Kontent qismiga oʻtish

Al-Muayyad Shayx

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Al-Muayyad Shayx
المؤيد سيف الدين أبو النصر شيخ المحمودي

1412- va 1421-yillar oraligʻida Qohirada mamluk sultoni Shayx al-Mahmudiy zarb qildirgan oltin dinor.
Misr va Suriya sultoni
Saltanat 1412-yil 6-noyabr — 1421-yil 13-yanvar
Oʻtmishdoshi Abulfadl Abbos al-Mustain Billoh
Davomchisi Al-Muzaffar Ahmad
Tugʻilishi tax. 1369
Vafoti 1421-yil 13-yanvar (51-52 yoshda)
Turmush oʻrtogʻi
  • Xavand Xadija
  • Xavand Zaynab
  • Xavand Saodat
  • Qutlubay
Farzandlari
Dini Islom (Sunniylik)

Al-Muayyad Shayx (arabcha: المؤيد سيف الدين أبو النصر شيخ المحمودي; tax. 1369 — 1421-yil 13-yanvar) Misrda 1412-yil 6-noyabrdan 1421-yil 13-yanvargacha hukmronlik qilgan Mamluk sultoni[1][2].

Al-Muayyad Shayxni oʻn ikki yoshida Sulton Barquq qul qilib sotib olgan. Sultonning xizmatiga kirgach, barcha martabalarni bosib oʻtgan. 1400-yilda Amir Temurning Suriyaga bosqini vaqtida Sulton an-Nosir Faraj tomonidan Tripoli noibi etib tayinlangan. Boshqa amirlar Halab talon-taroj qilinayotgan vaqtdayoq boshpana izlaganda, Shayx hujum qilishga jurʼat etib, qochishga ulgurmasdan tutilib, qamoqqa tashlangan. Oradan biroz vaqt oʻtgach, qamoqdan qochishga muvaffaq boʻlgan[3]. Amir Temur ketganidan keyin Damashqqa noib etib tayinlangan. 1404-yilda Yazbak bilan ittifoq tuzib, ikkalasi an-Nosir Farajning Suriyadagi hukmronligiga jiddiy tahdid solishdi. Oxir-oqibat, ittifoqchilar magʻlubiyatga uchradi. Bir yildan keyingi yangi isyon natijasida sulton taxtdan agʻdarilib, qochishga majbur boʻldi. Oʻrniga ukasi Izziddin Abdulaziz kelgan. Yazbak guruhi gʻalaba qozonib, al-Muayyad sultonlikning general-leytenanti boʻldi. An-Nosir Faraj hokimiyati qayta tiklangach, Damashq noibligiga qaytgan. Hatto, oʻzini sulton deb eʼlon qilgan Halab amiri Dajamak isyonini bostirishda Farajga yordam berib, sodiqligini namoyish qildi. Biroq, an-Nosir Faraj ehtiyotsizlik oqibatida al-Muayyadni hibsga oldi. Al-Muayyad qamoqdan qochib, yangi tayinlangan vorisi Navroʻzdan Damashqni qaytarib olgach, Navroʻzga Tripoli boshqaruvi berildi. 1409-yilda Damashqqa kelgan Nosir Farajga al-Muayyad oʻz sadoqatini izhor qildi[3].

1410-yilda boshqa amirlar bilan birgalikda Qohira nazoratini qoʻlga olib, an-Nosir Farajning oʻgʻlini sulton deb eʼlon qilishga harakat qildi. Sulton yaqinlashgach, al-Muayyad Suvayshga chekindi. An-Nosir Faraj al-Muayyadni yana bir bor afv etib, Halab noibligini topshirdi. 1412-yilda boshlangan yangi qoʻzgʻolon sultonni yana Damashqqa kelishga majbur qildi. Bu safar oʻz qoʻshinlari tashlab ketgan sulton magʻlub boʻlib, isyonchilarga taslim boʻlishga majbur boʻldi. 1412-yil 23-may kuni an-Nosir Faraj Damashq qalʼasida hibsga olinib, oʻldirildi. Keyinroq al-Muayyad Qohiraga qaytib kelib, Abbosiy xalifa Abulfazl Abbos al-Mustain Billohni xalq orasida obroʻsizlantirishga uringan. Yetti oydan soʻng, xalifani lavozimidan chetlatib, oʻzini sulton deb eʼlon qilgan[4].

