Komron
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Komron | |
---|---|
Tavalludi | 1512 |
Vafoti | 5-oktyabr 1557 |
Fuqaroligi | Boburiylar davlati |
Otasi | Zahiriddin Muhammad Bobur |
Komron, Komron Mirzo (1509, Agra — 1557, Makka) — shoir va davlat arbobi. Boburning oʻgʻli. Adabiyot, harb va siyosat ilmlarini dastlab otasi Boburdan, soʻngra oʻsha davrning yetuk olimlari, davlat arboblaridan oʻrgangan. Otasi hayotligida Qandahor va Kobul hukmroni edi. Bobur vafotidan soʻng Humoyunning farmoni bilan Panjob va Hind daryosi vohasi ham unga topshirildi. Shershoh Suriy Boburiylar davlatini bosib olgach (1540), ushbu vaziyatdan foydalangan K. ukasi Hindol Mirzo bilan qoʻshilib, Agrani egallaydi. Humoyun Eronga qochib, safaviylar shohi Tahmaspdan koʻmak soʻraydi. K. esa Afgʻonistonda ota mulkini asrab, mamlakatni obodonlashtirishga katta eʼtibor beradi. Shoirlar, olimlar, sanʼatkorlar, hunarmandlarni saroyiga chorlab, ularga moddiy va maʼnaviy jihatdan yordam koʻrsatadi. Kobulni ilmu hunar, adabiyot va sanʼat markaziga aylantiradi. Afgʻonistonning barcha viloyatlarini qoʻlga kiritib, oʻzini podshoh deb eʼlon qiladi. Oʻz nomiga xutba oʻqitib, tanga zarb qildiradi. 1545-yil Humoyun Erondan qarbiy yordam olib, K. tasarrufidagi Qandahor, Kobul, Gʻazna, Badaxshonni egallaydi. Jangda K. yengilib, asirga olinadi. Humoyun K.ning gunohidan kechib, unga Koʻlob hokimligini beradi. Ammo 1 yildan soʻng Humoyunning Balxga ketganidan foydalangan K. yana akasiga qarshi chiqadi. Kobul yaqinidagi Tangihoda boʻlgan jangda K. yengilib qochadi (1550), ukasi Askariy Mirzo asirga olinadi. K. pushtunlar qabilasining sardori Odam Kaxkardan yordam soʻraydi. Odam Kaxkar pushtunlarning mehmondoʻstlik odatlariga xilof ravishda K.ni Humoyunga toʻtib beradi. Humoyun yana K.ning gunohidan kechmoqchi boʻlganida, arkoni davlat bunga yoʻl qoʻymaydi. Natijada Humoyun K.ni koʻziga mil torttiradi. K. Kaʼbani ziyorat qilib, 3 yil Makkada yashaydi va shu yerda vafot etadi. U Muhammad (sav) ning katta zavjalari Xadicha qabrining oyoq tomoniga dafn qilinadi.
K. devonining 3 ta qoʻlyozma nusxasi saqlanib qolgan. Ulardagi turkiy sheʼrlar: 40 gʻazal, 21 fard, 26 rubo-iy, 3 qitʼa, 9 masnaviy va tarkibband (1114 misra). Dariy tilidagi sheʼrlar: 26 gazal, 22 fard, 4 ruboiy, 3 qitʼa, 4 masnaviy (346 misra). Devonining qoʻlyozma nusxalariga kirmagan dariy tilida bitilgan baʼzi gʻazal, ruboiy va fardlar turli tazkira va bayozlardan topilgan. K.ning hozirgacha maʼlum dariy tilidagi sheʼrlari 418 misradan iborat. K. otasi Bobur kabi, asosan, gʻazal janrida ijod qilgan. Gʻazallarida koʻproq soʻfiyona qarashlar aks etgan ("Zihi har zarradin husnung huvaydo..."). Borliq va undagi barcha narsa-hodisalar Yaratganning tajallisi boʻlib, butun olam oʻzining turli shakllarda tovlanishidan boshqa narsa emasligi kabi maʼlum darajada panteizmga yaqin turuvchi gʻoyalarni ilgari suradi. Shoirning masnaviylari, asosan, irfon va tasavvuf, hikmat va pand-nasihat, axloqiy va maʼnaviy mavzularga bagʻishlangan. K. devoni qoʻlyozma nusxalari Hindistonning Pat (Xudobaxsh kutubxonasi, inv. №470) va Kalkutta (Osiyo jamiyati qoʻlyozmalar fondi, inv. №668) shaharlarida saqlanadi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Devon, T., 1993.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Hasanxoja Nisoriy, Muzakkiri ahbob, T., 1993; Fayziyev T., Temuriylar shajarasi, T., 1995.
Habib Abdunazar.[1]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |