Katta Yaqin Sharq
AQShning Yaqin Sharqdagi geosiyosiy tasavvurlari davlat tashqi siyosiy yondashuvlarini va mintaqaga nisbatan milliy manfaatlarini asoslab berishga yordam beradi. Ushbu geosiyosiy qarashlar, ayniqsa, Sovet Ittifoqi parchalangandan keyin o'zgardi. Ko’p qutbli tuzilishga ega bo’lgan yangi dunyo tartiboti Yaqin Sharq mintaqasining shimoliy va sharqiy chegaralarini kengaytirdi. AQShning ushbu geosiyosiy manzarada tutgan o’rni, shuningdek, mintaqani va uning resurslarini nazorat qilish yo’lidagi sa’y-harakatlari uning Yaqin Sharqdagi tashqi siyosati evolyutsiyasini aniqlashga yordam beradi. Aynan XXI asrning boshida AQSh davlat boshqaruviga neokonservativ xarakterga ega bo’lgan respublikachilarning kelishi Yaqin Sharq mintaqasiga bo’lgan e’tiborni yanada kuchaytirdi. Bu borada bir necha yangi g’oyalar ilgari surildi. Xususan, “Katta Yaqin Sharq” va “Yangi Yaqin Sharq” g’oyalari asosida konsepsiyalar ishlab chiqildi. AQSh neokonservatorlari ta’sirida Yaqin Sharq mintaqasini keng ma’noda tushuntiruvchi neokonservativ qarashlar tizimi shakllana bordi va keng jamoatchilikka taqdim etildi. Mana shunday qarashlardan biri “Katta Yaqin Sharq” konsepsiyasi hisoblanadi. U 2003-yil 6-noyabrda ishlab chiqilgan bo’lib, o’sha paytdagi AQSh Prezidenti Jorj Bush (kichik) so’zlariga ko’ra, Amerika missiyasi konsepsiya orqali erkinlik va demokratiyani keng yoyishni targ’ib qilishdan iboratdir. “Katta Yaqin Sharq” konsepsiyasida geografik kenglikka quyidagi davlatlar kiritiladi: Shimoliy Afrika (Marokash, Jazoir, Tunis, Liviya), Yaqin, O‘rta Sharq va Fors ko‘rfazi (Misr, Isroil, Suriya, Iordaniya, Livan, Yaman, Iroq, Saudiya Arabistoni, BAA, Quvayt, Bahrayn, O‘mon, Qatar, Eron) shuningdek, Afg‘oniston va Pokiston kiradi[1][2].