Kontent qismiga oʻtish

Kenagas

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Kenagaslardan yoʻnaltirildi)

Kenagas — oʻzbek xalqi tarkibiga kirgan qabilalardan biri.

Hozirgi Xorazm, Buxoro viloyati, Fargʻona vodiysi, Qoraqalpogʻiston va Shimoliy Afgʻonistonda yashagan, tarkibida bir qancha kichik qabila va urugʻlar boʻlgan. Bulardan eng yiriklari ochamayli, kirey, abak kirey, ovoqli, taroqli, chuyut, qayri soli. Masalan, Qoraqalpogʻistondagi kenagaslar (10 ming kishi, 1924) tarkibida aranshi, oqtugin (aqtogʻin), omir (umar), taroqli, dubal (dobal), oymaut (uymout), dombazak (dumbazak), nokis (nukus) kabi 8 urugʻ boʻlgan. Bu urugʻlar oʻz navbatida 21 teradan (urugʻ shoxobchasidan) tashkil topgan. 1912—1913 yillarda Yangibozor va Kegayli volostida 8601 nafar kenagaslar yashaganligi qayd etilgan. 1926-yilda oʻtkazilgan aholi roʻyxatiga koʻra, esa Shahrisabz, Kitob va ularga yaqin qishloqlarda 35040, Buxoro vohasida 2725, Karmana va uning atrofida 2775 nafar kenagaslar istiqomat qilgan. Fargʻona vodiysida, asosan, Qoʻqon tevaragidagi qishloqlarda yashagan. Qoʻqon xonligi hukmdori Abdurahimbiy Kenagaslardan boʻlgan Shahrisabz hokimi Hakim Buxoriyning qizi Oychuchukka uylangan boʻlib, Fargʻona vodiysida u „Kenagas oyim“ ismi bilan mashhur edi.

Abdullaxon II davrida kenagaslarlar yuqori mansablarni egʻallashgan. Kenagas yetakchilari xonning oʻng tomonidagi aʼyonlar qatorida, raisdan keyingi oʻrinda boʻlgan. Ashtarxoniylardan Abdulazizxon davrida esa Soqiy Xoja kenagas Ishkashim hokimi etib tayinlangan. „Tarixi Abulxayrxoniy“ asaridagi maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbek ulusida kenagaslar qoʻshinning chap qanoti — juvangʻaraga jang qilgan. Abdurahmon Toleʼning „Tarixi Abulfayzxon“ asarida aytilishicha, Abulfayzxon Buxoro taxtiga oʻtirgach (1711), aysh-u ishratga berilib, davlat ishlarini oʻzi boʻlarga tashlab qoʻyadi. Natijada mamlakatda qabilalararo beboshlik, adovat kuchayib, bir qancha qabilalar qatori kenagaslar ham tinch aholini talash, ularga nisbatan turlicha yovuzliklar qilishda qatnashadi. Masalan, 1719-yil bahorida Ismoil miroxoʻr boshchiligidagi 2 ming kishilik kenagaslar qoʻshini Buxoro viloyatidagi Bahouddin qishlogʻiga bostirib kirib, u yerda „guli surx“ („qizil gul“, yaʼni lola) bayramiga toʻplangan koʻp minglik tinch aholini talab, oʻta beayov jabr-zulm qilgan. Shu bois Abulfayzxondan keyingi xonlar davrida kenagaslarning koʻpchiligi azaliy turar joylaridan badargʻa qilinib, Buxoroning turli tumanlariga tarqatib yuborilgan. Buxoro xonligi hukmdori Muhammad Rahimxon davrida davlat mansablariga 32 yirik qabila (jumladan, kenagaslar) vakillaridan qoʻyilgan. Chunonchi, Xudoyor kenagas Buxoro dodxohi etib tayinlangan.

Kenagaslarning asosiy mashgʻuloti chorvachilik va dehqonchilik boʻlgan. Ular XX asr boshlarida oʻzbeklar tarkibiga butunlay singib ketgan.

  • Shoniyozov K., Oʻzbek xalqining shakllanish jarayoni, T., 2001;
  • Karmisheva B. X., Ocherki etnicheskoy istorii yujnix rayonov Tadjikistana i Oʻzbekistona, M., 1976.[1]
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil