Kontent qismiga oʻtish

Sovet Ittifoqida Islom

Bu maqolani tinglang
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
„Stanok oldidagi xudosiz“ jurnalining „xudosiz besh yillik“ka bagʻishlangan muqovasi (1930). Unda V shaklidagi besh yillik belgisi Iudaizm, Xristianlik va Islom ramzlarini ezmoqda.
Ushbu maqolani tinglang (4 daqiqa)
noicon
Spoken Wikipedia icon
Bu audiofayl ushbu maqolaning 23-iyul, 2022-yil(2022-07-23) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.

Sovet Ittifoqida Islom ikkinchi eng yirik din boʻlgan. Ittifoq tarkibiga kirgan 15 respublikaning oltitasida, yaʼni Ozarbayjon SSR, Tojikiston SSR, Turkmaniston SSR, Qirgʻiziston SSR, Qozogʻiston SSR hamda Oʻzbekiston SSRda musulmonlar asosiy aholi guruhini tashkil qilgan. Shuningdek, Volga va Ural daryolari sohillarida hamda Rossiya SFSRning shimoliy Kavkaz hududida koʻplab musulmonlar yashagan.

Sovet Ittifoqini tuzishda bolsheviklar sobiq Rossiya imperiyasining barcha hududlarini saqlab qolishga urindi. Natijada Islom keng tarqalgan hududlarda kommunizm oʻrnatish urinishlari qarshilikka duchor boʻldi. Bolsheviklar boshida Sovet hokimiyati hali chuqur oʻrnashmagani hamda musulmonlar orasida inqilob gʻoyalarini targʻib qilish istagi tufayli Islomga qarshi keskin kurashmadi. Ammo sobiq Rossiya Imperiyasining chekka hududlarida sovet hokimiyati oʻrnatilganidan keyin, 1930-yillarga kelib bolsheviklar koʻp sonli masjidlarni yopdi va buzib tashladi, koʻplab imom va din peshvolarini qirgʻin qildi. 1930-yillar yakunigacha musulmon taʼlim tizimlari tugatildi, arab yozuvidagi koʻplab diniy manbalar yoʻq qilindi.

Sovet Ittifoqi hukumati faol tarzda ateizmni targʻib qildi. Shunday boʻlsa-da, yuqorida tilga olingan olti musulmon mamlakatda aholi din amallarini bajarishiga qisman ruxsat berildi. Yirik shaharlarda masjidlar oʻz faoliyatini davom ettirdi, ammo ularning soni 1917-yilda 25 mingni tashkil qilgan boʻlsa, 1970-yillarga kelib bu koʻrsatkich 500 ga tushib qoldi. Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda dinga qoʻyilgan cheklovlar nisbatan yumshatildi. 1946-yil Buxoroda Mir Arab madrasasi faoliyati tiklandi. 1946—1956 va 1961—1989-yillarda ushbu madrasa Sovet Ittifoqidagi yagona islomiy oʻrta taʼlim muassasasi boʻlgan.

1980-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab faol tarzda ilmiy ateizmni targʻib qilish harakatlaridan voz kechildi va diniy cheklovlarning ayrimlari bekor qilindi. Aynan shu davrda avval yopilgan masjidlar ochildi, Qurʼon Oʻrta Osiyo xalqlari tillariga tarjima qilindi. Xususan, Oʻzbekiston SSRda „Sharq yulduzi“ jurnalida Qurʼonning Alouddin Mansur qilgan oʻzbekcha tarjimasi chop etildi. 1989-yil sovet hukumati Ufa va Boku shaharlarida oz sonli imomlar tahsil olishiga izn berilishini eʼlon qildi.

1980-yillar yakuniga kelib Sovet Ittifoqida 45-50 million odam oʻzini musulmon deb hisoblagan. Bunga qaramasdan, masjidlar soni 500 dan oshmadi, rasman roʻyxatdan olingan masjid va madrasalar tashqarisida diniy faoliyat man etildi. Rasmiy diniy muassasalar faoliyatini sovet hukumati tuzgan toʻrt diniy boshqarma nazorat qildi. Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston, Yevropa Sovet Ittifoqi va Sibir hamda Shimoliy Kavkaz va Dogʻiston musulmonlari diniy boshqarmalari sunniy musulmonlar faoliyatini nazorat qildi, Kavkazorti musulmonlari diniy boshqarmasi esa ham sunniylar, ham shialar diniy faoliyatini nazorat qildi. Sovet Ittifoqidagi musulmonlarning 90 foizi sunniy boʻlgan, qolgan 10 foizi shia boʻlib, ular asosan Ozarbayjon SSRda istiqomat qilgan.