Kontent qismiga oʻtish

Zaxm

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Sifilis
KXK-10 A50-A53
KXK-9 090-097
MedlinePlus 001327
eMedicine med/2224 emerg/563 derm/413

Zaxm yoki sifilis – barcha aʼzo va sistemalarning zararlanishi bilan kechadigan surunkali tanosil (venerik) kasalligi. Zaxm qadimdan maʼlum. Uning yer yuzida paydo boʻlishi va tarqalishi haqida turli fikr va nazariyalar mavjud. Koʻp olimlar fikriga koʻra, Xristofor Kolumbning zaxm bilan kasallangan matroslari (Shoraximov Sh 303-DI) Ispaniyada zaxm tarqalishiga sabab boʻlgan1496-yilda epidemiya boshlanib, Italiya, Fransiya, Shveysariya, Germaniya, keyin Avstriya, Vengriya va Polshaga tarqalgan. Ayrim olimlar Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharqda qadim zamonlarda ham mavjud boʻlgan degan fikrdalar. Oʻtmishning buyuk olimlari Galen, Gippokrat, Abu Ali ibn Sino va boshqalarningning asarlarida yozilgan kasallik belgilari (yara, afta, kondiloma va boshqalar) aynan klinikasini eslatadi. Zaxm XVI boshlarida deyarli butun dunyoda paydo boʻlgan. Zaxmni oqish treponema (Spiroxetalar) qoʻzgʻatadi (bu mikroorganizm anilin boʻyogʻi bilan yomon boʻyalganligi uchun oqish deyiladi). U bemor qonida, teridagi yarada, limfa tugunlari, orqa miya suyuqligida, soʻlagida, nerv toʻqimalari va hamma aʼzolarida, hatto zaxm bilan ogʻrigan ayol sutida va erkak shahvatida ham boʻladi. Oqish treponema organizmdan tashqarida quritilganda oʻladi, lekin nam muhitda (masalan, shahvat, soʻlakda, qin shilimshigida) uzoq yashaydi[1].

Yuqishi va kasallik alomatlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bemor zaxm tarqatadigan manbadir; u sogʻlom kishi bilan oʻpishganda, jinsiy aloqa qilganda yoki uning idish tovoqlaridan foydalanganda kasallik yuqadi. Keyingi yillarda qon quyish yoʻli bilan ham (transfuzion) zaxm yuqish hollari ahyonda kuzatiladi. Oqish treponema teriga yoki shilliq pardaga kirgach, tez koʻpayadi va limfa tomirlari orqali butun organizmga tarqaladi. Zaxm bilan kasallangan odam avval oʻzini mutlaqo sogʻlom sezadi, 3—4 haftadan keyin (yashirin – inkubatsion davr tugagach) oqish treponemalar kirgan joyda zaxmning birinchi belgisi – ogʻrimaydigan birlamchi sifiloma (qattiq shankr) paydo boʻladi. Bemor furunkulyoz, oʻpka yalligʻlanishi, angina, soʻlak va boshqa kasalliklar sababli biror antibiotik bilan davolangan boʻlsa, zaxmning yashirin davri ancha choʻzilishi mumkin. Bunday hollarda antibiotikning tegishli dozasi treponemalarni yoʻq qila olmay, ularning rivojlanishini bir oz toʻxtatib qoʻyadi, natijada yashirin davr ancha choʻzilib ketishidan tashqari, kasallik boshqacha kechishi mumkin. Qattiq shankr paydo boʻlishi bilan zaxmning birinchi davri boshlanadi: yara (shankr)ga yaqin limfa tugunlari yalligʻlanib shishadi, kattalashadi va bir oz qattiqlashadi; koʻpincha darmon quriydi, isitma chiqadi, bosh ogʻriydi, ayniqsa kechasi suyaklar qaqshab ogʻriydi, uyqusizlik kuzatiladi. Bu davr 6-9 hafta davom etadi va oʻz vaqtida davo qilinmasa, ikkinchi davriga oʻtib ketadi: ogʻiz shilliq qavati, jinsiy aʼzolar, qoʻl, oyoq va badanda dogʻ, tuguncha va hakozo koʻrinishida katta-kichik, rang-barang toshmalar (yiringli tugunchali) paydo boʻladi; koʻpchilik bemorlarning sochi toʻkila boshlaydi, suyak, boʻgʻim, muskul, qon tomirlar, yurak, koʻz, quloq, ichki aʼzolar va nerv sistemasi zararlanishi mumkin. Bu davrda bemor atrofdagilar uchun oʻta xavfli hisoblanadi. Ikkinchi davr boshida paydo boʻlgan toshma hech qanday davo qilinmasa ham, bir qancha vaqtdan keyin butunlay yoʻqolib ketadi; bemor oʻzini sogʻlom sezib, hech narsadan shikoyat qilmaydi, lekin bu bemorning dardi aridi va u atrofdagilarga kasallik yuqtirmaydi, degan gap emas. Bu faqat zaxmning latent yoki yashirin davri, xolos. Bemor qunt bilan davolansa, sogʻayib ketadi. Davo qilmay qoʻysa, kasallik toʻsatdan qaytalanib (retsidiv), ikkinchi davrning hamma belgilari namoyon boʻladi va bir qancha vaqtdan keyin ular yana yoʻqoladi. Bu jarayon bir necha marta takrorlanishi mumkin. Har galgi qaytalanish oldingisidan faqat kam toshma toshishi bilan farq qiladi. Bemor vrach aytganlarini qilmasa, spirtli ichimliklar isteʼmol qilsa,[2] taxminan 3-5 yildan keyin ikkinchi davr zaxmning oxirgi, uchinchi davriga oʻtadi: olcha danagidek doʻmboqchalar yoki tuxumdek, baʼzan undan kattaroq gummalar paydo boʻlib, toʻqimalarni yemiradi, yaraga aylanadi va chandiqlanib bitadi. Kasallik oqibati gummalar oʻrnashgan joyga bogʻliq. Miya, yurak, tomir, jigar kabi hayot uchun muhim aʼzolar zararlansa, bemor hayoti xavf ostida qoladi; yuz zararlangan boʻlsa, burun skeleti yemirilib, bemor badbashara, burni egarsimon boʻlib qoladi. Harakat, koʻruv, eshituv aʼzolari, nerv sistemasining zararlanishi kishini umrbod mayib qilib qoʻyadi.

Zaxm hamma vaqt ham uchinchi davrga oʻtavermaydi. Bemor kasallikning birinchi davrida davolana boshlasa, ikkinchi davri paydo boʻlmay tuzalib ketadi. Bemor vaqtida davolanmay, kasalligini oʻtkazib yuborsa, zaxmning uchchala davri birin-ketin roʻy beradi. Zaxmning birinchi davridayoq nerv sistemasi zararlanadi, lekin bu uchinchi davrda juda ogʻir oʻtadi – orqa miya soʻxtasi va avj oluvchi falajga sabab boʻladi; bunda yangi davo vositalari ham bemorga foyda bermay qoʻyadi.

Zaxmning onadan bolaga yuqishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kasal ona davolash kursini toʻliq oʻtmagan boʻlsa, zaxm xomilasiga oʻtishi mumkin. Ayolning boʻyida boʻlishidan oldin yoki homiladorlik davrida erkak unga zaxm yuqtirganda ham kasallik bolaga oʻtadi[3]. Bu irsiy emas, tugʻma zaxmdir. Zaxm ayolning farzand koʻrmasligiga sabab boʻlmaydi, biroq homilador zaxm bilan ogʻrib davolanmasa, odatda, homiladorlikning 4—5 oyida bolasi tushadi yoki zaxm bolaning chala (7—8 oyligida) majruh, baʼzan oʻlik tugʻilishiga sabab boʻladi. Zaxm belgilari yoʻqligi uchun uning yashirin davrini oʻtayotgan ona oʻzini sogʻlom his qiladi va koʻpincha dardi juda ogʻir, zaxm bilan kasallangan bola tugʻadi. Yetuk tugʻilgan bolada birinchi kunlari yoki birinchi oy oxiri yoki ikkinchi oy boshida tugʻma zaxm belgilari namoyon boʻladi. Suyaklar zararlanishi qattiq ogʻriqqa sabab boʻlib, bola uxlay olmaydi va yigʻlay beradi; badaniga dogʻga oʻxshash va tugunsimon juda koʻp toshma toshadi; koʻpincha ichki aʼzolar, nerv sistemasi va sezgi aʼzolari zararlanadi. Kechikkan tugʻma zaxm, odatda, bola 5 yoshdan balogʻatga yetguncha roʻy berishi mumkin. Davolanmagan yoki chala davolangan bolalardagina kechikkan tugʻma zaxm hayot uchun xavflidir[4].

Bemor vrach aytganlarini qilib, qunt bilan uzoq davolanishi kerak. Zaxm davrlariga qarab maxsus davo tadbirlari belgilanadi, zaxmga karshi dorilar buyuriladi. Bemorlar venerologiya dispanserlarida hisobga olinib, muntazam tekshirib turiladi. Kasalligini yashirib, davolanmay yurgan yoki davomi toʻxtatib qoʻygan bemorlar qonun yoʻli bilan majburiy davolanadi[5].

Dispanserlar zaxm bilan ogʻrigan bemor oila aʼzolarini, u bilan jinsiy aloqada boʻlgan kishilarni tekshiradi, bemor kimdan kasallik yuqtirganini aniqlaydi va zaxmning tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik tadbirlarini koʻradi[6].

  • Arifov S, Eshboyev E., Teri va tanosil kasalliklari, T., 1997.
  1. Harper KN, Ocampo PS, Steiner BM, et al (2008). "On the origin of the treponematoses: a phylogenetic approach". PLoS Negl Trop Dis 2 (1): e148. doi:10.1371/journal.pntd.0000148. ISSN 1935-2727. PMID 18235852. PMC 2217670. http://www.plosntds.org/article/info%3Adoi%2F10.1371%2Fjournal.pntd.0000148. 
  2. Genetiki podtverdili vinu Kolumba v rasprostranenii sifilisa (Wayback Machine saytida 2008-01-17 sanasida arxivlangan) // MedPortal.ru. – 15.01.2008. Andoza:Проверено
  3. Lerner V, Finkelstein Y, Witztum E (June 2004). "The enigma of Lenin's (1870-1924) malady". Eur. J. Neurol. 11 (6): 371–6. doi:10.1111/j.1468-1331.2004.00839.x. PMID 15171732. 
  4. Sokolovskiy Ye. V., Krasnoselskix T. V. Sifilis – na rubeje tisyacheletiy (Wayback Machine saytida 2008-06-14 sanasida arxivlangan) // Venerolog. – № 4. – 2005. – S. 76-77.
  5. Картамышев А. И. „Патогенез Сифилиса“, . Кожные и венерические болезни, 75000 экз, М.: МЕДГИЗ, 1953. 
  6. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil