Sotsiologiya
Sotsiologiya (lot. socius — jamiyat, yun. λόγος — bilim, taʼlim, tushuncha) — bir butun tizim hisoblangan jamiyat haqidagi va ayrim ijtimoiy tartibotlar, jarayonlar, ijtimoiy guruhlar, shaxs va jamiyat munosabatlari toʻgʻrisidagi fan. Sotsiologiya ilmiy uslublar yordamida hosil qilingan empirik (tajribaga asoslangan) maʼlumotlarga tayanib umumlashma xulosalar chiqara oladi. Shu tufayli jamiyatning rivojlanish modellarini ilmiy asoslab beradi.
Jamiyat hayotini tushuntirishga urinishlar antik davrda (Platon, Aristotel va boshqalar) paydo boʻldi, tarix falsafasida davom etdi. Oʻrta Osiyolik mutafakkirlar (Forobiy, Ibn Sino, Beruniy) asarlarida ham jamiyat, uning yashashi va rivojlanishi haqida muhim fikrlar bildirilgan. Sotsiologik tasavvur va qarashlar XIX asrning 1-yarmida O. Kont, G. Spenser kabi olimlar ijodi natijasida fan darajasiga koʻtarildi va qariyb 200 yildan buyon rivojlanib kelmoqda.Sotsiologiyaning asoschisi fransuz mutaffakiri Ogyust Kont sotsiologiyani jamiyat haqidagi tajribaga asoslangan fan deb hisoblaydi.Turli davrlarda sotsiologiyaning mohiyati turlicha talqin etildi. Avvaliga u jamiyat haqidagi umumiy fan sifatida tushunilgan. Ayni vaqtda uning aniq ilmiy uslublarini nazarda tutgan holda ijtimoiy fizika deb ham izohlangan (L. Ketle). XIX asrgacha sotsiologiya falsafaning tarkibiy bir qismi boʻlib kelgan. Dastlab Yevropada taraqqiy etgan sotsiologiya Gʻarbiy Yevropa mamlakatlarida keng ijtimoiy muammolarni dalil va asosli ravishda qoʻya boshladi (M. Veber, E. Dyurkheym, G. Zimmel (1858—1918), V. Pareto (1848—1923), P. Sorokin (1889—1968)). Shu maʼnoda u mohiyatan makrosotsiologiya edi. Sotsiologiyaning Amerikadagi rivoji esa, odatda, „kichik“ ijtimoiy hodisalarni oʻrganuvchi mikrosotsiologiya tarzida yangi qirralarini namoyon etdi (J. Dyui (1859—1952), Ya. Moreno (1892—1974), J. Xomans (1910), E. Meyo (1880—1949)). Keyinchalik sotsiologiyaning bu makro va mikro koʻrinishlari T. Parsons (1902—1979), R. Merton (1910)ning nazariy ishlarida va P. Lazersfeld (1901—1976)ning empirik tadqiqotlar uslubiyatida yagona tizimga keltirildi. Biroq sotsiologiyaning predmeti va ijtimoiy amaliyot uchun ahamiyati xususidagi bahslar haligacha davom etib kelyapti, yangi sotsiologiya yaratishga urinishlar toʻxtamayapti.
Sotsiologiya oʻz taraqqiyotining klassik davrida yaxlit bilimlar tizimi sifatida rivojlangan boʻlsa, keyin bu fanga turli oqimlar va yoʻnalishlar kirib kela boshladi. Mexanistik nazariya tarafdorlari G. Ch. Keri (1798—1879), V. Ostvald (1853-1932), V. Pareto (1848—1923) sotsiologiyani ijtimoiy dunyo fizikasi deb hisoblashgan. Biologik nazariya, xususan, organik yoʻnalish (G. Spenser, L. Gumplovich), shuningdek, ijtimoiy darvinizm vakillari (Ch. Darvin va boshqalar) jamiyatni biologik dunyo qonuniyatlaridan kelib chiqib izohlashgan. Psixologik qarashlarda (D. S. Mill (1806—1873), MakDugall) jamiyat hayotidagi voqea va jarayonlar tahlil nazariyasi, instinkt nazariyasi asosida psixologik jihatdan tushuntirilgan. Xususan, Z. Freyd (jinsiy mayl), Ya. Moreno (jamiyatni individual-psixologik tushuntirish) qarashlari keyinchalik kollektiv-psixologik nazariyalarga olib keldi. Shu yoʻnalishda ijtimoiy-psixologik, bixevioristik, simvolik interaksionizm, ijtimoiy harakatlar nazariyalari rivojlandi.
Hozirgi davrda funksionalizm zamonaviy gʻarb sotsiologiyasining asosiy yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Bu yoʻnalish vakillari (T. Parsons, R. Merton) jamiyatning funksional birligi, uning dinamik muvozanati muammolariga asosiy eʼtiborni qaratadi. Formal-sotsiologik yoʻnalish F. Tennis (1855—1936), G. Zimmel, L. fon Vize (1876—1969) kabi sotsiologdar ijodi taʼsirida mustahkamlandi va rivojlandi. Bu yoʻnalish vakillari ijtimoiy hodisalarning mazmunidan ham koʻra ularning shakliga koʻproq eʼtibor berilsa, bu sotsiologiya predmetiga mosroq boʻladi, deb hisoblaydi.
Oʻzbekistonda ham sotsiologiya oʻz tarixiga ega. U ijtimoiy borliq muammolari xususida asrlar davomida fikr yuritib kelgan ulamoyu shoirlar, mutafakkiru hukmdorlarning izlanishlarida oʻz ifodasini topgan. Buyuk vatandoshlarimiz boshqa sohalar kabi sotsiologiyaning rivojlanishiga ham katta hissa qoʻshdilar. Mukammal jamiyat gʻoyasi, davlatni boshqarish, jamiyatda shaxsning oʻrni va roli masalalari ular yaratgan turli janrlardagi asarlarga mavzu boʻlganligiga qaramay sotsiologiya fanini mustaqillikdan soʻnggina lozim darajada rivojlantirish imkoniyati tugʻildi. Oʻzbekistonda keng koʻlamli nazariy-metodologik muammolarni qoʻyish, ijtimoiy dunyoga tahliliy nazar bilan qarash koʻnikmalari hosil qilinmoqda. Sotsiologiya faniga oid kitob va risolalar, darslik va qoʻllanmalar yaratish hayotiy ehtiyojga aylanmoqda. Sotsiologik tafakkurni shakllantirish, uni taʼlim tizimida, boshqaruvda, ommaviy axborot vositalari va boshqa sohalarda kengroq qoʻllashga harakat qilinmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida „Sotsiologiya va boshqaruv psixologiyasi“ kafedrasi faoliyat yuritmoqda. Bir necha yillardan buyon „Ijtimoiy fikr“ jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan sotsiologik soʻrovlar oʻtkazish tajribasi toʻplandi. Bir nechta ilmiy muassasalar (Oʻzbekiston milliy universiteti, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, viloyatlardagi universitetlar)da nazariy va amaliy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Turlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Gender sotsiologiyasi
- Sotsiologiyada matematik uslublar
- Metasotsiologiya
- Shahar sotsiologiyasi
- Fazo sotsiologiyasi
- Bilim sotsiologiyasi
- Kommunikatsiyalar sotsiologiyasi
- Madaniyat sotsiologiyasi
- Tibbiyot sotsiologiyasi
- Yoshlar sotsiologiyasi
- Fan sotsiologiyasi
- Ilmiy bilim sotsiologiyasi
- Taʼlim sotsiologiyasi
- Tashkilotlar sotsiologiyasi
- Siyosat sotsiologiyasi
- Huquq sotsiologiyasi
- Psixiatriya sotsiologiyasi
- Din sotsiologiyasi
- Oila sotsiologiyasi
- Mehnat sotsiologiyasi
- Boshqaruv sotsiologiyasi
- Hissiyotlar sotsiologiyasi
- Iqtisodiy sotsiologiya
- Ekosotsiologiya
- Etnosotsiologiya
- Ijtimoiy sotsiologiya
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |