Kanishka I
Kanishka I — Kushon podsholigining hukmdori (78—123). Uning davrida mamlakat hududi hozirgi Oʻrta Osiyoning jan. qismi, Afgʻoniston, Pokiston, Shim. Hindiston va keyinroq Sharqiy Turkistonning bir qismini oʻz ichiga olgan. K.I Qangʻ davlati bilan ittifoqda boʻlib Sharqiy Turkistonda Xitoyga qarshi turgan. Xususan, K.I mil. 90 yilda Qashqarni 70 ming otliq qoʻshin bilan qamal qilgani maʼlum, biroq ozuqa zahiralarining yetishmasligi sababli qamalni boʻshatishga majbur boʻlgan. K.I davrida saltanat yuksak darajada taraqqiy etgan. Viloyatlarni podsho noiblari — satrap (kshatrap)lar boshqargan. Bu davrda Shimoliy Hindiston va Oʻrta Osiyo madaniyati ravnaq topgan; Sharq mamlakatlari va Rim imperiyasi bilan savdo va madaniy aloqalar oʻrnatilgan. Pul islohoti oʻtkazilib, oltin, kumush va mis tangalar zarb qilingan. K.I davrida Kushon-Baqtriya tili davlat tili sifatida qabul qilingan. Kashmirda 4-budda sobori (yigʻini) chaqirilgan. Bu yigʻinda buddizmning yangi mazhabi — mahayana rasmiylashtirilgan. Budda ibodatxonalari qurilgan, shuningdek, otashparastlik, hinduizm, aqidaparastlik va b. diniy eʼtiqodlar tarqalgan. Uning davrida yunon, eron va hind madaniyati va dini bir-biri bilan aralashib ketgan. Oʻzi ham buddizm eʼtiqodini qabul qilgan va uning aholi oʻrtasida keng tarqalishiga homiylik qilgan. Oʻz davlati poytaxtini Purushapur (hoz. Peshovar) ga koʻchirgan. K.I Kashmirda Kanishkapur sh.ni bunyod etgani haqida maʼlumotlar bor.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Bongard-Levin T.M., Ilin T.F., Drevnyaya Indiya, M., 1969; Gʻiyosov T.Gʻ., Qadimgi Hindiston tarixi, T., 2000.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |