Kontent qismiga oʻtish

Katta Qirkqiz qal’a

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Katta Qirkqiz qal’a
Manzilgoh Ellikqal’a tumani, Qoraqalpogʻiston
Turi Qalʼa
Hudud 250 m x 215 metr
Tarix
Quruvchi Afrigʻiylar
Material Xom gʻisht
Tashkil etilgan Mil.avv. IV-III asrlar, Mil. III-IV, VI—VIII asrlar
Makon qaydlari
Arxeologlar S.Tolstov
Y.Nerazik

Katta Qirkqiz qal’a – Oʻzbekistondagi madaniy meros obyekti. Arxeologiya yodgorligi. Obyekt davri: Mil.avv. IV-III asrlar, Mil. III-IV, VI—VIII asrlar. Qoraqalpogʻiston Respublikasining Ellikqal’a tumani, Buxan Merey shirkat xoʻjaligida joylashgan. Obyekt manzili: „Qizil qum“ MFY. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquq: Davlat mulki. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan – davlat muhofazasiga olingan[1][2]. Qal’a Ayoz qal’a yodgorligidan sharqiy tomonda joylashgan. Hududda qishloq xoʻjaligi mulki yoki uy-joy xarobalari saqlanib qolgan. Devor tashqarisidagi dalalarda esa keng maydonda sochilib yotgan sopol parchalari topilgan boʻlib, bu yerda bir vaqtlar shahar atrofidagi katta majmua boʻlganligidan dalolat beradi. Afrigʻiylar sulolasi hukmronligi davrida qal’a va uning atrofidagi hududlar kulolchilik ishlab chiqarish markazi boʻlgan[3].

Katta Qirkqiz qal’a yodgorligi qoʻshdevor bilan oʻralgan. Devorlariga nayzasimon shinaklar oʻrnatilgan, ikki qavatli otish yoʻlagiga ega (yoʻlakning eni 2,8—3 m). Yodgorlikning hududi 250 m x 215 metrni tashkil etadi. Tashqi devorining qalinligi 2,8—3 metrgacha, ichki devori esa — 1,6 metrgacha yetadi. Shahriston kvadrat shaklda xom gʻishtdan (40-43x40-43x10-12) bunyod etilgan. Shahriston devori 3,35 m balandlikdagi uch paxsa poydevor ustiga koʻtarilgan.

Ayrim joyida paxsalar orasiga qamish toʻshalgani koʻzga tashlanadi. Devor boʻylab ikki qavatli, bir-biridan 25—26 m masofada joylashgan burjlar saqlanib qolgan. Burjlar toʻgʻri burchak shaklida. Burjlarning kengligi 8—9 metr boʻlib, devordan tashqari tomonga boʻrtib chiqqan. Ichki xonalarning tarhi toʻgʻri burchak shaklida. Shahriston devorining tashqarisida oʻq otish shinaklaridan tashqari, devor sathidan 3,80— 4 metr yuqorida yorugʻlik tushib turishi uchun kvadrat koʻrinishdagi darchalar qoldirilgan. Darchalarning bir-biridan uzoqlik masofasi 4,5—4,75 metrni tashkil etadi. Devorlarning tashqi qismida, 5,50 m balandlikda har yarim metr uzoqlikda toʻsin ham joylashgan. Qal’aga kirish joyi shimoli-sharqiy devorning oʻrtasida joylashgan[4].

Tashqi devor tomondan shaxmat tartibida ikki qatorli, nayzasimon shinaklar ochilgan.

Katta Qirkqiz qal’a yodgorligini arxeolog olimlar Sergey Tolstov va Yelena Nerazik oʻrgangan. 1938-yilda arxeologik qazishmalar paytida topilgan[5]. Tadqiqotchilarning fikricha, qal’a qadimgi Xorazmning shimoli-sharqiy chegaralarini himoya qilish maqsadida qurilgan. Y.Nerazikning soʻzlariga koʻra, qalʼaning janubi-sharqida eramizning 7-8-asrlariga oid maydoni 12x13 metr boʻlgan temirni qayta ishlash sexi qoldiqlari topilgan. 1984-yilda Katta Qirkqiz qal’a yonidagi tekislikdan mis tangalar bilan toʻla sopol koʻza topilgan. Namlik va shoʻrlanish taʼsirida tangalar korroziyaga uchragan. Ularning ichida faqat bitta tanga oʻz koʻrinishini saqlab qolgan. Tozalash jarayonida tanganing old tomonida Xorazm hukmdorining barelyefi topilgan[6].

  1. „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarori“. Lex.uz. Qaraldi: 2022-yil 21-iyul.
  2. „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarori“. Backend.madaniymeros.uz. Qaraldi: 2022-yil 21-iyul.
  3. „Большая Кырк-Кыз-кала“. Qaraldi: 16-oktabr 2023-yil.
  4. Ходжаниязов Ғ. Қадимги Хоразм мудофаа иншоотлари. Тошкент: OʻZBEKISTON нашриёт-матбаа ижодий уйи, 2007 — 31-bet. ISBN 978-9943-01-175-5. 
  5. „КРЕПОСТЬ КЫРК-КЫЗ-КАЛА“. centralasia-travel.com. Qaraldi: 16-oktabr 2023-yil.
  6. „Крепость Кырк кыз кала (Большая) в Каракалпакии.“. silkadv.com. Qaraldi: 16-oktabr 2023-yil.