Kontent qismiga oʻtish

Bibliya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bibliya (yun. Biblia – kitoblar) – yahudiylik va xristianlikda muqaddas hisoblangan diniy kitoblar va risolalar majmuasi. Bibliya ikki asosiy qismga – Qadimgi ahd va Yangi ahdga boʻlinadi. „Ahd“ soʻzi xudoning insonlar bilan maxsus aloqasini ifodalaydi. Qadimgi ahd yahudiylikda ham, xristianlikda ham muqaddas sanaladigan va eng qadimgi davrlarda yaratilgan diniy adabiyotlardan, Yangi ahd esa faqat xristianlar muqaddas deb biladigan, ular dini shakllanishiga aloqador diniy asarlardan iborat. Mazkur dinlarning aqidalariga binoan, Bibliya— xudoning kalomi, barcha insonlarga yoʻllangan, dunyo va odamzodning paydo boʻlishi va oxirat sirini ochib beruvchi muqaddas kitobidir. Uning asosiy mavzusi – yagona Haqning fazilatlari va insoniyat bilan munosabati haqidadir. Bibliya miloddan avvalgi VIII asr va milodiy II asrlar oraligʻida oromiy hamda yunon tillarida yozilgan. Bibliya matnlari tadqiq etilganda shu narsa tasdiqlandiki, ular qariyb ming yil davomida xilma-xil joylarda yaratilgan. Bibliya eng qadimgi adabiy yodgorliklardan biri boʻlib, diniy pand-nasihatlar, aqidalar, bashoratlar, duolar, solnomalar, masallar, ishqiy va falsafiy dostonlar, hikoyat, rivoyat va maktublardan iborat. Bibliyada, bir yoqdan, odamzodning gunohkor boʻlib xudo tomonidan rad etilishi, abadiy halokatga mahkum qilinishi toʻgʻrisida ran ketsa, ikkinchi yoqdan, xudo insonni qutqarish uchun qanday rejalar tuzgani haqida hikoya qilinadi. Ayniqsa, odamlarga najot yoʻlini ochgan Iso Masih toʻgʻrisida toʻlaqonli xabar beriladi. Jami 70 kitob (boʻlim)ni oʻz ichiga olgan Bibliya XIII asrda Kardinal Stefan Lengton tomonidan hozirgi koʻrinishga keltirilgan, kitoblarni sheʼrlarga boʻlish va raqamlashtirishni parijlik matbaachi Rober Stefan (XVI asr) amalga oshirgan. Bibliya jahon boʻyicha keng tarqalgan, asrlar mobaynida koʻpgina xalqlarning axloqi, maʼnaviyati, madaniyati, adabiyoti, musiqa va rang-tasvir sanʼatiga barakali taʼsir koʻrsatgan. U XIX asrgacha 400 dan ziyod, XX asr mobaynida esa yana 1400 (jami 1978) tilga toʻliq yoki qisman oʻgirilgan. Oʻzbek tilida ayrim qismlari 1891, 1913-yillarda Leypsig shahrida arab imlosida, 1981, 1983, 1986, 1990-yillarda Bibliyani tarjima qilish instituti (Stokgolm) tomonidan Kirill yozuvida chop etilgan. 1992-yilda mazkur institut Injil va Zaburni toʻliq holda va Tavrotdan „Ibtido“ qismini bir kitobga jamlab, soʻzboshi, lugʻat, jadvallar, fixrist, haritalar hamda rangli fotosuratlar bilan birga chop etgan[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil