Kontent qismiga oʻtish

Teatr

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Teatr
Salbiy va ijobiy hissiyotlarni ifoda etuvchi niqoblar - teatr ramzi.

Teatr (yunoncha θέατρον - "tomoshagoh") cheklangan joyda bir yoki bir necha aktyorlar ijro etadigan sahna ko’rinishi orqali tomoshabinga fikr uzatuvchi san’at janridir. Ba’zan teatr tomoshalari oʻtkaziladigan binolarni ham teatr deb atashadi (aslida ularni teatr binosi deb atash oʻrinli).

Teatr (yun. theatron — tomoshagoh) — sanʼat turi; uning oʻziga xos ifoda vositasi - aktyorning omma oldidagi oʻyini jarayonida yuzaga keladigan sahnaviy voqeadir. Teatr sanʼatida ham boshqa sanʼatlarda boʻlganidek, xalq hayoti, tarixi, dunyoqarashi aks etib, jamiyat taraqqiyoti, maʼnaviyati, madaniyati bilan bogʻliq holda oʻzgarib, takomillashib boradi. Teatr asosida ogʻzaki yoki yozma dramaturgiya yotadi.

Teatr sintez sanʼati boʻlib, jamiyat hayotida, tomoshabinlarning maʼnaviy va estetik tarbiyasida muhim oʻrin tutadi. Unda dramaturgiya, musiqa, tasviriy sanʼat, raqs, meʼmorlik ajralmas birlikni tashkil etadi. Teatrning muhim vositalaridan biri sahna nutqidir. Aktyor qahramonning pyesadagi soʻzlarini oʻzlashtirib olar ekan, qahramon qiyofasida, holatlarda turib uning nutqiy tavsifini yaratadi, boshqa personajlar bilan muloqotga kirishadi. Sahna nutqi xarakterlarning ochilishida, asar mazmuni, konfliktining yoritilishida muhum oʻrin tutadi (qarang Sahna nutqi). Sahna asarlarining yaratilishida teatr rassomligi (ssenografiya)ning hissasi katta. Rassom asar mazmuni va rejissyor yechimidan kelib chiqib, dekoratsiya yaratadi. (qarang Teatr dekoratsiyasi sanʼati). Teatrda musiqaning ham oʻrni katta, tomosha turi va janriga bogʻliq holda u turli vazifani bajaradi: dramatik spektakllarda yordamchi vosita boʻlsa, operetta, musiqali dramada soʻz bilan barobar huquqga ega, opera va baletda esa hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. (qarang Teatr musiqasi).

Teatr sanʼati uzoq tarixga ega boʻlib, uning asosiy unsurlari (boshqa qiyofaga kirish, dialog, toʻqnashuv kabi) insoniyatning ibtidoiy davrlarida ovchilik, mehnat va diniy marosim, bayramlar bilan, totemizm, animizm kabi ibtidoiy dunyoqarash va ajdodlarning ruhlariga sigʻinish bilan bogʻliq holda shakllangan. Yunoniston, Hindiston, Turonda mil. avv. V asrdayoq Teatr jamiyat hayotida muhim oʻrin tutgan. Hindistonda teatr sanskrit teatri, xalq teatri shakllarida hamda "Mahobhorat" va "Ramayana" dostonlari bilan bogʻliq holda rivojlangan; dramaturgiya va sahna sanʼati haqida "Natyashastra" nomli risola yaratilgan. Keyinroq teatr Yaqin Sharq va Rimga ham yoyildi. Ayniqsa, Rimda teatrning yangi shakl va turlari yaratildi. Gʻarbiy Yevropada teatr sanʼatining dastlabki namunalari sayyoh aktyorlar janglyorlar ijodida, Rossiyada skomoroxlar faoliyatida yuzaga kelgan. Uygʻonish davrida vujudga kelgan drama yangi shakldagi professional turning shakllanishiga zamin yaratdi. XVI asrdan opera, XVIII asr oʻrtalaridan balet, XIX asr oʻrtalaridan operetta mustaqil teatr turi sifatida rivojlana boshladi. Teatrning keyingi taraqqiyoti klassitsizmning keng yoyilishi bilan bogʻliq. XVIIIasrda maʼrifatchilik oqimidagi teatr taraqqiy etdi. Astasekin realistik tendensiya kuchaydi. Ayniqsa, K. Goltsoni, G. Lessing, P. Bomarshe, F. Shiller ijodida realizm yorqin namoyon boʻldi. XVIII asrning oxirlariga kelib, drama, melodrama, vodevillarda satirik yoʻnalishning yuzaga kelishi teatrda demokratik asosning kuchayishiga sabab boʻldi. Teatr gʻoyaviy va badiiy kurashlar maydoniga aylandi.

