Left 4 Dead 2
Left 4 Dead 2 | |
---|---|
Ishlab chiqaruvchi | Valve |
Nashir etuvchi | Valve |
Chiqarilgan sana | |
Geymdizayner | Michael Booth |
Ssenariy muallifi | Chet Faliszek |
Bastakor | Mike Morasky |
Oʻyin seriyasi | Left 4 Dead |
Janr | Birinchi shaxs otishmasi, qoʻrquvda tirik qolish |
Platformalar | |
Yuritkich | Source |
Oʻyin rejimlari | Yolgʻiz oʻyinchili, koʻp oʻyinchili |
Boshqaruv | klaviatura va sichqoncha yoki geympad |
Oldingi soni | Left 4 Dead |
Left 4 Dead 2 — 2009-yilda Valve tomonidan ishlab chiqarilgan va nashr etilgan birinchi shaxs otishma oʻyini. Turtle Rock Studiosʼning Left 4 Dead (2008) oʻyiniga sikvel va Left 4 Dead seriyasining ikkinchi o‘yinidir. Oʻyin 2009-yil noyabrda Microsoft Windows va Xbox 360 uchun chiqarilgan boʻlsa, 2010-yilning oktyabr oyida Mac OS X va 2013-yilning iyul oyida Linux uchun ommaga taqdim etiladi.
Left 4 Dead 2 oʻyin jarayoni oʻzaro hamkorlik va jamoaviy hamjihatlikka asoslangan boʻlib, Valve’ning xususiy Source yuritkichida yaratilgan. Ushbu yuritkich Left 4 Dead’da ham ishlatilgan. Oʻyin voqea-hodisalari apokaliptik pandemiyadan soʻng yuz beradi. Oʻyinning diqqat markazida toʻrtta tirik qolgan, zararlanganlar deb atalmish tajovuzkor va ogʻir psixozli zombilar oʻrdasiga qarshi kurash olib boradi. Oʻyinda beshta kampaniya mavjud va kampaniyalar boʻlimlarga boʻlingan. Kampaniyadagi boʻlimlar nazorat nuqtasi vazifasini bajaradigan boshpanalar orqali bir-biri bilan bogʻlangan. Bosh maqsad esa har bir kampaniyaning soʻnggi boʻlimidagi qutqaruv nuqtasiga yetish. Oʻyin jarayoni oʻyinchilarning harakatlarini nazorat qiladigan va oʻyin ssenariysini vaziyatga qarab tuzadigan „AI Director 2.0“ tomonidan protsedurali generatsiyalanadi. Boshqa yangi xususiyatlar orasida maxsus zararlanganlarning yangi turlari va sovuq qurollar arsenali mavjud[3].
Oʻyinning jahon premyerasi E3 2009 dagi Microsoft matbuot anjumanida treyleri bilan koʻrinish berdi[4]. Oʻyin chiqarilishidan oldin muqovasidagi tasviri uchun tanqidchi va jamoatchilik tomonidan turli bahs-munozaralarga sabab boʻlgandi. Bunga javoban oʻyin muqovasiga oʻzgartirishlar kiritildi[5][6], biroq Avstraliya ham, Germaniya ham oʻyinni reliz chogʻida baholashdan bosh tortdilar[7]. Shunga qaramay, oʻyin tanqidchilar tomonidan ijobiy sharhlarga ega boʻladi va barcha yaratilgan oʻyinlarning buyuklaridan biri sanaladi.
Mazmuni
[tahrir | manbasini tahrirlash]AQShda nomaʼlum virus epidemiyasi tarqaladi, unga chalinganlarda (Zararlanganlar) quturish alomatlarini keltirib chiqishi bilan birga tanani mutatsiyaga uchratib, odamlarni maxluqlarga aylantiradi. Ikki hafta ichida epidemiya bir necha shtatlarga tarqaldi, hukumat esa zararlangan hududlarda ommaviy evakuatsiyani boshlab, favqulodda choralar koʻradi. Toʻrtta bosh qahramon (Tirik qolganlar) boshqalar bilan evakuatsiya qilinishga ulgurolmay qolishadi va endi qutqarilish uchun Zararlanganlar oʻrdasidan oʻtib yoʻl topishlariga toʻgʻri keladi. Oʻyin oʻn toʻrtta kampaniyadan tashkil topgan. Ularning oltitasi birinchi qismdagi kampaniyalar boʻlib, oʻsha qismdagi qahramonlarning hikoyasini soʻzlaydi („Mehr yoʻq“, „Toʻqnashuvli parvoz“, „Soʻnggi kurash“, „Oʻlim jarangi“, „Oʻlik havo“, „Qonli hosil“ va „Qurbonlik“). Yana oltita kampaniya esa yangi tirik qolganlar toʻrtligiga bagʻishlangan boʻlib, voqea-hodisalari AQShning janubida, Savannadan boshlanib, Yangi Orleangacha boʻlib oʻtadi. Oʻn uchinchi kampaniya boʻlmish „Sovuq oqim“, hamjamiyat tomonidan yaratilgan va oʻyinning syujeti bilan umuman bogʻliqlik yeri yoʻq. Oʻn toʻrtinchi kampaniya „Soʻnggi kurash“ 2020-yilning 24-sentyabrida qoʻshilgan boʻlib, birinchi qismning Tirik qolish rejimidagi yagona xarita, „Mayoq“ning alternativ tugashini soʻzlab beradi.
Kampaniyalarning nomi:
- Dead Center (oʻzb. Oʻlik markaz)
Oʻyindagi birinchi kampaniyaning voqea-hodisalari Savanna shahridagi (Jorjiya shtati) The Vannah otelining tomida, evakuatsiya nuqtasidan boshlanadi. Qutqaruv vertalyoti tirik qolganlar yetib kelmasidan oldin uchib ketganligi uchun ular yangi yoʻl izlashga kirishadi. Maslahatlashgandan soʻng, ular mustaqil ravishda eng yaqin evakuatsiya nuqtasiga, savdo markaziga borishga qaror qilishadi. U yerga yetib borgach, tirik qolganlar hech kimni topa olishmaydi, chunki barcha hodimlar oʻlib boʻlishgandi. Shunda ular mehmonxonada koʻrgan stendlaridan Yangi Orleanda evakuatsiya nuqtasi borligini bilib olishadi va oʻsha yerga otlanishadi. Transport vositasi oʻlaroq esa Jimmy Gibbs Jr.ʼning poyga mashinasini tanlashadi (toʻqima poygachi).
- The Passing (oʻzb. Oʻtish)
Ikkinchi kampaniyada tirik qolganlar vertikal koʻtarilgan koʻprikdan mashinada qanday oʻtishni rejalashtirayotgan boʻlishadi. Birinchi qismdagi qahramonlardan biri bosh qahramonlarga koʻprikni narigi tomondagi koʻtarma mexanizm orqali tushirish mumkinligini aytadi. Tirik qolganlar kanalizatsiyadan narigi tomonga oʻtib, koʻprikni quvvat bilan taʼminlovchi dizelli generatorgacha yetib borishadi, lekin uning ichi boʻsh boʻladi. Left 4 Deadʼdagi personajlarning panasi ostida tirik qolganlar generatorga yonilgʻi quyishadi va koʻprikni tushirib, Jimmy Gibbs Jr.ʼning mashinasida yoʻlda davom etishadi.
- Dark Carnival (oʻzb. Qorongʻi karnaval)
Uchinchi kampaniya avtomagistralda boshlanadi, u yerda tashlandiq mashinalar bilan yuzaga kelgan tirbandlik sababli tirik qolganlar transport vositasini tashlab ketishga majbur boʻlishadi. Tirik qolganlar Whispering Oaks koʻngilochar bogʻidan oʻtib, Midnight Ridersʼning (toʻqima musiqa guruhi) konserti boʻlishi kerak boʻlgan sahnaga chiqishadi. Tirik qolganlar sahnadagi chiroqlarni yoqib mushakbozlik uyushtirish va fonogramma ijro etish orqali vertolyot eʼtiborini tortishadi va unda joʻnab ketishadi.
- Swamp Fever (oʻzb. Botqoq isitmasi)
- Hard Rain (oʻzb. Dahshatli yomgʻir)
- The Parish (oʻzb. Cherkov)
- Cold Stream (oʻzb. Sovuq oqim)
Oʻyin jarayoni
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻtmishdoshi kabi, Left 4 Dead 2 — birinchi shaxs otishmasi boʻlib, qoʻshma oʻyinga katta urgʻu beradi. Oʻyin beshta yangi kampaniyani taqdim etadi, ularning har biri uchtadan beshtagacha boʻlimlarni ichiga olgan. Birinchi oʻyinda boʻlgani kabi, har bir kampaniya menyu va yuklash ekranlarida huddi filmlardagidek toʻrtta „Tirik qolganlar“ning tasviri koʻrsatiladi. Kampaniya tugatilgandan so‘ng esa oʻyinchilarning yakuniy statistikalari filmlardagi titrlarda boʻlgani kabi pastdan yuqoriga qarab yozib oʻtiladi. Kampaniyalardagi deyarli barcha boʻlimlarda tirik qolganlar boshpanaga yetib borib, ichkari xavfsiz boʻlishi bilanoq, eshikni yopishlari kerak. Faqatgina kampaniyalarning soʻnggi boʻlimida tirik qolganlar qutqaruvchilar bilan bogʻlanib, ular yetib kelgunga qadar zararlanganlar oʻrdasining hujumlariga qarshi turishi yoki ular orasidan oʻtib, oʻzlari qutqaruv transportigacha yetib borishi kerak. „Oʻlik markaz“ va „Oʻtish“ kampaniyalarida esa tirik qolganlar yonilgʻi kanistrlarni yigʻib foydalangan holda qochishlari shart boʻladi.
Qurol-yarogʻ va buyumlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻyinda besh xil toifadagi yarogʻlar mavjud. Har bir tirik qolgan bitta toifadan bitta yarogʻ olib yuroladi, bular — asosiy qurol, yordamchi qurol, uloqtiriladigan qurol, asosiy tibbiy vositalar (yoki maxsus taʼsirga ega oʻq-dorilar) va ikkilamchi tibbiy vositalar. Asosiy qurollar kamyobligi va xususiyatlariga qarab toʻrt darajaga boʻlingan[8]. Birinchi darajali qurollar (masalan, toʻpponcha-pulemyot va xromli sochma miltiq) nisbatan sekin shikast yetkazadi va asosiy hujum quroli oʻlaroq xizmat qiladi. Ikkinchi darajali qurollar (masalan, avtomat va jangovar miltiq) tezroq shikast yetkazadi va koʻpincha boʻlimning soʻnggi xaritalarida paydo boʻla boshlaydi. Uchinchi darajali qurollarning ikkitasi (Granataotar va M60) kamyobligi bilan birinchi va ikkinchi darajali qurollardan ajralib turadi. Yana bir farq qiladigan tomoni shundaki, oʻyinchilar bu darajadagi qurollarni oʻq-dori qutilaridan oʻqlay olishmaydi. Cheklangan oʻq-dori hisobiga ular tezkor shikast yetkaza oladi. Toʻrtinchi darajali qurollar oʻrnatma tizimli qurollar boʻlib, ularni joyidan qoʻzgʻatib boʻlmaydi. Oʻrnatma qurollarning oʻq-dorilari cheklanmagan, shikast yetkazish tezligi boʻyicha esa oʻyindagi eng yuqori. Biroq bunday quroldan maʼlum muddat davomida uzluksiz oʻt ochish tez qizib ketishga olib keladi. Uning yana bir kamchilik tomoni orqadan keladigan dushmanlarga oʻt ochib boʻlmasligida. Oʻrnatma qurollar xaritalarga avvaldan oʻrnatiladi va otish tumshugʻi biror bir tomonga mahkamlab qoʻyiladi. Ularni boshqa qurollarda boʻlgani singari maxsus taʼsirga ega oʻq-dorilar bilan oʻqlab boʻlmaydi. Lazerli moʻljallarni ham bunday qurollarga oʻrnatib ishlatishning imkoni yoʻq. Yordamchi qurollarning uch xil turi bor: sovuq qurollar, kichik kalibrli toʻpponchalar (ikki qoʻlda ikkitasini olib yurish mumkin) va katta kalibrli toʻpponchalar. Tirik qolganlar istalgan toifadagi qurol yoki buyumlar bilan zararlanganlarni urishi yoki nari itarishlari mumkin, lekin zararlanganlarga sovuq qurol bilan urilsa, qoʻshimcha miqdorda katta shikast yetkaziladi. Shu bilan birga, oʻyinchilar qorongʻida koʻrish imkonini beruvchi cheksiz quvvatli fonarcha ham olib yurolishadi (yomon tomoni, oʻyinchi zararlanganlar eʼtiborini tez tortadi). Shuningdek, tirik qolganlar asosiy tibbiy vositalar katagida bitta tibbiy toʻplam, maxsus oʻq-dorilar komplekti yoki defibrillyator olib yurishlari mumkin boʻlsa, ikkilamchi tibbiy vositalar katagida bir doza adrenalin yoki ogʻriqsizlantiruvchi dori olib yurolishadi. Bundan tashqari, uloqtiriladigan qurollar ham mavjud — tevarak atrofni oʻtga berish uchun Molotov kokteyli; yon tevarakdagi zararlanganlarni lipillovchi chiroq va tovush orqali oʻziga jalb etib portlatib yuboradigan quvursimon bomba[9]; va tekkan narsasiga (oʻt, maxsus zararlanganlar, bir-birlari va h.k.) oddiy zararlanganlarni jalb etuvchi Baqaloqning qusugʻi bilan toʻldirilgan banka[10].
Oʻyin rejimlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Left 4 Dead 2 beshta asosiy oʻyin rejimini taqdim etadi:
- Kampaniya: toʻrttagacha inson oʻyinchilar kampaniya boʻlimlarini oʻtish uchun zararlanganlarga qarshi kurashadi; Inson tomonidan boshqarilmaydigan tirik qolganlar esa kompyuter tomonidan boshqariladi.
- Yolgʻiz oʻyinchili rejim boshqa inson oʻyinchilarsiz, faqat bitta oʻyinchining bir oʻzi oʻynashiga imkon beradi, qolgan uchta jamoadosh tirik qolganlar esa kompyuter tomonidan boshqariladi.
- Olishuv:toʻrttagacha inson oʻyinchilar turli xil maxsus zararlanganlarni boshqaruvga olib, boshqa toʻrtta inson oʻyinchilardan iborat tirik qolganlar guruhining bosqichni tugallashiga toʻsqinlik qilishadi. Maxsus zararlanganlar jamoasining oʻyinchilari Jodugar yoki oddiy zararlanganlarni boshqara olmaydi. Vaqti-vaqti bilan maxsus zararlanganlar jamoasining eng koʻp ochko ishlagan aʼzosi Tankka aylantiriladi. Ikkala jamoa har bir boʻlimni galma-galdan oʻrin almashgan holda, bir marta maxsus zararlangan va bir marta tirik qolgan sifatida oʻtkazishadi. Qaysi jamoa tirik qolgan sifatida eng uzoq yoʻl bosib oʻtsa yoki eng koʻp oʻyinchisi boshpanagacha yetib borsa oʻsha tomon yutadi. Maxsus zararlanganlar jamoasidan kimdir oʻldirilsa, biroz muddat oʻtgach, u yana oʻyinga jonlanib qayta oladi.
- Tirik qolish: vaqtga asoslangan sinov rejimi. Tirik qolganlar kampaniyadagi xaritalarning bir qismida tuzoqqa tushib qolishadi va endi ular cheksiz zararlanganlar oʻrdasining siquvidan iloji boricha uzoqroq tirik qolishga urinishadi. „AI rejissyor“ vaqt oʻtishi bilan oʻyinga yanada koʻproq va pishiqroq zararlanganlarni qoʻshgan holda, oʻyinni qiyinlashtirib boraveradi. Bu rejimda yutishning iloji yoʻq. Bosh maqsad — imkon boricha uzoqroq jon saqlash.
- Yigʻim: yangi 4 ga 4 rejim boʻlib, unda tirik qolganlar xarita boʻylab yoyib chiqilgan yonilgʻi kanistrlarini yigʻib generatorni oʻt oldirishlari kerak. Qolgan toʻrtta oʻyinchidan iborat Maxsus zararlanganlar jamoasining vazifasi esa ularni toʻxtatish[11].
Left 4 Dead 2ʼda Realizm deb ataladigan rejim ham boʻlib, uni olishuv rejimida ham, kampaniya rejimida ham istalgan qiyinlik darajasida ishga tushirish mumkin. Ushbu rejim oʻyin jarayonining bir qancha jihatlarini olib tashlaydi: tirik qolganlar bir-birlarining siluetlarini koʻra olishmaydi, oʻlgan jamoadoshlarni esa faqatgina defibrillyator yordamida hayotga qaytarish mumkin[12]. Qurollar va boshqa buyumlar boʻlsa, oʻyinchi bir necha metrga yaqin turganidagina yonib turadi. Bu esa bosqichlarni sinchkovlik bilan tintishga majburlaydi. Dushmanlarning boshiga otish boshqa tana qismlariga otishdan koʻra koʻproq shikast yetkazadi[13]. Odatda oʻyinchilarni faqat yerga qulatishi mumkin boʻlgan Jodugar endi bitta zarba bilan oʻldira oladi(oson qiyinlik darajasidan tashqari). Rejim oʻyinchilarni hamjihatlikda va oʻzaro ovozli muloqotda oʻynashga majbur qilish uchun tuzilgan[12].
Vanihoyat, oʻyinning soʻnggi versiyalarida 30 tacha variatsiyani ichiga olgan „Mutatsiya“ tanlovi bor: baʼzilari yolgʻiz oʻyinchili, baʼzilari koʻp oʻyinchili (oxirdagilarining baʼzilar esa qoʻshma oʻyin, olishuv yoki unisiyam bunisiyam).
Bosh qahramonlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻyinning toʻrtta bosh qahramoni bor: Coach, Nick, Rochelle va Ellis.
- Coach (oʻzb. Murabbiy) — Savannadan boʻlgan 44 yashar afroamerikalik. Qachonlardir u kollej futbol jamoasining katta umidli himoyachisi edi, biroq tizzasidan olgan jarohati uning faoliyatiga nuqta qoʻyadi. Endi u maktabda jismoniy tarbiya oʻqituvchisi boʻlib ishlaydi, shokoladga boʻlgan muhabbati tufayli ideal jismoniy holatidan ham chiqib ketgan. Barcha yaqinlari va tanishlari uni Murabbiy deb chaqirishadi, uning oʻzi ham bunga koʻnikib ketgan. Shuning uchun, boshqa tirik qolganlar bilan uchrashganda, u oʻzining haqiqiy ismini aytmay, taxallusi bilan chaqirishni soʻraydi. Oʻzining haybatli koʻrinishiga qaramay, Murabbiy judayam xushchaqchaq va doʻstonadir. U katolik boʻlib, Bibliyadan iqtiboslar keltirishni yoqtiradi. Murabbiy toʻrtta bosh qahramonning eng yoshi kattasi boʻlgani uchun yangi doʻstlari orasida norasmiy yetakchi sanaladi. U ham Ellisga oʻxshab, Midnight Riders guruhining muxlisi va poyga ishqibozi[14]. Murabbiyning tashqi koʻrinishi Darnell Riceʼdan koʻchirib olingan, ovozni esa Chad L. Coleman bergan[15].
- Nick (oʻzb. Nik) — mukkasidan ketgan kartaboz va mohir firibgar. Yoshi 35, qimmatbaho oq kostyum kiyib yurishni va goʻzal hayotni yaxshi koʻradi. Zombi apokalipsisi boshlanishidan oldin Nik shaharma-shahar sayohat qilib, mahalliy kazinolarda karta oʻynab tirikchilik qilgan. Savanna ham shular qatoridagi vaqtincha hayot kechirish uchun joy edi, ammo epidemiyaning boshlanishi uning barcha rejalarini algʻov-dalov qilib yubordi. Endi u yangi tanishlari qatorida mavjud vaziyatdan chiqish yoʻlini topishga urinmoqda. Nik unchalik ham yoqimli odam emas, u boshqa tirik qolganlarni, ayniqsa ochiq koʻngilli Ellisni bemaʼni hazillar bilan ustidan kulishni yoqtiradi. Bunga qaramay, Nik jamoaning koʻpincha eng aqlli aʼzo sanaladi[16]. Nikning tashqi koʻrinishi Taymour Ghaziʼdan koʻchirib olingan, unga ovozni esa Hugh Dillon beradi[15].
- Rochelle (oʻzb. Roshel) — kelib chiqishi Clevelandʼlik boʻlgan 29 yashar qoratanli qiz. Depeche Mode guruhining aʼzolari va ramzi tushirilgan futbolkada yuradi. Odamlar bilan muloqot qilishni yoqtirganligi sababli, taqdirini jurnalistikaga bogʻlaydi. Muvaffaqiyati uchun Roshelning oʻrnini koʻtarishadi va Savanna shahriga sodir boʻlayotgan gʻalati voqealar haqida maqola yozish uchun joʻnatishadi. Atlantadagi epidemiyaning avj olishi unga yaxshi reportaj olish imkoniyatini berdi va u voqealarni yoritish uchun evakuatsiya markaziga boradi, ammo yuzaga kelgan tartibsizlik uning barcha rejalarini buzib yuboradi. Biroq, Roshel taslim boʻlib, oʻlimini kutadigan odamlardan emas. U qurol topib boshqa tirik qolganlarga qoʻshilib oladi. Roshel ham Frensisdek (birinchi qismdagi qahramon) dunyodagi koʻp narsalarni yomon koʻrishiga qaramay[17], u juda samimiy va doʻstona[18]. Roshelning qiyofasi Shanola Hamptonʼdan koʻchirib olingan, ovozni esa Rochelle Aytes bergan[15].
- Ellis (oʻzb. Ellis) — asli Savannalik koʻngli ochiq, lekin aqlli 23 yashar yigit. U avtoulov ustaxonasida ishlaydi va doʻstlari bilan vaqt oʻtkazishni yaxshi koʻradi. Murabbiy kabi, u ham Midnight Riders guruhining muhlisi va poygalar ishqibozidir. Zombi apokalipsisi boshlanganda, Ellis umuman qoʻrqmadi, aksincha, yaxshi qurollanib olib, zararlanganlarga undan qoʻrqish kerakligini isbotlashga kirishdi. Ellis atrofida yuz berayotgan hamma narsani sharhlab oʻtishni yaxshi koʻradi va koʻpincha nooʻrin paytlarda ham boshqa „Tirik qolganlar“ga doʻsti Keith haqida bemaʼni hikoyalarini soʻzlab beradi. Ellis juda xushchaqchaq va sodda yigit boʻlgani uchun Nik uni tez-tez masxara qilib turadi. „Oʻtish“ kampaniyasida Zoy (birinchi qism qahramoni) bilan uchrashgandan soʻng, Ellis unga oshiq boʻlib qoladi. Bu esa Nikning yana bir karra uni masxara qilishiga sabab boʻldi[19]. Ellisning koʻrinishi Jesy McKinneyʼdan koʻchirib olingan va Eric Ladin tomonidan ovoz berilgan[15].
Oʻyinga The Sacrifice qoʻshimcha kontenti (DLC) chiqarilganidan soʻng, oʻyinchilarda birinchi qismdagi qahramonlar uchun ham oʻynash imkoni yaraldi.
Zararlanganlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Zararlanganlarni zombi deb ham atash mumkin boʻlsa-da, ular baribir mutatsiyali infeksiya yuqtirgan odamlardir. Faqat oʻyinda „Yashil gripp“ deb ataladigan ushbu infeksiyaning na manbasi va na tabiyati koʻrsatilgan. Tirik qolganlar eng koʻp toʻqnash keladigan zararlanganlar bu — oddiy zararlanganlar. Ular yolgʻiz holatda kuchsiz boʻlishi mumkin, biroq ular toʻdalashib oʻrdaga aylanishsa, tirik qolganlarni, ayniqsa jamoasidan uzilib qolganlarni, har tomondan siquvga olib yer bilan yakson qilishadi. Zararlanganlarga shikast yetkazish ancha reallikka yaqin qilib tasvirlangan: oʻqlar va sovuq qurollar terilarni tilishi, baʼzan esa qoʻl-oyoqlarni boʻlib tashlashi mumkin[20]. Left 4 Dead 2ʼning yangi qoʻshimchalaridan biri har bir kampaniya uchun oʻziga xos noodatiy zararlanganlarning qoʻshilishidir. Infeksiya boshlanguniga qadar koʻtarib yurgan yarogʻi va joylashuvining taʼsiri tufayli ular oddiy zararlanganlardan ajralib turadigan qobiliyatlarga ega. Masalan, „Oʻlik markaz“ kampaniyasida himoya kostyumidagi CEDA agentlarini uchratish mumkin, bu esa ularni yongʻinga chidamli qiladi[21]. „Qorongʻi karnaval“ kampaniyasida esa masqarabozlar bor. Ularning chiyildoq oyoq kiyimlari bir qancha oddiy zararlanganlarni jalb qilishi mumkin[22]. „Cherkov“ kampaniyasida maxsus himoya aslahalarida yuruvchi xususiy qoʻriqlash xizmatining zararlangan xodimlarini koʻrish mumkin. Bunday aslahalar ularni old tomondan oʻq oʻtmas qiladi[23][24].
Birinchi oʻyinda boʻlgani singari, bu safar ham oʻyinda maxsus Zararlanganlar qaysidir maʼnoda boss vazifasini oʻtaydi. Mutatsiyaga uchrash oqibatida yuzaga kelgan maxsus qobiliyatlar ularni oʻta xavfli qilib qoʻygan. Har bir maxsus Zararlanganning yaqin orada yurganini bildiruvchi oʻziga xos tovush effekti yoki musiqali signali boʻladi. Birinchi oʻyindagi beshta maxsus Zararlanganlar Left 4 dead 2ʼga qaytadi (baʼzilarining feʼl-atvori va modeli oʻzgartirilgan). Shunday qilib, oʻyinda maxsus Zararlanganlarning 8 xil sinfi mavjud:
- Boomer (oʻzb. Baqaloq) — safro bilan toʻlgan haddan ortiq vaznli Zararlangan. Baqaloq qisqa masofalarga qusa oladi. Uning qusugʻi tirik qolganga tegsa, uni bir muddatga koʻr qilib, boshqa oddiy Zararlanganlarni jalb qila oladi[25]. Oʻlganidan soʻng portlab ketib, tevaragidagi tirik qolganlarga qusugʻini sepib yuboradi.
- Hunter (oʻzb. Ovchi) — tirik qolganlarga uzoq masofadan tashlanib, yerga qulatgan holda oʻlgunga qadar timtalab tashlaydigan epchil Zararlangan erkak[26]. Ovchining changaliga tushgan tirik qolgan jamoadoshining yordamisiz oʻzi mustaqil chiqib keta olmaydi.
- Smoker (oʻzb. Kashanda) — uzoq masofadagi tirik qolganlarni uzun tili bilan tutib, oʻzi tomonga tortgan holda boʻgʻib oʻldiradigan Zararlangan erkak. Kashanda oʻlgandan keyin tirik qolganlarning koʻrishiga xalaqit beruvchi va yoʻtaltiruvchi tutun yuzaga keltiradi[27].
- Tank (oʻzb. Tank) — tirik qolganlarni zarbasi bilan bir necha metrga uloqtirib yuboradigan kuchga ega ulkan, mushakli Zararlangan erkak. Shuningdek, beton boʻlaklari va mashinalarni ham irgʻita oladi[28]. Tirik qolganlar jamoaviy ish koʻrishmas ekan, Tank ularni gʻayriinsoniy kuchi bilan yerga qulatishi va oʻldirishi mumkin[29].
- Witch (oʻzb. Jodugar) — yigʻlab oʻtiradigan Zararlangan ayol. Agar unga tirik qolgan tomonidan shikast yetkazilsa, yorugʻlik tushirilsa, yuqori tovush bilan bezovta qilinsa yoki yoniga yaqinroq borilsa, oʻsha tirik qolganga shu ondayoq hujum qiladi. U tirik qolganni bitta zarba bilan yerga qulatishi yoki hatto oʻldirishi ham mumkin[30]. Left 4 dead 2ʼda Jodugarning ochiq osmon ostida sangʻib yuradigan varianti qoʻshilgan[3][30].
- Charger (oʻzb. Yanchar) — oʻng qoʻli kattalashgan Zararlangan erkak[31]. Katta qoʻli bilan yuqori tezlikda tirik qolganni jamoadoshlaridan uzoqroqqa sudrab olib qochishi va yerga urib oʻldirishi mumkin. Sudrash chogʻida yoʻlidan chiqqan har qanday tirik qolganni zarb bilan karaxt qilib oʻtib ketadi. Yanchar yerga urayotgan tirik qolganni faqatgina boshqa tirik qolgan qutqara oladi[32][33].
- Spitter (oʻzb. Zaharchi) — ogʻzidan oʻt kislotasini tupuradigan Zararlangan ayol. Kislota tupurilgan yerda zaharli koʻlmak yuzaga keladi va unga oyoq bosgan tirik qolganlarning sogʻligʻi yemirila boshlanadi. Oʻlganidan keyin ham zaharli koʻlmak qoldirib ketadi. Tirik qolgan zaharda qanchalik koʻp turib qolsa, shunchalik koʻp sogʻligʻidan ayriladi[34][35].
- Jockey (oʻzb. Jokey) — gavdasi kichik Zararlangan erkak. Tirik qolganlarning yelkasiga sakrab, ularni xavfli yerlarga yoʻnaltiradi (masalan, Zaharchining kislotasiga) va yerga qulatmaguncha boshini tirnayveradi. Jokey changalidagi tirik qolgan oʻzganing yordamisiz qutula olmaydi[36][37][38][39][40].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „News – Left 4 Dead and Left 4 Dead 2 Update Released“. Steam. Valve (2010-yil 5-oktyabr). 2012-yil 17-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 6-oktyabr.
- ↑ „Left 4 Dead 2 Beta is out of Beta!“. Valve (2013-yil 2-iyul). 2013-yil 1-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 6-avgust.
- ↑ 3,0 3,1 Walker, John (2009-06-01). "Left 4 Dead 2: Exclusive RPS Preview". Rock, Paper, Shotgun. Archived from the original on 2012-04-10. https://web.archive.org/web/20120410044955/http://www.rockpapershotgun.com/2009/06/01/left-4-dead-2-exclusive-rps-preview/. Qaraldi: 2009-06-01.Left 4 Dead 2]]
- ↑ „E3 09 Live Game Demos at GameSpot“. GameSpot (2009-yil 2-iyun). 2011-yil 11-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2009-yil 2-iyun.
- ↑ Reilly, Jim „ESRB Made Valve Change Left 4 Dead 2 Cover“. IGN (2009-yil 17-iyun). 2021-yil 18-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 7-sentyabr.
- ↑ Pigna, Kris „Valve Changed Left 4 Dead 2 Cover to Appease ESRB“. 1UP.com (2009-yil 17-iyun). 2012-yil 6-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2009-yil 17-iyun.
- ↑ Ramadge, Andrew. „Left 4 Dead 2 refused classification in Australia“. news.com.au. News.com.au (2009-yil 17-sentyabr). 2011-yil 27-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2009-yil 17-sentyabr.
- ↑ Ocampo, Jason „Left 4 Dead 1 & 2 Compared“. IGN (2009-yil 9-iyul). 2009-yil 15-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2009-yil 25-sentyabr.
- ↑ Valve. Left 4 Dead 2, 2.1.0.7, Valve. „Ellis: [throwing a pipe bomb] Hey! Chase this!“
- ↑ Valve. Left 4 Dead 2, 2.1.0.7, Valve. „Nick: [throwing Boomer bile] Puke in the hole! [or] Fight amongst yourselves!“
- ↑ Faylor, Chris „Left 4 Dead 2's New Multiplayer Mode Revealed“. Shacknews (2009-yil 7-oktyabr). 2009-yil 10-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2009-yil 7-oktyabr.
- ↑ 12,0 12,1 „EG Expo 2009 Developer Sessions: Left 4 Dead 2 Q&A“ (Flash video). Eurogamer (2009-yil 3-noyabr). 2009-yil 5-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2009-yil 3-noyabr.
- ↑ „Left 4 Dead 2's Realism Mode Is For True Players“. ScreenRant (2020-yil 15-may).
- ↑ „Murabbiyning tavsifi“ (en). 2012-yil 1-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 14-iyun.
- ↑ 15,0 15,1 15,2 15,3 „Bosh qahramonlarga ovoz berganlar“ (en). 2012-yil 1-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 14-iyun.
- ↑ „Nikning tavsifi“ (en). 2012-yil 1-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 14-iyun.
- ↑ „Left 4 Dead 2 - The Passing - Official promo“ (en). 2013-yil 22-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 28-may.
- ↑ „Rosshelning tavsifi“ (en). 2012-yil 1-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 14-iyun.
- ↑ „Ellisning tavsifi“ (en). 2012-yil 1-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 14-iyun.
- ↑ McInnis, Shaun „Left 4 Dead 2 Updated Hands-On Impressions“. Gamestop (2009-yil 5-sentyabr). 2009-yil 8-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2009-yil 7-sentyabr.
- ↑ Valve. Left 4 Dead 2, 2.1.0.7, Valve. „Nick: [when the group encounters Hazmat Infected] Are those guys fireproof?“
- ↑ Valve. Left 4 Dead 2, 2.1.0.7, Valve. „Coach: [when the group encounters Clown Infected] That clown's attractin' zombies!“
- ↑ Valve. Left 4 Dead 2, 2.1.0.7, Valve. „Coach: [when the group encounters Riot Infected] That zombie's got armor! I want armor! / Rochelle: Spin 'em around and shoot 'em in the back!“
- ↑ McWhertor, Michael „Left 4 Dead 2 Has Bulletproof Zombies Too“. Kotaku (2008-yil 27-iyul). 2009-yil 27-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2009-yil 7-sentyabr.
- ↑ Valve. Left 4 Dead 2, 2.1.0.7, Valve. „Coach: [hit by Boomer bile] Augh, shit! (or) What the - ?! (or) Blargh, dammit! / Nick: [hit by Boomer bile] I'm blind! (or) Ugh, dammit. I am covered in vomit...again.“
- ↑ Valve. Left 4 Dead 2, 2.1.0.7, Valve. „Ellis: [when attacked by Hunter] Get him – OFF! (or) GET HIM OFF ME, DAMN IT!“
- ↑ Valve. Left 4 Dead 2, 2.1.0.7, Valve. „Coach: [when a Smoker "grabs" him] Hey! Where'm I gettin' dragged off to?! [...] / Nick: [choked by a Smoker] Shoot the tongue, shoot the tongue—! [...] / All Survivors: [coughing from smoke]“
- ↑ Valve. Left 4 Dead 2, 2.1.0.7, Valve. „Ellis: [when the group encounters a Tank] Tank! Run! No, no, no, don't run—SHOOOOT! / Nick: [reloading during a Tank battle] Everyone shoot the Tank!“
- ↑ Valve. Left 4 Dead 2, 2.1.0.7, Valve. „Coach: [incapacitated and being attacked by the Tank] Can't y'all see this thing's beatin' the shit outta me?! (or) HEY! In case y'all didn't see it, I got a TANK on me!“
- ↑ 30,0 30,1 „Left 4 Dead Guide“. Valve. 2008-yil 8-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2008-yil 12-dekabr.„Left 4 Dead Guide“ (2014-yil dekabr). 2014-yil 23-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 23-dekabr.
- ↑ Valve. Left 4 Dead 2, 2.1.0.7, Valve. „Nick: [when the group sees a Charger] One Arm! / Ellis: Hey, watch out, man! That thing charges!“
- ↑ Valve. Left 4 Dead 2, 2.1.0.7, Valve. „Ellis: [while being pounded by a Charger] Aw hell, it's poundin me to death! / Nick: [while being pounded by a Charger] Shoot the big guy poundin' me into the ground!“
- ↑ „Left 4 Dead 2 - The Charger“. L4d.com. 2013-yil 6-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 26-iyul.
- ↑ Valve. Left 4 Dead 2, 2.1.0.7, Valve. „Coach: [when gooed by a Spitter] Burnin' goo! / Ellis: [when gooed by a Spitter] Goddamn GOO! (or) What the hell...? Spittin' fire?! / Nick: [when gooed by a Spitter] I got hit by the burning goo shit! (or) Let's get outta the goo! / Rochelle: [when gooed by a Spitter] OW! Move! / Ellis: Yo, somebody's gotta kill that zombie spittin' shit!“
- ↑ „Left 4 Dead 2 - The Spitter“. L4d.com. 2013-yil 6-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 26-iyul.
- ↑ Valve. Left 4 Dead 2, 2.1.0.7, Valve. „Ellis: [when a Jockey rides him] Get this off my back! (or) This thing is ridin' me! / Rochelle: [when a Jockey rides her] I can't see! This thing is on me!“
- ↑ „Left 4 Dead 2 - The Jockey“. L4d.com. 2012-yil 12-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 26-iyul.
- ↑ McWhertor, Michael „Left 4 Dead 2 "Swamp Fever" Hands-On Impressions“. Kotaku. 2009-yil 26-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2009-yil 24-iyul.
- ↑ Totilo, Stephen „Left 4 Dead 2 Impressions: Jockeys and Swords“. Kotaku (2009-yil 5-sentyabr). 2009-yil 26-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2009-yil 30-sentyabr.
- ↑ Hicks, Jon (2009-08-06). "Left 4 Dead 2". Official Xbox Magazine UK (Future Publishing) (50): 30–35.