Kontent qismiga oʻtish

Otajonboy madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Madrasa
Otajonboy madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Xorazm
Shahar Xiva
Manzil Ichan qalʼa MFY, Pahlavon Mahmud koʻchasi, 23-uy
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Davlat mulki. „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida
Madrasa turi Kichik
Meʼmoriy uslub Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Otajonboy
Homiylar Otajonboy
Asosiy sana:
Maqomi davlat himoyasida
Umumiy maydoni 19,9x17,25 m

Otajonboy madrasasi (yoki Otajon boy madrasasi) – Oʻzbekiston Respublikasi Xorazm viloyatining Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik. Madrasa 1884-yilda xivalik mulkdor shaxs Otajonboy mablagʻi hisobiga qurilgan. Bugungi kunda u „Ichan qalʼa“ MFY, Pahlavon Mahmud koʻchasi, 23-uyda joylashgan.

Otajonboy madrasasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan[1]. Hozirda „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulki hisoblanadi[2].

1842-yilda Xiva xonligi hukmdori Olloqulixon Xivaning bir qismini maxsus devor bilan oʻrashni buyurib, shaharning bu qismini „Ichan qalʼa“ deb atagan. XIX asrda Xivada koʻplab madrasa va masjidlar qurilgan. Mashhur madrasalar qatorida binosi badiiy usulda bezatilgan Otajonboy madrasasi ham bor. Otajonboy madrasasi Xivadagi Mozori Sharif madrasasining yonida qad rostlagan. U 1884-yilda xivalik mulkdor Otajonboyning tashabbusi va mablagʻlari evaziga bunyod etilgan. Madrasa Pahlavon Mahmud majmuasidagi oxirgi qurilgan imoratlardan biri hisoblanadi. Yuqoridan qaralganda uning shakli sharqdan gʻarb tomonga koʻndalang choʻzilib borgan, janubida joylashgan devoridagi tashqi kirish eshigiga nisbatan assimetrik toʻrtburchakka oʻxshab koʻrinadi.

Otajonboy madrasasi va Mozori Sharif madrasasi oʻrtasida ichki yoʻlak bor. Ushbu ikki madrasa bir-biriga yaqin joylashganligi sababli yagona majmuaga oʻxshab koʻrinadi[3].

Madrasa 1970—1980-yillarda qayta taʼmirlangan. Bugungi kunda unda amaliy sanʼat – yogʻoch oʻymakorligi ustaxonasi faoliyat olib bormoqda[4].

Qurilish uslubi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Madrasa murakkab tarhli (19,9x17,25 m) qilib qurilgan boʻlib, peshtogʻi janub tarafga qaragan. 2 qanoti guldasta bilan bezatilgan. Peshtoq orqali gumbazli miyonsaroyga kiriladi. Kichik hovli (5,65x11,0 m) atrofi hujralar bilan oʻralgan. Masjid gumbazi tomli, bagʻali, qalqonsimon. Bagʻali va janubiy devordagi mehrobga muqarnaslar ishlangan. Hujralar balxi gumbazli[4]. Kirish dahlizi gumbaz bilan bostirilgan boʻlib, shu dahlizdan hovliga chiqiladi. Madrasaning maxsus oʻquv xonasi boʻlmaganligi sababli uning vazifasini bittagina janubi-gʻarbiy tarafdagi katta xona bajargan boʻlishi kerak[5].