Zulkifl maqbarasi
Zulkifl maqbarasi | |
---|---|
Muqobil nomlari | Zul Kifl maqbarasi |
Umumiy maʼlumot | |
Maqomi | maqbara |
Shahar | Termiz |
Mamlakat | Oʻzbekiston, Afgʻoniston |
Zulkifl maqbarasi |
Zulkifl maqbarasi — Termiz yaqinida joylashgan meʼmoriy yodgorlik (11 — 12-asrlar). Rivoyat qilinishicha, bu yerga paygʻambar Zulkifl dafn etilgan. Tarixiy manbalarda abbosiylarning atoqli lashkarboshlaridan Ishoq ibn Kunaja (992/993-yillarda vafot etgan) ham shu yerda dafn etilgani qayd qilingan. Maqbaraning ayni qurilgan yillari mavjud emas, lekin binolar 11-12-asrlarga tegishli boʻlib, Mahmud Gʻaznaviy davrida bunyod etilgan.
Nomlanishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bu maqbarada paygʻambar Zul Kifl dafn etilgan degan taxminlar mavjud. Zul Kifl paygʻambar Ayyubning oʻgʻli hisoblanadi. Qur’on va hadisda bu zot haqida maʼlumotlar deyarli berilmagan. Paygʻambar Zul Kifl haqida Anbiyo (85-48-oyatlar) va Sod suralarida aytib oʻtiladi[1].
Zul Kifl soʻzi „kafolat egasi“ degan maʼnoni anglatadi.
Joylashuvi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Zul Kifl maqbarasi Amudaryo boʻyidagi Paygʻambar oroli[2] — Orol Paygʻambar qoʻriqxonasi hududida joylashgan. Paygʻambar Zul Kifl ayni shu yerda dafn etilganligi sababli ham orol Paygʻambar oroli deb nomlana boshlangan.
Tuzilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Amudaryodagi Paygʻambar orolning janubiy qismida joylashgan masjid, goʻrxona va ularga tutash 2 xonadan tarkib topgan. Binolar turli davrlarda bunyod etilgan. Masjid murabba tarxli (maydoni 6,95 x 6,95 metr), gumbazli, oldi peshtoqli qilib qurilgan. Mehrobiga ganchkori giri naqsh ishlangan. Goʻrxona (maydoni 6 x 4 metr) masjid sathidan 1 metrcha baland qilib qurilgan, unda sagʻana saqlangan. Goʻrxonaning ikki eshigi orqali tutash qurilgan ikki xonaga oʻtish mumkin. Xonalar devoriga gʻishtlar mavjli shaklda terilgan[3].
Balxlik olim Muhammad ibn Valiy XVII asrda yozgan asari „Baxrul axror“ da paygʻambar Zul-Kiflning qabri haqida yozilgan.
Xalq orasida yurgan afsonalarda esa paygʻambar Zul-Kifl oʻz tanasini Amudaryoga tushirib, tobut qayerda toʻxtasa, oʻsha yerda dafn etishni vasiyat qilgan[4].
Paygʻambar oroli
[tahrir | manbasini tahrirlash]Paygʻambar oroli jami 4000 gektar maydonni egallaydi. Orolning uzunligi sakkiz kilometr, kengligi esa taxminan besh-olti kilometrga teng. Mutaxassislarning fikricha, Amudaryo ayni shu orol hududiga yaqinlashganda oʻz tabiatini oʻzgartiradi. 1971-yilda bu hududa qoʻriqxona tashkil etilgan. Hozirda hudud Surxon davlat qoʻriqxonasi tarkibiga kiradi. Orolning 970 gektar maydonini oʻrmonzorlar tashkil etadi[5].
Orol Paygʻambar qoʻriqxonasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Orol Paygʻambar qoʻriqxonasi Amudaryo sohilida joylashgan boʻlib, uning janubiy qismida kichik ansambl shaklida maqbara bunyod etilgan. Shuningdek, u yerda katta gumbazli masjid, janubiy qirgʻoqqa tutash hududda kichik ibodatxona, gʻarbiy qismda esa ikki xona barpo etilgan.
Taʼmirlanishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Zul Kifl maqbarasi 2018-yil boshida qayta taʼmir qilingan. Lekin hozirda mazkur hudud Afgʻoniston Oʻzbekiston chegarasida joylashganligi uchun ham ziyorat qilish imkoni mavjud emas.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Termiz — Buyuk yoʻllar chorrahasidagi koʻhna va yangi shahar, Toshkent, 2001.
- „Zulkifl maqbarasi“, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi: 4-jild (Zebunniso — Konigil). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2002 — 704-bet.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Зулкифл алайҳиссалом“. islom.uz (2019-yil 10-mart). Qaraldi: 08-2023.
- ↑ Nosir Muhammad. Turon davlatlari hukmdorlari. Toshkent: Dizayn-Press nashriyoti, 2013-yil — 98-bet. ISBN 978-9943-20-117-0.
- ↑ "Zulkifl maqbarasi" OʻzME. Z-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ „Zul-Kifl maqbarasi“. uzbekistan.travel. Qaraldi: 08-2023.
- ↑ Obirahmat Abdulg'oniy. „ZUL-KIFL payg'ambar qabri“. Advokat jurnali (2019-yil 8-may). Qaraldi: 08-2023.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |