Mirzo Abdulazim Somiy Boʻstoniy
Mirzo Abdulazim Somiy Boʻstoniy | |
---|---|
Tavalludi |
1839 Buxoro amirligi |
Vafoti | 1914 Buxoro amirligi |
Istiqomat joylari | Buxoro |
Sohasi | Tarix |
Mirzo Abdulazim Somiy Boʻstoniy (1839 Buxoro amirligi, Boʻston qishlogʻi (hozirgi Qiziltepa tumani) — 1914) — Buxoro amirligida yashagan shoir, tarixchi olim va xattot[1].
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Mirzo Muhammad Abdalazim Somiy Bo‘stoniy 1839—yilda Buxorodan 40 km shimolda, Karmana yo‘lida joylashgan Bo‘ston qishlog‘ida tug‘ilgan. „Tuxfai Shohiy“ qissasining rasmiy variantida Somiy 60 yoshgacha „amir saroyining neʼmatlaridan bahramand bo‘lgan“ligi aytib oʻtilgan.
Boshlang‘ich taʼlimni uyda olgan, so‘ngra, Buxoro madrasalarida o‘qigan. Buxoro amiri Muzaffarning to‘qqizinchi o‘g‘li, tarixchi Mir Muhammad-Siddiqning taʼkidlashicha, qozi Saʼdadin Mohir maslahati bilan oʻziga Somiy — „olijanob, yuksak“ taxallusini olgan. Dastlab turli viloyat beklari va amaldorlar qoʻlida kotiblik qilgan. Amir Muzaffar (1860—85) hukmronligi davrlarining boshida saroy munshiysi bo‘lib xizmat qilgan. Amir Abdulahad davrida Rossiya bilan Buxoro amirligi oʻrtasida boʻlib o‘tgan janglarda voqeanavis sifatida bevosita ishtirok qilgan.
1881—yilda Aleksandr IIIning taxtga oʻtirishi munosabati bilan Sankt-Peterburgga yuborilgan elchilar bilan birgalikda Rossiya imperiyasiga tashrif buyurgan.
Amir Abdulahad hukmronligining so‘ngi yillarida amirlik tuzumiga qarshi fikrlari va hajviy sheʼrlari uchun saroydan chetlashtirilgan va umrining qolgan qismini nochorlikda o‘tkazgan. U yozuvchilikdan tashqari xattotlik bilanham shugʻullangan.
O‘limi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Mirzo Abdulazim Somiy Boʻstoniyning amir saroyidan haydalishi sababi aniq maʼlum emas. Ko‘proq, amir va uning tarafdorlarini tanqid qilgani sababli haydalgani taxmin qilinadi. Saroydan haydalganidan so‘ng moddiy ahvoli yomonlashgan. Kambagʻallik va jismoniy kasalliklardan ezilgan Somiy hayotining soʻnggi yillarini qiyinchilik ostida o‘tkazgan. 1914—yilda vafot etgan.
Asarlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bo‘stoniy bir nechta adabiy va tarixiy asarlar yozib qoldirgan bularga „Daxmai shohon“ („Shohlar qabristoni“) masnaviysi, „Insho“, „Tuhfai shohiy“ („Podshohning tuhfasi“), „Mirʼot ul-xayol“ („Xayol koʻzgusi“), „Tarixi salotini mangʻitiya“ („Mangʻit hukmdorlari tarixi“) shular jumlasidandir. „Tuhfai shohiy“ (1900—1902) asari amir Abdulahadxon buyrug‘i bilan fors-tojik tilida yozilgan. Asar tor‘t qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismida 1711—yildan boshlab to amir Muzaffar taxtga chiqgunga qadar boʻlgan davrdagi voqealar yoritilgan. Ikkinchi qismda Muzaffarxon hukmronligida ro‘y bergan voqealar, uchinchi va to‘rtinchi qismlarida amir Abdulahadxon davri yoritilgan. Kitobda Buxoro amirligining ichki ahvoli, Rossiya imperiyasining istilochilik yurishlari va mahalliy aholining unga qarshi harakatlari aks etgan. Bu asar „Tarixi salotini mangʻitiya“ (1906— 1907) tarixiy asarlari bitta davr — mang‘itlar sulolasi tarixiga bagʻishlansa ham, bir-biridan keskin farq qiladi. 1-asar rasmiy siyosat talablari darajasida yozilgan boʻlsa, 2-asarni yozuvchi norasmiy tarzda yozganligi, sababli, o‘z fikrlarini ancha erkin bayon etgan. Kitobda yozuvchi Buxoro amirligining mangʻitlar hukmronlik qilgan davrini tanqidiy nuqtai nazardan baholaydi. U oʻzi guvoh boʻlgan va eshitgan hodisalarga tayanib, amirlik idora uslubidagi illatlar, Rossiya bilan Buxoro qoʻshinlari oʻrtasidagi janglar, amir qoʻshin boshliqlarining layoqatsizligi va masʼuliyatsizligi oqibatida mamlakatning katta qismi bosqinchilar tomonidan bosib olinganligi va valiahd Abdulmalik (Katta Toʻra)ning baʼzi muvaffaqiyatli janglarini tasvirlaydi[2].
„Tarixi salotini mangʻitiya“ asari oʻzbekistonlik sharqshunos L. P. Yepifanova tomonidan rus tiliga tarjima qilinib, faksimilesi bilan nashr qilingan (1962). Asar qisqartirilgan holda oʻzbek tiliga tarjima qilingan[3].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ B. A. Ahmedov. Oʻzbekiston xalqlari tarixi manbalari. O‘qituvchi, 1991 — 209-bet-bet. ISBN 5-645—00428—0.
- ↑ D. H. Ziyayev. O‘zbekiston tarixiga oid manba va tadqiqotlat. Nurafshon biznes, 2022 — 52-bet-bet. Qaraldi: 7-iyun 2023-yil.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Ahmedov B., Oʻzbekiston xalqlari tarixi manbalari, T., 1991; Buxoriylar boʻstoni, T., 1998.
- Qahramon Rajabov.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |