Kontent qismiga oʻtish

Arfa

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Arfa
Registri


kontrokvatadagi do bemol notasidan — toʻrtinchi oktavadagi fa diyez notasigacha
Oʻxshash asboblar

Uels arfasi, lira, chang


Arfa (nemischa: „Harfe“ ; italyancha: „arpa“) – uchburchak shaklidagi qadimiy torli tirnama musiqa asbobi.

Dastlabki tasvirlari miloddan avvalgi 3 ming yillikka taalluqli. Oddiy koʻrinishdagi arfa jahonning deyarli barcha xalqlarida uchraydi. Turli xalqlar orasida qadimdan tarqalgan: gruzinlarda – changi, abxazlarda – ayumaa, osetinlarda – duadastanon. Oʻrta Osiyoda qoʻllangan chang (cheng) deb yuritilgan soz arfaning oʻtmishdoshi boʻlgan. Ayritom frizida (1-2 asrlar) 13 torli arfa chalayotgan ayol sozanda tasvirlangan.

Hozirgi arfaning 44-46 tori boʻlib (diatonik do-bemol majorda sozlangan), vertikal rezonatorli uchburchak shakldagi ramaga tortilgan. Xromatik tovushlarni sadolantirish va boshqa tonallikka oʻtkazish uchun pedal mexanizmidan (19 asr boshida fransuz ustasi S. Erar ixtiro qilgan) foydalaniladi. U ikki vazifani – torlarni qisqartirish va sadoni yarim ton yoki bir tonga balandlatish yoki pastlatish uchun xizmat qiladi.

Arfaning ovoz diapazoni kontrokvatadagi do bemol notasidan toʻrtinchi oktavadagi fa diyez notasigacha boʻladi. Bu tovushlar fortepiano notalariga oʻxshash ikki nota yoʻlida skripka va bas kalitlarida yoziladi va akkolada bilan birlashtiriladi. Bas tovushidagi torlar (katta oktavadagi fa notasigacha) sim bilan oʻralgan boʻlib, qolgan torlar esa ochiq ichak torlari hisoblanadi. Ijro etishda va ajratishda osonlik yaratish maqsadida barcha do torlari qizil rangda, fa torlari esa koʻk (havo) rangida boʻladi[1][2].

Arfa tovushi mayin va yoqimli boʻlib, orkestrda va ansamblda yakkanavoz hamda joʻrnavoz cholgʻu sifatida ishlatiladi. Ijro usullari ham turlicha boʻlib, unda barcha akkord, arpejio, glissando, flajolet va boshqa ijro usullari bilan chalish mumkin. Partiturada arfa partiyasi chelesta cholgʻusidan keyin yoziladi[1][2]. Johann Sebastian Bach, Gendel Georg Fridrix, Wolfgang Amadeus Mozart, Maurice Ravel, Paul Xindemit va boshqalar arfa uchun yakkanavoz asarlar yaratishgan.

Arfa ijrochiligida R. N. Sh. Boksa, F. Y. Dizi, A. Sabel, I. Eyxenvald, K. Erdeli, V. Dulova va boshqalar shuhrat qozonishgan. Oʻzbekistonda arfa simfonik va opera orkestrlari tarkibida ishlatiladi. 1950–1960-yillarda Toshkent konservatoriyasida arfa sinfi boʻlgan[3].

  1. 1,0 1,1 I. A. Akbarov. Музика луғати. Toshkent: Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1987. 
  2. 2,0 2,1 I. A. Akbarov. Мусиқа луғати. Toshkent: Oʻqituvchi nashriyoti, 1997 — 384-bet. ISBN 5-645-02422-2. 
  3. "Arfa" OʻzME. A-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • VikiOmbor logotipi VikiOmborda Arfa mavzusi boʻyicha mediafayllar bor