Fargʻona-Toshkent maqom yoʻllari
Fargʻona-Toshkent maqom yoʻllari — Toshkent va Fargʻona vodiysi (Qoʻqon, Namangan, Andijon, Fargʻona, Margʻilon, Quva va boshqalar) musiqa amaliyotida yuzaga kelgan maqom namunalarining umumlashma nomi. Shashmaqom va Xorazm maqomlaridan farqli oʻlaroq alohida-alohida cholgʻu va ashula yoʻllaridan iborat. Jumladan, cholgʻu yoʻllari "Nasrullo I-V", "Munojot I-V", "Ajam va taronalari", "Miskin I-V", "Segoh I-III", "Sayqal I-II", "Mirzadavlat I-II", "Choʻli Iroq", "Chorgoh", "Surnay Iroqi", "Surnay Dugohi" "Surnay Ushshogʻi" kabilar mashhur. Ashula yoʻllari alohida bir qismli ("Segoh, "Toshkent" irogʻi" kabi) namunalardan tortib keng koʻlamli turkumlardan tashkil topgan. Ayniqsa, besh qismli "Chorgoh", "Bayot", "Bayoti Sheroziy", "Gulyor*Shahnoz" va yetti qismli "Dugoh-Husayn" ashula yoʻllari ommalashgan. Ular mumtoz sheʼriyat (Sakkokiy, Navoiy, Bobur, Uvaysiy, Furqat, Muqimiy va boshqalar) namunalari asosida oʻqiladi.
Fargʻona-Toshkent maqom turkumlarining qismlari raqamlar vositasida ajratiladi (mas, "Miskin I", "Miskin II", "Bayot I"). Ayrim hollarda tarkibiy qismlarning maxsus nomlari ham uchraydi. Jumladan, "Miskin" cholg'u turkumining III qismi "Adoiy", IV qismi "Asiriy", "Nasrullo"ning II qismi "Chavandoz", III qismi "Qashqarcha", IV qismi "Tarona", V qismi "Ufar" deb nomlanadi. Shuningdek, Fargʻona-Toshkent maqom yoʻllari cholgʻu kuylarining ayrimlariga nisbatan "Mashq" atamasini qoʻllash odati mavjud (mas, "Mashqi Chorgoh", "Mashqi Dugoh-Husayn" va hokazo).
Fargʻona-Toshkent maqom yoʻllarining shakllanish ildizlari oʻrta asrlarda mashhur boʻlgan "Oʻn ikki maqom" tizimi va undan ham oldinroq mavjud turkumli asarlarga borib taqaladi. "Yoʻllari" atamasi ham shunga ishora etadi. Zero "maqom" atamasidan avvalroq musiqa ilmi amaliyotida "yoʻl" maʼnosidagi "roh", "tariqa", "ravashin" kabi tushunchalar keng qoʻllanib kelingan. Shashmaqomdan farqli ravishda Fargʻona-Toshkent maqom yoʻllari nafaqat xon saroylarida, balki xalq hayoti bilan bogʻliq turli vaziyat va sharoitlarda ham mudom ijro etilgan. Masalan, surnay yoʻllari xalq tomosha va bayramlarida, dorbozlar oʻyini va toʻy bazmlarida, dutor, tanbur, gʻijjak ijrolari hamda ashula yoʻllari uy sharoitlarida oʻtkaziladigan turli yigʻin va majlislarda namoyon boʻlgan. Ayni paytda, bu maqomlarda Fargʻona-Toshkent musiqa uslubiga xos yalla, ashula, katta ashula janrlarining xususiyatlari oʻz aksini topgan. Bu holat ularning musiqiy tili xalqchil va nisbatan ommaviy ekanligi, xalq orasida mashhur boʻlishi sabablaridan biridir.
Fargʻona-Toshkent maqom yoʻllari ijrochilari mazkur anʼanani odatda mashhur ustozlardan oʻrganishgan. Shu tarzda bu maqomlarni bizga yetkazib bergan taniqli talqinchilar qatorida Abduqodir naychi, Ahmadjon qoʻshnay, A.Yusupov (surnay), Shobarot tanburchi, A.Abdullayev (tanbur), Muhiddin Najmiddinov (dutor, tanbur), Komiljon Jabborov (gʻijjak, dutor), Saidjon Kalonov (nay), Faxriddin Sodiqov (chang, dutor), Gʻanijon Toshmatov (gʻijjak), Turg‘un Alimatov (tanbur, dutor), hofizlar — Shorahim Shoumarov, Toʻychi hofiz, Shojalil hofiz, Ilhom hofiz, Sodirxon hofiz, Rajabiylar, Rasulqori Mamadaliyev kabi ustoz sanʼatkorlarning xizmatlari katta. Bastakorlardan To‘xtasin Jalilov, Orifxon Hotamov, Fattohxon Mamadaliyev, soʻnggi yillarda Abduhoshim Ismoilovlar Fargʻona-Toshkent maqom yoʻllari anʼanalarida turkumli va alohida ijro etiluvchi asarlar yaratishgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |