Abdulla Nurali oʻgʻli
Abdulla Nurali o'g'li | |
---|---|
Tavalludi |
1874-yil Qashqadaryo viloyati Kitob tumani Qaynar qishlog'i |
Vafoti | 1957-yil |
Taxallusi | Abdulla shoir |
Yoʻnalish | Baxshi-shoir |
Mukofotlari | O’zbekiston xalq dostonchisi (1938) |
Abdulla Nurali oʻgʻli (1874-1957-yillar Qashqadaryo viloyati Kitob tumani Qaynar qishlogʻi ) — baxshi-shoir. Oʻzbekiston xalq dostonchisi (1938). Yoshligidanoq choʻponlardan doʻmbira chertishni oʻrgangan.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdulla shoirning hayoti va ijodi haqida so'z yuritganda, eng avvalo, uning „Do'mbiram“ she’ridagi misralarni eslamoq joizdir:
Joyim Qaynarbuloq, tog'lar orasi, O'zim Nurali podachining bolasi.
Oddiy kambag'al oilasidan chiqqan Abdulla yoshligini shunday eslaydi: “To'qqiz yoshimda otam o'ldi. Sherali, Po'lat degan akalarimning qaramog'ida qoldim. Yorboy degan boy yiliga bir botmon bug'doy beraman, deb akalarimdan meni o'ziga yetimlikka oldi. O'n olti yoshga yetganimda Yorboyning bosh cho'poni bo'lib, yetimlik haqimni o'zim oladigan bo'ldim. Do'mbira chertish, termalar aytishni cho'ponlik paytlarimda mashq qilar edim. Yillar o'tib borar, men to'ylarda baxshi shoirlardan eshitganlarimni takrorlab, do'mbira mashqiga solib yurar edim. Bashir qishlog'ida katta to'y ekan, xo'jayinimdan so'rab o'sha to'yga bordim. Shu to'yda Rajab shoirga yaqin bo'lib, unga shogird tutindim, u bilan to'y-ma’rakalarda ishtirok qilib yurdim”[1].
Ijodiy faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]19-asr 2- yarmi va 20-asr boshlarida yashagan Shaxrisabz dostonchilik maktabining yirik vakili Rajab shoirga shogird tushdi. Undan dostonchilik yoʻllarini oʻrgandi va 25 yoshida mustaqil dostonchi boʻlib yetishdi. 1937-yilda Moskvada oʻtkazilgan oʻzbek adabiyoti dekadasiga va 1938-yilda Toshkentda boʻlib oʻtgan xalq ijodchilari olimpiadasiga qatnashib, muvaffaqiyatga erishdi. „Alpomish“, „Saydimxon“, „Malika ayyor“, „Avazxon“, „Hilomon“, „Qironxon“, „Kuntugʻmish“, „Yusuf bilan Ahmad“ kabi xalq dostonlarini kuylagan, zamonaviy mavzularda termalar yaratgan. U qahramonlik dostonlarini shoʻx aytishi, kuylarining yoqimliligi bilan boshqa dostonchilardan ajralib turgan[2].
Asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdulla shoir yaratgan termalar mavzu jihatdan nihoyatda rang-barangdir. Uning „Go'ro'g'li tilidan“, „Navruz“, „Shuni aytadi“, „Unutmagin“, „Terim polvoni“, „Aytishuv“, „Ko'chma, elim“, „Kuylarim“, „Do'mbiram“, „Otangman“, „Cho'pon qo'shig'i“, „Zamon bu“, „Dangasa“, „Yo ramazon“ kabi termalari „Kunlarim“, „Jongul va Ali“, „Mardonning do'sti“ kabi dostonlari xalqimizning bebaho mulkiga aylanib qolgan. Shoirning juda ko'p termalarida vatanparvarlik, insoniylik ulug'lanadi, qahramonlikka da’vat etiladi, qo'rqoq va xoinlar, el boyligini talovchilar ayovsiz fosh etilgan[3].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |