Oʻzbekistonning oʻsimlik dunyosi
Oʻsimliklar dunyosi: Oʻzbekiston oʻsimliklar dunyosi xilma-xil boʻlib, xalq xoʻjaligida muhim ahamiyatga ega. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Botanika instituti (Botanika ilmiy-i. ch markazi)da olib borilgan tadqiqotlar natijalariga koʻra, oʻlkada 166 oilaga mansub 4500 ga yaqin yuksak oʻsimlik turlari borligi maʼlum boʻldi. Bularning aksariyat qismini qoqioʻtdoshlar (260 ga yaqin tur) karamdoshlar, yalpizdoshlar, shoʻradoshlar, loladoshlar, chinniguldoshlar, yoronguldoshlar, govzabondoshlar, raʼnodoshlar kabi yirik oilalarning vakillari tashkil etadi.
Oʻzbekiston florasi paydo boʻlishi, tarqalishi, tur, turkum va oilalarining ummumiy oʻxshashligi jihatidan Markaziy Osiyodagi boshqa mamlakatlar, xususan, Eron, Afgʻoniston oʻsimliklar dunyosiga juda yaqin turadi. Oʻzbekiston florasi uzoq tarixga ega. Paleobotanik tadqiqotlar respublika xududida quruqlikdagi yuksak oʻsimliklarning (ksilofitlardan tortib) barcha evolyutsion davrlarga oid oʻsimlik qoldiqlari borligini koʻrsatdi. Hatto hozirgi Qizilqum choʻllaridan bir vaqtlar bu yerlarda oʻsgan xurmo, chinor, terak kabi daraxt va butalarning qoldiqlari topilgan.
Oʻzbekistonda oʻsimliklar oʻsmaydigan joy yoʻq. Ularni tekislikdagi qumli choʻllardan tortib, qorli baland togʻlargacha boʻlgan turli relʼyef va tuproq sharoitida uchratish mumkin. Oʻzbekiston oʻsimliklarning tarqalishini yoritish uchun tavsiya etilgan 4 tik (vertikal) mintaqa (choʻl, adir, togʻ, yaylov) asos qilib olindi. Har bir mintaqa oʻziga xos relʼyef, iqlim, tuproq va oʻsimliklar dunyosiga ega.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ OʻzME. Oʻn ikkinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |