Kontent qismiga oʻtish

Boburiylar davlati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Boburiylar saltanatidan yoʻnaltirildi)
Boburiylar davlati


bayroq

Boburiylar davlati xaritasi
Poytaxti Agra (1526–1530; 1560–1571; 1598–1648)

Dehli (1530–1540; 1554–1556; 1639–1857) Laxo'r (1586–1598) Fathpur Sikri (1571–1585)

Til(lar)i Fors tili

Chig'atoy(eski o'zbek) Urdu

Pul birligi rupiya
Maydoni 4.000.000 kv km2
Aholisi 162.000.000 kishi
Boshqaruv shakli mutlaq monarxiya
Sulola Boburiylar
Podshoh
 - 1526-1530 Zahiriddin Muhammad Bobur
 - 1837-1858 Bahodirshoh II

Boburiylar davlatiZahiriddin Muhammad Bobur asos solgan davlat (15261858).

1477-yildan boshlab Dehli sultonligida ichki nizolar avj olib, sultonlik inqirozga yuz tutdi, mahalliy hokimlar markaziy hukumatga boʻysunmay qoʻydi. Lohurda Davlatxon, Dehlida Ibrohim Loʻdiy, Mevarda Rano Sango mustaqillik eʼlon qildilar. Bobur bundan foydalanib 1519 va 1524-yillari Kobuldan Panjobga yurish qildi va katta oʻljalar olib qaytdi. 1525-yil Rano Sango oʻz raqnbi Ibrohim Loʻdiyni yengish va shu tariqa Shimoliy Hindistonni qoʻlga kiritish maqsadida Bobur bilan ittifoq tuzdi. Bobur yana Hindistonga yurib, 1525-yil kech kuzida Panjobni boʻysundirdi. 1526-yilning aprel oyida esa Panipat yonida boʻlgan jangda (qarang Panipat janglari) Ibrohim Loʻdiyni yengib, Agra va Dehlini egalladi. Bobur ilgari fotixlar singari (masalan Mahmud Gʻaznaviy, Amir Temur va boshqa) Hindistonni tashlab chiqmay, shu yerda qolishga qaror qildi. U 1527-yilning mart oyida Sikri yonida boʻlgan jangda Rano Sangoni ham yengib, butun Shimoliy Hindistonni boʻysundirdi. Bobur 1530-yil dekabr oyida vafot etdi. U oʻzi fath etgan mamlakatlarni betob kunlari oʻgʻillariga: Xindistonni toʻngʻich oʻgʻli Humoyunga, Panjobni Komron Mirzoga, Kobul va Qandahorni Askariy Mirzoga, Badaxshonni Hindol Mirzoga taqsimlab berdi. Humoyun oʻz mulkini kengaytirish maqsadida 1534-yil Gujarot va Biharga yurish qildi. Humoyun afgʻon sur qabilasining nufuzli yetakchilaridan Sherxon bilan Chousa va Qunuj (Kanauj)da boʻlgan janglarda magʻlubiyatga uchrab, dastlab Sind va Qandahorga, u yerdan esa Eronga shoh Tahmasp huzuriga qochdi. Shunday qilib, Shimoliy Hindiston 1555-yilgacha Sherxon va uning avlodi tasarrufida qoldi. 1555-yil Humoyun chigʻatoy, afgʻon, eron, turkman va koomchmanchi oʻzbek qabilalaridan katta qoʻshin toʻplab, Hindistonga yurish qildi, oʻsha yilning iyun oyida Surni yengib, Dehlini egalladi. Lekin oradan bir yil oʻtgach, Humoyun saroy kutubxonasi zinapoyasidan yiqilib, fojiona halok boʻldi. 1556-yil taxtga uning hali balogʻatga yetmagan o'gli Akbar oʻtqazildi. Boburiylar davlati hukmronligiga qarshi bosh koʻtargan Xemu va Iskandar Sur ustidan gʻalaba qozondi, keyinchalik Boburiylar davlatini birmuncha kengaytirishga muvaffaq boʻldi. Akbar davrida Hindukushdan jan.dagi Godavari daryosigacha boʻlgan yerlar Boburiylar davlati tasarrufiga oʻtdi. Akbar markaziy davlat apparatini mustahkamlashga qaratilgan bir qancha islohotlar oʻtkazdi. Yer soligʻi, davlatni boshqarish tartibi xususidagi qonunlarni ishlab chiqdi. Birinchi qonunga binoan natural soliq pul soligʻi bilan almashtirildi. Bu tadbir davlatning moliyaviy ahvolini yaxshiladi. Akbar jizya, ziyoratchilardan olinadigan soliqni, soliq toʻplovchilarning maoshi (dorugʻa)ni, chopar hamda amaldorlar uchun toʻlanadigan yigʻim (qoʻnalgʻa)ni, bozordan yigʻiladigan bir qancha soliq va jarimalarni bekor qildi. Akbar zamonida ichki va tashqi savdo rivojlandi. Dengiz orqali olib boriladigan savdoda Gujarot va Bengaliya alohida oʻrin egalladi. Savdo yoʻllarida karvonsaroy va quduklar bunyod etilishi savdoni rivojlantirdi. Akbar XVI asrning 60—70-yillarida bir qator islohotlar oʻtkazdi. Podshoh hokimi mutlaq hisoblanib, uning huzurida maxsus vakillik mahkamasi tashkil etildi. Bu islohot mamlakatni birlashtirish va davlatni markazlashtirishda muhim rol oʻynadi. Akbarning oʻgʻli Jahongirshoh (1605—27) otasi davrida joriy etilgan feodal tartiblarni mustahkamladi, Boburiylar davlatini kengaytirish siyosatini davom ettirdi. Jahongir 1614-yil Mevarni, 1615-yil Assomni va 1621-yil Kashmirdagi kichik Kishtvora navobligini bosib oldi. Bangola viloyatidagi afgʻon qabilalarining gʻalayonlarini bartaraf etib, ularni boʻysundirdi. 1624-yildan boshlab hokimiyat uning oʻqimishli va tadbirkor xotini Shoh Jahon qoʻliga oʻtdi. Xuddi shu yillardan boshlab mamlakatda ichki kurash yanada kuchayib ketdi. Bu kurashni uning oʻgʻillari Xurram (Shoh Jahon) va Hisrav Mirzo boshladilar. 1622-yil Xurram otasiga qarshi qoʻzgʻolon koʻtarib, oxiri taslim boʻldi. U faqat otasining vafotidan (1627) keyingina Shoh Jahon nomi bilan taxtga oʻtirdi. Shoh Jahon (1627—58) ayrim mahalliy mulkdorlar (Bundel hokimi Jujhar, Dekan hokimi Xon Jahon Loʻdiy va boshqa)ning qarshiligiga duch keldi va ularning isyonlarini bostirdi, 1632—1636-yillarda Dekan hokimliklarini boʻysundirdi, 1638-yilda Qandahorni egalladi. Boburiylar davlati.ning eng mashhur hukmdorlaridan yana biri Avrangzeb Olamgirdir (1618—1707). U Dekan va Bijapurni boʻysundirdi. Akbar, Shoh Jahon va Avrangzeb hukmronligi davrida Boburiylar davlati taraqqiy etdi. Mamlakat birmuncha markazlashdi, iqtisod va madaniy hayot oʻsdi[1].

Parchalanishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Avrangzeb hukmronligining ohirgi yillarida Dekanda marathalar, Shimolida afgʻon qabilalari, Panjobda sikhlar, Mevar va Marvarda rajputlar qoʻzgʻolonlari tufayli Boburiylar davlati ogʻir ahvolga tushib qoldi. Avrangzeb vafotidan soʻng ichki kurashlar kuchaydi. Undan tashqari, yevropaliklar (Portugaliya, Daniya, Gollandiya va Angliya)ning bosqinchilik siyosati boshlandi. Natijada mamlakat mayda-mayda davlatlarga boʻlinib ketdi. Boburiylar davlati 1858-yil ingliz mustamlakachilari tomonidan butunlay tugatildi.

Boburiylar davlati mahalliy xalqlar madaniyati tarixida progressiv rol oʻynagan; bu yerda obodonchilik va madaniy turmushga katta eʼtibor berilgan; koʻplab sugʻorish inshootlari qurilgan, yangi yerlar oʻzlashtirilgan, bogʻrogʻlar bunyod etilgan, shaharsozlik, hunarmandchilik (qogʻoz i.ch., zargarlik, kulolchilik, temirchilik, qandolatpazlik, toʻquvchilik va boshqa) taraqqiy etgan. Tarixiy hujjatlarda gazlamaning 100 ga yaqin nomi keltirilganligi mamlakatda toʻquvchilik keng koʻlamda taraqqiy etganligini koʻrsatadi. Boburiylar mahalliy xalq bilan tobora yaqinlashish siyosatini olib borganlar, idora qilishda mahalliy urfodatlarga rioya etganlar. Akbar musulmon boʻlmagan xalqlardan olinadigan jizya soligʻini bekor qilgan, turlituman dinlarga eʼtiqod qiluvchi qabila hamda xalqlarni kelishtirish maqsadida turli dinlar aqidalari majmuidan iborat umumiy „Dini ilohiy“ joriy etishga harakat qilgan.

Xalqaro aloqalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Boburiylar davlati bilan Movarounnahrdagi davlatlar oʻrtasida dastlabki rasmiy madaniy aloqalar XVI asr 30-y.laridan boshlangan boʻlsada, Bobur Hindistonni zabt etgan vaqtdayoq koʻplab shoir, sozanda, bastakor, xonanda, miniatyurachi rassomlarni olib ketgan edi. XVI asr 2-yarmida shayboniylardan Abdullaxon II Akbar saroyiga bir qancha miniatyurachi rassomlar (xususan, Muhammad Murod Samarqandiy)ni, 1585-yil oʻz elchilari (shoir Mushfiqiy va boshqa) ni yuborgan. 1613-yil Buxoro xoni Imomqulixon Jahongirshoh huzuriga, Jahongirshoh ham oʻz navbatida Buxoroga oʻz elchilari (bular orasida hindistonlik mashhur hakim Hoziq ham boʻlgan) ni yoʻllagan. 1660-yil Boburiylar davlatiga ashtarxoniylardan Abdulazizxon (1645—80)ning , 1685-yil Buxoroga Avrangzebning elchilari borgan. Movarounnahrdan elchilar hayʼatida yuborilgan adabiyot va sanʼat ahllaridan tashqari turli sabablar bilan Boburiylar davlatiga kelib yashab qolgan shoirlar, meʼmor va miniatyura ustalari koʻp boʻlgan.

Meʼmorchilik, sanʼat, adabiyot

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Boburiylar davlatida roʻy bergan ijtimoiyiqtisodiy oʻzgarishlar, madaniy aloqalarning kengayishi natijasida ilmfan, adabiyot, sanʼat, meʼmorlik taraqkiy etgan, astronomiya yuksalgan. Dehli, Jaypur va boshqa shaharlarda rasadxonalar qurilgan. Adabiyotda xalq diniysektantlik harakati gʻoyalari (turli diniy eʼtiqoddagi xalqlar tengligi va boshqa)ni targʻib qiluvchi „Bhakti“ poeziyasi rivojlangan. Mazkur oqimning yirik namoyandalaridan biri Tulsidas (1532—1624) mashhur „Ramayana“ dostonini yaratgan. Ayni vaqtda Shimoliy Hindistonda forsiy va turkiy tillarda, Markaziy Hindiston (Dekan) da urdu tilida saroy poeziyasi taraqqiy etgan, qator nasriy va nazmiy asarlar (Bobur, Bayramxon, Omuliy, Soib Tabriziy, Zebunniso, Bedil, Mirzo Gʻolib va boshqaning asarlari) yaratilgan. Ijodda „hindmusulmon uslubi“ (shoirlar oʻz asarlarida Hindiston tabiat manzaralarini, voqeahodisalarini tasvirlasalarda, forstojik sheʼriyatining anʼanaviy shakl va obrazlaridan foydalanganlar) vujudga kelgan (Fayziy, „Nal va Daman“; Bedil, „Komde va Mudan“ va boshqa), mahalliy xalklar bilan musulmon aholi oʻrtasidagi oʻzaro doʻstlik, muhabbat goyalari tarannum etilgan. Adabiyotshunoslikka doir muhim asarlar (Bobur, „Aruz risolasi“, Alouddavla ibn Yahyo Sayfiy Husayniy, „Nafois ulmaosirot“; Husayn Alixon Azimobodiy, „Nashtari ishq“; Shohnavozxon, „Maosir ulumaro“; Badriddin Kashmiriy, „Ravzat arrizvon va hadiqat algʻilmon“ va boshqa) yuzaga kelgan. Movarounnahr, Hindiston va Afgʻoniston tarixi, jugʻrofiyasi, madaniy aloqalariga bagʻishlangan asarlar (Bobur, „Boburnoma“; Abulfazl Allomiy, „Tarixi Akbarshohiy“; Nizomuddin Axmad, „Tabaqoti Akbariy“; Mirzo Salim Jahongir, „Tuzuki Jahongiriy“; Jahongirshoh, „Jahongirnoma“; Gulbadanbegim, „Humoyunnoma“; Badovuniy, „Muntaxab uttavorix“; Muhammad Mustaidxon Soqiy, „Maosiri Olamgiriy“ va boshqa) yaratildi. Hind, arab va turkiy xalqlar badiiy va ilmiy adabiyoti nodir yodgorliklari tarjimasiga ham katta eʼtibor berildi. Xususan, geometriyaga doir „Lilavatiy“, „Atharvaveda“ asarlari, „Mahabharata“, „Ramayana“ xalq dostonlari (sanskritchadan), Yoqut alHamaviynit jugʻrofiyaga oid „Muʼjam ulbuldon“ asari (arabchadan), Kamoliddin Dabiriyning „Hayot ulhayvon“ va Boburning „Boburnoma“si (eski oʻzbek tilidan fors tiliga) tarjima qilingan. XVI—XVIII asrlar mobaynida boburiylar tomonidan bunyod etilgan qator monumental inshootlar, asosan Movarounnahr va Hindiston meʼmorlik uslublarining uygʻunlashuvi — yangi „hind-musulmon uslubi“ boʻyicha qurilgan. Qurilish materiali sifatida oq va qora marmardan unumli foydalanilgan. Binolar devori qimmatbaho, rangli toshlar — haqiq, marvarid, sadaf, kahrabo, zumrad, yoqut va boshqa hamda fil suyagi bilan bezatilgan. Qurilishga Movarounnahr, Hindiston, Eron va Turkiya meʼmorlari boshchilik qilgan. Bu davr meʼmoriy yodgorliklaridan Humoyun maqbarasi (1565), Baland darvoza (1576), Toj Mahal (1632—50), Oltin ibodatxona (1764—66) jahon ahamiyatiga molik. Fotihpur Sikri shahri qalʼasi, Ajmir va Ollohoboddagi qalʼalar, Mathuradagi Govindadeva ibodatxonasi, Skandardagi Akbar va Eʼtimoduddavla maqbaralari, Agradagi Laʼl qalʼa, Moti masjid va Avrangoboddagi Bibika maqbarasi va boshqa Boburiylar davlati.ning yirik meʼmorlik obidalaridan hisoblanadi. Boburiylar davlati.da miniatyura sanʼati (qarang Hindisshon miniatyura maktablari) keng taraqqiy etgan. Boburiylar miniatyura maktabi (16 asr 2-yarmi — 18 asr)ga Kamoliddin Behzodnknt shogirdlari — termizlik Mirsayyid Ali va Xoʻja Abdusamad Sheroziylar asos solgan. Bu maktab vakillari dastlab tarixiy risolalar (mas, „Dostoni amir Hamza“ asari) ga miniatyuralar chizish bilan shugʻullanganlar. Bu asarga bagʻishlangan miniatyuralar 12 jild (1200 tasvir) ni tashkil etgan. Keyinchalik tasviriy sanʼatda portret va animalistika janrlari ham keng tarqalgan. Mirsayyid Ali boshchiligidagi musulmon va hind miniatyurachilari narsa, voqea va hodisalar manzarasini haqqoniy ifodalashga harakat qilganlar. Boburiylar davlati. miniatyura maktabiga uning soʻnggi yillarida Oʻrta osiyolik musavvirlardan Farruxbek, Muhammad Murod Samarqandiy, Muhammad Nodir Samarqandiy, Oqo Rizo ibn Abulhasan Buxoriylar rahbarlik qilganlar. Ular „Boburnoma“ (qarang „Boburnoma“ rasmlari), „Akbarnoma“, „Zafarnoma“, „Jome attavorix“ kabi asarlarga nafis miniatyuralar ishlaganlar. Muhammad Murod va Muhammad Nodir Samarqandiylar „Shahanshohlik murakkaʼi“ („Imperiya albomi“) uchun ishlangan portretlar (Jahongirshoh, Shoh Jahon, Shermuhammad Navob, Shiva Parvati va boshqa), Mirsayyid Ali moʻyqalamiga mansub 80 dan ortiq miniatyura lavhalari Vena va London muzeylarida, Muhammad Murodning „Shohnoma“ (Xiva nusxasi) qoʻlyozmasiga ishlagan 115 ta miniatyurasi Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik institutida saqpanmoqda.

