Teatr dekoratsiyasi sanʼati
Teatr dekoratsiyasi sanʼati, ssenografiya – tasviriy sanʼatning teatr sanʼati bilan bogʻliq sohasi; dekoratsiya, liboslar, yorugʻlik, sahna texnikasi vositasida spektaklning tomosha obrazi (koʻrinishi) ni yaratish sanʼati. Teatr rassomi sahnada koʻrsatiladigan har bir koʻrinish, joy, kiyim va boshqalarning eskizlarini yaratadi, shu eskizlar asosida dekoratsiya va liboslar tayyorlanadi. Rassom illyuziya yordamida tomoshabinda turli taassurotlar tugʻdiradi, tarixiy davr, tarixiy sharoit toʻgʻrisida toʻgʻri tasavvurlar hosil qilinishiga erishadi. Teatr dekoratsiyasi sanʼati teatr, dramaturgiya, tasviriy sanʼat taraqqiyoti bilan bogʻliq holda rivojlandi. Qad. marosim, oʻyinlarda uning ilk koʻrinishlari (libos, niqob va boshqalar) namoyon boʻldi. Yunoniston teatrida mil. av. V asrdayoq yordamchi qurilmalardan tashqari hajmli shakllar bilan tasviriy dekoratsiyalar qoʻshib ishlatilgan; Qadimgi Rim teatrida bu sanʼat rivojlantirilgan, ilk bor parda qoʻllangan. Oʻrta asrlarda Osiyo (Hindiston, Xitoy, Yaponiya va boshqalar) mamlakatlarida sahnani shartli ramziy tarzda bezash hukmron boʻlgan. Uygʻonish davrida Italiyada perspektivali dekoratsiyalar shakllandi, shahar maydon yoki uzoqlarga ulanib ketgan koʻchalar, oʻzgarmas joylar romlarga tortilgan rasmlar yordamida yaratildi (Bramante, B. Perutssi, S. Serio va boshqalar). XVII asr boshlarida sahna mexanizmlari keng qoʻllanila boshlandi, aylanuvchi 3 tomonli prizma shaklidagi qurilma tomoshabin koʻz oldida dekoratsiyalarni almashtirish imkonini berdi. Texnikaning takomillashishi sahna orti (kulis) va sahna – qutini yuzaga keltirdi. XVII asr asr oʻrtalaridan sahnada yon dekoratsiyalar paydo boʻldi va butun Yevropaga tarqaddi. Buyuk Britaniyada (sagʻna maydoni yuqori, quyi va orqa sahnalar, tomoshabin tomon turtib chiqqan sahna oldi – prosseniumdan iborat) maxsus teatr binosi shakllandi. Klassitsizm davrida voqeaning joy va vaqt birligi qonuniga boʻysundirilishi oʻzgarmas dekoratsiyalar prinsipini qaror topishiga olib keldi. Hindiston, Hindixitoy mamlakatlari teatrlarida spektaklni bezatish libos, niqob, grimlar bilan cheklandi (bu anʼana XX asr gacha davom etdi). XIX asr 1-choragida Fransiya, Buyuk Britaniya teatrlarida diorama va panorama gazli yoritgichlarning yangi shakllari bilan uygʻunlashtirgan holda qoʻllanadi. Texnikaning murakkablashishi boʻlim (akt)lar orasida parda, elektr yoritgich (1849) ni qoʻllashga, zamonaviy mavzudagi asarlarni sahnaga qoʻyilishi real hayotni aniq aks ettirishga olib keldi. XIX asr oxiridan rassomlar teatr bilan hamkorlikda sahna sanʼatining boshqa sanʼatlar qatorida tutgan oʻrnini belgilovchi oʻziga xos qonuniyatlarini tadqiq qildilar. XX asrda teatr dekoratsiyasi sanʼati sahna texnikasi – sintetik materiallar, lyuminessent boʻyoqlar, kollaj, foto va kinoproyeksiya, koʻzgular tuzilmasi, murakkab yorugʻlik qurilmalari va hokazo bilan boyidi. 1960-yillardan deyarli hamma yerda „sahnadan tashqari“ dekoratsiyalar, „sahna – arena“larga eʼtibor kuchaydi. 1970-yillar Teatr dekoratsiyasi sanʼati xalq sanʼati bilan yoʻgʻrilgan ohanglarni qoʻllashi bilan ajralib turadi, marosim niqob-grimlari, qoʻgʻirchoq liboslari dekoratsiyaning ajralmas qismiga aylandi. Teatr dekoratsiyasi sanʼati ustalarining dramaturgiya asosida rejissyor va rassom tasavvuridagi erkin sahna asarini yaratishga intilishi ortdi. XX asr teatr dekoratsiyasi sanʼati rivojlanishi jarayonida sahnalashtiruvchi rassom spektaklning mualliflaridan biriga va „Teatr dekoratsiyasi sanʼati“ni spektaklning tasviriy rejissura (ssenografiya) si degan tushunchaga aylantirdi. Bu xususiyatlar turli oqimlar kurashi jarayonida rivojlandi, hajmli fazoviy dekoratsiyalar, spektaklning tomosha obrazi rangtasvirni qoʻllash hisobiga koʻrkamlashdi va taʼsirchanligi yanada ortdi. Teatr dekoratsiyasi sanʼatiga dastgoh rangtasviri ustalari katta hissa qoʻshdilar. Xalq sanʼatining uslublashtirilgan shakllariga qiziqish oʻrnini sahna voqealarining ichki mantigʻiga boʻysundirilgan bezak tuzilishini izlash egalladi. Teatr dekoratsiyasi sanʼatida keksa avlod rassomlari bilan bir qatorda yosh rassomlar ham muvaffaqiyatli ijod qilmoqda.
Oʻzbekistonda teatr dekoratsiyasi sanʼati jahon teatr dekoratsiyasi sanʼatining eng yaxshi anʼanalari taʼsirida rivojlandi. XX asr maʼrifatparvarlar teatri dastlabki spektakllarida hayotiy voqelikni sahnada aynan koʻrsatish, libos va pardozlarni ham hayotdagiday rasmiy tarzlarda ishlatish uslubini qoʻllagan, joylarni rasmana qilib qurish odat tusida boʻlganini koʻrish mumkin, liboslar masalasida ham shunday yoʻl tutilgan. Tajriba biroz ortgach, teatr asar konfliktidan kelib chiqib ziddiyatli ikki tomonni bir-biriga qarama-qarshi (kontrast) tasvirlashga oʻtdi, yutuqlar bilan birga kamchiliklar ham mavjud boʻlgan: har bir spektakl uchun maxsus dekoratsiyalar kam ishlangan, teatrda rassomning oʻzi boʻlmagan, spektakllar koʻpincha yigʻma dekoratsiyalar bilan shartli koʻrsatilgan; spektakllarga kerakli libos, buyum va ashyolar uymauy yurib terib kelingan, ijaraga olingan.
Teatr dekoratsiyasi sanʼatining dastlabki professional namunalari XX asr (boshlari) da Oʻzbekistonda yashagan rus rassomlari (S. Yudin, S. Milenin, V. Ufimsev va boshqalar) tomonidan yaratildi, ulardan taʼlim olgan va ularning ijodiy rahbarligida oʻzbek teatr rassomlari yetishib chiqdi (Sh. Shorahimov, H. Ikromov, M. Musayev va boshqalar). Xalq hayoti, urf-odatlarini, amaliy bezak sanʼati, liboslarini yaxshi bilganligi rassomlarning ishlarida oʻz aksini topdi, spektakllarga liboslar ularning chizmalari asosida tayyorlandi. Hayotni aynan aks ettiruvchi uslub illyuziyali dekoratsiya va koʻp jihatdan shartli liboslarni yaratilishiga olib keldi, aktyorlarga turmush tarzini, personajlar qiyofasini batafsil va umumlashma tarzda koʻrsatish imkonini berdi. Oʻzbek teatri erishilgan yutuqlarini mustahkamlash bilan birga dekoratsiya sanʼati va liboslar bobida jiddiy izlanishlar olib bordi, tasviriy sanʼatning baʼzi tamoyil va uslublarini ishga soldi, obrazli yechim, maxrbatli tasvir yoʻlidan bordi, kino va televideniye vositalaridan foydalandi.
1960-yillar oxirlaridan Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutining teatr rangtasviri (ssenografiya) boʻlimini tugatgan bir guruh rassomlarning respublika teatrlariga kirib kelishi bilan sahna asarlarining tarkibiy qismi boʻlgan tasviriy vositalar (dekoratsiya, libos, grim)da yangi davr boshlandi. I. Valdenberg, V. Riftin va boshqalardan saboq olgan G. Brim, A. Jiboyedov, R. Tumankov, A. Shibayev, bir oz keyinroq O. Ollaberganov, V. Mixaylichenko, T. Shorahimov, U. Saydaliyev va boshqa dekoratsiya sanʼati va u bilan bogʻliq libos, grim sohalarida tub oʻzgarishlar yasashga va teatr dekoratsiyasi sanʼatini dastgoh va monumental rangtasvir darajasiga koʻtarishga intildilar. Oʻzbek teatr dekoratsiyasi sanʼati tom maʼnodagi professional yoʻlga tushib oldi. Rassom endi spektaklning sahnalashtiruvchi rejissyor bilan hammuallifga aylandi. Jumladan, G. Brim sahnalashtirilgan spektakllarning sahna makonini asarlar mazmuni va janriga moye bezashda meʼmorlik ohanglari, tamoyillarini qoʻllab katta yutuqlarga erishdi („Mariya Styuart“, „Boy ila xizmatchi“, „Shoh Edip“, „Abu Rayhon Beruniy“, „Buxoro“, „Istehkom“ va boshqalar).
80y.larning oxiri va ayniqsa, 1990-yillar, yaʼni Oʻzbekistonning mustaqilligi davrida oʻzbek teatri tarixni idrok etish va oʻzlashtirishda, buyuk allomalar va davlat arboblari hayoti va faoliyatini yoritishda katta yutuqlarga erishdi, bunda teatr rassomlarining xizmati katta: tarixiy shaxslarning sahnaviy obrazlarining toʻlaqonli va teran mazmunga ega boʻlishida muhit tasvirini yaratgan teatr rassomlarining xizmati salmoqlidir. Respublika teatrlarida rassomlarning keksa, oʻrta va yosh avlodi bir-biridan taʼsirlangan holda ijod qilmoqda. V. I. Ligay (Andijon), D. Safoyev (Samarqand), T. Shorahmedov, A. Jiboyedov, B. Qurbonov, B. Toʻrayev, Z. Botirov, Sh. Abdumalikov, N. Glubokina (Toshkent), F. Rajabov (Fargʻona) va boshqa teatr dekoratsiyasi sanʼati taraqqiyotiga katta hissa qoʻshmoqda.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Qodirova, Dilafruz. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.
- Soyenovskaya A. G., Puti razvitiya teatralnodekoratsionnogo iskusstva Uzbekistana, T., 1989-yil.
- Qodirova D. M., XX asr Oʻzbekiston teatr liboslari, Toshkent, 2003-yil.