Mersaid Aripov
Mersaid Aripov | |
---|---|
Tavalludi |
20-sentyabr 1939-yil Bo'stonliq tumani, Toshkent viloyati |
Fuqaroligi | Oʻzbekiston |
Kasbi | matematik olim |
Sohasi | matematika |
Ish joylari | Oʻzbekiston Milliy universiteti |
Taʼlimi | Oʻzbekiston Milliy universiteti |
Ilmiy darajasi | fizika-matematika fanlari doktori |
Ilmiy unvoni | professor |
Mukofotlari | Mehnat faxriysi, Fidokorona xizmatlari uchun ordeni, O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan xalq ta'limi xodimi |
Mersaid Aripov (1939-yil 20-sentyabr, Bo'stonliq tumani, Toshkent viloyati) – oʻzbekistonlik matematik olim, fizika-matematika fanlari doktori (1995), professor (1994).
Biografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Mersaid Aripov 1939-yil 20-sentyabr, Bo'stonliq tumanida ishchi oilasida tugʻilgan[1]. 1956—1961-yillarda O'zbekiston Milliy universitetining mexanika-matematika fakultetida oʻqigan. 1963-yilda Mersaid Aripov oʻqishini Rossiya Fanlar akademiyasining Sibir bo'limining hisoblash markazida davom ettirgan. 1968-yilda aspiranturani tamomlagan.
Mehnat faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Mehnat faoliyatini 1961 yil O‘rta Osiyo davlat universitetining katta laborant lavozimida boshlagan, Rossiya Fanlar akademiyasi hisoblash markazi[2] tadqiqotchisi va aspiranti (1963-1968), 1968 yildan Toshkent davlat universiteti Hisoblash markazi ilmiy xodimi, ilmiy guruh rahbari (1968-1972), markaz rahbari, “EHMlarning matematik ta’minoti” kafedrasi dotsenti (1972-1978), “EHM va dasturlash” kafedrasi mudiri (1978-1989), kasaba uyushmasi raisi, universitet prorektori (1991-1993), “Informatika va tatbiqiy dasturlash” kafedrasi mudiri (1993-2010), mazkur kafedra professori (2010-2016), “Amaliy matematika va kompyuter tahlili” kafedrasi professori (2016-2017) va kafedra mudiri (2017-2019) lavozimlarida faoliyat olib borgan.
Ilmiy faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]M.Aripov matematik modellashtirish, axborot xavfsizligi va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarining rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan hamda bu sohalarga oid uning 200 dan ortiq ilmiy maqolalari xorijning nufuzli jurnallari va respublika jurnallarida chop etilgan. Shuningdek, 20 dan ortiq dasturiy mahsulotlarga mualliflik guvohnomalari olingan.
M. Aripov jahonda birinchilardan bo‘lib astrofizika, atom fizikasi, yupqa plyonka va boshqa sohalarda qo‘llanaladigan ikkinchi va uchinchi tartibli umumlashgan Emden-Fauler tenglamalari yechimlarining asimptotik nazariyasini yaratgan. Bu sohada olingan natijalar mashhur matematiklar akademik A.N.Tixonov[3] va akademik V.A.Ilinlarning[4] tavsiyasi bilan AQSHda tarjima qilinadigan Rossiya FAning ma’ruzalari[5] (DAN SSSR, 1989. T.38, №3, DAN RAN, 1995. t. 344, №3.) va nufuzli jurnallarda (Дифференциальные уравнения, 1996. T.32. №6, Математическое моделирование, 1995, t.6. №5) chop etilgan. M.Aripov tomonidan yechimlarning asimptotik xossalarini tadqiq qilish uchun etalon tenglamalar usuli (xorijda VKB usuli) taklif qilingan va asoslangan. Ushbu taklif etilgan asimptotik nazariya akademiklar A.A.Samarskiy[6] va V.A.Ilinlar tomonidan rasman e’tirof etilgan.
Professor M. Aripov tomonidan buziluvchan, nochiziqli parabolik tipdagi tenglamalar va ularning sistemalari uchun sonli parametrlar qiymatiga bog‘liq ravishda quyidagi yangi effektlar (hodisalar) aniqlangan: issiqlik tarqalish tezligining chekliligi, chegaralangan va chegaralanmagan (blow-up) yechimlarning fazoviy lokallashishi, chekli vaqtda haroratning sovushi, bir tomonlama front va “devor” hodisalarining paydo bo‘lishi kabi hodisalarning kuzatilishi ilk bor isbot qilingan.
M. Aripov xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy-tadqiqot loyihalarida faol qatnashadi. Jumladan, uning rahbarligida 3 ta Yevropa Ittifoqi, 2 ta Rossiya-O‘zbekiston xalqaro grantlari, respublika miqyosida 3 ta fundamental, 5 ta amaliy, 2 ta innovatsion ilmiy-tadqiqot loyihalari muvaffaqiyatli bajarilgan. Erasmus+ granti (2017-2020) koordinatori, 1 ta amaliy va 1 ta fundamental ilmiy-tadqiqot loyihalariga rahbarlik qilgan.
M. Aripov va uning shogirdlari tomonidan parabolik tipdagi nochiziqli buziladigan tenglamalar va ularning sistemalari uchun Koshi va chegaraviy masalalar bilan tasvirlanuvchi matematik modellarning yangi yuqorida keltirilgan xossalarini aniqlagan. Xususan, ular g‘ovak muhit[7], umumlashgan p-Laplas tenglamalari, gaz va suyuqliklarda filtratsiya jarayonlari, nochiziqli diffuziya[8], issiqlik o‘tkazuvchanlik, chang va tuzlarning bir komponentali va ko‘p komponentali chiziqsiz muhitlarda konvektiv ko‘chishi[9], o‘zgaruvchan zichlikli Kolmogorov-Fisher turidagi nochiziqli biologik populyatsiya jarayonlarini o‘z ichiga olgan ikki karra chiziqsiz tenglamalar orqali ifodalanauvchi matematik modellarning xossalarini avtomodel yondoshuvga asoslangan tadqiq qilish usullari taklif qilingan. Bu olim tomonidan olib borilgan tadqiqotlardan olingan ilmiy natijalari bir necha korxonalar va tashkilotlarda (Toshkent aviatsiya zavodi, “Malika uyushmasi”, Zelinograd xarbiy korxonasi, Respublika urologiya markazi va boshqalar) amaliyotga joriy qilingan.
M. Aripovning ilmiy tashkilotchilik faoliyati ko‘p qirralidir hamda jamoatchilik ishlarida har doim faol qatnashib kelgan. U Qozog‘iston Milliy universitetida[10] ilmiy darajalar beruvchi kengash a’zosi (2004-2009), Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi 14.07.2016.T.29.01 raqamli ilmiy kengash a’zosi (2016-2017), O‘zbekiston Respublikasi OAK ekspert komissiyasi rais o‘rinbosari va a’zosi (1994-2013) bo‘lgan. Bugungi kunda O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi DSc.30.12.2019.FM.01.02 raqamli ilmiy kengash raisi o‘rinbosari hamda shu kengash qoshidagi Matematik modellashtirish, sonli usullar va dasturlar majmui ixtisosligi bo‘yicha ilmiy seminar raisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.
M. Aripov muallifligida 2 ta darslik, 50 tadan ortiq o‘quv qo‘llanmalari, metodik ko‘rsatmalari hamda uslubiy qo‘llanmalar nashr etilgan. Uning muallifligidagi “Informatsion texnologiyalar” va “Web texnologiyalar” o‘quv qo‘llanmalari – Yilning eng yaxshi o‘quv adabiyoti Respublika tanlovlarida 1-o‘rinni egallagan.
M. Aripov xalqaro hamkorlikni yaxshi yo‘lga qo‘ygan tashabbuskor olimlardan biridir. U 1976-2024 yillar mobaynida dunyoning rivojlangan mamlakatlarida o‘tkazilgan 60 dan ortiq kongresslari va nufuzli konferensiyalarida ilmiy ma’ruzalar bilan ishtirok etgan hamda sho‘balarida raislik qilgan. U Amerika, Yevropa matematika jamiyatlari[11] va Germaniyaning amaliy matematika va mexanika jamiyatlari[12] a’zosi, nufuzli “Zentralblatt MATH”[13] tahririyatining retsenzenti, “Pure and Applied Mathematics”, “Information security”, “Vestnik KAMGU” xalqaro ilmiy jurnallarining tahririyat hay’ati a’zosidir.
M. Aripov ilmiy rahbarligida 10 nafar fan doktorlari va 33 nafar fan nomzodlari (PhD) tayyorlangan. Uning shogirdlari: magistrant Dilshod Abdullayev, tayanch doktorant Matlatipov Sanatbek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi sovrindori va p.f.n., dotsent Azlarov Turgun Raxmatovich «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni va «Oltin Yulduz» medali bilan taqdirlangan.
Professor M. Aripov o‘z sohasining ustasi, tashkilotchi, mehnatsevar pedagog olimdir. U o‘zining yuqori intellekti, fidokorona va sermahsul mehnati, qator ilmiy va zamonaviy o‘quv adabiyotlarning muallifi sifatida tanilgan yetakchi olimdir, shuningdek, yoshlarni tarbiyalashda, ularni ilm-fanning zamonaviy yo‘nalishlari bilan shug‘ullanishga jalb etishda o‘zining kuch g‘ayratini ayamay kelayotgan mehribon ustozdir.
Mukofotlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Professor M.Aripov
1980 - Oliy ta'lim a'lochisi
1990 - "O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan xalq ta'limi xodimi" unvoni bilan taqdirlandi
2015 - Qozog'iston Milliy universiteti rivojiga qo'shgan hissasi uchun ko'krak nishoni egasi
2016-2017 -O'zbekiston Milliy universitetining eng yaxshi professori
2020 - "Fidokorona xizmatlari uchun" orden sohibi
2023 - "O'zMU faxri" ko'krak nishoni
2023 - "Mehnat faxriysi" ko'krak nishoni
mukofotlari bilan taqdirlangan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Aripov Mersaid“.
- ↑ „Rossiya FA, Hisoblash markazi“.
- ↑ „Тихонов Андрей Николаевич“.
- ↑ „Ильин Владимир Александрович“.
- ↑ „Доклады Академии наук“.
- ↑ „Alexander Andreevich Samarskii“.
- ↑ „G'ovak muhitlar tenglamasi“.
- ↑ „Diffuziya jarayoni“.
- ↑ „Chang ko'chishi“.
- ↑ „Qozoqiston Milliy universiteti“.
- ↑ „Yevropa matematika jamiyati“.
- ↑ „Germaniya matematiklar va mexaniklar jamiyati“.
- ↑ „Matematik platforma (ZbMath)“.