Futbol boʻyicha 2015-yilgi Oʻzbekiston Kubogi finali
Sana | 17-oktyabr, 2015-yil |
---|---|
Maydon | Soʻgʻdiyona stadioni[1], Jizzax |
Oʻyin qahramoni | Artur Gevorkyan |
Hakam | Ravshan Ermatov |
Tomoshabinlar | 11,650 |
← 2014 2016 → |
2015-yilgi Oʻzbekiston kubogi finali — 2015-yilning 17-oktabr kuni Jizzax shahridagi Soʻgʻdiyona stadionida[1] Bunyodkor va Nasaf futbol jamoalari 2015-yilgi Oʻzbekiston kubogida gʻalaba qozonish uchun bahslashgan Oʻzbekiston kubogining 23-final oʻyini[2]. Ushbu oʻyin Osiyoda 5 marta, O'zbekistonda 10 marta va 2011-yilda dunyoda yil hakami unvonini olgan Ravshan Ermatov tomonidan boshqarib borildi. Final oʻyinining rasmiy nazoratchisi sifatida Artyom Arutyunov Oʻzbekiston professional futbol ligasi tomonidan tayinlandi. 2015-yilgi finalga qadar Nasaf jamoasi va Bunyodkor kubok finalida 2 marta toʻqnash kelgan boʻlib, ikkala oʻyinda ham Bunyodkor Nasafni magʻlub etib, Oʻzbekiston kubogiga ega chiqqan. 2015-yilgi kubok finalidagi bahsdan soʻng gʻalabaga erishgan Qarshining Nasaf jamoasi oʻz tarixida birinchi marta Oʻzbekiston kubogiga egalik qildi[3].
Oʻtmish
[tahrir | manbasini tahrirlash]Futbol boʻyicha Oʻzbekiston Kubogi Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan soʻng, 1992-yildan buyon har yili oʻtkazilib kelinadi. Nasaf jamoasi ushbu kubok finalida 2015-yilga qadar 4 marta, 2003, 2011, 2012, 2013-yillarda oʻynagan, ammo gʻalaba qozona olmagan edi. 2003-yilgi Oʻzbekiston kubogi finali Toshkent shahrining Paxtakor markaziy stadionida boʻlib oʻtgan va ushbu oʻyinda Nasaf Paxtakor jamoasiga 1:3 hisobida magʻlub boʻlib, kubogdan mosuvo boʻlgan[4]. Oradan 8 yillik oʻtib, Nasaf jamoasi 2011-yilda yana kubok finaliga chiqdi va qatorasiga uch yil 2011, 2012 va 2013-yillarda finalda oʻynadi. Ammo har uch oʻyinda ham magʻlubiyatga uchradi. 2011-yilda final yana Paxtakor markaziy stadionida boʻlib oʻtdi va Nasaf Paxtakor jamoasiga yana 1:3 hisobida magʻlub boʻldi. 2012-yilgi va 2013-yilgi final oʻyinlari yana Paxtakor markaziy stadionida boʻlib oʻtdi. Ikkala finalda ham Bunyodkor va Nasaf jamoalari gʻoliblik uchun kurashdilar. Har ikki oʻyinda 2012-yilda 3:0 va 2013-yilda 2:1 hisobida Bunyodkor jamoasi Nasaf ustidan gʻalabaga erishdi[5].
Bunyodkor jamoasi ushbu finalga qadar Oʻzbekiston kubogi finalida 6 marta ishtirok etib, 4 marta kubokka ega chiqqan edi. Birinchi marta Bunyodkor jamoasi „Quruvchi“ nomi bilan 2007-yil kubok finaliga chiqqan. Ushbu oʻyin Toshkentning MHSK stadionida boʻlib oʻtgan va Paxtakor futbol jamoasi penaltilar seriasida Bunyodkorni 7:6 hisobida magʻlub etib, kubokni yutgan. 2008-yilgi final ham Paxtakor va Bunyodkor jamoalari oʻrtasida boʻlib oʻtgan va Bunyodkor 2007-yildagi magʻlubiyat uchun Paxtakordan revansh olib, oʻyinda 3:1 hisobida gʻalaba qozongan va oʻz tarixida ilk marta Oʻzbekiston kubogiga ega chiqqan. Qatorasiga uchinchi yilgi final oʻyini ham Paxtakor va Bunyodkor jamoalari oʻrtasida boʻlib oʻtdi. 2008-yilgi finaldagi poytaxt derbisida Paxtakorning qoʻli baland keldi va Bunyodkorni minimal 1:0 hisobida magʻlub etib, oʻz tarixida 10-marta Oʻzbekiston kubogida gʻalabaga erishdi. Shundan soʻng, 2010-yildagi finalda Bunyodkor Qashqadaryoning Shoʻrtan futbol jamoasini 1:0 hisobida magʻlub etdi. Nasaf va Bunyodkor jamoalari Oʻzbekiston kubogi finalida ilk marta 2012-yil toʻqnash keldilar. Ushbu bahsda Bunyodkor 3:0 hisobida Nasafni magʻlub etdi. Keyingi yilgi, 2013-yilgi kubok finalida ham ikki jamoa gʻoliblik uchun kurashdi va yana Bunyodkorning qoʻli baland kelib, 2:1 hisobida Nasafni magʻlub etdi. Shundan soʻng, ikki jamoa 2015-yilgi Oʻzbekiston kubogi finalida toʻqnash kelishdi[3].
Finalga yoʻl
[tahrir | manbasini tahrirlash]Nasaf jamoasi kubok bahslariga nim-chorak finaldan qoʻshilgan. Nim-chorak finalda Nasaf Toshkentning Oqtepa jamoasiga qarshi bahs olib borgan va mehmonda 1:2, oʻz uyida 3:1, jami 5-2 hisobida gaʼalaba qozonib keyingi bosqichga yoʻllanma olgan. Chorak finalda Nasaf Toshkentning yana bir futbol jamoasi Paxtakor-2 bilan bahs olib bordi va mehmonda 0:6, oʻz uyida 2:0 jami 8:0 hisobida gʻalabaga erishdi va yarim finalga chiqdi. Yarim finalda Nasafga poytaxtning yana bir jamoasi Lokomotiv toʻqnash keldi. Qarshida boʻlib oʻtgan bahsda Nasaf 2:0 hisobida gʻalaba qozondi va Toshkentdagi 0:1 hisobidagi magʻlubiyatiga qaramasdan, toʻplar nisbati tufayli 2015-yilgi Oʻzbekiston kubogi finalining ilk ishtirokchisiga aylandi[6].
Bunyodkor jamoasi ham kubok oʻyinlarini nim-chorak finaldan boshladi. Ushbu davrada Bunyodkor Toshkent derbisida Obod futbol jamoasini oʻz uyida 1:0 hisobida magʻlub etdi va mehmonda 0:0 oʻynab, keyingi bosqichga yoʻl oldi. Chorak finalda Bunyodkor Jizzaxning Soʻgʻdiyona jamoasiga qarshi maydonga tushdi va uyida 2:0, mehmonda 1:2 hisobida gʻalabani qoʻlga kiritib, yarim finalga yoʻllanma oldi. Yarim finalda Bunyodkor va Paxtakor jamoalari oʻrtasida yana bir Toshkent derbisi boʻlib oʻtdi. Paxtakor markaziy stadionida boʻlib oʻtgan ilk bahsda, Bunyodkor 2:3 hisobida gʻalabani naqd qildi va oʻz uyida 1:0 hisobida Paxtakorni magʻlub etib, finalga yoʻllanma oldi[6].
Nasaf | Tur | Bunyodkor | ||||||
---|---|---|---|---|---|---|---|---|
Raqib | Umumiy | 1-oʻyin | 2-oʻyin | Raqib | Umumiy | 1-oʻyin | 2-oʻyin | |
Oqtepa | 5-2 | 1-2 (M) | 3-1 (U) | Nim-chorak final | Obod | 2-1 | 1-1 (M) | 1-0 (U) |
Paxtakor-2 | 8-0 | 0-6 (M) | 2-0 (U) | Chorak final | Soʻgʻdiyona | 4-1 | 1-2 (M) | 2-0 (U) |
Lokomotiv | 2-1 | 1-0 (M) | 2-0 (U) | Yarim final | Paxtakor | 4-2 | 2-3 (M) | 1-0 (U) |
Hakamlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasi Ravshan Ermatovni final oʻyinining bosh hakami etib tayinladi. Uchrashuvda Ermatovning yordamchilari sifatida Abduhamidullo Rasulov va Jahongir Saidov tanlangan boʻlsa, toʻrtinchi hakam sifatida Baxtiyor Namozov tayinlandi. Final oʻyinining rasmiy nazoratchisi sifatida Artyom Arutyunov belgilandi. Ushbu oʻyinning bosh hakami sifatida tanlangan Ravshan Ermatov Osiyo qitʼasida 5 marta, Oʻzbekistonda 10 marta eng yaxshi hakam sifatida eʼtirof etilgan, 2011-yilda esa dunyoning eng yaxshi hakami sifatida tan olingan[7][8][9].
Oʻyin
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tarkiblar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Nasaf jamoasi Jizzaxga 20 dan ortiq oʻyinchilar bilan keldi. Eldorbek Suyunov, Maqsud Karimov, Ilhom Shomurodov, Artur Gevorkyan, Bahrom Abdurahimov, Erkin Boydullayev, Shohruh Gadoyev, Sherzod Aʼzamov, Shuhrat Muhammadiyev, Odil Hamrobekov va Farruh Sayfiyevlar oʻyinni asosiy tarkibda boshlashdi. Nasaf jamoasi bosh murabbiyi Roʻziqul Berdiyev zaxiradan faqat ikki oʻyinchini, 89-daqiqada Ilhom Shomurodov oʻrniga Azamat Allaniyozovni, 90-daqiqada Shohruh Gadoyev oʻrniga Hamza Karimovni maydonga tushirdi[10].
Bunyodkor jamoasining asosiy tarkibi: Murodjon Zuhurov, Akmal Shorahmedov, Anvar Gʻofurov, Shaker Zuagi, Minori Sato, Ivan Miloshevich, Dostonbek Hamdamov, Zabihillo Oʻrinboyev, Rustamjon Ashurmatov, Eldor Shomurodov, Akrom Komilov. 74-daqiqada Vohid Shodiyev, 80-daqiqada Viktor Karpenko zaxiradan maydonga tushdi[10].
Oʻyinning borishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻyin bosh hakam Ravshan Ermatovning xushtagi eshitilishi bilan soat 17:00 da Jizzaxning Soʻgʻdiyona stadionida boshlandi. Dastlabki daqiqalardan boshlab Nasaf jamoasi koʻplab hujumlar uyushtirdi va toʻpni oʻzida saqlab turdi. Oʻyinning 2-daqiqasida Artur Gevorkyan burchakdan toʻpni darvozabon chizigʻiga yetkazib berishga urindi, ammo toʻp himoyachilar tomonidan qaytarildi. 14-daqiqada Bunyodkor jamoasi oʻyinchisi Ivan Miloshevich Nasaf oʻyinchisi Ilhom Shomurodovni yiqitganligi sababli bosh hakam Ravshan Ermatov oʻyindagi ilk sariq kartochkani koʻrsatdi. 30-daqiqaga kelganida Akrom Komilovga nisbatan qoʻpol oʻynagani uchun Nasaf oʻyinchisi Shuhrat Muhammadiyev sariq kartochka oldi va jamoalar kartochkalar soni boʻyicha tenglashdi. 38-daqiqada Artur Gevorkyan Bunyodkor jarima maydonchasi tashqarisidan zarba yoʻlladi, ammo Murod Zuxurov toʻpni qaytardi. Oradan bir daqiqa oʻtib, Akrom Komilov Shuhrat Muhammadiyevga nisbatan qoʻpollik ishlatgani uchun sariq kartochka oldi. Dastlabki boʻlimga 1 daqiqa qoʻshib berildi va bu boʻlim 0:0 hisobida yakunlandi[3].
Ikkinchi boʻlimning boshlari Nasaf jamoasining ustunligida oʻtdi. Oʻyinning 64-daqiqasida Bunyodkor jamoasi oʻyinchisi Akrom Komilov Odiljon Hamrobekovni yiqitdi va Ravshan Ermatov tomonidan ikkinchi sariq kartochka bilan ogohlantirdi va maydondan chetlatildi. Ushbu voqea oʻyinning taqdirini hal qilib qoʻydi. Bir kishi koʻp boʻlib oʻynayotgan Nasaf futbolchilari katta ustunlikka ega boʻlib olishdi. Oʻyinning 71-daqiqasida Nasafning Turkmanistonlik legioneri Artur Gevorkyan jarima zarbasidan gol urib, Nasaf jamoasini oldinga olib chiqdi. Ushbu goldan 3 daqiqa oʻtib, Sherzod Aʼzamov gol urib, hisobni 0:2 koʻrinishiga olib keldi. 84-daqiqada Sherzod Aʼzamov yana gol urdi. Ammo bu safar u oʻz darvozasiga gol urib qoʻydi va hisob 1:2 koʻrinishiga keldi. Ushbu hisob oʻyin yakuniga qadar saqlanib qolindi[11] va Nasaf oʻz tarixida birinchi marta Oʻzbekiston kubogiga ega chiqdi[3].
Tafsilotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Futbol boʻyicha 2015-yilgi Oʻzbekiston kubogi finali | ||||
---|---|---|---|---|
17-oktyabr, 2015-yil 17:00 Final |
Nasaf | 2:1 | Bunyodkor | Soʻgʻdiyona stadioni, Jizzax Tomoshabinlar: 11,650 Hakam: Ravshan Ermatov Oʻzbekiston |
Artur Gevorkyan 71', Sherzod Aʼzamov 74' | Tafsilot | Sherzod Aʼzamov (avt) 84' |
|
|
2015-yilgi Oʻzbekiston kubogi chempioni |
---|
Nasaf Tarixidagi birinchi chempionlik |
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 „Rasmiy xabar: 2015-yilgi O'zbekiston kubogi finali Jizzaxda bo'lib o'tadi“. championat.asia. Qaraldi: 2915-yil 21-sentyabr.
- ↑ „O'zbekiston Kubogi. Finallar tarixidan“. championat.asia. Qaraldi: 2016-yil 25-noyabr.
- ↑ 3,0 3,1 3,2 3,3 „“Nasaf” oʻz tarixida ilk bor Oʻzbekiston kubogini qoʻlga kiritdi“. daryo.uz. Qaraldi: 2015-yil 17-oktyabr.
- ↑ „Uzbekistan 2003“. rssf.com.
- ↑ „Изменения в составе участников первого этапа Первенства-2013“. pfl.uz. Qaraldi: 2013-yil 22-mart.[sayt ishlamaydi]
- ↑ 6,0 6,1 „"Nasaf" - o'z tarixida ilk bor O'zbekiston kubogini qo'lga kiritdi!“. championat.asia. Qaraldi: 2015-yil 17-oktyabr.
- ↑ „Messi batte Ronaldo e Buffon“ (it). Rai Sport (2015-yil 27-dekabr).
- ↑ „Ravshan Irmatov named as best referee of 2015“. UzDaily (2015-yil 28-dekabr). 2018-yil 14-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 5-iyun.
- ↑ „Globe Soccer / Winner / Ravshan Irmatov (Best Referee of the Year)“. globesoccer.com. 2021-yil 26-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 5-iyun.
- ↑ 10,0 10,1 „Bunyodkor-Nasaf match summary“. flashscore.com.
- ↑ „Bunyodkor-Nasaf o'yini tekstli translyatsiyasi“.