Boburiylar davlatida musiqa sanʼati ham yuksak darajada taraqqiy etgan. Bu davrda mahalliy hind musiqasi Movarounnahr va Eron musiqa sanʼati anʼanalari taʼsirida yanada boyigan. Tarixchi Xaydar Mirzo (1499—1551) ning „Tarixi Rashidiy“ asarida aytilishicha, bu yerda Movarounnahr musiqiy asboblaridan torlikamonli sozlar koʻproq tarqalgan[2].

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Gulbadanbegim, Humoyunnoma, T., 1959; Neru Dj., Otkritiye Indii, M., 1955;Sinxa N. K.,Banerdji A. G., Istoriya Indii, M., 1954; Bartold V. V., Istoriya izucheniya Vostoka v Yevrope i Rossii, 2 izd., M., 1926; Nizomiddinov I. Gʻ., XVI—XVIII ayerlarda Oʻrta Osiyo —Hindiston munosabatlari, T., 1966; Indiyskiye miniatyuri XV1XVIII vv., M., 1971; Tyulyayev S. I., Iskusstvo v Indii, M., 1968; Azimjonova S, Gosudarstvo Babura v Kabule i v Indii, M., 1977.
  1. The Baburnama: Memoirs of Babur, Prince and Emperor, Zahir-ud-din Mohammad Babur, Translated, edited and annotated by Wheeler M. Thackston. 2002 Modern Library Palang-faack Edition, New York. ISBN 0-375-76137-3 str. xlvi
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil