Burgut
Burgut | ||
---|---|---|
Biologik klassifikatsiya | ||
|
Burgut — yirik, chaqqon va kuchli. Tanasining uzunligi 95 sm gacha. Qanoti 62—72 sm, yoyganda 2 m ga yetadi. Burgutlarning ko'zlari juda kuchli. Burgutning ko'rish keskinligi odamlarnikidan 8 baravar yuqori. . Pat rangi toʻq qoʻngʻir, boshi malla . Burgut Amerikada keng tarqalgan. Togʻ va choʻllarning odam yashamaydigan uzoq joylarida, qoyalar orasida, saksovulzorlarda uchraydi. Odatda, bir-biriga yaqin 2—3 uyasi boʻlib, bittasidan foydalanadi. Xira oq va qoʻngʻir xollar bilan qoplangan 1—2 ta tuxum qoʻyadi. Burgut parrandalar (kaklik, dudoq), yumronqoziq, toshbaqa, quyon va boshqa hayvonlar bilan oziqlanadi.Oʻrta Osiyoda Burgutning yosh joʻjasini qoʻlga oʻrgatishadi. Voyaga yetganida uni quyon, tulki va hatto boʻri oviga olib chiqishadi. Kemiruvchilarni qirib, qishloq xoʻjaligiga foyda keltiradi. Burgut Oʻzbekiston va boshqa davlatlar Qizil kitobiga kiritilgan.
Qirg‘iylar oilasiga mansub eng taniqli yirtqich qushlardan biri, eng yirik burgut. Katta yoshli qushlar bir xil to‘q-qo‘ng‘ir rangda bo‘ladi, boshining usti sariq-qizg‘ish rang.
Yashash makoni Shimoliy Amerikaning katta qismidagi keng hududlarni, Shimoliy Afrika va deyarli butun Yevroosiyoni (uning tropik qismi bundan mustasno) qamrab olgan.
O‘zbekistonda uchraydigan burgut tekisliklar va baland tog‘li hududlarning o‘zgarishlarga kam uchragan, ochiq landshaftlarida uyalaydi va bir joyda yashaydi. Asosan tog‘larda, cho‘l hududlarining katta qismida, ochiq tekislik va yarim ochiq landshaftlarda yashaydi. Odamlar yashaydigan hududlardan qochadi, inson tomonidan bezovta qilinishni yoqtirmaydi. Arealning katta qismida muqim yashaydi, uyasi oldida juft bo‘lib uchib yuradi. Qushlarning bir qismi tarqalish zonasining va baland tog‘larning shimoliy tomonidan qor kamroq bo‘lgan hududlarga ko‘chadi.
Burgut turli-tuman oziqlanadi, u har xil o‘ljani ovlaydi, ko‘p hollarda turli tuyoqlilarning bolalari, quyonlar, kemiruvchilar va qushlarning har xil turlari uning o‘ljasini tashkil etadi. Toshbaqalar burgutning ozuqasida alohida o‘rin egallaydi, chunki ularni yuqoridan tosh otgan holda ovlash osonroq.
Burgutlar ozuqa izlab, iliq havoning yuqoriga ko‘tariluvchi oqimlarida balandda uzoq vaqt davomida parvoz qiladi. Bunda uning qanotlari tanasidan biroz ko‘tarilib, oldinga tortilgan bo‘ladi, qanotlarning faolligi esa minimal bo‘lib qoladi. Ov qilishning yana bir usuli – o‘ljani qo‘qqisdan ushlash uchun qarchig‘ayga o‘xshab uncha katta bo‘lmagan balandlikda uchish. Burgut qanotlarini kuchli va chuqur qoqqan holda oson va harakatchan parvoz qiladi. Bo‘lg‘usi o‘ljasini sezishi bilanoq uning ortidan qanot qoqadi, bunda uning tezligi soatiga 240-320 km ga yetishi mumkin.
Burgutlar uyalarini daraxtga yoki qiyin chiqiladigan qoya yorig‘iga quradi, kamdan-kam hollarda eski uyasini egallaydi; uyaga odatda ikkita tuxum qo‘yadi, biroq ko‘p hollarda jo‘jalardan faqat bittasigina omon qoladi. Tuxumlarni bosib o‘tirishga 37-39 kun vaqt ketadi, jo‘jalar uyada 1,5 oyga yaqin yashaydi. Ammo ular uyasidan uchib chiqib ham uzoq vaqt davomida ota-onasining yonida qoladi.
Burgut bilan ovlash an’anasi juda qadimiy tarixga ega. Ovchilik kasbi ota-bobosidan meros qolgan ovchilar, ya’ni burgutchilar yoki kushbegilar bolalikdan shu kasb sirlarini o‘rganadi va uni avloddan-avlodga yetkazadi. Ovchilikni endigina boshlagan ovchi avvalo qirg‘iy va jag‘altoyni boshqarishni o‘rganadi, keyin qarchig‘ay, itolgi, lochin yoki shumqorni o‘rgatishga harakat qiladi. Faqat shundan keyingina unga yirikroq, kuchliroq va xavfliroq burgutni o‘rgatish ishini ishonib topshirishadi, u bu ishni har doim o‘zidan tajribaliroq bo‘lgan ustozining nazorati ostida bajaradi. Markaziy Osiyoda burgutlar tulki, quyon, ba’zida bo‘ri va bug‘ularni ovlashda foydalaniladi. Burgut haqida ko‘plab madaniyatlarda eshitish mumkin. Masalan, Yevropa, Oltoy xalqlari, hindularda. U har doim kuch, hokimiyat, mardlik, uzoqni ko‘ra bilish va boqiylik ramzi hisoblangan.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |