Muxtoriyat
Muxtoriyat – konstitutsiyaviy huquqda biron bir hududning unga konstitutsiya yoʻl qoʻygan chegaralarida davlat hokimiyatini mustaqil amalga oshirish huquqi. M. markazlashgan tizimdan markazlashmagan tizimga oʻtishning muayyan darajasini bildiradi, ammo bu – federativ davlatdagiga nisbatan kamroq darajada boʻladi. XX asr boshlarida Turkiston jadidlari M. harakatiga mustaqil davlat tuzish yoʻlidagi alohida bosqich sifatida qaraganlar va bu yoʻlda kurashganlar (qarang Turkiston muxtoriyati). Rossiyada bolsheviklar hokimiyat tepasiga kelgach, dastlab Turkiston Avtonom (Muxtor) Sovet Respublikasini tashkil qilishdi (1918-yil, 30-aprel.). Oʻzbekiston SSR tuzilgach, uning tarkibida Qoraqalpogʻiston ASSR (1936-yil 5-dekabrdan) boʻlgan.
M. keng maʼnoda – biron bir ilmiy muassasa (masalan, universitet), turli tashkilotlarning muayyan masalalarni oʻz holicha, mustaqil hal qilish huquqi.[1]
Muxtoriyat – umuman olganda, kimningdir ixtiyoriga topshirilgan masalalarni uning oʻzi mustaqil ravishda hal etish huquqi. Konstitutsiyaviy huquqda Muxtoriyat tushunchasi bir nechta maʼnoda qoʻllanadi: a) davlat yoki viloyat muxtoriyati deb nomlanadigan milliy-davlatchilik tuzilishi shaklini belgilash uchun. Bunda muayyan milliy tarkibdagi aholi zich joylashgan, alohida xoʻjalik va turmush xususiyatlariga ega boʻlgan hudud – muxtor davlat (respublika) yoki avtonom milliy-davlat tuzilmasi (viloyati, okrugi) deb eʼlon qilinadi; b) muayyan millatga mansub fuqarolar guruhining oʻz milliy, maʼnaviy, madaniy va boshqa manfaatlarini amalga oshirish uchun birgalikda harakat etish imkoniyatlarini ifodalash uchun; v) u yoki bu konstitutsiyaviy-huquqiy munosabatlarining ishtirokchisi oʻzining vakolatlarini amalga oshirishda erkinlikka egaligiga alohida urgʻu berish uchun. Maxsus adabiyotlar va roʻznomalarda „viloyat oʻz ishlarida toʻliq avtonom“, „mansabdor shaxs oʻz vakolatlarini amalga oshirishda katta avtonomiya oldi“ kabi iboralarni uchratish mumkin. Bu yerda „muxtoriyat“ atamasi koʻproq konstitutsiyaviy-huquqiy mazmunda emas, balki umumiy tushuncha sifatida ishlatiladi va tegishlicha davlatning, davlat tuzilmasining, maʼmuriy-hududiy birlikning, mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organining, jamoat birlashmasining, mansabdor shaxsning erki oʻzidaligini ifodalaydi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |