Vikipediya:WikiStipendiya marafoni/Natija
BOSH SAHIFA | TELEGRAM | YOUTUBE |
|
ASOSIY | QOIDALAR | BAHOLASH TARTIBI | YARATISH UCHUN MAQOLALAR | OSTLOYIHALAR | STATISTIKA | KSS | NATIJA |
2022-yilda oʻzbekcha Vikipediyada maqolalar soni tez surʼatda oʻsa boshladi. Buning asosiy sababchisi „WikiStipendiya“ marafoni boʻldi desak yanglishmaymiz. Marafon oʻzbekcha Vikipediyadagi kontentni yaxshilashga qaratilgan boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan Oʻzbekiston axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Oʻzbek tilida soʻzlashuvchi vikimediachilar foydalanuvchi guruhi bilan hamkorlikda tashkillashtirildi.
Marafonga 2022-yilning 20-mayida start berilganidan keyin Vikipediyaning oʻzbek tilidagi boʻlimida katta oʻzgarishlar sodir boʻldi. Ularning barchasi ham faqat „WikiStipendiya“ taʼsirida boʻlyapti, deb taʼkidlay olmasak-da, oʻzbekcha Vikipediyadagi yirik oʻzgarishlar aynan marafon boshlanganidan soʻng yuz bergani rad qilib boʻlmas faktdir.
2022-yilning 20-mayidan 20-dekabriga qadar[izoh 1] oʻzbekcha Vikipediyadagi maqolalari soni 76 657 taga oshib, 217 005 taga yetdi (54,62 % oʻsish). Jami tahrirlar soni 945 299 taga oshib, 3 504 571 taga yetdi (36,94 % oʻsish). Roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchilar soni esa 15 439 taga oshib, 87 706 taga yetdi (21,36 % oʻsish). Shuningdek, faol foydalanuvchilar, yaʼni oxirgi 30 kun ichida kamida bitta tahrir qilgan foydalanuvchilar soni 1 549 taga oshib, 1 937 taga yetdi (396,39 % oʻsish)[1].
Natija raqamlarda
[manbasini tahrirlash]- 77 mingga yaqin maqola yaratildi. „WikiStipendiya“ marafoniga 2022-yilning 20-mayda start berilganidan to 2022-yilning 20-dekabrda qadar 76 657 ta maqola yaratildi.
- 30 mingga yaqin maqola Fountainga kiritildi. Marafon davomida 29 284 ta maqola „Fountain“ baholash tizimiga kiritilgan boʻlib, bu maqolalarning har biri kamida 200 soʻzdan iboratdir[izoh 2].
- Oʻzbekcha Vikipediyada maqolalar soni 200 000 dan oshdi. 2022-yilning 26-noyabr kuni[izoh 3] oʻzbekcha Vikipediyada yaratilgan maqolalar soni 200 000 dan oshdi.
- Oʻzbekcha Vikipediya barcha tillardagi Vikipediyalar roʻyxatida 60-oʻrindan 49-oʻringa koʻtarildi. „WikiStipendiya“ marafoniga start berilgan kun, yaʼni 2022-yilning 20-mayida Oʻzbekcha Vikipediya 140 348 ta maqola bilan barcha tillardagi Vikipediyalar orasida 60-chi oʻrinni egallab turgan edi[izoh 4]. Marafon 2022-yilning 20 dekabrida oʻz yakuniga yetganida maqolalar soni 217 000 ga yetib, oʻzbekcha Vikipediya 49-oʻringa koʻtarilgandi.
- Oʻzbekcha Vikipediya turkiy tillardagi Vikipediyalar orasida 5-oʻringa koʻtarildi. Marafon davomida oʻzbekcha Vikipediya maqolalar soni boʻyicha turkiy tillar orasida turkcha, tatarcha, janubiy ozarbayjoncha va qozoqcha Vikipediyalardan keyin 5-oʻringa koʻtarildi. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, tatarcha, janubiy ozarbayjoncha va qozoqcha Vikipediyalardagi maqolalar soni bot yordamida yaratilgan maqolalar hisobiga yuqori boʻlib, 2022-yilning dekabr oyidagi holatga koʻra, bu uch loyihaning teranligi[izoh 5] oʻzbekcha Vikipediya teranligidan bir necha barobarga pastdir.
Yutuqlar
[manbasini tahrirlash]- Markaziy Osiyoda ilk marotaba mahalliy Vikipediyaga tashriflar ruscha Vikipediyaga tashriflardan oshib ketdi. 2022-yilning noyabr oyida Oʻzbekiston hududda oʻzbekcha Vikipediya koʻrishlar soni boʻyicha ruscha Vikipediyadan oʻzib ketdi. Oʻzbekistonda 2022-yilning noyabr oyida rus tilida 11,1 million sahifa koʻrilgan boʻlsa, oʻzbekchada 11,4 million sahifa oʻqildi. Taʼkidlash joizki, Markaziy Osiyoda mahalliy tilda maʼlumot koʻrish ruscha Vikipediyada oʻqishdan oʻzib ketishi birinchi marta kuzatildi.
- Oʻzbekcha Vikipediyadagi umumiy tahrirlar soni boʻyicha rekord oʻrnatildi. 2022-yilning noyabr oyi oʻzbekcha Vikipediyaning 19 yillik tarixida eng koʻp tahrir qayd etilgan oy boʻldi. Noyabrda oʻzbekcha Vikipediyadagi barcha sahifalar foydalanuvchilar va botlar tomonidan umumiy hisobda 244 465 (shundan 105 326 tasi faqat foydalanuvchilar tomonidan qilingan) martadan oshiq tahrir qilindi. Bunga asosiy sabab „WikiStipendiya“ marafoni va uning doirasida Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida yoʻlga qoʻyilgan Vikipediya taʼlim dasturi deyish mumkin.
- Ikki marta 150 kishi uchun vikioromgoh uyushtirildi. 2022-yilning 1-avgustidan 7-avgustiga hamda 23-noyabridan 30-noyabriga qadar marafon doirasida ikki marta bir haftalik WikiOromgoh tashkil etildi. Har ikki mavsumda 150 ka yaqin odam qatnashdi. Bu nafaqat mintaqada, balki global miqyosda rekorddir. Ishtirokchilar tomonidan birinchi mavsum davomida 7 509 ta, ikkinchi mavsum davomida esa 20 096 ta maqola yaratildi.
- Vikipediya va unga qardosh loyihalarni tahrirlash koʻrsatilgan videodarslar 25 ming martadan koʻp koʻrildi. Marafon yoʻlga qoʻyilganidan keyin youtube.com/uzwiki kanaliga yuklangan videodarslar marafon yakuniga qadar taqriban 27 ming marta koʻrildi, kanalga mingdan oshiq odam obuna boʻldi.
- Oʻzbekcha Vikipediya matbuotda misli koʻrilmagan darajada yoritildi. Marafon yoʻlga qoʻyilganidan to oʻz yakuniga yetguniga qadar oʻzbekcha va xorijiy matbuot nashrlarida rekord 60 dan ortiq maqola, post va videolavha hozirlandi. 2022-yilning dekabr oyi holatiga koʻra, „WikStipendiya“ uchun ochilgan Telegram kanalning 6 mingdan oshiq obunachisi boʻlgan, oʻzbekcha Vikipediyaning savol-javob guruhiga esa 800 dan oshiq odam aʼzo boʻlgan. Shuningdek, 2022-yilning 14—16-oktyabrida Shimoliy Makedoniyaning Ohrid shahrida boʻlib oʻtgan Markaziy va Sharqiy Yevropa anjumanida „WikiStipendiya“ anjumani yutuqlari haqida xalqaro vikimediachilar oldida taqdimot qilindi.
Gʻoliblar
[manbasini tahrirlash]Manbalar
[manbasini tahrirlash]- ↑ „Data:NumberOf/hourly.tab“. Vikiombor. Qaraldi: 24-dekabr 2022-yil.
Izohlar
[manbasini tahrirlash]- ↑ Toshkent vaqti bilan soat 23:04 da.
- ↑ Maqolalar soni juda koʻp boʻlgani uchun asosiy Fountain sekin ishlay boshladi, natijada baholashni tezlatish uchun ikkita alohida Fountain yaratildi. Asosiy Fountain: https://fountain.toolforge.org/editathons/wiki-stipendiya-marafoni ikkinchi Fountain: https://fountain.toolforge.org/editathons/wikistipendiyafinal uchinchi Fountain: https://fountain.toolforge.org/editathons/wikistipendiyafinalnew
- ↑ Toshkent vaqti bilan soat 22:26da.
- ↑ Bugunga qadar 325 tilda Vikipediya yaratilgan, ammo 9 tildagi Vikipediyada 10 tadan oz maqola bor.
- ↑ Teranlik muayyan viki loyiha naqadar faol tahrir qilinishini koʻrsatuvchi proksi indikatordir. Teranlik koʻrsatkichi oshishi uchun barcha tahrirlar soni va/yoki maqola boʻlmagan nomfazolardagi (masalan, munozara sahifalari, turkumlar, qoidalar sahifalari) tahrirlar soni oshishi kerak. Batafsil: VP:Teranlik.