Tarbiya
Tarbiya — shaxsda muayyan jismoniy, ruhiy, axloqiy, maʼnaviy sifatlarni shakllantirishga qaratilgan amaliy pedagogik jarayon; insonning jamiyatda yashashi uchun zarur boʻlgan xususiyatlarga ega boʻlishini taʼminlash yoʻlida koʻriladigan chora tadbirlar yigʼindisi. Tarbiya insonning insonligini taʼminlaydigan eng qadimiy va abadiy qadriyat hisoblanadi. Tarbiyasiz alohida odam ham, kishilik jamiyati ham mavjud boʻla olmaydi. Chunki odam va jamiyatning mavjudligini taʼminlaydigan qadriyatlar tarbiya tufayligina bir avloddan boshqa avlodga oʻtadi.
Tarbiya atamasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Pedagogik adabiyotlarda "Tarbiya" atamasi keng va tor maʼnolarda ishlatiladi. Keng maʼnoda tarbiya inson shaxsini shakllantirishga, uning jamiyat ishlab chiqarishi va ijtimoiy, madaniy, maʼrifiy hayotida faol ishtirokini taʼminlashga qaratilgan barcha taʼsirlar, tadbirlar, harakatlar, intilishlar yig'indisini anglatadi. Bunday tushunishda tarbiya faqat oila, maktab, bolalar va yoshlar tashkilotlarida olib boriladigan tarbiyaviy ishlarni emas, balki butun ijtimoiy tuzum, uning yetakchi g'oyalari, adabiyot, sanʼat, kino, radio, televideniye va boshqalarni ham oʻz ichiga oladi. Shuningdek, keng maʼnodagi tarbiya tushunchasi ichiga taʼlim va maʼlumot olish ham kiradi.
Tor maʼnoda tarbiya shaxsning jismoniy rivoji, dunyoqarashi, maʼnaviy-axloqiy qiyofasi, estetik didining oʻstirilishiga yoʻnaltirilgan pedagogik faoliyatni anglatadi. Buni oila, tarbiyaviy muassasalar hamda jamoat tashkilotlari amalga oshiradi. Taʼlim va maʼlumot olish tor maʼnodagi tarbiya ichiga kirmaydi. Lekin har qanday tarbiya taʼlim bilan chambarchas bogʻliq holdagina mavjud boʻladi. Chunki taʼlim va maʼlumot olish jarayonida shaxsning nafaqat bilimi koʻpayibgina qolmay, balki axloqiy-maʼnaviy sifatlarining qaror topishi ham tezlashadi.
Ahamiyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tarbiya har qanday jamiyat va har qanday mamlakat hayotida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Yosh avlodning , umuman, jamiyat aʼzolarining tarbiyasi bilan yetarlicha shugʻullanmagan mamlakat turgʻunlik va inqirozga mahkumdir. Negaki, oʻsishi va rivojlanishi uchun har qanday jamiyatda ham moddiy va maʼnaviy boyliklar ishlab chiqarish toʻxtovsiz ravishda yuksalib borishi lozim. Buning uchun yosh avlod moddiy va maʼnaviy boyliklar yetishtirishni ajdodlari darajasida, ulardan ham yaxshiroq ishlab chiqara bilishlari kerak. Yosh avlodda ana shunday moddiy va maʼnaviy qobiliyatlarni shakllantira bilish uchun esa jamiyat uzluksiz ravishda samarali faoliyat koʻrsatadigan tarbiyaviy intizomlar tizimiga ega boʻlishi lozim.
Tarbiya jamiyat taraqqiyotining turli davrlarida turlicha izohlab kelingan. Shoʻro zamonida hukmron kommunistik mafkura tarbiyaga sinfiy va partiyaviy hodisa sifatida yondashishni talab etgan. Shuning uchun ham sinfiy jamiyatda tarbiya faqat sinfiy xususiyatga ega boʻladi va turli sinflarning tarbiyasi bir-biriga qarama-qarshi turadi degan qarash qaror topgan. Holbuki, dunyo ilmi, ayniqsa, Sharq tarbiyashunosligi va oʻzbek xalq pedagogikasi tajribasi tarbiyaning sinfiy koʻrinishga ega emasligini isbot etdi. Shuningdek, kommunistik mafkura taʼziqi tufayli tarbiyada ijtimoiy muassasalarning oʻrniga ortiqcha baho berildi, bu jarayonda irsiy va biologik xususiyatlar deyarli xisobga olinmadi.
Shoʻrolar davrida tarbiya orqali har qanday odamni istagan ijtimoiy qiyofaga solish mumkin degan qarash hukmron boʻlganligi sababli ham uning shaxsni shakllantirishdagi oʻrniga oshiqcha baho berildi. Tarbiyalanuvchi shaxsining tarbiyaga berilish yoki berilmaslik xususiyatlarining hisobga olinmasligi tarbiyaviy tadbirlarga mahliyo boʻlishdek pedagogik xatolikka olib keldi. Buning natijasida tarbiya maqsadsiz boʻlib qoldi, tarbiyalanuvchilarga alohida shaxs sifatida emas, istalgan ijtimoiy yoʻnalishga solinishi mumkin boʻlgan qiyofasiz toʻda, olomon tarzida qarash qaror topdi, Bu hol tarbiyaning samarasizligiga olib keldi. Chunki tarbiyaning asosiy obyekti boʻlmish shaxs va uning oʻziga xoslik jihatlari unutilgan edi. Shoʻro pedagogik tizimidagi kamchiliklarning ildizi, asosan, mana shu yondashuv tarziga borib taqaladi.
Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, tarbiya va unga bogʻliq jarayonlarga yangi hamda sogʻlom pedagogik tafakkurga tayangan holda yondashuv qaror topa boshladi. Uni izohlashda gʻayriilmiy sinfiy-partiyaviy yondashuvdan voz kechildi. Tarbiyaning milliyligiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buning uchun xalq pedagogikasi boyliklari, oʻzbek mutafakkirlarining pedagogik qarashlari sinchikovlik bilan oʻrganilayapti. Natijada, Oʻzbekiston pedagogikasi fani va amaliyotida oila tarbiyasining ham, ijtimoiy tarbiyaning ham oʻziga xos oʻrni borligi tan olina boshlandi. Shuningdek, tarbiyada irsiy va biologik omillar ham hisobga olinadigan boʻldi. Ayni vaqtda, shaxsning shakllanishida tarbiyaning oʻrniga keragidan ortiq baho berish ham barham topdi. Bu hol tarbiyaga doir hodisa va holatlarni toʻgʻri izohlash, tarbiyaviy tadbirlar tizimini toʻgʻri tayin etish imkonini berdi.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |