Sherali inoq
Sherali inoq | |
---|---|
Samarqand bekligi beki | |
Mansab davri 1868-yil fevral – 1868-yil 2-may | |
Hukmdor | Amir Muzaffar |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi |
XIX asr Buxoro amirligi |
Vafoti |
XIX asr Buxoro amirligi |
Sherali inoq — Buxoro amirligidagi Samarqand bekligining soʻnggi hokimi[1].
Siyosiy faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sherali inoq kelib chiqishi forslardan boʻlgan boʻlib, hokimiyat tepasiga kelishiga opasi, amir Muzaffarning kichik rafiqasi oʻrni katta boʻlgan[1]. 1866-yilda Sherali inoqlik lavozimiga tayinlanadi, shuningdek, oʻz navbatida 1866-yil may oyida Erjar jangida Buxoro qoʻshinlarining bosh qoʻmondoni ham boʻladi. Buxoroliklar soni koʻp boʻlishiga qaramay, toʻliq magʻlubiyatga uchrab, mingga yaqin kishi halok boʻladi, ruslardan esa bor-yoʻgʻi 12 nafar askar yarador boʻlishadi. Erjardagi gʻalaba rus qoʻshiniga Xoʻjand, Nov qalʼasi, Jizzaxni egallash uchun yoʻl ochadi[2]. Ahmad Donishning maʼlumotiga koʻra, jang maydonidan Buxoroga qochgan amir Muzaffarni dushmanona kayfiyatda olomon kutib olib, amirni muvaffaqiyatsizlikda ayblashadi. Ulamolar amirdan urush boshlashni talab qiladilar, amir Muzaffar esa bu talabni kechiktirib, amalga oshirmaydi. Natijada umumiy kengashda ulamolar ochiqchasiga amirga qarshi chiqib, amirni „buyuk Temur“ taxtini egallashga noloyiq, deb eʼlon qiladilar[3]. Poytaxtni tark etgan, amir xalqning qoʻllab-quvvatlashiga umid bogʻlaydi, lekin bu amalga oshmaganligi tufayli Sherali inoqni bosh qoʻmondon lavozimidan chetlashtiradi va urushni davom ettirishdan boshqa chorasi qolmaydi[3].
Bu sharmandalikdan soʻng Sherali inoq opasining yordami bilan 1868-yilda Samarqand bekligiga hokim boʻladi. 1868-yil aprelda ogʻir turmush sharoiti sababli shahar aholisi Sherali inoqga qarshi qoʻzgʻolon koʻtarishadi[1][4]. Qoʻzgʻolinchilar bunday ahvoldan qutilishning yagona yoʻli bekni boshqa hokim bilan almashtirish deb hisoblashgan, chunki Sherali inoq shia boʻlgan boʻlib, Rossiya imperiyasi bilan tinchlik oʻrnatish tarafdori edi. Bundan tashqari, Sherali inoqga sodiq xizmati uchun Buxoro qoʻshini bosh qoʻmondoni lavozimi qayta vaʼda qilinib, Buxoro amiri tomonidan ehson sifatida Samarqand bekligi hokimi lavozimi berilgandi[5]. Shuning uchun ham Sherali inoq oʻz mansabini saqlab qolish uchun har tomonlama harakat qilgan. Mirzo Abdulazim Somiy Boʻstoniy yozishicha, Sherali inoqning aholiga qilayotgan zulmidan Samarqand aholisi amirga noma yoʻllab, inoqni vazifasidan ozod qilishni, oʻrniga boshqa hokimni tayinlashni iltimos qilishadi. Ammo amir inoqni hokim lavozimiga munosib deb hisoblab, aholining iltimosini rad etadi[6]. Shuningdek, amir inoqning bir qancha muxoliflarini am jazolaydi. Natijada shaharda bekga qarshi ochiq kurash boshlanadi. Tillakori madrasasida kengash chaqirilib, unda bir necha ming kishi qatnashadi. Bu kengashda ruhoniylar, yirik feodallar, mansabdor shaxslar Rossiya imperiyasiga qarshi urushda shahar aholisining barcha qatlamlarini faol ishtirok etishini talab qiladilar. Savdogarlarning oʻrta va mayda qismi, hunarmandlar va aholining boshqa vakillari esa urushning davom etishiga qarshi boʻlib, beklik maʼmuriyatidan urushni va ularni talon-toroj qilishni toʻxtatishni talab qilishadi. Urush tarafdorlari aholining qoʻllab-quvvatlashida magʻlubiyatga uchrashgani uchun fitna yoʻliga oʻtishib, inoqning vakillarini oʻldirishadi[6]. Bu esa qoʻzgʻolonning kuch bilan bostirilishiga sabab boʻladi.
1868-yil 30-aprelda rus jangovar otryadlari Samarqand shahri tomon harakatlana boshlaydilar. Natijada Sherali inoq Buxoro sarbozlariga bosh qoʻmondon etib tayinlanadi[7]. Inoq magʻlub boʻlishini bilib, jang maydonidan qochib ketadi, ammo amir inoqni yana oʻzining masʼul lavozimlaridan biriga tayinlaydi. Samarqand Rossiyaga qoʻshib olingandan soʻng, Samarqand bekligi oʻrnida general Nikolay Golovachyov boshchiligidagi harbiy byurokratiya tuziladi[8].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 1,2 T. Saidqulov 1970, s. 45
- ↑ „Russkoye znamya v Sredney Аzii“. „Istoricheskiy vestnik“. Tipografiya А.S. Suvorina (1899-yil). 2022-yil 24-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 24-oktabr 2022-yil.
- ↑ 3,0 3,1 K. Abaza 1902, s. 137
- ↑ T. Saidqulov 1970, s. 47
- ↑ T. Saidqulov 1970, s. 47-48
- ↑ 6,0 6,1 T. Saidqulov 1970, s. 48
- ↑ T. Saidqulov 1970, s. 72
- ↑ T. Saidqulov 1970, s. 77
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- T. S. Saidqulov. Samarkand vo vtoroy polovine XIX — nachala XX vekov (rus tilida). Samarqand: Samarqand davlat universiteti, 1970 — 256-bet.
- Konstantin Abaza. Zavoyevaniye Turkestana (rus tilida). Sankt-Peterburg: tipografiya M. M. Stasyulevicha, 1902 — 324-bet.