Xontaxta tizmasi
Bu maqolada manbalar <ref></ref> teglariga olinmagan yoki umuman koʻrsatilmagan. |
Xontaxta tizmasi - Hisor togʻ tizmasining janubi-gʻarbiy tarmoklaridan biri. Janubiy va janubi-gʻarbda Katta Oʻradaryo, shim., shimoliy sharq va sharqqa 60 km dan ziyod masofaga choʻzilgan. Oʻrtacha bal. 1500–2500 m, eng baland joyi 2938 m. Suvayirgʻich qismi tekislangan yuzalardan iborat. Yon bagʻirlari janubiy va sharqiy qismida Katta Oʻradaryo oʻzanidan deyarli tik koʻtarilgan, shimoli-gʻarbiy yon bagʻri esa bir oz nishab. Etagida adirlar bilan tutashib ketgan va koʻplab daryolar (Langar, Katta Oʻradaryoning chap irmoqlari) bilan zich va chuqur kesilgan. Xontaxta tizmasi antiklinal strukturadir. Uning suvayirgʻich qismi paleozoy davri yetqiziqlaridan tashkil topgan. Tizmaning yon bagʻirlarida yura, boʻr va paleogen ohaktoshlari, gipsli gillar, mergel, qumtosh, konglomeratlar tarqalgan. Daryolar koʻp qismida chuqur daralar hosil qilgan. Ohaktoshlar tarqalgan hududida karst (karst gʻori, voronka va karrlari) hamda kuesta relyef shakllari hosil boʻlgan. Iqlimi quruq, yogʻingarchilik asosan, qish va bahorda boʻladi. Qoʻngʻir va jigarrang tuproqlarda archazorlar, butazor va boshqa oʻsimliklar tarqalgan. Yaylov sifatida foydalaniladi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |