Istaxriy
Istaxriy, Abu Ishoq al-Forisiy al-Istaxriy (taxminan 850—934) — geograf olim, Eronning Fors viloyatida yashagan. Eronzamin, Movarounnahr, Arabiston ya. o., Misr, Ispaniya, Magʻrib (Shim. Afrika) mamlakatlariga sa-yohat qilgan.
I. ning geogr. sohasidagi ilmiy merosi 930—933 yillarda arab tilida yozilgan "Kitob masolik va-l-mamolik" ("Yoʻllar va mamlakatlar kitobi; boshqa nomi "Kitob al-aholim" — "Iqlimlar kitobi") asarida oʻz aksini topgan. Mazkur asar Abu Zayd ibn Sahl Balxiyning "Suvar ul-aholim" asari asosida tuzilgan va 10-asr oʻrtasida ommalashgan. I. asarida rubʼi mas-kun (yer yuzining obod choragi) ning umumiy tavsifi va oʻlkalar haqida geografik maʼlumotlar (chegaralari, shahar va qishloqlari, jome masjidlar soni, manzillar, nahr (kanal)lar, karvon yoʻllari, xoʻjaligi, elatlari va hokazo) berilgan. Jumladan: Arab diyori, Magʻrib, Shom, Iroq, Xuziston, Fors, Kermon, Ozarbayjon, Huroson, Movarounnahr va b. qayd etilgan. Oʻlkalar tavsifiga ularning haritalari ham chizib ilova qilingan. Movarounnahr tavsifi va haritasida Oʻrta Osiyoning suvlari (Orol dengizi, Amudaryo, Sir-daryo, Zarafshon, kanallar), aholi mas-kanlari kabilar toʻgʻrisida maʼlumot bor. I. ning ushbu asarini 976 yil Ibn Havqal tuzatib, toʻldirib yangi asar tuzdi va uni "Kitob al-masolik va-l-mamolik" deb atadi. I. asarining bir necha forsiy tarjimalari bor, arabchasi Yevropada ilmiy nashr qilingan (1870).[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |