Dori
Dori – kasalliklarni davolash yoki oldini olish uchun ishlatiladigan modda. Har qanday dorini odamlarga qoʻllashdan oldin hayvonlarda sinab koʻriladi va klinikalarda kuzatiladi. Dorilar kimyo-farmatsevtika zavodlarida sintetik moddalardan, oʻsimlik, hayvon yoki mikrobiologik mahsulotlardan, tez buziladigan ayrim dorilar esa dorixonalarda tayyorlanadi. Dorilar turli xilda, masalan suyuq (qaynatma, tindirma, eritma, suspenziya va boshqalar), yumshoq (surtma, liniment, krem, pasta va boshqalar), qattiq (sochma, tabletka, draje, granula va boshqalar) hamda alohida inʼyeksiya maqsadlari uchun ampula holida chiqariladi.
Taʼsiriga koʻra, yurak dorilari, surgi, siydik haydaydigan, ogʻriq qoldiradigan, issiq tushiradigan, narkotik, uyqu keltiradigan va boshqa dorilar boʻladi. Bevosita kasallikning qoʻzgʻatuvchisiga taʼsir qiladigan dorilar alohida guruhni tashkil etadi, bularga bezgak, zaxm, silga qarshi va boshqa dorilar kiradi. Ular kimyoviy terapevtik vositalar deb ataladi. Dorilarning shifobaxsh taʼsiri bemorning yoshi, ahvoli va dozaga bogʻliq. Katta doza organizmni zaharlashi, kam doza esa kasallik qoʻzgʻatuvchisini oʻsha doriga chidamli qilib qoʻyishi mumkin. Shuning uchun dorini faqat vrach buyurgan dozada qabul qilish kerak.
Dorilar sirtga ishlatiladi, ichiriladi, nafas yoʻli orqali yuboriladi va inʼyeksiya qilinadi. Ularning kuchi, taʼsiri organizmga qay yoʻl bilan va qanchalik tez kiritilishiga bogʻliq. Baʼzi dorilar takror yuborilganda organizmda toʻplanib taʼsir etadi (qarang Kumulyasiya). Dorini koʻr-koʻrona qabul qilish yaramaydi, chunki koʻp kasalliklar belgisi bir-biriga oʻxshaydi, uning uchun keraksiz dorilarni qabul qilish sogʻliqqa zarar yetkazadi. Organizmga kirgan dorilar qisman parchalanadi va oʻzgaradi, keyin buyrak, hazm va nafas yoʻllari, ter va boshqa orqali chiqib ketadi.
Dorilar uyda bolalarning boʻyi yetmaydigan joyda saqlanishi kerak. Har bir dorini yaroklilik muddati yorligʻida qayd qilinadi, belgilangan muddatdan uzoq saqlanganda taʼsirini yoʻqotadi. Keyingi yillarda xorijdan keltirilgan dorilar xili bir qadar ortdi, shu bois uni faqat vrach maslahati bilan qabul qilish zarur.
Oʻzuv Zokirov.
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |