Kontent qismiga oʻtish

Haritat III

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Haritat III
Haritat
Nabotiylar davlati (Nabotiya yoki Nabateya) podshoh
Hukmronligining boshlanishi: taxminan miloddan avvalgi 85-yil
Hukmronligining tugashi: taxminan miloddan avvalgi 62—60-yillar orasi
Oʻtmishdosh: Rabil II
Voris:Obodat II yoki Maliku I
Tugʻilgan sanasi: miloddan avvalgi II asr
Vafot sanasi:miloddan avvalgi 62—60-yillar
Dafn joyi:Petra
Farzandlari:Obodat II (oʻgʻli), Kipr (qizi)
Sulola:Nabotiylar
Otasi:Obodat I

Haritat III (nabotiy tilida Haritat; miloddan avvalgi 85—62/60-yillar) – hozirgi Iordaniya hududidagi Nabotiylar davlati (Nabotiya yoki Nabateya) hukmdori. Damashq shahri va Suriya janubini egallab, Nabotiylar davlati hududini kengaytirishga harakat qilgan. Hukmronligining soʻnggi davrida Rim bilan kurashadi va Rimning vassaliga aylanadi[1].

Hukmronlikning boshlanishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalardagi maʼlumotlarning aniq va yetarli emasligi tufayli Nabotiylar davlati podshohlari va ularning hukmronlik yillari haqida maʼlumotlar kam. Miloddan avvalgi 87—86-yillar nabotiylarga Obodat (Ubayda) І ning oʻgʻli Rabil ІІ podsho boʻlgan boʻlishi mumkin. Uning vafotidan soʻng miloddan avvalgi 85-yilda Haritat ІІІ taxtga oʻtiradi.

Hukmronlikning dastlabki davri

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Haritat III otasi Obodat І siyosatini birmuncha muvaffaqiyatli davom ettirgan. Haritat III Petradan Eylatga boradigan yoʻlda Avaru shahriga asos soldi[2]. Shu paytda Demetriy III ning ukasi Antiox Dionisiy Iudeyani kesib oʻtib, nabotiylar bilan urushajagi maʼlum boʻlib qoldi. Salavkiylar Aleksandr Yannay qurdirgan toʻsiqlarni yakson qilib, Nabotiyaga bostirib kirdilar. Ammo urush uzoq davom etmadi. Antiox Kana qishlogʻi yaqinida yuz bergan jangda halok boʻldi va Haritat III qoʻshini gʻalaba qozondi. Bu voqea vaziyatni batamom oʻzgartirib yubordi. Bu voqeadan keyin Damashqqa yoʻl ochiladi va Haritat ІІІ Damashq shahrini va Suriyaning bir qismini ishgʻol qildi[3]. Endi Nabotiylar davlati yemirilayotgan Iudeyani janubdan va sharqdan oʻrab olgandi. Iudeyadagi ichki nizolardan xabardor boʻlgan Haritat ІІІ uni bosib oldi. Miloddan avvalgi 82-yilda Xadida degan joyda yuz bergan toʻqnashuvda Iudeya qoʻshini tor-mor boʻldi va Aleksandr Yannay sulh tuzishdan boshqa iloj topa olmadi. Iudeya uchun ogʻir shartlarda sulh tuzilgach, Haritat III oʻz qoʻshini bilan ortga qaytib ketdi. Ammo keyinchalik Aleksandr Yannay Suriyaning janubi va Oʻrta yer dengizining janubi-sharqiy qirgʻoqlari ustidan hokimiyatini tiklab oldi hamda Haritat III tomonidan bosib olingan barcha yerlarni butunlay qaytarib oldi.

Iudeya ichki ishlariga aralashishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Odatda, Iudeyadan qochgan siyosiy arboblar Nabotiyada panoh topardilar. Aleksandr Yannay, soʻng uning rafiqasi Aleksandra vafot qilishgach, ularning ikki oʻgʻli oʻrtasida hokimiyat uchun kurash boshlanadi. Iudeya har xil siyosiy guruhlarga boʻlinib ketadi. Ularning ichida eng koʻzga koʻringani – Girkan boshliq „fariseylar“ va Aristobul boshliq „saddukeylar“ guruhlari edi. Aristobul yollangan qoʻshinlarga tayanib, akasi Girkanni taxtdan qulatdi. Girkan yordam soʻrab, doʻsti Antipaterni Petraga Haritat III qarorgohiga joʻnatadi. Yordam evaziga Girkan otasi Aleksandr Yannay bosib olgan 12 shaharni Nabotiylarga qaytib berishni vaʼda qiladi. Haritat ІІІ bu taklifni qabul qilib, Iudeyaga juda katta qoʻshin (50 ming kishilik) tortadi. Aristobul oʻz tarafdorlaridan ayrilib, yakka qolgach, Quddusga qochadi. Haritat III nabotiy-yahudiy birlashgan qoʻshini boshida miloddan avvalgi 65-yilning bahorida Quddusni qamalga oldi. Ertami-kechmi Quddus taslim boʻlishi muqarrar boʻlib turgan bir paytda voqealar jarayoni yana batamom oʻzgarib ketdi[4].

Rim bilan aloqalar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Rim imperatori Gney Pompey Suriya va Damashqni ishgʻol qildi, uning qoʻli ostidagi qoʻmondonlardan biri Skavr esa Falastinga bostirib kirgandi. Rimliklar Aristobul tomonini oldilar. Rimliklar Haritat III dan zudlik bilan Quddus qamalini toʻxtatish, butun qoʻshini bilan darhol ketishini talab qiladi. Haritat III Girkan bilan birga chekindi. Fursatdan foydangan Aristobul, Skavr qoʻshinlarining madadida nabotiylarni taʼqib qilib, Papiron degan joyda gʻalaba qozondi. Shundan soʻng Skavr Damashqqa qaytib ketdi. Miloddan avvalgi 64-yilda Suriya Rim imperiyasining provinsiyasiga aylanishi Nabotiylar davlatining siyosiy ahvolini keskin yomonlashtirdi. Skavr Nabotiylar davlati poytaxti Petra shahriga hujum qildi, ammo shaharni egallay olmadi. Qirgʻinni toʻxtatish uchun Antipater ikki tomon oʻrtasida vositachilik qildi. Natijada sulh tuzilib, Haritat III oʻlpon toʻladi va Nabotiylar davlati ustidan Rim imperiyasi vasiyligini tan oldi[5].

Voris muammosi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Haritat III miloddan avvalgi 62—60-yillar orasida vafot etgan. Uning vafotidan keyin mavjudligi toʻliq isbotlanmagan Obodat II (Ubayda)dan keyin taxtga oʻtirgan boʻlishi mumkin. Agar Obodat II mavjud boʻlmagan boʻlsa, undan keyin taxtga Maliku I oʻtiradi[6].

  1. Hasanov A. Qadimgi Arabiston va ilk islom: I kitob. Johiliya asri. – Toshkent: „Toshkent islom universiteti“, 2001. 100–102–betlar.
  2. Ali. Tarix al–Arab. j. III. 30–bet.
  3. Nofiʼ, Tarix al–Arab. 87–bet.
  4. Hasanov A. Qadimgi Arabiston va ilk islom: I kitob. Johiliya asri. – Toshkent: „Toshkent islom universiteti“, 2001. 101–bet.
  5. Hasanov A. Qadimgi Arabiston va ilk islom: I kitob. Johiliya asri. – Toshkent: „Toshkent islom universiteti“, 2001. 101–102–betlar.
  6. Hasanov A. Qadimgi Arabiston va ilk islom: I kitob. Johiliya asri. – Toshkent: „Toshkent islom universiteti“, 2001. 102–bet.