼzi ijodiy izlanishlarga yoʻl ochdi (Alisher Navoiy teatri, Muqimiy teatri binolari kabi). Oʻsha davrda yaratilgan diqqatga sazovor binolarda xalq ustalari ishtiroki bilan ijobiy natijalarga erishildi.

Mustaqil Oʻzbekiston meʼmorlik sohasida toʻgʻon boʻlgan gʻayri talablarga barham berdi, meʼmorlik ravnaqi uchun keng ijod ufqi ochildi. Toshkent va Samarqandda maxsus Arxitektura-qurilish institutlari malakali meʼmorlar tayyorlab bermoqda. Maxsus oʻquv yurtlarida rassom, haykaltarosh, ganchkor, naqqosh kabi mutaxassislar tayyorlanadi. Oʻzbekiston meʼmorligi keyingi oʻn yillik (1991—2001) ichida katta yutuqlarga erishdi. Ayniqsa, poytaxt Toshkent qiyofasi oʻzgarib, yanada obod boʻldi, mahobatli binolar qad koʻtardi (Turkiston saroyi, Oqsaroy, Toshkent hokimiyati, Oliy majlis binolari, Oʻzbek milliy teatri rekonstruksiyasi, Oʻzbekiston konservatoriyasining yangi binosi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Amir Temur va Alisher Navoiy haykallari va hokazo).[1][2]

  1. Zaxidov P., Traditsii narodnix zodchix Oʻzbekistana: M., 1964; Vseobshaya istoriya arxitekturi, t., 1-12, M.-L., 1944-1975; Zohidov P., Meʼmor olami, T., 1991.
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil