Xiva pochta-telegraf binosi
Xiva pochta-telegraf binosi | |
---|---|
Joylashuvi | Xiva, Xorazm viloyati |
Koordinatalar | 41°23′13″N 60°21′47″E / 41.38691034886124°N 60.363108227797326°E |
Turi | pochta-telegraf |
Arxitektura uslubi | Xorazm va Yevropa meʼmorchiligi |
Loyiha muallifi | Aleksandr Roop, Muhammad Karim Neʼmatulla oʻgʻli |
Asoschi | Asfandiyorxon va Islomxoʻja |
Asos solinishi | 1910 yoki 1912-yil |
Qarovchi | Xorazm viloyati Madaniy meros boshqarmasi |
Holati | Xiva aloqa muzeyiga aylantirilgan |
Qurilish materiali | pishiq gʻisht |
Xiva pochta-telegraf binosi – Xorazm viloyati, Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik. XX asr boshida qurilgan. Xiva shahri, Mevaston mahala fuqarolar yigʻinida joylashgan. Xorazm viloyati madaniy meros boshqarmasi tasarufida[1].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Xiva pochta-telegraf binosi Xiva xonligining bosh vaziri Akbar Sayyid Islomxoʻjaning tashabbusi bilan Xiva xoni Sayyid Asfandiyorxonning farmoniga asosan Xorazm va Yevropa meʼmorchiligi anʼanalari uygʻunligida 1910-yil yoki 1912-yilda qurilgan. Meʼmor Aleksandr Roop Muhammad Karim Neʼmatulla oʻgʻli bilan hamkorlikda pochta-telegraf, kasalxona va Nurullaboy saroyining loyihasini yaratishgan[1]. Ayrim maʼlumotlarga koʻra, Islomxoʻja Rossiya imperiyasiga qilgan safarida Moskva shahri gubernatori N. I. Guchkov bilan uchrashadi va uning koʻmagida pochta-telegraf, kasalxonaning loyihalarini moskvalik meʼmorlarga chizdirib kelgan[2]. 1913-yilda Rossiyadan olib keltirilgan Morze telegraf qurilmasi oʻrnatildi[3]. Soʻngra qurilma Chorjoʻy—Tuyamoʻyin—Urganch yoʻnalishidagi aloqa liniyasiga ulanadi.
Bir-biriga qaratib, qoʻsh qilib qurilgan pochta-telegraf va kasalxona chiroyli koshinlar bilan bezatilib, barpo qilingan. Pochta-telegraf binosining peshtogʻidagi koshinlarga oʻzbek tilida nastaʼliq xatida „Janob oliy Sayyid Isfandiyor Bahodirxon farmoni oliylari bila sana 1330-yili ushbu telegraf va pochtaxona bino etildi“ deb yozilgan. 1920-yilda Petro-Aleksandrovsk (Amudaryoning oʻng qirgʻogʻida joylashgan) shahri bilan ilk telefon aloqasi oʻrnatilgan[1]. Pochta-telegraf binosi 1983-yilgacha faoliyat koʻrsatgan, ammo telekommunikatsiya hamda aloqa vositalarining tezkorlik bilan oʻsishi va rivojlanishi natijasida mavjud talablarga toʻliq javob berolmagani uchun shu yilning oʻzidayoq barcha pochta xodimlari hamma talablarga javob beradigan yangi binoga koʻchirilgan. Pochta-telegrafning eski binosi restavratsiya va kapital taʼmirlanib, Xiva aloqa muzeyiga aylantirilgan. Mazkur muzey bugunki kunda ham faoliyat koʻrsatib kelmoqda[4].