Fan doktori
Fan doktori — yuqori ilmiy daraja. Dastlab Boloniya universitetida joriy etilgan boʻlib, magistrlik darajasiga ega boʻlgan oʻqituvchilarga berilgan. Sobiq SSSR, jumladan, Oʻzbekistonda Fan doktori ilmiy darajasi 1934 -yildan boshlab joriy qilingan. Hozir Fan doktori ilmiy darajasi dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida beriladi. AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va boshqa mamlakatlarda Fan doktori ilmiy darajasini magistrlik darajasiga ega boʻlgan va doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan shaxslar olishi mumkin.
Oʻzbekistonda Fan doktori ilmiy darajasi oliy oʻquv yurti yoki institut muassasasi qoshidagi ixtisoslashgan ilmiy kengash taklifiga binoan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi rayosati qaroriga muvofiq fan nomzodi ilmiy darajasiga ega boʻlgan, tegishli miqdorda ilmiy maqolalari va ilmiy monografiyasi bosilib chiqqan, doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan shaxslarga beriladi. Doktorlik dissertatsiyasi fan va xalq xoʻjaligi rivojiga katta hissa boʻlib qoʻshiladigan, dolzarb ilmiy muammoni hal qilishning original va samarali yoʻllarini koʻrsatib bergan, muhim nazariy umumlashma xulosalar chiqarilgan mustaqil institut ishi boʻlishi kerak. Fanning biror tarmog'i yuzasidan yaratilgan muhim darslik yoki daʼvogarning katta ilmiy qimmatga ega ilmiy yoxud ilmiy - metodik tadqiqoti ham doktorlik dissertatsiyasi sifatida taqdim etilishi mumkin. 2002 -yil Oʻzbekistonda ilm-fanning turli sohalarida 2178 ta fan doktori faoliyat yuritdi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |