The Hundred Thousand Fools of God
Muallif(lar) | Theodore Levin |
---|---|
Til | inglizcha |
Janr(lar)i |
musiqa antropologiya |
Nashriyot | Indiana University Press |
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi | 1996 |
Sahifalar soni | 318 |
ISBN | ISBN 978-0-253-33206-6 |
„The Hundred Thousand Fools of God: Musical Travels in Central Asia (and Queens, New York)“ (tarjimasi „Yuz ming abdol: Oʻrta Osiyoda (va Queens, New Yorkda) musiqiy sayohatlar“) — amerikalik musiqashunos va etnograf Theodore Levin qalamiga mansub kitob. Ilk bor 1996-yil AQShning Bloomington shahrida Indiana University Press nashriyotida chop etilgan. 1999-yil qayta nashr qilingan. Kitobda Oʻrta Osiyo, xususan, Oʻzbekiston va Tojikiston musiqiy merosi, bu xalqlar musiqasida Sovet Ittifoqi davrida qilingan islohotlar hamda mintaqada ijod qilgan yetuk musiqachilar hayoti va ijodi haqida soʻz yuritiladi. Asarda, shuningdek, Levinning doʻsti va hamkasbi, musiqashunos olim Otanazar Matyoqubov bilan suhbatlari, hamkorlikda qilgan sayohatlari atroflicha yoritilgan.
Kitob 23 qoʻshiq va kuyni oʻzida jamlagan hamroh kompakt-disk bilan nashr qilingan. Bu kuy va musiqalarning 21 tasini Levinning oʻzi yozib olgan. Kitobda, shuningdek, Oʻrta Osiyo xalqlari musiqasi va musiqiy hayoti toʻgʻrisida yozilgan ilmiy asarlar bibliografiyasi keltirilgan.
Kitob tanqidchilar va oʻquvchilar tomonidan yaxshi kutib olindi[1]. Illinois universiteti professori Donna Buchanan kitobni yuqori baholadi: „Garchi bu kitob asosan Movarounnahr musiqasi haqidagi etno-musiqiy etnografiya boʻlsa-da, u antropologiya, sovet va postsovet tadqiqotlar, islomshunoslik, tillar mutaxassislari uchun hamda ekspressiv madaniyat siyosati, musiqa va tasavvuf, anʼanalar va oʻzgarishlar, qishloq-shahar dialektikasi yoki shunchaki Oʻrta Osiyo hayotining jozibali goʻzalligiga qiziqqan har bir kishi uchun katta ahamiyatga ega“[2].
Boʻlimlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Boʻlim | Mazmuni | Tilga olingan shaxslar | |
---|---|---|---|
1 | Toshkent | Birinchi boʻlimda muallifning Oʻrta Osiyoga, xususan, Toshkent shahriga sayohatlari, Oʻzbekiston konservatoriyasida oʻtkazgan vaqti, Toshkent shahrida yashagan yoki ijod qilgan taniqli musiqachilar ijodi va hayoti hamda ularning ayrimlari bilan oʻtkazgan uchrashuvlari yoritilgan. Boʻlimda, shuningdek, Oʻrta Osiyo xalqlari, xususan, oʻzbeklar va tojiklar musiqiy sanʼatida Sovet Ittifoqi davrida sodir boʻlgan oʻzgarishlar haqida hikoya qilinadi. | Aleksey Kozlovskiy, Galina Kozlovskaya, Mutal Burhonov, Maʼruf Xoʻja, Yunus Rajabiy, Turgʻun Alimatov, Orifxon Hotamov, Munojotxon Yoʻlchiyeva, Yulduz Usmonova |
2 | Buxoro | Ikkinchi boʻlimda muallif Otanazar Matyoqubov bilan hamkorlikda Buxoroga qilgan sayohati va shaharda yashab, ijod qilgan shaxslar, xususan, buxorolik yahudiy musiqachilar sulolalari haqida hikoya qilinadi. Shuningdek, mazkur boʻlimda Naqshbandiya tariqati hamda Buxoro tarixida musiqaga boʻlgan munosabat haqida soʻz yuritiladi. Nihoyat, ushbu boʻlimda Sovet Ittifoqining soʻnggi yillarida hamda ittifoq parchalanib ketganidan keyin, Buxoro madaniy hayotida muhim rol oʻynagan yahudiy sanʼatkorlar Oʻzbekistonni tark eta boshlagani haqida hikoya qilinadi. | Viktor Uspenskiy, Levi Boboxonov, Ari Boboxonov, Tuhfaxon (Yafa) Pinxasova, Mahdi Ibodov |
3 | Janub: Surxondaryo va Qashqadaryo | Uchinchi boʻlimda muallif Otanazar Matyoqubov bilan hamkorlikda Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga, xususan, Qarshi, Boysun va Sherobod shaharlariga hamda Xoʻja Mahmud qishlogʻiga qilgan sayohati haqida hikoya qilinadi. Mazkur boʻlimda baxshilar, yaʼni xalq dostonchilari haqida soʻz yuritiladi. Boʻlimda Qahhor baxshi doʻmbirada ijro etgan ekspromt terma hamda uning ammasi Xushvaqt changqoʻbizda ijro etgan kuylar tahlili keltirilgan. | Abduxoliq, Boysun ansambli, Shohberdi baxshi, Qahhor baxshi, changqoʻbizchi Xushvaqt |
4 | Xorazm | Toʻrtinchi boʻlimda muallif Otanazar Matyoqubov bilan hamkorlikda Xorazm viloyatiga, xususan, Xiva shahriga hamda Qoraqalpogʻistonga, xususan, Nukus shahriga qilgan sayohatlari va u yerda Roʻzmat Jumaniyozov, skripkachi Ollonazar, hofiz Ozod Ibrohimov, Bola hamda Qalandar baxshilar, Jumaboy jirov va xalfalar Shirin va Dilbar bilan uchrashuvlari haqida soʻz yuritiladi. Levin Oʻzbekiston xalq hofizi Jumaniyozov har uchrashuv davomida aroq ichib mast boʻlib qolgani uchun, uning ijrosida maqom yoki suvora kuyini yozib ola olmagan. | Roʻzmat Jumaniyozov, skripkachi Ollonazar, Ozod Ibrohimov, Bola baxshi, Qalandar baxshi, Jumaboy jirov, xalfalar Shirin va Dilbar |
5 | Yuqori Zarafshon va Yagʻnob | Beshinchi boʻlimda muallif Otanazar Matyoqubov bilan Tojikistonning Sugʻd viloyatiga, xususan, Ayniy tumaniga (Ayniy, Anzob, Margʻeb), Yagʻnob vodiysiga (Shoveta, Tagi Chinor, Piskon, Gʻarmen), vodiy yaqinidagi Dargʻ qishlogʻi hamda Zaforobod tumaniga (Zafarobod) qilgan sayohatlari haqida hikoya qilinadi. Xususan, boʻlimda Yagʻnob vodiysida yashovchi yagʻnobiylar va dargʻliklar urf-odatlari, sanʼati va madaniyati haqida soʻz yuritiladi. Bundan tashqari, boʻlimdan dombrakchi Sattor Adinayev hamda mulla Nur Bobo (Yagʻnob/Zarafshon), maktab direktori Nur Muhammad va mulla Shamsiddin (Dargʻ) bilan suhbatlar oʻrin olgan. | Dombrakchi Sattor Adinayev, mulla Nur Bobo, maktab direktori Nur Muhammad, mulla Shamsiddin |
6 | Shahriston | Oltinchi boʻlimda muallif Otanazar Matyoqubov bilan Tojikistonning Sugʻd viloyatida joylashgan Shahriston qishlogʻiga qilgan sayohatlari haqida hikoya qilinadi. Boʻlimda Shahristonda faoliyat yurituvchi baxshi va folbinlar, jumladan, Rahmonqul baxshi, Turdixon baxshi hamda Nasrioy baxshilar bilan uchrashuvlar va ularning baxshilik faoliyati taʼriflangan. | Rahmonqul baxshi, Turdixon baxshi, Nasrioy baxshi |
7 | Queens | Yakuniy boʻlimda muallif AQSh va Isroilga koʻchib ketgan buxorolik yahudiy musiqachilar haqida soʻz yuritadi. Xususan, boʻlimdan Levinning New York shahrining Queens borosiga koʻchib borgan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Ilyos Mallayev bilan suhbatlari oʻrin olgan. Shuningdek, oltinchi boʻlimda Mallayevning rafiqasi va Oʻzbekiston xalq artisti Muhabbat Shamayeva, Oʻzbekiston xalq artisti Mixail Tolmasov va uning jiyani Abram Tolmasov va boshqa taniqli yahudiy musiqachilar taqdiri haqida hikoya qilinadi. | Ilyos Mallayev, Muhabbat Shamayeva, Mixail Tolmasov, Abram Tolmasov |
Hamroh disk
[tahrir | manbasini tahrirlash]Birinchi va ikkinchi trekdan boshqa hamma asarni muallif Theodore Levin va Otanazar Matyoqubov yozib olgan.
Ijrochi | Kuy | Yozib olingan yer | |
---|---|---|---|
1 | Yulduz Usmonova | „Shoh va gado“ | Toshkent |
2 | Aleksey Kozlovskiy | „Fargʻona vodiysi tuni“ („Lola“ syutasidan) | Toshkent |
3 | Munojotxon Yoʻlchiyeva | „Bayoti Shiroz talqinchasi“ | Toshkent |
4 | Turgʻun Alimatov | „Segoh“ | Toshkent |
5 | „Oʻzbekiston“ radiosi maqom ansambli | „Saraxbori segoh“dan parcha | Toshkent |
6 | Ilyos Mallayev | „Moʻgʻulcha segoh“ | Queens |
7 | Mutal Burhonov | „Yorlarim“ | Toshkent |
8 | Boysun ansambli | „Sus xotin“ | Boysun |
9 | Mahdi Ibodov | „Shahd“ | Buxoro |
10 | Tuhfaxon (Yafa) Pinxasova | „Taralilalalay“ | Buxoro |
11 | Shirin Jumaniyozov | „Yor-yor“ | Xiva |
12 | Orif Hotamov | Ahmad Yassaviy sheʼriga qoʻshiq | Toshkent |
13 | Qalandar baxshi | „Oshiq gʻarib va Shohsanam“ dostonidan parcha | Xiva |
14 | Ozod Ibrohimov | „Suvora“ | Xiva |
15 | Qahhor baxshi | „Terma“ | Xoʻja Mahmud |
16 | Jumaboy jirov | „Mahtumquli qasidasi“ | |
17 | Xushvaqt | Changqoʻbiz | Xoʻja Mahmud |
18 | Sattor Adinayev | „Afarid“ | Yagʻnob vodiysi |
19 | Sattor Adinayev | „Yak dona gul“ | Yagʻnob vodiysi |
20 | Xolmirzo Mirzosayi, Niyoziy bobo, Jumoy bobo | „Naqsh“ | Dargʻ |
21 | Dargʻ qizlari | Dala qoʻshigʻi | Dargʻ |
22 | Dargʻ masjidi jamoasi | Zarb | Dargʻ |
23 | Nasrioy | Koʻch amalidan parcha | Shahriston |
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Sakata, Hiromi Lorraine (1998). "The Hundred Thousand Fools of God: Musical Travels in Central Asia (and Queens, New York). Bloomington: Indiana University Press, 1996. xxiv, 318 pp. phographs, musical examples, maps, glossary, notes, bibliography. discography, compact disc." (inglizcha). Yearbook for Traditional Music 30: 161–163. doi:10.2307/768570.
- ↑ Buchanan, Donna A. (27.01.2017). "The Hundred Thousand Fools of God: Musical Travels in Central Asia (and Queens, New York). By Theodore Levin. Bloomington: Indiana University Press, 1996. xxiv, 320 pp. Notes. Bibliography. Glossary. Index. Plates. Maps. Musical transcriptions. Song texts. 74-minute compact disc. $35.00, hard bound." (inglizcha). Slavic Review 57 (3): 649–650. doi:10.2307/2500733.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Kitob taqrizi – Geoff Butts (ingl.)
- Kitob taqrizi – Robin Bisha (ingl.)