Kontent qismiga oʻtish

Murch

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Murch (Piper nigrum) — murchdoshlar oilasiga mansub ilashib oʻsuvchi koʻp yillik oʻsimlik (liana). Poyasining uzunligi 15 m cha, diametri 8-12 mm. Bargi keng, tuxumsimon, nayza uchli. Gullari mayda, sargʻish, toʻpguli shingilsimon. Mevasi bir urugʻli, qizil, pishgach sargʻayadi, pishmagani quritilsa qorayib bujmayadi.

Hindiston, Hindixitoy, Seylon, Sumatra, Yava va Borneo, Lagos, Gana, Mavrikiy va Madagaskarda, Katta Antil orollarida va Braziliyada koʻp ekiladi. Oʻzbekistonda aksariyat issiqxonalarda oʻstiriladi. Qalamchasidan koʻpaytiriladi, 2-3-yili meva tugib, yiliga ikki marta (tupidan 2-4 kg) hosil beradi. Dunyo boʻyicha yiliga 55-60 ming tonna murch yetishtiriladi. Mevasini yumshoq eti bilan quritib, qora murch, etidan tozalab va yanchib oqmurch olinadi. Mevasi oziq-ovqat sanoatida va oshpazlikda ishlatiladi. Tarkibida piperin, piperidin alkaloidlari va efir moyi (1-1,5%) bor[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil