Kontent qismiga oʻtish

Oliy attestatsiya komissiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (O‘zbekiston Respublikasi OAK) oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish masalalari bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi OAKning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish sohasida O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosini tashkil etish;

oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, ushbu faoliyatni tashkil etish, nazorat qilish va muvofiqlashtirish;

dissertatsiya ishlariga hamda falsafa doktori (Doctor of Philosophy, bundan buyon — PhD), fan doktori (Doctor of Sciences, bundan buyon — DSc) ilmiy darajalari va ilmiy unvonlar talabgorlariga talablarning yagonaligini ta’minlash;

ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarning sifat tarkibini yaxshilashga, jamiyat va davlat ehtiyojlarini, fan, ta’lim, texnika va texnologiyalarni rivojlantirish istiqbollarini hisobga olgan holda ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlardan foydalanish samaradorligini oshirishga ko‘maklashish;

ortiqcha byurokratik jarayonlarni yo‘qotishga yo‘naltirilgan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini doimiy ravishda takomillashtirish;

oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazishning barcha bosqichlarida OAK faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash;

oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazishning barcha bosqichlarida xolislikni ta’minlash;

O‘zbekiston Respublikasi OAK o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:

Fanlar akademiyasi, vazirliklar, idoralar va tashkilotlardan o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan axborot va materiallarni belgilangan tartibda olish;

oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish masalalari bo‘yicha davlatlararo muzokaralarda ishtirok etish;

ekspert kengashlarning qarorlari asosida falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini berish bo‘yicha bir martalik ilmiy kengashlar tashkil etish va ularning ishini nazorat qilish;

OAK Rayosati majlislarida ish tajribasini o‘rganish va umumlashtirish maqsadida ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar va ekspert kengashlar raislarining hisobotlarini eshitish;

dissertatsiya ishlarini ilmiy ekspertizadan o‘tkazish va ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar faoliyatini tekshirish uchun yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish. Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar faoliyatini tekshirishda qatnashish, opponent va taqrizchi funksiyalarini bajarish davrida jalb etiladigan olimlar va mutaxassislar doimiy ish joylaridagi ish haqi saqlangan holda o‘z xizmat vazifalarini bajarishdan ozod etiladi;

malakaviy imtihonlar ro‘yxatini belgilash va ularning tashkil etilishi va saviyasini nazorat qilish;

ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar ishlab turgan tashkilotlardan belgilangan tartibda har yilgi hisobotlarni hamda respublikada oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va tadbirlarni amalga oshirish uchun vazirliklar va idoralardan zarur axborotni olish;

oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish, dissertatsiya tadqiqotlarining sifati ilmiy va amaliy ahamiyatini oshirish bilan bog‘liq muammolarni hal etish uchun idoralararo kengashlarni belgilangan tartibda chaqirish;

o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalar doirasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish masalalari bo‘yicha xalqaro tashkilotlar, kengashlar, konferensiyalar ishida qatnashish;

dissertatsiyalarga qo‘yiladigan talablarga muvofiq fan va iqtisodiyot tarmoqlari uchun ahamiyati yuzasidan qo‘shimcha xulosa olish maqsadida dissertatsiya ishlarini zarur hollarda ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlarga yuborish;

oliy ta’lim muassasalari yoki ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy va tegishli kengashlarining tavsiyalariga binoan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni ilmiy darajalar va ilmiy unvonlardan belgilangan tartibda mahrum qilish yoki ularni tiklash.

OAK o‘z vakolatlari doirasida vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni belgilangan tartibda qabul qilish huquqiga ega.

OAK zarur hollarda boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar bilan birgalikda qo‘shma qarorlar va boshqa hujjatlarni chiqarish huquqiga ega.

OAK o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni ushbu Nizomga muvofiq bajarishga majbur, respublikada oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimining holati va uni takomillashtirish yuzasidan javob beradi.

OAKga Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan rais boshchilik qiladi.

OAKning Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan bosh ilmiy kotibi bo‘ladi. Bosh ilmiy kotibning vazifalari OAK raisi tomonidan belgilanadi.

OAKning apparati uning ijro etuvchi organi hisoblanadi, OAK apparatining tuzilmasi va xodimlarining cheklangan soni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

OAK Rayosati rahbarlik qiluvchi ijro etuvchi organ sifatida quyidagi funksiyalarni bajaradi:

ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar tashkil etish tartibini ishlab chiqadi, ilmiy kengashlar tuzishga ruxsatnomalar beradi, ularning shaxsiy tarkibini tasdiqlaydi, ularga tegishli ixtisosliklar bo‘yicha dissertatsiya ishlarini ko‘rib chiqish huquqini beradi;

ekspert kengashlarni tashkil etish to‘g‘risida qarorlar chiqaradi;

ilmiy kengashlarning ilmiy darajalar berish to‘g‘risidagi qarorlarini tasdiqlaydi hamda ilmiy unvon berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;

ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar raislarining va ilmiy unvonlar berish bo‘yicha kengashlar raislarining ishlari to‘g‘risida hisobotlarini muntazam ravishda eshitib boradi;

ilmiy yo‘nalishlar bo‘yicha bosh inspektorlarning ilmiy daraja berish, shu jumladan himoya qilingan dissertatsiyalar bo‘yicha attestatsiya ishlarining, shuningdek ilmiy unvonlar berish bo‘yicha attestatsiya ishlarining OAK talablariga muvofiqligi to‘g‘risidagi hisobotlarini eshitadi;

o‘z vakolatlari doirasida normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlaydi;

oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa masalalarni hal etadi.

OAK oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish masalalari bo‘yicha «OAK Byulleteni» jurnalini nashr etadi. «OAK Byulleteni» jurnalida izlanuvchilarning dissertatsiya tadqiqotlari mavzulari, dissertatsiya annotatsiyasi bilan birgalikda doktorlik dissertatsiyalari himoya qilinishi, talabgorlarga ilmiy darajalar berilishi hamda ilmiy unvonlar berilishi to‘g‘risidagi axborot va boshqa ma’lumotlar ham beriladi.

Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazishda ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash maqsadida OAK faoliyati masalalari OAK veb-saytida va «OAK Byulleteni» jurnalida yoritiladi[1].

  1. O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2013 y., 1-son, 5-modda; 2017 y., 21-son, 396-modda; 07.11.2020 y., 09/20/696/1481-son