Kontent qismiga oʻtish

Gʻanijon Toshmatov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Gʻanijon Toshmatov
Tavalludi 1913-yil 27-iyun
Vafoti 1994-yil 14-fevral
Toshkent
Kasbi Bastakor, sozanda, askiyachi
Unvoni

Gʻanijon Toshmatov (1913-yil 22-iyun, Asaka – 1994-yil 14-fevral, Toshkent) – sozanda (gʻijjak), bastakor, askiyachi. Oʻzbekiston xalq artisti (1973)[1].

Gʻanijon Toshmatov 27-iyun 1913-yili Andijon viloyati Asaka tumani Olaqanot mahallasida sozanda, yana bir kasbi oshpazlik boʻlgan Toshmat Shomatov oilasida dunyoga kelgan. Kenja farzand boʻlgan Gʻanijon Toshmatov bolaligidan sozandalikka qiziqqan. Sozandalikni dastlab otasidan soʻng akalari Karimsher, Abdullajon va Muhammadalidan, keyinchalik S. Siddiqovdan oʻrgangan. Kuy bastalash saboqlarini T. Jalilovdan olgan. Gʻanijon Toshmatov sozandalikni yaxshi oʻrganib yangi kuylar bastalagan. Gʻanijon Toshmatov oʻzbek sanʼatining vakillari Muhiddin Yoqubov, Tamaraxonim, Mulla Toʻychi Toshmuhammedov, Gavharxonim, Usta Olim Komilov, Mukarrama Turgʻunbayeva bilan birga oʻzbek sanʼatini rivojlantirgan.

Gʻanijon Toshmatov Asaka badiiy toʻgaragida musiqiy faoliyat yurita boshlagan. 1947—1949-yillarda Oʻzbekiston konservatoriyasining tayyorlov kursida oʻqigan. Gʻanijon Toshmatov dastlab mohir sozanda sifatida tanilgan. 1932—1934-yillarda Andijon teatrida, 1935-yildan boshlab Fargʻona musiqali drama teatrlarida sozanda va musiqa rahbari boʻlib ishlagan. Shunday qilib, oʻsha teatrlarda oʻzining ilk bastakorlik ishini boshlagan. Gʻanijon Toshmatov „Layli va Majnun“, „Farhod va Shirin“ singari spektakllarga kuy bastalagan.

1939-yili Katta Fargoʻna kanali qurilishi vaqtida Gʻanijon Toshmatov rahbarligidagi xalq cholgʻu ansambli hasharchilarga xizmat qilgan.

Gʻanijon Toshmatov ikkinchi jahon urushi yillarida Toshketdagi Muqimiy nomli musiqali drama va komediya teatri, Oʻzbekiston davlat radioqoʻmitasi xalq cholgʻu orkestrida sozanda-konsertmeyster boʻlib ishlagan hamda 1949 – 1953-yillarda orkestrga rahbarlik qilgan.

Gʻanijon Toshmatov „Ushshoq“, „Segoh“, „Nasri Segoh“, „Dugoh“, „Fargʻona Buzrugi“, „Surnay Buzrugi“, „Chapandozi Bayot“ kabi oʻnlab maqom yoʻllari, „Yalang davron“, „Nisor“, „Munojot“, „Tanavor“, „Tong otguncha“ kabi xalq kuylarini, oʻzi bastalagan „Kezarman“, „Guljamol“ va boshqa murakkab asarlarni ijro etgan.

Gʻanijon Toshmatov 1967-yili Oʻzbekiston radiosida Uygʻur ansambli, 1978—1979-yili Oʻzbek xalq etnografik ansamblini tashkil qilgan.

1949-yili Gʻanijon Toshmatov tashkil qilgan va badiiy rahbarlik qilgan „Dutorchi qizlar“ ansambli Oʻzbekiston taniqli ansabllar qatoridan joy olgan. Gʻanijon Toshmatov vafotidan soʻng ushbu ansambl uning nomi bilan atala boshlagan.

Gʻanijon Toshmatov „Maqom“ ansambli badiiy rahbari (1987—88) boʻlib, oʻzbek mumtoz musiqasi rivojiga katta hissa qoʻshgan. Shuningdek, unutilib ketgan koʻplab ashula, yalla, laparlarni tiklab, konsert dasturlarini boyitgan.

Keyinchalik B. Zeydman bilan hamkorlikda „Qari qiz“ (T. Toʻla librettosi, 1965) musiqali dramasini yaratgan. Ijodida oʻzbek va uygʻur xalqlari musiqa merosi anʼanalarini uygʻunlashtirib, 400 ga yaqin asar (asosan, qoʻshiq, yalla, cholgʻu kuy va ashula)larida oʻziga xos qurama uslub yaratishga muvaffaq boʻlgan. „Istadim“, „Ey, begim“, „Qora zulfing“ (Navoiy sheʼrlari), „Hayhay sanam“, „Uldiroyin dermisan“ (Mashrab), „Menga nomehribon boʻldi“ (Huvaydo), „Dedimki“ (Bedil) kabi ashulalari keng tarqalgan. Uygʻur ansabli uchun kuy va qoʻshiqlar („Uygʻur qizlari“ va boshqalar), „Andijon sanami“ nomli 3 qismli vokalraqs syuita yaratgan. Gʻanijon Toshmatov Uygʻur 12 muqomini tiklashda faol qatnashgan[1].

Askiyachi sifatida

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gʻanijon Toshmatov 1930-yillardan Yusufjon qiziq, J. Sultonov va boshqalar bilan askiya janrining ustalaridan boʻlib, uning ommaviylashuviga hissa qoʻshgan[1].

Gʻanijon Toshmatov Oʻzbekiston teleradiosida muharrir, keyichalik sobiq Ittifoq televideniyesining „Vremya“ iformatsion dasturi muxbiri boʻlib ishlagan Muxtor Gʻaniyev, Oʻzbekiston xalq artisti, opera qoʻshiqchisi Mansur Toshmatov va turli sanʼat soxalarida xizmat qilayotgan Muhsin va Munisa Gʻaniyevalarning otasi[2].

Gʻanijon Toshmatov 1994-yili 14-fevral kuni Toshkentda vafot etgan.

Gʻanijon Toshmatov 1973-yili „Oʻzbekistin xalq artisti“ unvoniga sazovor boʻlgan.

Gʻanijon Toshmatov ijrolari Oʻzbekiston radio va televideniyesi fono va videojamgʻarmalariga, gomofon plastinkasiga yozilgan. 1991-yil „Oʻzbektelefilm“ studiyasida Gʻanijon Toshmatov ijodiga bagʻishlangan film yaratilgan[2].

  1. 1,0 1,1 1,2 OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. 2,0 2,1 Mahmudov, Avazbek. Andijon san'ati fidoiylari, To'ldirilgan 2-nashr, Akademnashr, 2018 — 226-bet. ISBN 978-9943-5226-4-0. Qaraldi: 13-iyun 2023-yil.