Al-Muayyad Qohiraga kirib kelganda shahar tartibsizlik holatida edi. Jumladan, shaharda tarqalgan vabo aholini xonavayron qilgan, ocharchilik hukm surar va pul juda qadrsizlangan edi. Al-Muayyad ahvolni yaxshilash choralarini koʻrishi kerak edi. Pul qadri barqarorlashtirildi, badaviylar bosqinlari qaytarildi, qishloq xoʻjaligi qayta tiklandi va don narxi pasayishiga erishildi[5].

Damashq amiri Navroʻz al-Muayyadni sulton sifatida tan olishdan bosh tortib, xalifaning qashshoqligini bahona qilib urush eʼlon qildi. 1414-yil iyul oyida Navroʻz magʻlubiyatga uchrab, hibsga olindi va Damashq qamalidan soʻng qatl qilindi[4].

Tartib qayta tiklangandan soʻng, Al-Muayyad Onadoʻlida urush boshlashga tayyorlana boshladi. Dulqodirlik Mehmed Tarsusni yaqindagina Ramazoniylardan tortib olgan edi. 1415-yilda al-Muayyad Tarsusni Ramazon amiri Shihobiddin Ahmadga qaytardi. 1418-yilda turkman Qora qoʻyunli qabilasi Tarsus shahrini qayta egallab oldi. Al-Muayyad oʻgʻli Ibrohimni boy berilgan hududlarni qaytarish uchun yuborgach, u Qayseri, Konya va Karamanni egallashga muvaffaq boʻldi[6].

1413-yilda kiprliklar Damurga bostirib kirishga harakat qilishdi. Al-Muayyad bunga javoban orolga qoʻshin tushirishni tashkil qildi. Misr va Suriya sohillariga Catalon qaroqchilarining hujumlari davom etayotganiga qaramay, tashkil qilingan mazkur harakat qirol Yanusni tinchlik bitimi imzolashga majbur qildi[7].

Al-Muayyad Shayx 1421-yil 13-yanvarda vafot etgach, oʻrnini kichik oʻgʻli Al-Muzaffar Ahmad egalladi[8].

Shayxning birinchi xotini Xavand Xadija boʻlib, unga taxtga oʻtirishidan oldin uylangan[9]. Boshqa bir xotini esa sulton Barquqning qizi Xavand Zaynab boʻlgan[10][9]. Bu xotini 1423-yil fevral/martda vafot etgach[10][11], otasi, Barquqning maqbarasida dafn etilgan[11]. Yana bir xotinining ismi Xavand Saodat boʻlgan[12]. Ushbu ayol Sirgitmishning qizi boʻlib, Shayxning vorisi sulton Al-Muzaffar Ahmadni dunyoga keltirgan[9]. Shayx vafotidan keyin Xavand Saodat sulton Sayfiddin Tatarga turmushga chiqqan. 1430-yilda vafot etgan[10]. Kanizaklaridan biri Qutlubay ismli cherkas qizi boʻlgan. Ushbu kanizak sultonning Sidi Ibrohim ismli oʻgʻlini dunyoga keltirgan. Shayxning vafotidan keyin amir Inal al-Jakamiyga turmushga chiqqan[13]. Ibrohim sulton an-Nosir Farajning qizi Satitaga uylangan[10]. Shayxning Xavand Osiyo ismli bitta qizi boʻlib, u 1486-yilda vafot etgan[14].

Arxitektura boʻyicha homiylik ishlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Gumbazli maqbarani (oʻng tomonda) oʻz ichiga olgan Sulton al-Muayyad masjidi. Qohirada 1415—1420-yillar oraligʻida qurilgan

Al-Muayyad oʻz davrida Mamluk meʼmorchiligining asosiy homiylaridan biri boʻlib, Qohira atrofida bir qator binolar qurdirgan yoki qayta tiklagan[15]. 1415—1420-yillarda katta masjid va maqbara majmuasi Sulton al-Muayyad masjidini qurdirgan. Masjid Bob Zuveila bilan yonma-yon joylashgan boʻlib, tepasida ikkita masjid minorasi qurilgan. Majmua atrofida qisman bugungi kunga qadar saqlanib qolgan katta hammom ham qurilgan[16]. Al-Muayyad vafotidan soʻng masjid ichidagi maqbarada dafn qilingan[17].

Shayxning bugungi kungacha qisman saqlanib qolgan qurilish loyihalaridan yana biri Darb al-Ahmardagi 1418—1420-yillarda qurilgan Al-Muayyad kasalxonasidir (mariston)[18]. Al-Muayyadning loyihalari orasida Roda orolidagi masjid, Gizadagi xonaqoh, Qohira shahrining shimoliy qismidagi Xalij (kanal) boʻylab joylashgan al-Xamas Vujuh nomli saroy hamda hozirgi Imbaba hududidagi Nil daryosi qirgʻogʻida joylashgan saroy kabilar bor. Biroq, ushbu inshootlarning birortasi ham hozirgacha saqlanib qolmagan[15]. Al-Muayyad, shuningdek, Nil daryosi yaqinida ilgari an-Nosir Muhammad qurdirgan, keyinchalik tashlab ketilgan ippodromni (mashq maydoni) qayta tiklagan[15].

  1.  Poole, Edward Stanley; Lane-Poole, Stanley; Margoliouth, David Samuel (1911) "Egypt/3 History" in Chisholm, Hugh Encyclopædia Britannica 09 (11chi nashri) Cambridge University Press 80–130; see page 102 para b "(7) Period of Burjī Mamelukes.....On the 23rd of May 1412...."" 
  2. Eduard von Zambaur. معجم الأنساب والأسرات الحاكمة في التاريخ الإسلامي للمستشرق زامباور (ar). IslamKotob, 1980 — 163-bet. 
  3. 3,0 3,1 Michaud & Michaud 1820, s. 184.
  4. 4,0 4,1 Michaud & Michaud 1820, s. 185.
  5. Clot 2009, s. 177.
  6. Clot 2009, s. 179.
  7. Clot 2009, s. 183–184.
  8. Ibn Taghribirdi 1929, s. 167.
  9. 9,0 9,1 9,2 Akkuş Yiğit, Fatma (2016-04-20). "Memlûk Sarayında Tek Eşlilik ve Çok Eşlilik Üzerine Bir İnceleme". Journal of International Social Research (The Journal of International Social Research) 9 (43): 560. doi:10.17719/jisr.20164317631. ISSN 1307-9581. https://www.sosyalarastirmalar.com/articles/a-study-on-monogamy-and-polygamy-in-mamluk-palace.pdf. 
  10. 10,0 10,1 10,2 10,3 D'hulster, Kristof; Steenbergen, Jo Van. "Family Matters: The Family-In-Law Impulse in Mamluk Marriage Policy". Annales Islamologiques 47: 61–82. https://research.birmingham.ac.uk/en/publications/family-matters-the-family-in-law-impulse-in-mamluk-marriage-polic. Qaraldi: 2021-11-30. Al-Muayyad Shayx]]
  11. 11,0 11,1 Karam, Amina „Women, Architecture and Representation in Mamluk Cairo“. AUC DAR Home (2019-yil 22-may). 2021-yil 18-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 18-dekabr.
  12. Taghrībirdī, A.M.Y.I.; Popper, W.. History of Egypt, 1382-1469 A.D.: 1412-1422 A.D. University of California Press, 1954 — 142-bet. 
  13. Taghrībirdī, A.M.Y.I.; Popper, W.. History of Egypt, 1382-1469 A.D.: 1412-1422 A.D. AMS Press, 1976 — 143-bet. ISBN 978-0-404-58800-7. 
  14. Ghersetti, A.. Al-Suyūṭī, a Polymath of the Mamlūk Period: Proceedings of the themed day of the First Conference of the School of Mamlūk Studies (Ca' Foscari University, Venice, June 23, 2014), Islamic History and Civilization. Brill, 2016 — 56-bet. ISBN 978-90-04-33452-6. 
  15. 15,0 15,1 15,2 Behrens-Abouseif 2007, s. 239.
  16. Behrens-Abouseif 2007, ss. 239–241.
  17. Williams, Caroline. Islamic Monuments in Cairo: The Practical Guide, 7th (en), Cairo: The American University in Cairo Press, 2018 — 192-bet. ISBN 9789774168550. 
  18. Behrens-Abouseif 2007, ss. 244–245.
Humkdorlik unvoni
Oʻtmishdoshi:
Al-Mustain
Misrning mamluk sultoni
1412-yil 6-noyabr — 1421-yil 13-yanvar
Vorisi:
Al-Muzaffar Ahmad