XIX asrning 1-yarmida vujudga kelgan romantik yoʻnalish teatrda gumanistik ideallar va koʻp hollarda xayoliy orzularning yoritilishiga olib keldi. Dramada taqlidgoʻylikdan iborat klassitsizmga qarshi, oʻziga xos milliylik, xalqchillik, tarixiylik va ijtimoiy adolat uchun kurash ohanglari keng quloch yoydi. XIX asr oxirlaridan teatrni isloh qilishning yangi davri boshlandi. Teatr badiiy adabiyot (proza, poeziya), yangi drama (A. Chexov, G. Ibsen, B. Shou va boshqalar) bilan yaqinlashdi. XIX asr oxirlarida XX asr boshlarida teatrda, aktyorlik sanʼatida yangi taʼlim uslubi Stanislavskiy sistemasini qoʻllash boshlandi. 20-yillarda V. Meyerxold, V. Tairov, V. Vaxtangovlarning rejalik faoliyati teatrning rivojiga katta hissa boʻlib qoʻshildi. XX asr oʻrtalarida Gʻarb rejissurasi va sahna sanʼatiga B. Brextning ijodiy uslubi katta taʼsir koʻrsatdi. Zamonaviy teatr dunyo teatrining demokratik, xalqchil anʼanalarini muttasil oʻzlashtirib borishi, sahnaviy talqinlarning rangbarangligi bilan ajralib turadi.

Oʻzbekiston hududida anʼanaviy teatr juda qadimiy va boy tarixga egadir. Uning kurtaklari ibtidoiy jamoa davridayoq ov va boshqa mexnat jarayoni aks etgan tanqidiy raqslar, jangovar va xalq oʻyinlari, tabiat kuchlariga topinish oqibatida yuzaga kelgan marosimlar shaklida namoyon boʻlgan. Mil. avv. VII—VI-asrlardayoq Turonda zardushtiylik va uning muqaddas kitoblar toʻplami — Avesto bilan bogʻliq 2 toifa — kulgili va qaygʻuli tomoshalari shakllangan. Yunon — Baqtriya podsholigi davrida Oyxonim, Niso, Shahri Gʻulgʻulada maxsus teatrlar boʻlib, ularda Yevripidning "Alkesta", "Ippolit" kabi tragediyalari koʻrsatilgani maʼlum. Mil. av. I asrdan mil. IV asrgacha Kushon davlatida Budda dini bilan bogʻliq turli teatrlashgan tomoshalar mavjud boʻlgan. Ayritom ibodatxonasi peshtoqidagi cholgʻuchi qizlarning tasvirlari shuni koʻrsatadi. Asta-sekin Turon teatr sanʼati diniy marosimlar qobigʻidan chiqib, dunyoviy mazmun kasb etadi — inson hayoti, ijtimoiy munosabatlarni tasvirlashga eʼtibor kuchayadi. VI—VII-asrlar Turon mulkidan chiqqan cholgʻuchilar, aktyor va raqqosalar Buyuk ipak yoʻli orqali qoʻshni yurtlarga ijodiy safar qiladilar. IX—XII-asrlarda xalq bayramlari, marosimlari, urf-odatlari va ular bilan bogʻliq tomoshalar tiklanibgina qolmay, aholi orasida keng tarqaldi. Masxara va taqlid Teatr rivojlandi. Amir Temur davlati davri (XIV— XV-asrlar)da Teatr sanʼatida keskin yuksalish roʻy berdi. Sharafiddin Ali Yazdiy, Ibn Arabshoh, Klavixolarning maʼlumotlaricha, bu davrda poytaxt — Samarqandda va boshqa nufuzli shaharlarda teatrlashgan tomoshalar uyushtirilgan. Anʼanaviy teatr va boshqa sanʼat tomoshalari, ayniqsa, Mirzo Ulugʻbek davrida (1394—1449) Movarounnahrda, Husayn Boyqaro davrida (1469— 1506) Xurosonda taraqqiy topdi. Gʻiyos masxara, Xoja Dexdor, Abdulla Devona, Abdulvoseʼ Munshi, Sayd Badr kabi teatr sanʼatining atoqli namoyandalari faoliyat koʻrsatgan. Anʼanaviy teatrning kulgili turlari (masxara, taqlid, zarofat), qoʻgʻirchoq oʻyin (chodir jamol, chodir xayol, fonus xayol) badiiy tomosha tizimi sifatida tashkil topdi.

XVIII asr oxiri XIX asr boshlarida teatrning asosiy turlari saqlanib, repertuar va ijro uslubida oʻziga xos xususiyatlar rivojlandi. Shaharlarda ijrochi sanʼatkorlarning kasabai sozanda (mextarlik) degan uyushmalarining faoliyati kuchaydi. Xorazmda "Xatarli oʻyin", "Toʻkma" tomoshalari keng yoyildi. Fargʻona vodiysi va Toshkentda qiziqchilik va askiya taraqqiy etdi. XIX asrning 2-yarmida Qoʻqonda Zokir Eshon boshliq 30 ga yaqin qiziqchilar toʻdasi, Buxoroda Tula masxara boshliq 20 ga yaqin masxarabozlar toʻdasi shuxrat qozondi.

Keyinchalik oʻzbek madaniyatining ilgʻor namoyandalari (Furqat, Behbudiy, Avloniy va boshqalar) rus, tatar va ozarbaijon teatr truppalari tomoshalariga qiziqish bilan qarab, mahalliy ziyolilarni ulardan oʻrganishga chaqirdilar. Shu tarzda yangi milliy teatr yaratish harakati yuzaga keldi. 1914-yil Samarqand (15 yanvar) va Toshkent (27 fevral) da "Padarkush" dramasini sahnalashtirish bilan yangi oʻzbek teatri oʻz faoliyatini boshlaydi. Ayniqsa, A. Avloniy rahbarligida "Turon" teatrining 1915-yil Oʻzbekiston shaharlariga qilgan ijodiy safarining ahamiyati katta boʻldi. 1916-yil Hamza Qoʻqonda teatr tuzdi. Birin-ketin Andijon (1919), Xiva (1922), Buxoro (1922)da teatrlar tashkil qilindi. 1918-yildan Mannon Uygʻur "Turon" teatri (hozirgi Oʻzbek milliy akademik drama teatri)ga rahbarlik qilib, uning professional teatrga aylanishida, repertuarini tuzish, ijro uslubini yaratishda muhim rol oʻynadi. Teatrning birinchi boʻgʻin aktyor va rejissyorlari 1924— 27 yillar Moskvada Oʻzbek Maorif uyi qoshida ochilgan dramstudiyada tahsil olishgan. 20-yillar soʻngida Rus yosh tomoshabinlar Teatri (1928), Oʻzbek yosh tomoshabinlar Teatri (1929) tashkil topdi. Keyinroq Namangan (1931), Qashqadaryo (1932), Surxondaryo (1935) viloyati teatrlari, oʻnlab tuman va shahar teatrlari yuzaga keldi. Toshkent va Samarqandda Davlat rus drama teatri (1934, 1938). Respublika qoʻgʻirchoq teatri (1939). Navoiy nomidagi davlat opera va balet teatri (1939) oʻz faoliyatini boshladi, shu yili Davlat komediya teatri tashkil boʻldi va u bir yil oʻtib Muqimiy nomidagi Respublika musiqali drama va komediya teatriga aylantirildi.

Ikkinchi jahon urushi yillarida Moskva, Leningrad, Kiyev, Xarkov shaharlaridan koʻchib kelgan teatrlar mamlakatimiz shaharlarida oʻz faoliyatini olib bordi. 50—60–yillarda Hamza nomidagi akademik drama teatri va boshqa teatrlarda turli mavzu, sermazmun, ijtimoiypsixologik, maishiy va falsafiy, rangbarang uslubda spektakllar sahnalashtirildi. 1968-yil "Yosh gvardiya" teatri (hozirgi Abror Hidoyatov nomidagi Oʻzbek davlat drama teatri) tashkil qilindi.

70—80–yillar teatrda ziddiyatli davr boʻldi; bir tomondan milliy anʼanalarga eʼtibor kuchaygan boʻlsa, ikkinchidan, dabdababozlik, hayotni xaspoʻshlab koʻrsatish avj oldi. 1976-yil "Ilhom" teatrstudiyasi ish boshladi. 1986-yil Respublika Satira teatri tashkil topdi. 80-yillarning 2-yarmida hayotni haqqoniy aks ettirish, janrlar rang-barangligi, tomoshaviylikka intilish mayllari yuzaga kelib, asta-sekin kuchayib bordi. Bu davrda Abror Hidoyatov nomidagi teatr yetakchi oʻringa chiqib oldi.

Oʻzbekiston mustaqil davlat deb eʼlon qilingach, oʻzbek Teatri hayotida ham yangi davr boshlandi. Istiqlol tufayli milliy merosga tayanib ijod qilish, milliy qadriyatlar, anʼanalarni tiklashga intilish jiddiy tus oldi. Bu davrda oʻzbek Teatrida quyidagi ilgʻor tendensiyalar, ijodiy izlanishlar koʻzga tashlanadi: birinchidan, Teatrlar repertuarida tarixiy mavzuning salmogʻi oshdi. Buyuk ajdodlarimiz — allomalar, shoirlar, davlat arboblari,lashkarboshilarning hayoti va taraqqiyot uchun kurashini yorituvchi oʻnlab sahna asarlari yaratildi. Sahnalarda shoʻrolar davrida hatto tilga olish man etilgan Bahouddin Naqshband, Hakim at-Termiziy, Imom al-Buxoriy kabi allomalar, "Avesto" kitobi asosida Zardushtiy hayotini yorituvchi sahna asarlari vujudga kelib, davrimiz tomoshabinlari maʼnaviyatini boyitdi, tarixiy, diniy eʼtiqodga nisbatan qarashlarni oʻzgartirdi. Ayniqsa, Amir Temur va temuriylar haqida yaratilgan 20 ga yaqin sahna asarlari maʼnaviy va madaniy hayotimizda katta voqea bo’ldi. Ikkinchidan, zamonaviy oʻzbek Teatrida tasavvuf bilan bogʻliq "Muhabbat sultoni", "Mashrab" (Milliy teatr), "Xitoy malikasining siri" (rus teatri), "Umar Xayyom", "Ato etilgan muhabbat tariqati" (Oʻzbekiston yoshlar teatri), "Na falakman, na farishta" (Muqimiy teatri), "Shayh sanʼon", "Raqsu samoʼ" ("Eski masjid" teatr studiyasi) kabi spektakllar Teatrlarimizning eng murakkab mavzularga dadil qoʻl urayotganlari, yangi manbalarni ochayotganlaridan dalolatdir. Shu yoʻnalishda Alisher Navoiy asarlarini Teatr sahnasida yangicha talqin etish boshlandi. Uchinchidan, jahon va milliy mumtoz dramaturgiya namunalarini zamonaviy talqin va vositalarda sahnalashtirish boshlandi. Navoiy, Shekspir, Molyer, Ayniy, Behbudiy, Fitrat, Qodiriy, Choʻlpon, Avloniy, Gʻafur Gʻulom asarlarining sahnaviy talqinlari shundan guvohlik beradi. Toʻrtinchidan, Teatrlarda ilgari qoloqlik belgisi sifatida qarab kelingan etnografiya va folklor manbalari vositalaridan foydalanish butun bir uslubiy yoʻnalish sifatida koʻzga yaqqol tashlanib, sahna sanʼatining milliy oʻziga xosligini kuchaytirishga xizmat qilmoqda. "Alpomish" qahramonlik dostoni asosida poytaxt va viloyat Teatrlari sahnalarida yaratilgan 10 ga yaqin spektakllar ham bu yoʻnalishning istiqbolidan nishonadir. Beshinchidan, dramaturgiya va Teatrda zamonaviy mavzularda asarlar yaratilib, sahnalashtirish yildan yilga sezilarli tus olib bormoqda. Zamonaviy mavzular koʻproq melodrama, komediya, tragikomediya janrlari doirasida ishlanmoqda. Ayniqsa, maishiyaxloqiy komediyalar Teatrlar repertuaridan keng oʻrin egalladi.

Oʻzbekiston Mustaqilligi kuni Mustaqillik yillarida Fargʻona, Xiva, Qarshi, Namangan, Termiz shaharlarida qoʻgʻirchoq Teatrlari ish boshladi. Abbos Bakirov nomidagi jamoatchilik asosida ishlab kelayotgan yoshlar teatri davlat tasarrufiga olinib, Andijon bolalar va yoshlar teatri ga aylantirildi (1990).

Oʻzbekistonda oʻtkazilgan "Sharq va Gʻarb" Teatr sanʼati festivali, "Xumo" xalqaro yoshlar teatrlari festivali, "Navroʻz", "Andijon bahori" respublika Teatr festivallari, Germaniyaning "Ander Rur" teatri bilan "Muloqot" teatri studiyasi hamkorligida tuzilgan "Ipak yoʻli — teatr sayohati" loyihasi asosida oʻtkazilayotgan ikki tomonlama anjumanlar, qoʻgʻirchoq Teatrlari festivallari Teatr sanʼatining yangi ijtimoiy sharoitda rivojlanishida muhim rol oʻynamoqda. Oʻzbek teatri jamoalari dunyodagi bir qator mamlakatlarda ijodiy safarda boʻlib, oʻzbek Teatr sanʼati yutuqlarini namoyish etishdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 26-martda eʼlon qilingan "Oʻzbekiston teatr sanʼatini rivojlantirish toʻgʻrisida"gi farmoni va Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasining shu asosda qabul qilgan "Oʻzbekteatr" ijodiy ishlab chiqarish birlashmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida"gi qarori Teatr sanʼati strategiyasini belgilab berdi. Shu asosda "Oʻzbekteatr" ijodiy ishlab chiqarish birlashmasi, uning qoshida "Atrmadad" jamgʻarmasi, Teatr ijodkorlari uyushmasi tuzildi. "Teatr" jurnali nashr etila boshladi. Muntazam ravishda turli seminar va festivallar oʻtkazilmoqda. Davlatlararo shartnomalarga muvofiq xorijiy mamlakatlardagi ijodiy tashkilotlar, xalqaro birlashmalar bilan aloqalar oʻrnatilmoqda Amerikalik rejissyor Devid Kaplan, britaniyalik Maykl Berkut va boshqa oʻzbek teatrida, B. Yoʻldoshev Fransiyada, N. Abdurahmonov Isroilda, M. Yusupov AQShda asarlar sahnalashtirdilar. Hamza teatriga eski bino oʻrniga zamonaviy muhtasham bino qurib berildi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2001-yil 21 sentyabrda eʼlon qilingan maxsus farmoni bilan ushbu teatrga "Milliy teatr" maqomi berildi.

Oʻzbekiston Respublikasida davlat tasarrufidagi 37 ta Teatr va teatr studiyalar, oʻnlab nodavlat va xususiy Teatrlar faoliyat koʻrsatadi (2004).

  • Avdeyev A.D., Proisxojdeniye teatra, M.— L., 1959; Stan islavski y K. S, Sobr soch., t. 18, M., 1954-61; Xorijiy teatr tarixi (ruschadan S. Tursunboyev tarjimasi), t. 1—2, T., 1997, 1999; Rahmonov M., Hamza (oʻzbek davlat akademik drama teatri) tarixi, T., 2000; Qodirov M., Oʻzbek teatri anʼanalari, T., 1976; Oʻzbek teatri tarixi, T., 2003.

Muhsin Qodirov.

Fayl:Navoiy teatrusi.jpg
Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik teatri.