Kontent qismiga oʻtish

Hoziq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Junaydullo Islomshayx oʻgʻlidan yoʻnaltirildi)

Hoziq (asl ism-sharifi Junaydullo Islomshayx oʻgʻli) (XVIII asrning oxiri, Hirot — 1843, Shahrisabz) — shoir, tarjimon. XIX asr oʻzbek adabiyoti namoyandalaridan biri.

1793—1800-yillarda Buxoroga kelgan va madrasada tahsil koʻrgan, tib ilmini oʻrgangan, sheʼrlar mashq qilgan. „Hoziq“ taxallusini ham shu yerda olgan. Madrasani tugatgach, shu madrasada imomlik qilgan va Amir Haydar saroyiga yaqinlashgan. 1818-yil saroy ayonlari bilan kelisha olmay, Qoʻqonga ketgan. Umarxon uni yaxshi kutib olgan. Hoziq Buxoroda boshlagan „Yusuf va Zulayho“ dostonini tugallab, xonga tortiq qilgan. Bu yerda ham xon atrofidagi saroy ahli bilan kelisha olmay, 1825-yilda Buxoroga qaytgan, soʻng Xorazmga borgan va Munis, Ogahiy boshchiligidagi adabiy guruh taʼsirida boʻlgan. Munis vafot etgach, Olloqulixon (1825—42) topshirigʻi bilan „Ravzat us-safo“ asarining 1-jildi tarjimasini nihoyasiga yetkazgan. Soʻng yana Qoʻqonga qaytgan. Amir Nasrulloh 1842-yil Qoʻqonni egallagach, Hoziq uning taʼqibidan Shahrisabzga qochgan va u yerda amirning yollangan odamlari tomonidan oʻldirilgan.

Hoziq oʻzbek va fors tillarida ijod qilgan. Navoiy, Fuzuliy, Bedil, Zebunniso sheʼrlariga muxammaslar bogʻlagan. Lirikasi mavzui rang-barang, unda zamon norasoliklari, johil va odil hukmdorlar haqida mulohazalar bildirilgan, sevgi va muhabbat tarannum etilgan. Sheʼrlarida zamonasidagi hukmdorlarni adolatga undagan.

„Yusuf va Zulayho“ dosetonida oʻzining ijtimoiy-falsafiy mulohazalarini, zamon va hukmdor haqidagi fikrlarini bayon etgan. „Voqeoti islomiy“ va „Avlodlar shajarasi“ risolalari tarixiy-biografik xarakterda. Mahmud Chagʻminiyning tibbiyotga oid arab tilida yozgan „Qonuncha“ asariga fors tilida „Tahqiq ul-qavoid“ („Tabobat asarlarini oʻrganish“, 1822) nomli sharh yozgan.

Hoziqning oʻzbekcha va forscha sheʼrlaridan tuzilgan devoni Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti Sankt-Peterburg boʻlimida, „Yusuf va Zulayho“ ning 7 qoʻlyozmasi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida, 2 devoni Xoʻjandda, Konibodom shahridan topilgan kulliyoti esa xoʻjandlik adabiyotshunos E. Shodiyev qoʻlida, ayrim sheʼrlari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik intidagi qoʻlyozma bayoz va majmualarda saqlanadi.

  • Qayumov A., Hoziq, T., 1957; Irisov A., NosirovA., Nizomiddinov I., Oʻrta osiyolik qirqolim.T., 1961;Oʻzbek adabiyoti tarixi [5 j.li|, 4-j., T., 1978; Qayyumov P., Tazkirai Qayyumiy [Zj.li],Begali Qosimov