Denov
Denov | |
---|---|
Shahar | |
38°16′01″N 67°54′10″E / 38.26694°N 67.90278°E | |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
viloyat | Surxondaryo viloyati |
region | Denov tumani |
Hukumat | |
• Hokimiyat | Hokim |
Asos solingan | 1958-Yili |
Avvalgi nomlari | Dehinav |
Rasmiy til(lar)i | oʻzbek |
Aholisi (2023-yil 1-yanvar) |
409 500 |
Vaqt mintaqasi | UTCUTC+5 |
Telefon kodi | +998 |
Pochta indeks(lar)i | 733500 |
Avtomobil kodi | 75 - 79 |
|
Denov — Oʻzbekistonning Surxondaryo viloyatidagi shahar (1958-yildan). Denov tumanining maʼmuriy-iqtisodiy markazi. Kattaligi va aholisining soni jihatidan Termizdan keyin ikkinchi oʻrinda turadi.
Joylashuvi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Denov shahri Surxondaryo viloyati, Denov tumanida joylashgan. U dengiz sathidan qariyb 600 m balandlikda Surxondaryo va Sangardak daryolari oraligʻida joy olgan.
Yoʻl qatnovi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Denov shahrida temir yoʻl stansiyasi mavjud. Denovdan Termizgacha boʻlgan umumiy masofa 156 km ni tashkil etadi. Temiryoʻl 1929-yilda qurilgan. Temiryoʻlning yoʻlga qoʻyilishi shaharda ishlab chiqarish sanoatining rivojlanishiga turtki boʻldi.
Sanoati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Denov sanoati qishloq xoʻjalik xomashyosini qayta ishlashga ixtisoslashgan. Unda paxta tozalash, spirtli ichimliklardan sharob, moychilik, sutchilik, motor taʼmirlash shuningdek gʻisht zavodi faoliyat yuritadi. R.Shreder nomidagi Respublika bogʻdorchilik, uzumchilik va sharobchilik ilmiy tadqiqot institutiing tajriba stansiyasi shu hududda joy olgan[1]. „Denov dendrariysi“ deb ataladigan bu maskanda tabiatning 700 dan ziyod oʻsimligi, mevali va manzarali daraxtlar, butalar mavj urib yotibdi. Dendrariyda sirenning 28 xili, ignabarglilar oilasining 22 xili, Yaponiyadan keltirilgan magnoliya daraxti va boshqalar oʻsadi. 1921-yilda tashkil etilgan bu bogʻda turli joylardan keltirilgan dov-daraxtlar, butalar, oʻsimliklar iqlimlashtiriladi. Soʻngra viloyat boʻyicha ekishga tavsiya etiladi. Ayni paytda dendrariy bebaho ilmiy labaratoriyadir.
Denov oʻzining sanoat korxonalari bilan nafaqat viloyatda balki respublikada munosib oʻrin tutadi. Sanoat korxonalari, asosan, viloyatda yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan. „Denovsut“, „Surxonoziqovqat“ aksanerlik jamyati korxonalari, paxta tozalash, mexanika, araq-vino, konserva zavodlari, paxta tozalash fabrikasi bor. Denovda ishbilarmonlik va tadbirkorlikka keng yoʻl ochilgan. Kichik korxona, firma, shirkatlar faoliyat koʻrsatmoqda. Ularda 20 dan ortiq yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Mustaqillik yillarida shaharda hunarmandchilikning ravnaqiga katta eʼtibor berilgan. Beshiksozlik, sandiqsozlik, temirchilik, duradgorlik va shunga oʻxshash sohalar keng rivojlandi. Hunarmandlar ayniqsa sandiqsozlikni sanʼat darajasiga koʻtarilgan.
Aholisi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Surxondaryo viloyati statistika boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, 2022-yilning 1-yanvarida Denov tumanida jami 399963 nafar kishi yashashi aniqlangan. Shulardan 142370 nafari shahar hududida isteqomat qiladi[2]
Geografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Iqlimi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shaharda yanvarning oʻrtacha harorati 2,4°, iyulniki esa 28,2° darajaga teng. Denovga yiliga 360 mm yogʻin yogʻadi.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Denov qadimgi yirik savdo va hunarmandchilik qishlogʻi oʻrnida barpo etilgan. U tarixiy qadimiy shahar hisoblanadi. Yozma manbalarda XIV asr oxirlaridan „Dehinav“ shaklida, yaʼni „Yangi qishloq“ mazmunida tilga olingan. Mahmud ibn Vali (XVII asr) ning yozishicha, Dehinav ajoyib bozori, katta masjidi va xonaqosi boʻlgan mustahkam qalʼa shahar degan maʼnoni anglatgan. Baʼzi tadqiqotchilar Chagʻoniyon shahri hozirgi Denov oʻrnida boʻlgan, deb hisoblab kelishgan edi. Arxeologlar topgan maʼlumotlarga qaraganda, Chagʻoniyon shahri aslida hozirgi Denov markazidan 6 km janubi-sharqda joylashgan Budroch manzilgohi oʻrniga toʻgʻri keladi (shuningdek boshqa nomi Budrochtepa). Denovning hozirgi oʻrnida miloddan avvalgi ikki ming yilliklar oxirlarida manzilgoh boʻlgan. Ilk va rivojlangan oʻrta asrlarda ham shahar hududidagi ushbu manzilda aholi nisbatan gavjum yashagan. Moʻgʻullar istilosidan keyin 15-16-asrlarda Chagʻoniyon-Bedrach shahri mavqei pasayib ketgach, temuriylar davriga kelib yana Dehinav asosiy markazlardan biriga aylanadi. Arxeologik topilmalar Denov qalʼasi XV asrga oidligini, hamda uni mustahkam qoʻrgʻon boʻlganligini tasdiqlaydi. Denov qalʼasi murakkab meʼmoriy obida boʻlib, chor atrofida xandaqlar joylashgan. Qalʼaning diametri 110 m ni tashkil etgan va qalin devor bilan oʻralgan.
Denov XVII—XVIII asrlarda Buxoro xonligi tarkibidagi alohida beklik boʻlib, karvon savdosi markazlaridan biri boʻlgan. Shaharda hunarmandchilikning yuzdan ziyod turi, asosan, koʻn-charm tayyorlash, etikdoʻzlik, toʻquvchilik, zardoʻzlik, qandolatchilik, oʻyinchoqsozlik va shunga oʻxshash bir necha turlari rivojlangan. 1907-yil Denovda amirning soliq siyosatiga qarshi yirik xalq harakati boʻlib oʻtgan. 1920-yil Denovda shoʻrolar hokimiyati oʻrnatilgach koʻpchillik hunarmandchilik ustaxonalari yopilib, shaharga savdo mollari kelishi toʻxtab qoladi. 1925-yil Denov orqali oʻtuvchi Termiz—Dushanbe yoʻli qurildi. Shoʻrolar tuzumi davrida shahar sifatida 1958-yil tashkil etilgan.
Taʼlim markazlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shaharda 8 ta umumiy taʼlim maktablari, gimnaziya maktabi, shahar biznes maktabi, bolalar sanʼat maktabi, shuningdek, oʻrta umum taʼlim maktablaridan tashqari, xorijiy tillar, kimyo va fizika — matematika litseylari va tibbiyot bilim yurti faoliyat yuritadi.
va Shu jumladan Denov tadbirkorlik va pedagogika institutiham joylashgan [1]
Shaharda yana poliklinikalar, 13 ta kutubxona (200 ming nusxa kitob), madaniyat va istirohat bogʻlari, yirik stadion, dehqon bozori mavjud. Denovdan Oʻzbekiston poytaxti Toshkentga va yana bir qancha viloyat markazlari va shaharlarga muntazam avtotransport vositalari qatnaydi. Shahar hududida meʼmoriy yodgorliklardan Said Otaliq madrasasi (XVI asr) saqlangan (hozirda madrasani asl holiga qaytarish ishlari olib borilmoqda). Uning old qismidagi hudud obodonlashtirilgan.
Televidinyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Denov tumanida 1992-yilda Denov televideniyasi ish boshlagan[3]].
va ATR TV telekanaliham ish faoliyatini olib borgan edi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- „Denov“, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi: 2-jild (Beshik — Gidrofizika). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2001 — 704-bet.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Denov shahridagi korxonalar va tashkilotlar ro'yxati“. golden pages. Qaraldi: 08-2023.
- ↑ „Denov tumani doimiy aholi soni“. surxonstat.uz. SURXONDARYO VILOYATI STATISTIKA BOSHQARMASI (2022-yil 16-mart). 2023-yil 11-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 08-2023.
- ↑ „Denov“ OʻzME. D-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |