Sahihi Buxoriy
Asl nomi | Al-Jomiʼ as-Sahih |
---|---|
Muallif(lar) | Imom al-Buxoriy |
Til | Arabcha |
Janr(lar)i | Hadislar toʻplami |
ISBN | 978-1-56744-519-0 |
OCLC | 47899632 |
Sahihi Buxoriy (arabcha: صحيح البخاري; asl nomi „al-Jomiʼ as-Sahih“ – „Ishonchli toʻplam“) – 6 ta ishonchli hadis toʻplamidan biri. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriyning 4 jilddan iborat bu hadislar toʻplami islom olamidagi boshqa muhaddislar toʻplagan hadis toʻplamlari orasida eng ishonarli va mukammalidir. Toʻplamda fiqh, oila, nikoh, meros, ilm-maʼrifat, imon, eʼtiqod, axloq-odob, taʼlim-tarbiya va boshqa masalalar yoritilgan. Unda islom arkonlariga aloqador mavzular bilan birga oʻsha davr tarixi va etnografiyasiga oid koʻpdan koʻp maʼlumotlar mavjud.
Imom al-Buxoriy 600 mingga yaqin hadis toʻplab, ulardan takrorlanadiganlari bilan 7275 tasini ishonchli deb hisoblab kitobiga kiritgan. Toʻplamda takrorlanmaydigan hadislar soni 4000 tadan iborat. „Sahih“, yaʼni ishonarli hadislarni boshqa hadislardan ajratib, alohida toʻplam shakliga keltirish anʼanasini birinchi boʻlib Imom al-Buxoriy boshlab bergan. Shundan keyin Imom Muslim, Imom at-Termiziy, Imom Nasoiy, Imom Abu Dovud, Ibn Moja kabi yirik muhaddislar ham uning izidan borib, sahih hadislarni alohida toʻplam shaklida tasnif etishni boshlaganlar.
Imom al-Buxoriyning bu shoh asari dunyo yuzini koʻrganiga qariyb 1200-yil boʻldi. Lekin u to shu vaqtgacha ham islom manbalari boʻyicha Qurʼonidan keyin ikkinchi oʻrinni egallab kelmoqda. Ushbu asarning koʻplab nusxalari islom olami boʻylab keng tarqalgan. Hatto oʻrta asrda yashagan ayrim adib va xattotlar uchun bu asardan nusxa koʻchirib berish anʼanasi boʻlgan. Asarning asrlar osha bizgacha yetib kelgan turli arab yozuvi uslubida bitilgan qoʻlyozma nusxalari mamlakatimizda va xorijiy yurtlarda mavjud.
„Sahihi Buxoriy“ asariga koʻpdan koʻp sharhlar yozilgan. Muqim manba sifatida u qayta-qayta nashr etilib kelinmoqda. 1974-yil Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari tashabbusi bilan Oʻzbekistonda islom dunyosi vakillari ishtirokida asar muallifi – Imom al-Buxoriyning 1200 yillik yubileyi nishonlangan edi. Shu munosabat bilan „Sahihi Buxoriy“ arab tilida Toshkentda qayta nashr etildi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan soʻnggina toʻlaligicha oʻzbek tiliga oʻgirildi: hozirgi „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ davlat ilmiy nashriyoti tomonidan 4 jildda (1-jild 1991-yilda, 2-jild 1996-yilda, 3-jild 1994-yilda, 4-jild 1992-yilda), 2-nashri esa 1997-yilda chop etildi.
Shuni ham qayd etish lozimki, asarda hadisning naql qiluvchi roviylariga katta ahamiyat berilgan. Lekin hadislardan olinadigan sharʼiy hukmlar toʻgʻrisida muallif aniq koʻrsatma bermagan. Shuning uchun asardagi barcha hadisni kitobxon oʻzicha hayotga tatbiq etmasdan, islom huquqiga oid fiqhiy kitoblar orqali amal qilishlari tavsiya etiladi. Masalan, mazmuni birbiriga zid boʻlgan ikki hadisning, albatta, biri keyinroq aytilgan boʻlib, oldingisida aytilgan hukmni bekor qiladi, yaʼni amaldan qoldiradi. Lekin qaysinisi birinchi, qaysinisi ikkinchi ekani toʻplamda koʻrsatilmagan. Uni faqat fiqhshunos mujtahid olimlargina ajrata oladilar. Bundan tashqari, toʻplamda Oʻzbekiston musulmonlari amal qilib kelayotgan hanafiylik mazxabiga toʻgʻri tushmaydigan, balki boshqa uch mazhabga asos sifatida xizmat qiladigan hadislar ham talaygina. Binobarin, ibodat qoidalariga doir hadislar ichida shunga oʻxshashlari uchrab qolganda, mazxabimizga shubha qilmaslik, balki bizning qilayotgan amallarimiz uchun boshqa hadis toʻplamlarida asos boʻladigan hadislar borligini unutmaslik lozim[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Wikimedia Commonsda Sahihi Buxoriy mavzusiga oid fayllar bor. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |