Kontent qismiga oʻtish

Labinkir koʻli

Koordinatalari: 62°29′50″N 143°36′25″E / 62.49710°N 143.60687°E / 62.49710; 143.60687
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Labinkir koʻli
ruscha: Лабынкыр, saxa.: Лабыҥкыр
Morfometriya
Uzunligi 14.3 km (9 mi)
Kengligi 4.1 km (3 mi)
Maydoni 44.7 km2 (17.3 kv mi)
Dengiz sathidan balandligi 1,020 m (3,346 ft)
Maksimal chuqurligi 75 m (246 ft)
Oʻrtacha chuqurligi 52 m (171 ft)
Joylashuvi
Mamlakat Saxa respublikasi, Rossiya
Koordinatalar 62°29′50″N 143°36′25″E / 62.49710°N 143.60687°E / 62.49710; 143.60687

Labinkir koʻli (ruscha: Лабынкыр, saxa.: Лабыҥкыр, Labýŋkir) – Rossiyaning Saxa Respublikasining Oymyakonskiy hududidagi koʻl. Koʻl Indigirka havzasining bir qismi boʻlib, Xabarovsk oʻlkasi va Magadan viloyati chegaralari yaqinida joylashgan. Koʻlning yuzasi 44.7 km2 (17.3 kv mi) ga teng va dengiz sathidan oʻrtacha 1020 m balandlikda joylashgan. Uning oʻrtacha chuqurligi 52 m (171 ft) ni tashkil etadi[1]. Yozning eng yuqori harorati iyul oyining oxirida +35 °C, qishki eng sovuq harorat −65 °C va undan pastroq boʻlishi mumkin, koʻpincha dekabr oxiridan to 4-fevralgacha −60 °C dan past harorat kuzatiladi. Bir yil davomida amplituda bir necha 100 °C va undan yuqoriroqqa koʻtarilgan.

Labinkir koʻli gʻayrioddiy, chunki u mintaqadagi boshqa koʻllar kabi qishda qattiq muzlamaydi. Undagi suv harorati doimiy 2 daraja Selsiy (36 Farengeyt) ni ushlab turadi, bu esa olimlarning koʻlni isitadigan yer osti issiq buloqlari yoki yoriqlar boʻlishi mumkinligi haqida taxminlariga sabab boʻlgan. Yer usti havosining eng past harorati minus 60 daraja Selsiy (minus 76 Farengeyt) ekanligi qayd etilgan. Chuqurligi 80 metr (263 fut) boʻlgan suv osti xandaqi bor, uni 2013-yilgacha ham gʻavvoslar toʻliq oʻrgana olmagan. Olimlarning Labinkir koʻli yer osti tunnel orqali Vorota koʻli bilan bogʻlanishi xususida ham bir qancha fikrlari mavjud, mazkur koʻl Labinkirdan 20 km (12 mi) uzoqlikda joylashgan. Bunga shubha qilishning sabablaridan biri shundaki, ikkala koʻl ham bir xil suv sathiga ega[2][3]. Yerlik aholi va tashrifchilarning maʼlumotlariga koʻra, u yerda Labinkir iblisi yoki Labinkirskiy chert deb nomlangan koʻl yirtqich hayvoni yashaydi.

2005-yilda Iskateli (ruscha: Искатели, izlovchilar) telekoʻrsatuvi koʻlga ekspeditsiya uyushtirgan, loyiha davomida ular bir qator tadqiqotlar va oʻlchov ishlarini amalga oshirishgan. Jumladan, aks sado apparati yordamida koʻl tubida anomal yoriq, chuqur dengiz telezondi yordamida koʻl tubidagi hayvonlarning jagʻ va umurtqa suyaklari qoldiqlari aniqlangan.

2013-yil mart oyida Rossiya suv osti sporti federatsiyasi va Rossiya geografiya jamiyati Vorota koʻlidan olingan namunalar bilan solishtirish uchun bir qator tadqiqotlarni amalga oshirishgan. Koʻlning turli qismlaridan suv va tuproq namunalarini olish maqsadida ilmiy ekspeditsiya tashkil etilgan. Mazkur ekspeditsiya Polyus xolodo (ruscha: Полюс холода) deb nomlangan[4]. Loyiha davomida koʻl sirtdagi havo harorati −46 °C, suv harorati +2 °C ni tashkil etgan. Boshqa tomondan, jamoa „ekstremal ob-havo sharoitida inson tanasining faolligini va shoʻngʻish uskunalarini oʻrganishni“ ham tajribadan oʻtkazishni niyat qilgan. Ular oʻz natijalarini Mars-500 loyihasi bilan oʻrtoqlashgan. Bu loyiha Mars sayyorasida amalga oshirilishi mumkin boʻlgan sayohatga tayyorgarlik koʻrish uchun 500 kunlik simulyatsiya vazifasini oʻtagan. Olimlar koʻlda yashaydigan bir nechta baliqlar va boshqa organizmlar uchun qishda qanday oziq-ovqat mavjudligini aniqlashga ham qiziqishgan, chunki muzlatilgan sirt ostida aniqlangan oʻsimlik turlarining soni oz boʻlgan[5]. 2014-yil 26-fevraldan 14-martgacha ekspeditsiyaning ikkinchi bosqichi amalga oshirilgan[6].

Gʻavvoslar Dmitriy Shiller va Aleksandr Gubin 59.6 m (196 ft) chuqurlikka shoʻngʻib „dunyodagi eng chuqur muz ostiga shoʻngʻish“ boʻyicha jahon rekordini oʻrnatganlar. KAMAZ xodimi Anjelika Akuevaning soʻzlariga koʻra, ekspeditsiya koʻlga maxsus oʻzgartirilgan KAMAZ yuk mashinalari yordamida 30 km (19 mi) masofani bosib oʻtish uchun joʻnatilgan. Muz ustiga chodirlar oʻrnatilgan, bu esa fotograflar va gʻavvoslarga yordam beradigan jamoaning qolgan qismini shamoldan himoya qilish imkonini bergan. Shoʻngʻish uchun koʻlning turli joylari tanlangan. Ular orasida tungi shoʻngʻish amaliyoti ham boʻlgan. Yakunda, ular 200 ga yaqin turli oʻlchovlarni amalga oshirib, 20 ga yaqin namunalar olishgan. Gʻavvoslar duch kelgan eng katta jonzotlar itbaliqlari boʻlib, ular odatdagidan 1.2 m (3 ft 11 in) ga uzunroq boʻlgan[5]. Live Science xabariga koʻra, Rossiya Ovozi jamoasi skaner yordamida katta jagʻ suyagi va skeletini topgan, biroq gʻavvoslar suyaklarni yer yuzasiga olib chiqa olmagan[2]. Sibir Times gazetasining taʼkidlashicha, itbaliqlardan boshqa narsa topilganligi haqida hech qanday aniq dalil koʻrsatilmagan[5].

2019-yilda ochiq suv va muz qoplamida Labinkir koʻlidagi hayvon va oʻsimlik turlarini aniqlash hamda roʻyxatini yaratish boʻyicha keng qamrovli tadqiqotlar yakunlangan. 2020-yilda „Shimoliy yarim sharning sovuq qutbidagi oʻta sovuq ultraoligotrofik Labinkir koʻlining diatom xilma-xilligi, ekologiyasi va biogeografiyasi haqida tushuncha.“ maqolasida izlanishlar natijasi haqida xabar qilingan. Mualliflarning yozishicha, birinchi tadqiqotlar 1961-yilda oʻtkazilgan va 79 ta tur aniqlangan. 2019-yilgi tadqiqotning asosiy maqsadi koʻl florani oʻrganish hamda koʻlni Yoqutistonning boshqa koʻllari va Baykal koʻllari bilan taqqoslash boʻlgan. Ularning tadqiqotlari natijasida uchta yangi tur va jami 123 ta taksonni aniqlashgan[7].

Labinkir iblisi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xalq ogʻzaki ijodiga koʻra, Labinkir koʻli „Labinkir iblisi“ yoki „Labinkirskiy chert“ deb nomlangan dahshatli yirtqich hayvon yashaydigan joy hisoblanadi. Koʻl yirtqich hayvoni haqida birinchi yozma maʼlumot 1953-yilda, geolog Viktor Tverdoxlebov tomonidan berilgan: „Bu qanday jonzot boʻlishi mumkinligi haqida har xil farazlar mavjud edi: bahaybat choʻrtanbaliq, noyob holda saqlangan qadimiy sudraluvchi yoki amfibiya. Biz uni nima ekanligini bila olmadik. Lekin jagʻ qoldiqlari va qandaydir hayvonlarning skeletini topdik“. Boshqa zamonaviy olimlarning taʼkidlashicha, aks-sado beruvchi qurilmalar yoki sonardan foydalanganda ular koʻl tubida joylashgan, baliq yoki baliq toʻdasi boʻlmagan qandaydir zich obyektni aniqlaganlar. Mahalliy aholi koʻlda „gʻalati narsa“ ni koʻrganliklarini aytishgan. Hududiy folklor madaniyatida „Iblis“ haqidagi hikoyalar uzoq yillardan buyon aytib kelinadi. Sokin koʻlda qayiqlar ostida nimadir harakatlanayotgani, kemani silkitgani haqidagi hikoyalar mavjud. 2000-yilda baliqchilarning aytishicha, ular aks-sado beruvchi qurilmadan qayiq ostida katta narsa borligi haqida signal qabul qilib olishgan. Boshqa guvohlarning maʼlum qilishicha, ular jonzotning boshi, bahaybat ogʻzi va tishlarini ham koʻrishgan. Mahalliy afsonalarda aytilishicha, „Iblis“ suvdan tashqariga chiqib, odamlar va hayvonlarga hujum qilgan[3][5].

Koʻlda 35 kunni yolgʻiz oʻtkazgan geolog Sergey Karpuxin kabi olimlar bu singari jonzotlarning omon qolishiga imkon beradigan darajada katta populyatsiyasi yoʻqligini taʼkidlashmoqda. „Ularning bir toʻplami, masalan, erkak / urgʻochi va bir nechta bolalarning oʻzi koʻpayish uchun yetarli emas“, degan Sergey Karpuxin. „Bu populyatsiyada omon qolish uchun, koʻl ular bilan toʻlib-toshgan boʻlishi kerak. Yoki hech boʻlmaganda ularning soni eʼtibordan chetda qolmaydigan darajada koʻp boʻlishi kerak“[3]. Gʻavvos Shillerning aytishicha, u Tverdoxlebovdagi koʻl yirtqich hayvoni haqidagi hikoyadan xabardor boʻlgan, ammo koʻplab shoʻngʻishlari davomida katta itbaliqlardan boshqa hech qanday jonivorni koʻrmagan[5]. U shunday degan: „Biz u yerda harakatlanuvchi orollarga oʻxshash saroblarni koʻrdik, lekin hammamiz bilamizki, bu koʻp muz va qor boʻlgan har qanday Shimoliy mintaqada uchraydigan odatiy hol hisoblanadi, shuning uchun bu Labinkir koʻligagina xos boʻlgan alohida narsa emas“[5].

Rossiya Fanlar akademiyasining chuchuk suv biologiyasi instituti xodimi Yuriy Gerasimov bunday katta baliqning oʻlchamiga shubha qilmoqda. Jonivor haqida aytilgan hikoyalarga koʻra, u taxminan 7-8 metr (23-26 fut) boʻlishi kerak. „Baliq oʻsishi uchun unga oziqlanish va qulay suv harorati kerak. U yerda ozuqalar yetarli boʻlsa ham, harorat unchalik yuqori emas. Shunday ekan, mening fikrimcha, ulkan choʻrtan haqidagi afsonalar shunchaki fantastika.“ degan fikrlarni aytgan[2].

2016-yilda Rossiya geografiya jamiyati xodimi, Voronejlik ekstremal sayohatchi Andrey Solovyov koʻlda 100 kundan ortiq vaqt oʻtkazgan, mahalliy aholi va vertolyot uchuvchilaridan maxluq haqida turli dalillar toʻplagan, u sudraluvchini 5–7 m uzunlikka ekanligini aniqlagan[8]. Andrey Solovyov shuningdek, toʻrlarning shikastlanishini (koʻp metrli teshiklarni) qayd etgan, agar juda katta hayvonning taʼsiri istisno qilinsa, bunday holatning kelib chiqishini tushuntirish qiyin[9][10].

  1. „Поиск по данным государственного водного реестра“ (Russian). textual.ru. Textural. 2022-yil 21-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 21-mart.
  2. 2,0 2,1 2,2 Lallanilla, Marc „Reports Surface of Monster Lurking in Russian Lake“. livescience.com. Live Science (2013-yil 4-fevral). 2021-yil 29-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 21-mart.
  3. 3,0 3,1 3,2 „Divers preparing for icy waters of Russia's 'Loch Ness'“. siberiantimes.com. The Siberian Times (2014-yil 5-mart). 2021-yil 28-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 21-mart.
  4. „Экспедиция «Полюс холода» | Русское географическое общество“. www.rgo.ru. 2021-yil 27-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 1-noyabr.
  5. 5,0 5,1 5,2 5,3 5,4 5,5 „Meet the creature found by divers in Russia's Loch Ness, famed for legends of monsters“. siberiantimes.com. The Siberian Times (2014-yil 21-aprel). 2021-yil 8-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 21-mart.
  6. „Экспедиция 2014 года | Русское географическое общество“. www.rgo.ru. 2021-yil 12-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 1-noyabr.
  7. Kopyrina, Liubov Innokentievna; Firsova, Alena; Rodionova, Elena; Zakharova, Yu.R. „The insight into diatom diversity, ecology, and biogeography of an extreme cold ultraoligotrophic Lake Labynkyr at the Pole of Cold in the northern hemisphere“. Researchgate.net. Research Gate (2020-yil iyul). Qaraldi: 2022-yil 22-mart.
  8. „Послал к черту: отшельник бросил поиски Лабынкырского черта ради матери“. МИР24 (2016-yil 19-noyabr). 2018-yil 29-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 28-avgust.
  9. Николай Гурьянов. „Воронежец поселился у якутского озера в надежде высмотреть местное чудовище“. Моя Планета (2016-yil 1-noyabr). 2018-yil 29-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 28-avgust.
  10. Артём Костин. „История выживания: Андрей Соловьёв. Зимовка на озере Лабынкыр“ (2016-yil 11-noyabr). 2021-yil 20-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 28-avgust.