Kontent qismiga oʻtish

Makkaning fath qilinishi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Makkaning fath qilinishi
Musulmonlar va Quraush oʻrtasidagi urushning bir qismi
Sanalar Milodiy 624–629 yoki 630-yil 13-mart (hijriy 2-yilning ramazon oyi 17-kuni – hijriy 8-yil ramazon oyining 10–20 kunlari)
Urush yeri Hijoz, Arabiston
Natija Musulmonlarning gʻalabasi
Hududiy
oʻzgarishlar
Muhammadning izdoshlari Makka shahrini egallab olishadi
Qoʻmondonlar
Muhammad
Ali
Hamza ibn Abdulmuttolib
Zubayr ibn Avvom
Abu Ubayda ibn Jarroh
Salmon al-Forisiy
Xolid ibn Valid (627-630)
Abu Jahl
Umayya ibn Xalaf
Xolid ibn Valid (627-630)
Ikrima ibn Abu Jahl
Abu Sufyon
Suhayl ibn Amr
Safvon ibn Umayya
Kuchlar
* Badr jangi: 313–317
* Badr jangi: 600–700 (Watt taxmini)

Makkaning fath qilinishi (arabcha: فَتْحُ مَكَّةَ) – musulmonlar va Quraysh oʻrtasidagi urush davrida Muhammad va uning sahobalari tomonidan olib borilgan harbiy yurish. Quraysh nazorati ostidagi Makka shahriga qilingan ushbu yurishga Muhammad va uning hamrohlari 629-yilning dekabr oylarida yoki 630-yillarda[1][2] (hijriy 8-yil ramazon oyining 10–20 kunlari) boshchilik qilishgan[1]. Shaharning Muhammad qoʻliga oʻtishi musulmonlar Quraysh qabilalari ittifoqi oʻrtasidagi mojaroga rasman yakun yasagan.

Qadimgi manbalarda ushbu voqealarning sanalari turlicha keltirilgan:

  • Ayrim manbalarda Muhammadning Makkaga yoʻl olgan sanasi hijriy 8-yilning ramazon oyi 2, 6 yoki 10-kuni deya berilgan[1].
  • Yana boshqa manbalarda esa paygʻambarning Makkaga kirgan sanasi hijriy 8-yilning ramazon oyi 10, 17/18, 19 yoki 20 kunlari deb koʻrsatilgan[1].

Yulian taqvimi boʻyicha hijriy 8-yilning ramazon oyi 18-kuni milodiy taqvim boʻyicha 629-yil 11-dekabr, 630-yilning 10 yoki 11-yanvar yoki 630-yilning 6-iyun kunlariga toʻgʻri keladi[1].

Milodiy 628-yilda Makkadagi Quraysh qabilasi va Madinadagi musulmonlar oʻrtasida Hudaybiya shartnomasi deb nomlangan 10 yillik bitim tuzilgan. Biroq 630-yilda (hijriy 8-yil) Quraysh ittifoqchisi Banu Bakrning yaqindagina musulmonlar bilan ittifoq tuzgan Banu Xuzoa qabilasiga bostirib kirishi natijasida Hudaybiya sulhi buzilgan.

Hudaybiya shartnomasiga koʻra, arab qabilalariga musulmonlar yoki Quraysh bilan birlashish imkoniyati berilgan. Shartnomada maʼlum bir ittifoq tanlagan qabilaga qarshi har qanday tajovuz sodir etilgan taqdirda, u ittifoqchi boʻlgan tomon javob choralarini koʻrish huquqiga ega boʻlishi koʻrsatilgan. Binobarin, Banu Bakr qabilasi Quraysh bilan, Banu Xuzoa esa musulmonlar bilan birlashgan[3]. Ular bir muddat tinchlikni saqlab qolishgan. Biroq Islomgacha boʻlgan davrdan kelib chiqib, qasos olishga boʻlgan doimiy intilish bilan kuchaygan asosiy motivlar oxir-oqibat yangidan adovatga olib kelgan.

Hijriy 8-yilning shaʼbon oyida al-Votirda Banu Bakr qabilasi shartnoma shartlarini eʼtiborsiz qoldirib, Banu Xuzoa qabilalariga qarshi hujum boshlagan. Qurayshning Safvon ibn Umayya, Ikrima ibn Abu Jahl va Suhayl ibn Amr boshchiligidagi bir guruhi Abu Sufyon ibn Harbdan bexabar holda Banu Bakr qabilasini odamlar va qurol-yarogʻ bilan taʼminlaganlar[4][3]. Raqiblarining tajovuziga duch kelgan Banu Xuzoa qabilasi aʼzolari Muqaddas maskan – Kaʼbadan panoh soʻraganlar. Biroq ularni ham ayab oʻtirishmagan, Banu Bakr qabilasining boshligʻi Navfal oʻrnatilgan odatlarni buzgan holda ulardan yigirma nafarini oʻldirgan. Bunga javoban Banu Xuzoa sulh buzilgani haqida Muhammadga xabar berish va undan yordam soʻrash maqsadida Madinaga zudlik bilan odamlarini yuborgan[3].

Banu Xuzoa oʻzlarining musulmon ittifoqchilaridan tovon soʻraganlarida, Muhammad ularning shartnomani buzganliklari va muqaddas hududda u bilan ittifoqdosh boʻlgan shaxslarning oʻlimi uchun zudlik bilan tovon toʻlashni talab qilgan. Ularning oldiga 3 ta talab qoʻyilgan va ushbu talablardan birini qabul qilish majburiy boʻlgan:

  • Banu Xuzoa qurbonlari uchun qon toʻlash;
  • Ularning Banu Bakr bilan ittifoqini tugatish;
  • Shartnomani bekor qilish[3].

Qurayshning bu xatti-harakati Hudaybiya shartnomasini ochiqdan-ochiq buzganlik va musulmon ittifoqdoshlari boʻlmish Banu Xuzoa qabilalariga qarshi dushmanlik harakati edi. Vaziyatning ogʻirligini va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oqibatlarini anglagan Quraysh zudlik bilan favqulodda yigʻilish chaqirib, oʻz rahbari Abu Sufyon ibn Harbni Madinaga shartnomani qayta koʻrib chiqish uchun joʻnatishga qaror qilishgan[3].

Ushbu voqeadan keyin Abu Sufyon ibn Harb sulhni qayta muzokara qilish niyatida Madinaga yoʻl olgan. Uning qizi Muhammadning xotini boʻlgan Ummu Habiba boʻlib, Abu Sufyon uning uyiga toʻgʻridan-toʻgʻri tashrif buyurgan. Uyga kirgach, Abu Sufyon Muhammad oʻtiradigan koʻrpachaga oʻtirmoqchi boʻlgan, biroq qizi Ummu Habiba tezda koʻrpachani buklab qoʻygan. Shunda Abu Sufyon: „Ey qizim, meni bu koʻrpachaga loyiq koʻrmayapsanmi yoki uni menga loyiq koʻrmayapsanmi?“, deydi. Ummu Habiba: „Bu Rasulullohning gilamidir, Rasulullohning gilamlarida mushrik odam oʻtirishini xohlamadim“, deb javob bergan[3].

Abu Sufyon ibn Harb Muhammad va uning hamrohlarining huzuriga borishga qaror qiladi. Biroq sahobalar uning hiyla-nayranglaridan xabardor boʻlishganligi bois uni qabul qilishmaydi. Keyin Abu Sufyon Abu Bakrning oldiga boradi, u ham Abu Sufyonni rad etadi. Ilojsiz qolgan Abu Sufyon oʻrtaga xalifa Umarning aralashuvini soʻramoqchi boʻladi, lekin keskin rad javobini oladi. Nihoyat, u Ali ibn Abu Tolibga murojaat qilib, unga kamtarona iltijo qiladi va agar shartnomani yangilash uchun shafoat qilsa, butun arablar ustidan hukmronlik qilish imkoniyatiga ega boʻlishi mumkinligini aytadi. Biroq Ali ham unga yordam bera olmasligini aytgan[3].

Sxematik diagramma

Abu Sufyon ibn Harb hafsalasi pir boʻlgan va umidsiz holda Makkaga qaytib kelgan. Qizi Abu Bakr, Umar va Ali bilan uchrashganini, shuningdek, Muhammad va uning hamrohlari Abu Sufyonning iltimosiga javob bermayotganini Qurayshga aytadi. Shundan keyin Qurayshning hafsalasi pir boʻladi[3].

Muhammadning aloqani uzishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

At-Tabariyning soʻzlariga koʻra, Muhammad ahd buzilganligi haqidagi xabarni olishidan uch kun oldin rafiqasi Oyshaga harbiy yurishga tayyorgarlik koʻrishni buyurgan. Abu Bakr (Oysha onamizning otasi) bunday tayyorgarlikdan hayron boʻlib, buning sababini soʻragan. Uchinchi kuni Amr ibn Salim al-Huzoiy 40 otliq guruh bilan Muhammadga oʻz xalqining ahvolidan xabar berish va musulmonlardan qasos olish uchun yordam soʻrash maqsadida Madinaga yetib kelgan. Madina ahli tez orada Quraysh ahdni buzganliklaridan xabar topgan. Bu xabar keyinchalik Budayl va Abu Sufyon ibn Harbning kelishi bilan tasdiqlangan[3].

Muhammad oʻzining harbiy rejalari haqidagi xabarlarni butunlay sir tutish va odamlarning eʼtiborini boshqa narsaga qaratish maqsadida Abu Qatoda ibn Rabiy boshchiligidagi 8 kishidan iborat kichik bir boʻlinmani Madinaga yaqin boʻlgan Edam shahriga joʻnatgan[3].

Musulmon armiyasining Makka yurishiga safarbar qilinishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muhammad Ramazon oyining oʻninchi kunida 10 000 askardan iborat qoʻshin boshida Makka tomon yoʻl olgan. Bu oʻsha paytdagi eng katta musulmon qoʻshini edi[3]. Muhammad Abu Ruhm al-Gʻiforiyni yoq’ligida oʻzining oʻrniga Madina ishlarini nazorat qilish uchun tayinlagan[3].

Ular Makkaga qarab yurganlarida, Abbos ibn Abdulmuttalib va uning oilasi Muhammad va uning qoʻshini bilan Juhfa degan joyda qoʻshilishgan. Musulmonlar al-Abvoga yetib kelgach, Muhammadning amakivachchalari Abu Sufyon ibn al-Horis (yuqorida aytib oʻtilgan Abu Sufyon ibn Harb bilan adashtirmaslik kerak) va Abdulloh ibn Umayyaga duch kelishgan. Biroq avvalgi qilmishlari va musulmonlarga nisbatan salbiy munosabati tufayli ularni quchoq ochib kutib olishmagan[3]. Ali Abu Sufyonga Muhammaddan kechirim soʻrashni va oʻzining oʻtmishdagi qilmishlarini Qur’ondagi Yusuf paygʻambarning akalarining tavbalariga oʻxshash tarzda tan olishlarini tavsiya qilgan.

Shundan soʻng Abu Sufyon Muhammadni madh etuvchi baʼzi misralar (sheʼrlar) oʻqigan va Islomni qabul qilgan[3][5].

Musulmonlar roʻza tutib Makka tomon yoʻllarini davom ettiradilar, ular al-Qodid degan joyga yetgach, u yerdan suv topib, iftorlik qiladilar[3][6]. Keyin Maraz-Zahron tomon yurishlarini davom ettiradilar. Qurayshliklar voqealar rivojidan xabardor emas edilar. Musulmonlarning qarorgohini qoʻriqlash xalifa Umarga yuklangan edi.

Abu Sufyon ibn Harbning islomni qabul qilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bu orada Abu Sufyon ibn Harb, Hakim ibn Hizom va Budayl ibn Varqo musulmonlarning mavqei haqida maʼlumot yigʻish maqsadida yoʻlga chiqadilar[7]. Ular yoʻlda Muhammadning amakisi Abbos ibn Abdulmuttalibga duch kelishadi. Abdulmuttalib ularga mavjud vaziyat haqida maʼlumot berib, Islomni qabul qilishlari va Muhammadga taslim boʻlishlari haqida oʻylab koʻrishga undab, bunday qilmaslik ogʻir oqibatlarga olib kelishidan ogohlantiradi[3].

Qiyin sharoitlarga duch kelgan Abu Sufyon ibn Harb Abbos ibn Abdulmuttalib bilan birga Muhammad va uning hamrohlari tomon yoʻl oladi. Musulmonlar Abu Sufyonni koʻrib, undan gʻazablanib, oʻldirmoqchi boʻladilar. Biroq Abbos ibn Abdulmuttalibning yordami bilan Muhammad va sahobalar bilan uchrashishga muvaffaq boʻladi. Bu uchrashuvda Muhammad Abu Sufyonga xitob qilib: „Allohning yagonaligiga va Muhammadning paygʻambarligiga guvohlik berish vaqti kelmadimi?“[3] deydi. Shundan keyin avvallari Islomning ashaddiy dushmani boʻlgan Abu Sufyon Muhammaddan kechirim soʻrab, Islomni chin dildan qabul qilganini aytadi[3].

Musulmon qoʻshinlarining Makkaga yaqinlashishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hijriy 8-yilning ramazon oyi 17-sanasi seshanba kuni ertalab Muhammad va uning qoʻshini Maraz-Zahrondan yoʻlga chiqadi va bobosi Abbosga Abu Sufyon ibn Harbni musulmon qoʻshinlarining Makka tomon yurishini aniq koʻrinadigan joyda ushlab turishni buyuradi. Bu ish Abu Sufyonning musulmon askarlarining kuchi va qudratiga guvoh boʻlishi uchun qilingan edi. Musulmon qoʻshinining turli qabilalarining har biri oʻz bayrogʻini koʻtargancha ketayotganini koʻrgan Abu Sufyon ularning kuchi va qudratiga lol qoladi. Nihoyat, muhojirlar (makkalik musulmonlar) va ansorlar (madinalik musulmonlar) boʻlinmalari Muhammad boshchiligida kuchli qurollangan holda oʻtib ketishadi. Abu Sufyon oʻsha odamlar kimlar, deb hayron boʻlganida, Abbos Muhammad va uning sahobalari ekanligini aytadi. Abu Sufyon hech bir qoʻshin qanchalik kuchli boʻlmasin, ularga qarshilik koʻrsata olmasligini aytadi va Abbosga xitob qilib, Muhammadning qoʻshini kata kuchga ega ekanligini aytadi. Abbos esa unga: „Bu paygʻambarlik qudrati“, deya javob beradi[3].

Saʼd ibn Uboda ansorlarning bayrogʻini koʻtarib boradi. U Abu Sufyon ibn Harbning oldidan oʻtib ketayotib, uning bu ulugʻ jangga va Qurayshning magʻlubiyatiga guvoh boʻlishini taʼkidlaydi[3]. Abu Sufyon gʻazablanib, Muhammadga murojaat qiladi[3]. Paygʻambar darhol Saʼdga qoʻlidagi bayrogʻini yechib tashlashini va uni oʻgʻli Qaysga (boshqa rivoyatda az-Zubayrga) berishini buyuradi[3].

Quraysh jangchilarining musulmonlarga qarshi hozirlik koʻrishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abbos ibn Abdulmuttalib Abu Sufyon ibn Harbni Makka tomon shoshilishga va Qurayshni musulmonlarga nisbatan har qanday tajovuzkorlikdan ogohlantirishga undaydi. Oʻsha vaqtda musulmonlarning ittifoqchisi boʻlgan Abu Sufyon bor ovozi bilan qichqiradi va Qurayshga oʻz uyida omonlik izlashini maslahat beradi. Makka ahli uning ustidan kulib, turli tomonlarga tarqalib ketishadi, baʼzilari oʻz uylaridan panoh topishadi, boshqalari Kaʼbaga kirishadi, Ikrima ibn Abu Jahl, Safvon ibn Umayya va Suhayl ibn Amr boshchiligidagi baʼzi kishilar esa Xandama degan joyda musulmonlarga zarar yetkazish maqsadida qarorgoh qurishadi[3].

Makkaga kirish

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Musulmonlar farishtalar bilan Siyari Nabiyda Makkaga kiradilar

Muhammad Makkaga bostirib kirish uchun harbiy jihatdan soʻnggi tayyorgarlikni koʻradi. Xolid ibn Valid qoʻshinning oʻng qanotiga boshliq etib tayinlanadi, uning qoʻmondonligi ostidagi Aslam, Sulaym, Gʻifor, Muzayna va Juhayna qabilalari Makkaga uning quyi hududlari orqali kirishi rejalashtiriladi. Zubayr ibn Avvom chap qanotga boshchilik qilib, yuqori tomondan Makkaga bostirib kirishi kerak boʻladi. Abu Ubayda ibn Jarrohga piyoda qoʻshinlari qoʻmondonligi beriladi va yon vodiydan shaharga kirib borish buyuriladi. Askarlarga to oʻzlariga qarshi hujum qilinganida himoyalanish zaruriyati tugʻilmaguncha dushmanni oʻldirmaslik, har qanday tajovuzkor yurishlarni yoʻq qilish va duch keladigan qarshiliklarni bostirish haqida aniq va qatʼiy buyruq beriladi[3].

Musulmon qoʻshinlari oʻzlariga yuklangan vazifalarni aniq va muvaffaqiyatli bajaradilar. Xolid ibn Valid shaharga samarali ravishda borib, jangga kirishadi, natijada 12 dushman jangchisi halok boʻladi, oʻzlarining esa 2 nafar askari shahid boʻladi. Zubayr ibn Avvom belgilangan manzilga yetib kelib, u yerda Fath masjidiga bayroq oʻrnatadi va Muhammadning kelishini kutadi. Unga chodir oʻrnatilib, u yerda duo oʻqiydilar[3].

Musulmonlarning butlarni buzishi

Muhammadning Kaʼbaga kirishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muhammad ansorlar va muhojirlar hamrohligida Kaʼba tomon yoʻl oladi. Kaʼba oʻsha vaqtda 360 ta butlar bilan toʻldirilgan edi[3][8]. Muhammad Qur’on oyatini tilovat qilib, kamon bilan barcha butlarni yiqitadi.

Bu harakat mushrik amallardan voz kechish va Islom taʼlimotiga muvofiq Kaʼbani yolgʻiz Allohga ibodat qilish uchun qaytarib olish ramzi boʻlgani bilan ahamiyatli edi. Ushbu voqea Islom eʼtiqodining qaror topishi va tavhidning yoyilishidagi asosiy bosqich sanaladi.

Muhammadning Kaʼbada namoz oʻqishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shundan soʻng Muhammad Kaʼbaga kirib, uning devorlari boʻylab aylanib chiqadi[3][9]. U Quraysh ahliga yuzlanib, Islomni qabul qilishini, Alohdan oʻzga iloh yoʻqligini aytib, ularni iymonga chaqiradi[10][11].

Bilol ibn Rabohning Kaʼbada azon oʻqishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Bilolning azon aytishi

Namoz vaqti yaqinlashganida, Bilol ibn Raboh Kaʼbaga koʻtarilib, azon aytadi. Bu vaqtda hovlida Abu Sufyon ibn Harb, Itob ibn Usayd va al-Horis ibn Hishom bor edi. Itob Alloh taolo uning otasi Usaydni bunday soʻzlarni eshitishiga yoʻl qoʻymaganini taʼkidlaydi. Shunda Muhammad ularning oldiga yaqinlashib, ularning suhbatidan ilohiy vahiy orqali xabar topganini aytadi. Al-Horis va Itob bundan hayron boʻlib, darhol Islomni qabul qilishadi[3].

Oʻsha kuni Muhammad Ummu Honiyning uyiga tashrif buyuradi va u yerda tahorat qilib, duo oʻqiydi[3].

Muhammad qoʻshinining Makkada Islomdan oldingi taʼsirlarni yoʻq qilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Fathdan soʻng, Muhammad Islomdan oldingi amaliyotlardan qolgan izlarini darhol yoʻq qilishga kirishadi:

  1. Hijriy 8-yilning ramazon oyida Muhammad Xolid ibn Validni Naxla deb nomlanuvchi joyga yuboradi, u yerda Quraysh va Kinona qabilalari al-Uzzo deb nomlanuvchi va Bani Shayba vakillari tomonidan qoʻriqlanadigan maʼbud bor edi. Xolid 30 otliq bilan u yerga yetib keladi va uni vayron qiladi. Qaytib kelgach, Muhammad u yerda nima koʻrganini soʻraydi. Keyin Xolid oʻsha joyga qaytib keladi va u yerda yalangʻoch va sochlari taralgan Habash ayolini koʻradi. Uni qilich bilan urib, ikkiga boʻlib tashlaydi. Keyin qaytib keladi va Muhammadga voqeani aytib beradi[3].
  2. Oʻsha oyning oʻzida Muhammad Amr ibn al-Osni Huzayl qabilasi[12] hurmat qiladigan va Makkadan 3 kilometr uzoqlikda joylashgan Suva deb nomlanuvchi boshqa bir butni yoʻq qilish uchun yuboradi. Butning qoʻriqchisi Amr ibn al-Osni soʻroq qilganida, u Muhammad butni yoʻq qilishni buyurganligini aytadi. Qoʻriqchi Amrni bu ishni qila olmasligidan ogohlantiradi. Shunga qaramay, Amr butni yoʻq qilishga muvaffaq boʻladi. U qutini sindirib, ichi boʻm-boʻsh ekanligini koʻrsatadi. Qoʻriqchi shu zahotiyoq Islomni qabul qiladi[3].
  3. Xuddi shu oyda Muhammad Saʼd ibn Zayd al-Ashhaliyni ham al-Mashallolga, Avs va-Xazraj qabilalari sigʻinadigan Manot ismli butni yoʻq qilish uchun yuboradi. Saʼd manzilga yetib kelgach, yalangʻoch va sochlari taralgan, yigʻlab, koʻksini urayotgan yana bir Habash ayoliga duch keldi. Darhol uni oʻldiradi, butni yoʻq qiladi va yaqin atrofdagi qutini sindiradi, lekin bu qutining ham ichidan hech narsa chiqmaydi. U vazifani yakunlab Muhammadning yoniga qaytib keladi[3].
  4. Hijriy 8-yilda Muhammad Xolid ibn Valid boshchiligida ansor, muhojir va Banu Salim qabilalarining 350 nafar otliqlarini Islomga daʼvat qilish uchun Banu Huzayma badaviylari joylashgan hududga yuboradi. U Xolidga oʻz vazifasini tinch yoʻl bilan bajarishni buyuradi. Biroq u yerdagilarning harakati tufayli Xolid oʻz odamlariga ularni oʻldirishni va qolganlarini asirga olishni buyuradi. Qon toʻkilganligi haqidagi xabar Muhammadga yetib keladi va paygʻambar qattiq qaygʻuga tushadi[13]. Hazrati Ali zulm koʻrgan qabilalarga tovon toʻlash uchun yuboriladi. Ali zarar koʻrganlarga qon puli toʻlaydi, tovonning qolgan qismini qavm aʼzolari oʻrtasida taqsimlab beradi. Muhammad Xolidning yomon xulq-atvori va Abdurahmon ibn Avf bilan janjallashgani uchun ham undan gʻazablanib, unga janjalni toʻxtatishni buyuradi[3].
Qadimgi manbalarda berilgan sanalarning oʻzgarishi
Asosiy manba Makkaga joʻnab ketish sanasi Makkaga kirish sanasi Iqtibos
Ibrohim Hijriy 8-yil ramazon oyining 10-kuni [14]
Abu Said al-Xudriy Hijriy 8-yil ramazon oyining 2-kuni Hijriy 8-yilning ramazon oyi 17 yoki 18-kuni [15]
Al-Hakam Hijriy 8-yil ramazon oyining 6-kuni [16]
Ibn Abbos, Tabariy Hijriy 8-yilning ramazon oyi 10-kuni [17]
Ibn Isʼhoq Hijriy 8-yilning ramazon oyi 20-kuni [18]
Voqidiy Hijriy 8-yilning ramazon oyi 10-kuni chorshanba [19]
Ibn Saʼd Hijriy 8-yilning ramazon oyi 10-kuni chorshanba Hijriy 8-yilning ramazon oyi 19-kuni juma [20][21]
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 F. R. Shaikh, Chronology of Prophetic Events, Ta-Ha Publishers Ltd., London, 2001 pp. 3, 72, 134–136.
  2. Gabriel, Richard A. (2014), Muhammad: Islam's First Great General, University of Oklahoma Press, 167, 176-bet, ISBN 9780806182506
  3. 3,00 3,01 3,02 3,03 3,04 3,05 3,06 3,07 3,08 3,09 3,10 3,11 3,12 3,13 3,14 3,15 3,16 3,17 3,18 3,19 3,20 3,21 3,22 3,23 3,24 3,25 3,26 3,27 3,28 3,29 3,30 3,31 3,32 Al-Mubarakpuri, Safi-ur-Rahman. The Sealed Nectar(Ar-Raheeq Al-Makhtum). Al-Madinah Al-Munawwarrah, Saudi Arabia: Darussalam, 2008 — 458-bet. ISBN 978-9960899558. Qaraldi: 2021-yil 28-dekabr. Al-Mubarakpuri, Safi-ur-Rahman (2008).
  4. Muhammad ibn ‘Umar-al-Waqidi, Kitab al-Maghazi (Beirut: Muassassat al-‘Alami, 1989), Vol.
  5. „Zad al-Ma'ad (Provisions Of The Afterlife) in English“.
  6. „Sahih al-Bukhari 1944 – Fasting – كتاب الصوم – Sunnah.com – Sayings and Teachings of Prophet Muhammad (صلى الله عليه و سلم)“. sunnah.com. Qaraldi: 2023-yil 14-yanvar.
  7. Sahih al-Bukhari 4280 – Military Expeditions led by the Prophet (pbuh) (Al-Maghaazi) – كتاب المغازى – Sunnah.com – Sayings and Teachings of Prophet Muhammad (صلى الله عليه و سلم)
  8. „Sahih al-Bukhari 4287 – Military Expeditions led by the Prophet (pbuh) (Al-Maghaazi) – كتاب المغازى – Sunnah.com – Sayings and Teachings of Prophet Muhammad (صلى الله عليه و سلم)“. sunnah.com. Qaraldi: 2023-yil 14-yanvar.
  9. „Sunan an-Nasa'i 4792 – The Book of Oaths (qasamah), Retaliation and Blood Money – كتاب القسامة – Sunnah.com – Sayings and Teachings of Prophet Muhammad (صلى الله عليه و سلم)“. sunnah.com. Qaraldi: 2023-yil 14-yanvar.
  10. Al-Mubarakpuri, Safi-ur-Rahman. The Sealed Nectar(Ar-Raheeq Al-Makhtum). Al-Madinah Al-Munawwarrah, Saudi Arabia: Darussalam, 2008 — 458-bet. ISBN 978-9960899558. Qaraldi: 2021-yil 28-dekabr. 
  11. „Sunan Abi Dawud 4547 – Types of Blood-Wit (Kitab Al-Diyat) – كتاب الديات – Sunnah.com – Sayings and Teachings of Prophet Muhammad (صلى الله عليه و سلم)“. sunnah.com. Qaraldi: 2023-yil 14-yanvar.
  12. „Sahih al-Bukhari 4920 – Prophetic Commentary on the Qur'an (Tafseer of the Prophet (pbuh)) – كتاب التفسير – Sunnah.com – Sayings and Teachings of Prophet Muhammad (صلى الله عليه و سلم)“. sunnah.com. Qaraldi: 2023-yil 20-yanvar.
  13. „Mishkat al-Masabih 3976 – Jihad – كتاب الجهاد – Sunnah.com – Sayings and Teachings of Prophet Muhammad (صلى الله عليه و سلم)“. sunnah.com. Qaraldi: 2023-yil 20-yanvar.
  14. Cited in F. R. Shaikh, Chronology of Prophetic Events pages 72 and 82 as footnote 158:

    Ibn Sa'd, Kitab at-Tabaqat al-Kabir, 2-jild, Moinul Haq, S. tomonidan tarjima qilingan, New Delhi, 172-bet
  15. Cited in F. R. Shaikh, Chronology of Prophetic Events pages 72 and 82 as footnote 159:

    Ibn Sa'd, Kitab at-Tabaqat al-Kabir, 2-jild, Moinul Haq, S. tomonidan tarjima qilingan, New Delhi, 171-bet
  16. Cited in F. R. Shaikh, Chronology of Prophetic Events pages 72 and 82 as footnote 160:

    Ibn Sa'd, Kitab at-Tabaqat al-Kabir, 2-jild, Moinul Haq, S. tomonidan tarjima qilingan, New Delhi, 177-bet
  17. Cited in F. R. Shaikh, Chronology of Prophetic Events pages 72 and 82 as footnote 161:

    Ibn Hisham, As-Sirah an-Nabawiyyah, 2-jild, 473-bet
  18. Cited in F. R. Shaikh, Chronology of Prophetic Events pages 72 and 82 as footnote 162:

    Ibn Hisham, As-Sirah an-Nabawiyyah, 2-jild, 522-bet
  19. Cited in F. R. Shaikh, Chronology of Prophetic Events pages 72 and 82 as footnote 163:

    Ishaqun Nabi Alvi (August 1964), „?“, Burhan, 92-bet (Burhan was an Urdu-language magazine.)
  20. Cited in F. R. Shaikh, Chronology of Prophetic Events pages 72 and 82 as footnote 164:

    Ibn Sa'd, Kitab at-Tabaqat al-Kabir, 2-jild, Moinul Haq, S. tomonidan tarjima qilingan, New Delhi, 167-bet
  21. Cited in F. R. Shaikh, Chronology of Prophetic Events pages 72 and 82 as footnote 165:

    Ibn Sa'd, Kitab at-Tabaqat al-Kabir, 2-jild, Moinul Haq, S. tomonidan tarjima qilingan, New Delhi, 170-bet