Kontent qismiga oʻtish

Xozim ibn Xuzayma

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Xozim ibn Xuzayma at-Tamimiy
Tavalludi Marvirud
Vafoti 768-yildan keyin
Qoʻshin turlari Abbosiylar xalifaligi armiyasi
Xizmatdagi yillari 749—768
Jang/urush Abbosiylar inqilobi, Aliylar qoʻzgʻoloni (762—763) va boshqa Abbosiylarga qarshi qoʻzgʻolonlar
Aloqa Xuzayma, Shuayb, Abdulloh, Ibrohim (oʻgʻillari)

Xozim ibn Xuzayma at-Tamimiy (arabcha: خازم بن خزيمة التميمي) (fl. 749–768) xurosoniy arab harbiy yetakchisi. Xurosondagi Abbosiylar daʼvatining ilk tarafdorlaridan biri boʻlgan Xozim Umaviylarga qarshi Abbosiylar inqilobida hal qiluvchi rol oʻynadi. Shundan soʻng, keyingi yigirma yil davomida butun xalifalik hududida yuz bergan qoʻzgʻolonlarni bostirish bilan shugʻullandi. Abbosiylar sulolasining asosiy tayanchi boʻlgan Xurosoniylarning yetakchi shaxslaridan biri Xozim oʻz oilasini hokimiyat va nufuzda mustahkamladi. JUmladan, oʻgʻillari keyingi oʻn yilliklar davomida xalifalik ishlarida muhim oʻrin egalladi.

Oilasi Banu Tamim qabilasining Naxshal urugʻidan boʻlib, ular ehtimol musulmonlarning mintaqani zabt etishining dastlabki davrlarida Xurosondagi Marvirud shahriga kelib oʻrnashgan edi. Oila, chamasi, ma’lum darajada forslashgan. Xozim oʻz tarafdorlariga murojaat qilishda fors tilini afzal koʻrgani, singlisi esa eronlik erkakka turmushga chiqqani qayd etilgan[1]. Xozim Xurosonda Abbosiylar daʼvatining (missionerlik harakati) ilk tarafdorlaridan biri boʻlgan. Abbosiylar inqilobining dastlabki kunlarida ona shahrini Abbosiylar tomoniga oʻtkazdi. 749—750-yillarda Umaviylarni agʻdarish uchun gʻarbga yoʻl olgan Abbosiylar qoʻshinidagi oʻz shahridan tuzilgan harbiy qismga qoʻmondonlik qildi[2]. 750-yilda Vosit qamalida ishtirok etgan[1]. 751—752-yillarda mahalliy xorijiylarni bostirish uchun Ummon oʻlkasiga yuborilgan[2][3]. 755—756-yillarda shimolga qaytib, Jaziradagi yana bir xorijiylar qoʻzgʻoloni hamda Suriyada Abbosiy Abdulloh ibn Ali boshliq isyonga qarshi kurashdi[2][3].

758—759-yillarda xalifaning oʻgʻli va boʻlajak xalifa al-Mahdiy (h. 775–785) bilan birga Xurosonga safar qildi. U yerda mahalliy noib Abduljabbor al-Azdiy isyon koʻtargan edi. Xozimga qoʻzgʻolonni bostirish vazifasi yuklatildi. Biroq, Marvirud aholisi uning tayinlanganini eshitib, isyonchi noibga qarshi qoʻzgʻaldilar. Ular hokimni magʻlub etib, asirga oldilar va Xozimga topshirdilar[2]. Ayni shu davrda Tabaristonning forsiy hukmdori ispahbad Xurshidga qarshi harbiy yurishlar ham amalga oshirdi[3].

762—763-yillardagi Aliylar qoʻzgʻoloni vaqtida Ahvozni qaytarib olish uchun gʻarbga qilingan qisqa muddatli yurishni hisobga olmaganda, asosan Xurosonda qolgan koʻrinadi. U yerda 768-yilda Ustadhsis qoʻzgʻoloniga qarshi kurashib, uni bostirgan. Shundan keyingi faoliyati haqida hech qanday ma’lumot yoʻq. Shuning uchun ham oʻsha joyda vafot etgan, deb taxmin qilinadi[1][3]. Oʻgʻillaridan farqli oʻlaroq, Xozim birorta viloyatga noiblik qilmaganga oʻxshaydi[3].

Xozim ilk Xurosoniylarga mansub boʻlgan. Abbosiylarni hokimiyat tepasiga olib kelib, keyinchalik ularning hukmronligini saqlab qolgan Xuroson arab qoʻshinining yetakchi harbiy qoʻmondonlaridan biri edi. Darhaqiqat, islomshunos olim Hugh N. Kennedy ta’kidlaganidek, „Xurosoniylarning dastlabki avlodining, ehtimol, eng muvafaqqiyatli qoʻmondoni Qahtaba ibn Shabib vafotidan soʻng, Xozim, ehtimol, Xurosoniylarning ilk avlodidagi eng muvaffaqiyatli qoʻmondon boʻlgan edi“[3][4]. Kennedyning taʼkidicha, Xozim ehtiyotkor general boʻlgan, ammo jang paytida „tez va kutilmagan qarorlar“ qabul qilishga qodir edi. Uning eng sevimli taktikasi armiyaning bir qismini ajratib, dushmanga orqa tomondan hujum qilish uchun yuborish edi[4]. Shuningdek, oʻz davri uchun noyob boʻlgan mahoratni namoyon etib, „g‘ayrioddiy“ qurollardan foydalandi. Masalan, ummonliklarga qarshi benzinga botirilgan mash’alalarni va xorijiy otliq askarlarga qarshi kaltroplarni qoʻlladi[5].

Oʻgʻillari Abdulloh, Ibrohim, Shuayb va ayniqsa, Xuzayma otasining vafotidan soʻng ham Abbosiylar saroyida nufuzli mavqega ega boʻlib qolishdi. Horun ar-Rashid hukmronligi davrida (h. 786–809) muhim rol oʻynashdi[1][6]. Biroq, koʻpchilik asl Xurosoniy oilalar kabi, uning avlodlari ham Horunning vafotidan keyin yuz bergan fuqarolar urushi davrida oʻzlarining imtiyozli mavqelarini yoʻqotishdi[1].

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 Kennedy (2001), p. 100
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 Kennedy (2001), pp. 100–101
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 3,5 Crone (1980), p. 180
  4. 4,0 4,1 Kennedy (2001), p. 102
  5. Kennedy (2001), pp. 102–103
  6. Crone (1980), pp. 180–181