Maliku I
Maliku I | |
Nabotiylar (Nabateya) davlati podshohi | |
Hukmronligining boshlanishi: | mil. avv. 60-50 |
---|---|
Hukmronligining tugashi: | mil. avv. 30 |
Oʻtmishdosh: | Haritat III yoki Obodat II |
Voris: | Obodat III |
Tugʻilgan sanasi: | mil. avv. II-I asr |
Vafot sanasi: | mil. avv. 30 |
Farzandlari: | Obodat III |
Maliku I (miloddan avvalgi 60-50—30) — hozirgi Iordaniya hududidagi Nabotiylar davlati (Nabotiya yoki Nabateya) hukmdori. Nabotiylar davlatini Rim imperiyasi taʼsiridan halos etishga urinadi, lekin muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Misrning Ptolemeylar sulolasidan boʻlgan malikasi Kleopatra va Iudeya (Yahudiya)ning shohi Irod (yoki Hirod)larning siyosiy dushmani. Yuliy Sezarning Aleksandriya (Iskandariya) qamalida uning ittifoqchisi. Rimdagi fuqarolar urushi davrida avval Mark Antoniyni, keyin Oktavian Avgustni ittifoqchi sifatida qoʻllab-quvvatlagan.
Hukmronlik muammosi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Maliku I ning qachondan hukmronlik qilib boshlagani aniq emas. Haritat III (Areta yoki Horis) (miloddan avvalgi 87—62) dan keyin mavjudligi toʻliq aniqlanmagan Obodat II (Ubayda)dan keyin taxtga oʻtirgan boʻlishi kerak. Undan keyin taxtga Obodat III (agar Haritat III va Maliku I orasida Obodat II mavjud boʻlmasa, II boʻladi) oʻtiradi. Oromiy matnlarida ismi Maliku tarzida berilgan.
Suverenitet masalasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Maliku I davrida zarb qilingan tanga topilgan. Uning bir tomonida podsho surati, ikkinchi tomonida chap qanotiga qarab turgan burgutning surati, atrofida esa esa lotin va oromiy xatlarida yozuv bor. Tangada oromiy yozuvining ishlatilganligi hokimning suverenligini ta’kidlashi kerak edi. Ammo amalda unday boʻlmagan. Rimda fuqarolar urushi avjiga chiqqan vaqtda nabotiylar nisbatan mustaqil bo‘ladilar, lekin nabotiylar podshosi muayyan vaziyatga qarab ish tutishga majbur bo‘ladi. Masalan, miloddan avvalgi 47-yili Yuliy Sezar Misr Aleksandriyasi (hozirgi Iskandariya shahri) ni qamal qilgan paytda Maliku І otliq qism bilan unga yordam berdi[1]. Yoki Rimdagi fuqarolar urushi paytida Mark Antoniy va Oktavian Avgustlarni vaziyatga qarab qoʻllab-quvvatlagan.
Iudeya bilan dushmanlik
[tahrir | manbasini tahrirlash]Iudeya Rim tarkibiga kirgan bo‘lsa-da, u yerdagi har bir partiya (guruh)larning kurashi to‘xtamas, mag‘lub bo‘lganlar Nabotiylar poytaxti Petrada panoh topardilar. Miloddan avvalgi 40-yillarda Parfiya qo‘shinining Rim qo‘li ostidagi yerlarga bostirib kirishi Malikuda Rim ta’siridan qutilishga umid tug‘diradi va u Rim tarafdori bo‘lgan Yahudiya arbobi Irodga boshpana berishdan voz kechadi. Shundan so‘ng Irod Misrga, u yerdan Rimga jo‘naydi. Ayni vaqtda Maliku І qarorgohida Irodning ukasi Iosif 200 odami bilan boshpana so‘rab turardi. Irod Rimdan Iudeyaga shoh unvoni bilan qaytdi. Endi unga asosiy vazifa qilib, arablarga (nabotiylarga) qarshi kurash topshirilgandi. Irod nabotiylar bilan birinchi bor Diaspolis degan joyda jangga kiradi va g‘alaba qozondi, so‘ng ikkinchi bor Suriyadagi Kana degan joyda to‘qnashdi va magʻlub boʻladi. Parfiya qo‘shinlari Suriyadan quvib chiqilgach, rim sarkardasi Ventidiy Maliku I ni parfiyaliklarga madad berganlikda ayblab, unga og‘ir kontributsiya (tovon) soladi.
Misr bilan aloqalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Miloddan avvalgi 34-yilda Yaqin Sharqda hokimiyatni o‘z qo‘lida mujassamlagan Mark Antoniy nabotiylarningg talaygina yerlarini, xususan Qizil dengiz qirg‘oqlarini Misr hokimasi, Ptolemeylar sulolasi vakilasi Kleopatraga topshirdi. Nabotiylar shohi Maliku I esa Kleopatraga yiliga 200 talant miqdorida boj to‘laydigan bo‘ldi. Bu soliqni toʻplash ishi esa Maliku I ning siyosiy raqiblaridan biri boʻlgan Yahudiya podshosi Irod to‘plashi kerak edi[2].
Rim fuqarolar urushi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Rim imperiyasida uzoq davom etgan fuqaro urushlari miloddan avvalgi 31-yili Mark Antoniyning mag‘lubiyati bilan tugadi. Bepoyon Rim imperiyasiga Yuliy Sezarning asrandi o‘g‘li Oktavian Avgust yagona hokim bo‘lib qoldi. Mark Antoniy tarafida bo‘lgan sharq hokimlari noqulay ahvolga tushib qoladilar. Maliku І ham shular jumlasiga kirardi. Maliku І Mark Antoniyga hal qiluvchi jangda ishtirok qilish uchun yordamchi kuchlar yuborgandi. Endi esa yangi hokim Oktavianga yordam berishga majbur: nabotiylar Suvaysh havzasida turgan Misr kemalarini yoqib tashladilar va shunday qilib oʻzlarining siyosiy raqibi boʻlgan Kleopatrani Oktaviandan qochib qutilish imkoniyatidan mahrum qiladilar. Ammo Mark Antoniy va Kleopatraning halokati Nabotiylar davlati ahvolida o‘zgarish yasamadi. Rim bilan „ittifoq“ yillik boj-xiroj to‘lashdan tashqari nabotiy podsholarini mustaqil tashqi siyosat yuritishdan mahrum qiladi[3].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Hasanov A. Qadimgi Arabiston va ilk islom: I kitob. Johiliya asri. -Toshkent: «Toshkent islom universiteti», 2001. 102-bet.
- ↑ Hasanov A. Qadimgi Arabiston va ilk islom: I kitob. Johiliya asri. -Toshkent: «Toshkent islom universiteti», 2001. 102-103-betlar.
- ↑ Hasanov A. Qadimgi Arabiston va ilk islom: I kitob. Johiliya asri. -Toshkent: «Toshkent islom universiteti», 2001. 103-bet.