Kontent qismiga oʻtish

Mingbuloq botigʻi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Mingbuloq botigʻi - Qizilqumdagi botiq (Navoiy viloyati). Boʻkantovning janubiy etagi boʻylab gʻarbdan sharqqa 100 km, janubidan shimolga 30– 35 km choʻzilgan. Umumiy maydoni 5400 km². Mingbuloq botigʻi asimmetrik sinklinal tarzida tuzilgan boʻlib, shimolida Boʻkantovning Tubabergen, Aytim, Koʻkpatos togʻlari, gʻarb va janubidan uncha baland boʻlmagan tepaliklar bilan oʻralgan. Botiqning eng past joyi — 12 m (Qizilqumning eng past joyi). Paleozoy, mezozoy va kaynozoy yotqiziklaridan tarkib topgan. Iqlimi keskin kontinental. Yillik oʻrtacha temperatura 11 — 15°, yillik yogʻin miqdori 120–140 mm. Shamolning oʻrtacha tezligi 2,3—7,3 m/sek. Bu yerda bir necha bulok, suvlari birlashib, kichik soy hosil qilgan. Mingbuloq botigʻida boʻz tuproq, shoʻrxok, shoʻrtoblar, qumli va shagʻalli tuproqlar uchraydi. Efemer, efemeroid oʻsimliklar, saksovul, astragal va teresken koʻp. Hayvonot dunyosi, asosan, kaltakesak, ilon, toshbaqa, yumronqoziq, qoʻshoyoq, qumsichqonlardan iborat. Mingbuloq botigʻidan yaylov sifatida foydalaniladi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil