Harry Potter va Feniks jamiyati (film)
Harry Potter va Feniks jamiyati | |
---|---|
Harry Potter and the Order of the Phoenix | |
Film posteri | |
Rejissyor(lar) | David Yates |
Prodyuser(lar) |
|
Ssenariynavis(lar) | Michael Goldenberg |
Qaysi asarga asoslangan |
Harry Potter and the Order of the Phoenix –J. K. Rowling |
Rollarda | |
Bastakor(lar) | Nicholas Hooper |
Kinematografiya | Sławomir Idziak |
Muharrir(lar) | Mark Day |
Studiya(lar) |
|
Distribyutor | Warner Bros. Pictures |
Chiqarilgan sanasi | |
Davomiyligi | 138 daqiqa[2] |
Mamlakatlar | |
Til | inglizcha |
Byudjeti | $150 million[4][5] |
Daromadi | $939,9 million[6] |
Avvalgi film | Harry Potter va Alanga kubogi |
Keyingi film | Harry Potter va tilsim shahzodasi |
Harry Potter va Feniks jamiyati (inglizcha: Harry Potter and the Order of the Phoenix) – J. K. Rowlingning ayni nomli romani asosida 2007-yilda tasvirga olingan fentezi janridagi film[6]; Harry Potter filmlar seriyasining beshinchi qismi. Filmga David Yates rejissyorlik qilgan, ssenariyni esa Michael Goldenberg yozgan. Filmda bosh rollarni Daniel Radcliffe, Rupert Grint, Emma Watson, Helena Bonham Carter, Robbie Coltrane, Warwick Davis, Ralph Fiennes, Michael Gambon, Brendan Gleeson, Richard Griffiths, Jason Isaacs, Gary Oldman, Alan Rickman, Fiona Shaw, Maggie Smith, Imelda Staunton, David Thewlis, Emma Thompson va Julie Walters ijro etgan.
Film premyerasi 2007-yilning 11-iyulida AQShda, 2007-yilning 12-iyulida esa Birlashgan Qirollikda boʻlib oʻtgan. Film kinotanqidchilar tomonidan xush qarshilangan hamda koʻplab mukofotlarga, jumladan, BAFTAga nomzod etib koʻrsatilgan. Byudjeti £75–100 millionni ($150–200 million) tashkil etgan ushbu kinokartina umumjahon boʻylab prokatlarda $942 million ishlab topgan va 2007-yilning ikkinchi eng kassabop filmiga aylangan[7][8].
Syujeti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Harry Potter yozgi taʼtilni Dursleylarnikida oʻtkazadi. Kunlarning birida Harry va Dudley dementorlar hujumiga uchraydi. Harry ularni Patronus afsuni yordamida oʻzidan nari ketkazadi. Sehrgarlik vazirligi Harryning afsun ishlatganidan xabar topadi va uni jazo tariqasida Hogwarts maktabidan chetlatadi (sababi voyaga yetmaganlarning afsun ishlatishi man etilgan). Mazkur jazo keyinchalik bekor qilinadi.
Albus Dumbledore asos solgan „Feniks jamiyati“ nomli sirli tashkilot Harryni Sehrgarlik vazirligi Lord Voldemortning qaytgani haqidagi mish-mishlar tarqalishini oldini olishga urinayotgani haqida boxabar qiladi. Tashkilot qarorgohida Harryning choʻqintirgan otasi Sirius Black unga Voldemort qandaydir buyum izlayotganini aytadi.
Sehrgarlik vaziri Cornelius Fudge Dolores Umbridgeni qora kuchlardan himoyalanish boʻyicha professor etib tayinlaydi. Umbridge himoyalanish boʻyicha afsunlarni oʻquvchilarga oʻrganishni man etishi u va Harry oʻrtasida ziddiyatga olib keladi. Umbridge maktab ustidan nazoratni qoʻlga ola boshlayotganda, Ron va Hermione Harryga oʻquvchilarga himoyalanish afsunlarini oʻrgatishni maqsad qilgan „Dumbledore otryadi“ maxfiy guruhini tuzishga koʻmaklashishadi. Umbridge „Slytherinlar“ fakulteti oʻquvchilaridan iborat „Inspeksiya drujinasi“ guruhini tuzib, guruh aʼzolariga boshqa oʻquvchilar ortidan aygʻoqchilik qilish vazifasini topshiradi.
Kechalarning birida Harry Arthur Weasleyning Vazirlik binosida hujumga uchrayotganini tush koʻradi. Dumbledore Voldemort Harry bilan mazkur aloqadan foydalanishi mumkinligidan choʻchib, Severus Snapedan Harryga uning ongini Voldemortning ehtimoliy taʼsiridan himoyalash maqsadida okklyumensiyani oʻrgatishni iltimos qiladi. Snapedan saboq olish chogʻida Harry otasi James maktab davrida Snapeni koʻp marotaba masxara qilganini aks ettiruvchi xotiralarni koʻradi. Harry va Voldemort oʻrtasidagi aloqa Harryni doʻstlaridan yiroqlashishiga sabab boʻladi. Bu orada „Ajal kasofatlari“ jamoasining oʻn nafar aʼzosi Azkaban qamoqxonasidan qochishga muvaffaq boʻladi. Hogwarts maktabida Umbridge va „Inspeksiya drujinasi“ „Dumbledore otryadi“ guruhini fosh etadi. Fudge Dumbledoreni ushbu guruhni tuzganlikda ayblab, uni qoʻlga olishni buyurganida, Dumbledore qochib ketadi. Umbridge esa maktabning yangi direktoriga aylanadi.
Harry xayolida Voldemort Siriusni azoblayotgani bilan bogʻliq tasvirlarni koʻradi. Harry, Ron va Hermione „Feniks jamiyati“ tashkiloti aʼzolarini Harry koʻrgan tasvirlardan boxabar etish maqsadida Umbridgening xonasi tomon shoshilishadi. Umbridge ularni qoʻlga oladi va Harryni ogʻir jazolamoqchi boʻlganida, Hermione taqiqlangan oʻrmonda Dumbledorening „sirli quroli“ mavjudligini aytadi. Hermione va Harry Umbridgeni Hagridning bahaybat ukasi Grawp yashayotgan joyga olib borishadi. U yerda ular kentavrlarga toʻqnash kelishadi. Kentavrlar Umbridgeni oʻgʻirlab ketishadi. Harry, Hermione, Ron, Luna, Neville va Ginny Siriusni qutqarish uchun festrallarda Sehrgarlik vazirligi tomon uchishadi.
Oltovlon Sirlar boʻlimiga yetib kelishadi va Voldemort axtarayotgan buyum – Harryning ismi tushirilgan bashorat toshini topishadi. Bu paytda „Ajal kasofatlari“ ularga pistirmadan hujum uyushtiradi. Lucius Harryga Siriusning azoblanayotgani bilan bogʻliq tasvirlar uni shu yerga keltirish uchun tuzilgan puxta reja ekanligini ochiqlaydi. Harry Luciusga bashorat toshini topshirishdan bosh tortadi va natijada „Dumbledore otryadi“ va „Ajal kasofatlari“ oʻrtasida jang yuzaga keladi. „Ajal kasofatlari“ oʻquvchilardan iborat guruhdan ustun keladi va Harryni bashorat toshini topshirishga majburlashadi. Harry Luciusga bashorat toshini berayotganda, Sirius, Remus Lupin, Nymphadora Tonks, Kingsley Shacklebolt va Mad-Eye Moodydan iborat jamoa yetib keladi. Ular „Ajal kasofatlari“ga hujum qilishganida, Lucius bashorat toshini yerga uloqtirib, uni yoʻq qiladi. Sirius Lucius bilan kurashayotganda, Bellatrix Siriusni oʻldiradi.
Voldemort paydo boʻlib, Harryni oʻldirishiga bir baxya qolganda, Dumbledore yetib keladi. Voldemort va Dumbledore oʻrtasida shiddatli jang sodir boʻladi. Ikkovining kuchi deyarli teng kelganida, Voldemort Harryning vujudiga kirib oladi. Harryning doʻstlari va oilasiga boʻlgan muhabbati Voldemortni vujudidan siqib chiqarib yuboradi. Vazirlik rasmiylari Voldemort gʻoyib boʻlishidan avval yetib kelishadi; Fudge Voldemort qaytganini tan oladi va isnod bilan isteʼfoga chiqadi. Umbridge ishidan ozod etiladi va Dumbledore Hogwartsga maktab direktori oʻlaroq qaytadi. Dumbledore Harryga Voldemort ularning aloqasidan foydalanishi mumkinligidan xavotirlanib oʻzini undan uzoqroq tutganini tushuntiradi. Siriusning oʻlimi ortidan gʻam-gʻussa chekar ekan, Harry bashorat zamiridagi tub maʼnoni anglashga urinadi: „Ikkinchisi tirik boʻlsa, boshqa biri yashay olmaydi“.
Rollarda
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Daniel Radcliffe Harry Potter rolida:
- 15 yoshli britaniyalik sehrgar.
- Rupert Grint Ron Weasley rolida:
- Harryning Hogwarts maktabidagi eng yaqin doʻsti.
- Emma Watson Hermione Granger rolida:
- Harryning Hogwarts maktabidagi eng yaqin doʻsti.
- „Ajal kasofatlari“ aʼzosi va Sirius Blackning jiyani.
- Robbie Coltrane Rubeus Hagrid rolida:
- oʻrmonchi, Hogwarts maktabida sehrli mavjudotlar parvarishi fanidan oʻqituvchi va „Feniks jamiyati“ aʼzosi.
- Ralph Fiennes Lord Voldemort rolida:
- sehrgarlar dunyosini zabt etishni maqsad qilgan qora kuchlar sehrgari va „Ajal kasofatlari“ yoʻlboshchisi.
- Michael Gambon Albus Dumbledore rolida:
- Hogwarts sehrgarlar maktabi direktori va „Feniks jamiyati“ aʼzosi.
- Brendan Gleeson Mad-Eye Moody rolida:
- „Feniks jamiyati“ aʼzosi.
- Richard Griffiths Vernon Dursley rolida:
- Harryning pochchasi.
- Jason Isaacs Lucius Malfoy rolida:
- „Ajal kasofatlari“ aʼzosi.
- Gary Oldman Sirius Black rolida:
- Harryning choʻqintirgan otasi va „Feniks jamiyati“ aʼzosi.
- Alan Rickman Severus Snape rolida:
- Hogwarts maktabida oʻqituvchi hamda „Slytherin“ fakulteti rahbari.
- Fiona Shaw Petunia Dursley rolida:
- Harryning xolasi.
- Maggie Smith Minerva McGonagall rolida:
- Hogwarts maktabida oʻqituvchi va „Feniks jamiyati“ aʼzosi.
- Imelda Staunton Dolores Umbridge rolida:
- Hogwarts maktabida qora kuchlardan himoyalanish boʻyicha yangi oʻqituvchi[9].
- David Thewlis Remus Lupin rolida:
- Harryning qora kuchlardan himoyalanish boʻyicha sobiq oʻqituvchisi va „Feniks jamiyati“ aʼzosi.
- Emma Thompson Sybill Trelawney rolida:
- Hogwarts maktabida oʻqituvchi.
- Julie Walters Molly Weasley rolida:
- Weasleylar oilasi matriarxi va „Feniks jamiyati“ aʼzosi.
Ishlab chiqarish
[tahrir | manbasini tahrirlash]Filmga rejissyorlik qilish taklifi avvalboshda Mike Newell (Harry Potter and the Goblet of Fire filmi rejissyori), Jean-Pierre Jeunet, Guillermo del Toro, Matthew Vaughn va Mira Nair kabi kinorejissyorlarga berilgan, biroq ularning hech biri taklifni qabul qilishmagan[10][11]. Keyinchalik, ayni taklif britaniyalik rejissyor David Yatesga berilganda, u taklifni qabul qilgan. Yatesning fikriga koʻra, studiyaga uning State of Play, Sex Traffic, The Girl in the Café kabi teleloyihalardagi ishi manzur kelgan. Shu sababdan ham uni oʻtkir syujetli, hissiyotlarga boy filmga rejissyorlik qilishga munosib koʻrgan[11]. Prodyuser David Heymanga koʻra, Feniks jamiyati siyosiy mavzudagi film boʻlib, vakolatlarini suiisteʼmol qilayotgan rahbariyatdan norozi boʻlgan oʻspirinlar isyoni haqida hikoya qiladi[12]. Emma Watson filmning siyosiy va ijtimoiy jihatlari haqida shunday fikr bildirgan: „Film qandaydir darajada 7-iyuldan keyingi hayot, insonlarning qoʻrqqanida oʻzlarini qanday tutishlari, qanday qilib haqiqatning inkor etilishi hamda jamiyatimiz duch keladigan hamma narsalar haqida hikoya qiladi“[13].
Potter haqidagi birinchi toʻrt film ssenariysini yozgan Steve Kloves boshqa loyihalar bilan band boʻlgani tufayli Feniks jamiyati loyihasida ishtirok etmagan. Shu sababli bu vazifa Michael Goldenbergga yuklatilgan[14]. Kloves keyinchalik Feniks jamiyatidan keyin ishlangan Potter haqidagi filmlarning barchasida ssenariy muallifi oʻlaroq ishtirok etgan.
Filmda Mark Day montaj ustasi, Sławomir Idziak operator, Jany Temime esa liboslar boʻyicha rassom sifatida ishtirok etgan[15]. Ilgari David Yates bilan bir necha loyihalarda birga ishlagan xoreograf Paul Harris filmda tayoqchalar bilan boʻlgan jang sahnalarini sahnalashtirishda muhim oʻrin tutgan[16].
Kasting
[tahrir | manbasini tahrirlash]Radcliffe Harry roliga qaytishini eʼlon qilganidan keyin 2005-yilning mayida Feniks jamiyati filmi uchun kasting jarayoni boshlangan[17]. Goblet of Fire filmi chiqarilishi ortidan OAVda yuzaga kelgan ajiotaj fonida Grint, Watson, Lewis, Wright, Leung va Fiennes kabi aktyorlar avvalgi Potter haqidagi filmlarda gavdalantirgan rollariga qaytishlarini eʼlon qilishgan[18][19][20][21][22][23].
Filmdagi yangi personajlarni qaysi aktyorlar jonlantirishini aniqlab olish maqsadidagi kasting eʼlonlari butun 2006-yil davomida berilib borilgan. Evanna Lynch kastingda ishtirok etgan 15 mingdan ziyod qizlar orasidan Luna Lovegood rolini ijro etish uchun tanlan olingan[24][25]. Saoirse Ronan ham ushbu rol uchun muhtamal nomzod boʻlgan, ammo studiya uni Lovegood roli uchun juda yosh deb hisoblagan[26].
OAVda Elizabeth Hurley Bellatrix Lestrange rolini ijro etishi haqida koʻplab mish-mishlar tarqalgan, ammo Warner Bros. studiyasi mish-mishlarga javoban Hurley mazkur rolni ijro etmasligini eʼlon qilgan[27]. 2005-yilning avgustida ushbu rolga Helen McCrory nomzod ekanligi toʻgʻrisida mish-mishlar tarqala boshlagan[28]. 2006-yil 2-fevralda McCrory haqiqatan ham Bellatrix rolini oʻynashi eʼlon qilingan[29]. Biroq, 2006-yilning aprelida u uch oylik homiladorligini aytib, filmda rol oʻynamaslikka qaror qilgan. Bu qarorga kelishiga filmda boʻladigan jang sahnalarini ijro eta olmasligini sabab oʻlaroq koʻrsatgan. 2006-yilning 25-mayida Helena Bonham Carter Bellatrix rolini ijro etishi maʼlum boʻlgan[30]. McCrory keyinchalik Harry Potter and the Half-Blood Prince filmida Narcissa Malfoy personajini jonlantirgan.
Ayrim personajlarning qoʻshilishi yoki olib tashlanishi muxlislarda film prokatlarga chiqarilishidan atigi oʻn kun oʻtib chiqarilgan Harry Potter turkum romanlarining oxirgisi boʻlmish Harry Potter and the Deathly Hallows romanidagi personajlar ahamiyati, oʻrni haqida taxminlarni keltirib chiqargan. 2006-yilning aprelida Jim McManus Albus Dumbledorening ukasi Aberforth va „Hogʼs Head“ qovoqxonasi barmeni rollarini oʻynashini maʼlum qilgan. Oradan bir hafta oʻtgach, Warner Bros. Aberforth „juda kichik rol“ ekanligini ochiqlagach, muxlislarda yakuniy romandagi ushbu personajning oʻrni haqidagi taxminlar yoʻqolgan[31]. 2006-yilning oktyabrida MTV Chamber of Secrets filmida koʻrinish bergan Dobby personaji Feniks jamiyati filmida boʻlmasligini eʼlon qilgan[32]. MTV, shuningdek, yakuniy roman chiqarilishidan bir oy muqaddam Blacklar oilasining elfi – Kreacher personajiga bagʻishlangan sahna filmdan olib tashlanganini xabar qilgan. Rowling film prodyuserlarini ushbu personajni filmga qoʻshishga undab, shunday degan: „Oʻrningizda boʻlganimda, uni filmdan olib tashlamagan boʻlardim. Olib tashlashingiz mumkin, ammo yettinchi filmni ham ishlamoqchi boʻlganingizda, yechilmas tugunlarga oʻralib qolasiz“. Buning ortidan personaj ishtirokidagi sahna filmga qoʻshilgan[33].
Filmning yakuniy versiyasida boshqa bir necha kichik rollar ishtirokidagi sahnalar olib tashlangan. Goblet of Fire filmi premyerasida prodyuser David Heyman muxlislarga Hogwarts maktabi sobiq professori Gilderoy Lockhart (Harry Potter and the Chamber of Secrets filmida Kenneth Branagh tomonidan jonlantirilgan) personaji Feniks jamiyati filmida ishtirok etishiga shama qilgan[34]. Biroq, Feniks jamiyati filmining yakuniy versiyasida Lockhart personaji bilan aloqador sahna olib tashlangan. Tiana Benjamin Gryffindor Quidditch jamoasi kapitani Angelina Johnson roliga qaytishi kutilgan, ammo EastEnders teleserialida rol ijro etayotgani sababli mazkur rolni ijro etmagan. Natijada personaj filmdan butkul olib tashlangan. Keyinchalik, Benjamin Order of the Phoenix videooʻyinida Johnson personajiga ovoz bergan[35].
Futbolchi Theo Walcottning oilasi filmda kameo rollarda koʻrinish bergan. Ularning filmda koʻrinish berishi Theoning xolasining eri David Yates tomonidan maʼqullangan[36]. Avvalboshda Theoning oʻzi ham filmda koʻrinish berishi kutilgan, biroq Arsenal futbol klubidagi majburiyatlari tufayli bu amalga oshmagan[37].
Suratga olish
[tahrir | manbasini tahrirlash]Feniks jamiyati filmi suratga olish jarayonlari 2006-yilning 27-yanvarida boshlangan. Asosiy suratga olish ishlari 2006-yilning 7-fevralidan 2006-yilning noyabriga qadar davom etgan[38][39][40]. Suratga olish jarayonlarida Radcliffe va Watsonning maktab imtihonlari tufayli ikki oylik tanaffus boʻlgan[41]. Film byudjeti £75–100 million (AQSh$150–200 million) ni tashkil etgan[42][5]. Bungacha ishlangan Potter haqidagi filmlar orasida eng katta byudjedga egasi Goblet of Fire boʻlib, ushbu kinokartina byudjeti £75 millionni tashkil qilgan[43]. Film ijodkorlari filmni Birlashgan Qirollik tashqarida suratga olish haqida jiddiy oʻylab koʻrishgan boʻlsa-da, filmning koʻplab sahnalari Watford borosidagi Leavesden kinostudiyasida tasvirga tushirilgan[44][45][46][47].
Angliyadagi Temza daryosi „Feniks jamiyati“ aʼzolarining Grimmauld saroyi tomon, „Dumbledore otryadi“ aʼzolarining esa Sehrgarlik vazirligi tomon parvoz etishiga aloqador sahnalarni tasvirga olishda ishlatilgan[48]. Mazkur tasvirlarda London koʻzi, Kaneri-Uorf, Big Ben, Buckingham saroyi va HMS Belfast singari oriyentirlarni ham koʻrish mumkin[49]. 9¾ platformasiga bagʻishlangan sahna oldingi filmlardagi kabi King's Cross vokzalida suratga tushirilgan[50]. Harry va Arthur Weasley Vazirlikka kirishda foydalangan qizil telefon budkasi bilan bogʻliq sahna Scotland Yardda suratga olingan[51]. Suratga olish jamoasi Arthur Weasley va Harry ishtirokidagi sud majlisiga bagʻishlangan sahnani tasvirga olish uchun 2006-yilning 22-oktyabrida Westminster metro stansiyasini maʼlum muddatga yopishgan[52]. Boshqa sahnalar Oxford shahri ichida va yaqinida suratga olingan[53][54].
Hogwarts Expressning viadukdan oʻtish sahnasi oldingi filmlardagi kabi Glenfinnan qishlogʻida olingan[55]. Osmonda kechadigan sahnalar Glen-Kou, Klesheyg-Galli[55] va Glen-Etiv daralarida suratga olingan. Sababi suratga olish chogʻida mazkur daralar Shotlandiyadagi oz sonli qorsiz joylardan biri boʻlgan[56].
Rejissyor David Yatesning soʻzlariga koʻra, Feniks jamiyati filmi davomiyligi dastavval uch soatni tashkil etgan. Film reja qilinganidan 45 daqiqa uzoq davom etgani tufayli baʼzi materiallar yakuniy montaj jarayonlarida olib tashlangan[57]. Shu sababli filmning koʻplab joylarda tasvirga olingan sahnalari filmning yakuniy versiyasiga kiritilmagan. Virginia Water qishlogʻida suratga olingan professor McGonagallning sogʻayish sahnasi[58], Burnham Beechesda suratga olingan Hagridning sehrli mavjudotlar parvarishi darsida oʻquvchilarga festrallarni koʻrsatish sahnasi[59] yakuniy versiyaga kiritilmagan sahnalarga misoldir.
Vizual effektlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Film uchun hammasi boʻlib 1 400 dan ortiq vizual effektli kadr tayyorlangan. Ularning 950 tasi Double Negative studiyasi tomonidan yaratilgan. Studiya vizual effektli kadrlar tayyorlashni 2006-yilning sentyabridan boshlagan. Jarayon qariyb olti oy davom etgan[60].
Filmdagi yangi personaj – Grawp Image Metrics kompaniyasi tomonidan yaratilgan „Soul Capturing“ nomli yangi texnologiya yordamida jonlantirilgan. Personaj harakatlarini modellashtirishda aktyor Tony Maudsleyning harakatlari va mimikasi ishlatilgan[60][61].
Musiqasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Harry Potter and the Order of the Phoenix (Original Motion Picture Soundtrack) | ||||
---|---|---|---|---|
Nicholas Hooper saundtreki | ||||
Chiqarilgan sanasi | 2007-yil 10-iyul | |||
Yozib olingan sanasi | 2007-yil | |||
Janr | saundtrek | |||
Davomiyligi | 52:22 | |||
Leybl | Warner/Sunset | |||
Wizarding World xronologiyasi | ||||
|
Feniks jamiyati filmiga Nicholas Hooper bastakorlik qilgan. Bundan oldingi filmlarga John Williams (birinchi uch filmga) va Patrick Doyle (toʻrtinchi filmga) bastakorlik qilishgan. Film uchun Hooper tomonidan yaratilgan saundtrekga „Hedwig's Theme“ asosida ishlangan variatsiyalar ham kiritilgan. „Hedwig's Theme“ Harry Potter filmlar seriyasining tematik musiqasi boʻlib, Williams tomonidan yaratilgan va undan Potter haqidagi filmlarning barchasida ishlatilgan[62]. 2007-yilning mart-aprel oylarida Hooper va London kamerniy orkestri Abbey Road Studios studiyasida salkam ikki soat davom etadigan musiqani yozib olgan[63][64].
Film musiqasi qolgan filmlar bilan solishtirilganda anchayin maʼyus ruhda ekanligi bilan ajralib turadi. Saundtrek 2007-yilning 10-iyulida, filmning relizi arafasida Warner Bros. Records leybli tomonidan eʼlon qilingan[65]. Hooper „World Soundtrack Discovery“ mukofotiga nomzod etib koʻrsatilgan.
Filmda The Ordinary Boys guruhi ijro etgan „Boys Will Be Boys“ qoʻshigʻi ishlatilgan. Tarona filmning Gryffindor zaliga aloqador sahnasida (31:35) yangraydi. Rupert Grintga koʻra, David Yates ushbu qoʻshiqdan zalda „erkin“ atmosfera yaratish uchun foydalangan[66].
№ | Nomi | Musiqa | Davomiyligi |
---|---|---|---|
1. | „Fireworks“ | 1:49 | |
2. | „Professor Umbridge“ | 2:35 | |
3. | „Another Story“ | Hedwig's Theme (John Williams) | 2:41 |
4. | „Dementors in the Underpass“ | 1:45 | |
5. | „Dumbledore's Army“ | 2:42 | |
6. | „The Hall of Prophecies“ | Hedwig's Theme | 4:27 |
7. | „Possession“ | 3:20 | |
8. | „The Room of Requirements“ | Hedwig's Theme | 6:09 |
9. | „The Kiss“ | 1:56 | |
10. | „A Journey to Hogwarts“ | Hedwig's Theme | 2:54 |
11. | „The Sirius Deception“ | 2:36 | |
12. | „Death of Sirius“ | 3:58 | |
13. | „Umbridge Spoils a Beautiful Morning“ | 2:39 | |
14. | „Darkness Takes Over“ | 2:58 | |
15. | „The Ministry of Magic“ | 2:48 | |
16. | „The Sacking of Trelawney“ | 2:15 | |
17. | „Flight of the Order of the Phoenix“ | 1:34 | |
18. | „Loved Ones and Leaving“ | 3:15 | |
Jami davomiyligi: | 51:56 |
Film va kitob orasidagi tafovutlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Harry Potter and the Order of the Phoenix romani 766 betdan iborat boʻlib, Harry Potter turkum romanlari ichidagi eng koʻp betlisi hisoblanadi. Biroq, Feniks jamiyati filmi Potter haqidagi filmlar orasida davomiyligi boʻyicha eng qisqalaridan biridir (138 daqiqa)[67]. Film ssenariysini yozgan Michael Goldenbergning aytishicha, uning vazifasi romanda boʻladigan butun voqealarni film uchun imkon qadar umumiy mazmunni saqlab qolgan holda qisqartirish boʻlgan[68]. Goldenberg qoʻshimcha qilishicha, Rowling unga, prodyuserlarga va Yatesga shunchaki yaxshi film koʻrishni istashini, shunday film yaratishimiz uchun esa kitob voqealarini istagancha oʻzgartirishimiz mumkinligini aytgan[68][69].
Kitob voqealarida Ronning Quidditch jamoasi uchun saʼy-harakatlari davomida shaxs sifatida oʻsishini koʻrish mumkin. Biroq, bunday voqea filmning rejadagi davomiyligini taʼminlash uchun film ssenariysiga kiritilmagan. Bu esa personajini Quidditchga aloqador sahnalarda koʻrishni intiqlik bilan kutgan Rupert Grintning hafsalasini pir qilgan[70]. Goldenbergning soʻzlariga koʻra, tomoshabin filmni tomosha qilish davomida Ronning personaj oʻlaroq oʻsishini kuzatishi mumkin, garchi kitobdagidek batafsil boʻlmasa-da[69][68][69].
Kitobga koʻra, Harry otasining Snapeni masxara qilishi, onasi otasini yonini olganda esa Snape uni haqoratlashi haqidagi xotiralarni koʻradi. Film voqealarida esa Harryning onasi Lily Potter umuman ishtirok etmaydi[71].
Filmda St Mungo's kasalxonasidagi sahna ham olib tashlangan. Mazkur sahnada Harry va doʻstlari Neville Longbottom bilan toʻqnash kelib, Bellatrix Lestrange Nevillening ota-onasini azoblagini bilib olishadi. Ushbu sahnaning filmdan olib tashlanishiga sabab uning yangi dekoratsiya talab etgani boʻlgan[68][70].
Kreacher personaji filmga Rowlingning soʻrovi bilangina qoʻshilgan. Mazkur personaj kitobda filmga qaraganda ancha muhim oʻrin tutgan. Kitobda Kreacherning „Feniks jamiyati“ aʼzolari uloqtirib yuborgan Blacklar oilasiga tegishli artefaktlarni saqlab qolishini kuzatish mumkin. Kreacher saqlab qolgan artefaktlardan biri medalon boʻlib, yettinchi kitob voqealarida juda muhim ahamiyat kasb etgan[72][33][67].
Film, shuningdek, Rita Skeeter (Goblet of Fire filmida Miranda Richardson tarafidan jonlantirilgan) personaji bilan bogʻliq sahnalarni ham oʻz ichiga olmagan. Kitob voqealarida Hermione Harryni qoʻllab-quvvatlovchi maqola yozishi uchun Ritaga doʻq-poʻpisa qiladi[67][73].
Relizi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Marketing
[tahrir | manbasini tahrirlash]Filmning ilk treyleri 2006-yilning 17-noyabrida eʼlon qilingan. Ayni shu sanada Warner Bros. studiyasining Happy Feet nomli animatsion filmi prokatlarga chiqarilgan[74]. Filmning xalqaro treyleri 2007-yilning 22-aprelida soat 14:00 UTC da eʼlon qilingan[75]. 2007-yilning 4-mayida filmning AQSh uchun moʻljallangan treyleri ommaga taqdim etilgan. Ayni shu sanada Spider-Man 3 filmi AQShda kinoprokatlarga chiqarilgan[76].
Filmning Internetda eʼlon qilingan ikki posteri OAVda koʻplab bahs-munozaralarga sabab boʻlgan. Ushbu ikki poster deyarli bir xil boʻlib, bir-biridan Emma Watson tomonidan gavdalantirilgan Hermione personajining koʻkragi konturi choʻziqligi bilan farqlangan[77].
EA UK shirkati tomonidan filmdan ilhomlanib yaratilgan Harry Potter and the Order of the Phoenix videooʻyini 2007-yilning 25-iyunida chiqarilgan[78]. Ayni shu sanada EA Mobile tomonidan tayyorlangan Harry Potter: Mastering Magic mobil oʻyini ham eʼlon qilingan[79]. 2007-yilning 1-iyunida Lego shirkati Harry Potter and the Order of the Phoenix jamlanmasini chiqargan[80][81].
Reaksiya
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kassa
[tahrir | manbasini tahrirlash]Feniks jamiyati filmi prokatlarga chiqarilganidan besh kun oʻtib $333 million ishlab topgan. Film AQSh va Kanadada kassada $292,4 million ishlab topgan va Shimoliy Amerikada 2007-yilning beshinchi eng kassabop filmiga aylangan[83]. Birlashgan Qirollikdagi prokatlarda £49,2 million ($101,4 million) ishlab topgan[84]. Umumjahon boʻylab esa prokatlarda $942 million[6] ishlab topgan va 2007-yilning ikkinchi eng kassabop filmiga aylangan (birinchilikni $960 million bilan Pirates of the Caribbean: At World's End filmi olgan)[85].
Tanqid
[tahrir | manbasini tahrirlash]Rotten Tomatoes kinotanqid saytida film haqida 256 ta maqola yigʻilib, ulardan 78 foizi filmni ijobiy baholagan. Sayt konsensusi shunday: „Harry Potter haqidagi eng uzun kitobni olib, uni Harry Potter haqidagi eng qisqa filmga aylantirish oson vazifa emas, ammo rejissyor David Yates buni uddalab, oxirida qiziqarli syujetga boy Feniks jamiyati filmini yaratdi“[86]. Metacritic saytida esa 37 ta maqola yigʻilib, 71/100 reyting bilan baholangan[87].
Yutuqlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yil | Mukofot | Natija | Mnb. |
---|---|---|---|
2007 | Broadcast Film Critics Association Awards | Nominatsiya | [88] |
MTV Film Awards | Nominatsiya | [89] | |
National Movie Awards | Yutuq | [90] | |
Teen Choice Awards | Yutuq | [91] | |
Scream Awards | Nominatsiya | [92] | |
World Soundtrack Discovery Award | Nominatsiya | [93] | |
Hollywood Awards | Nominatsiya | [94] | |
BAFTA Awards | Nominatsiya | [95] | |
BAFTA Britannia Awards | Yutuq | [96] | |
People's Choice Award | Yutuq | [97] | |
Empire Awards | Yutuq | [98] | |
London Film Critics Circle Awards | Nominatsiya | [99] | |
Art Directors Guild | Nominatsiya | [100] | |
Costume Designers Guild | Nominatsiya | [101] | |
Hugo Awards | Nominatsiya | [102] |
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „HARRY POTTER AND THE ORDER OF THE PHOENIX (2007)“. AFI Catalog of Feature Films. Qaraldi: 24-iyul 2018-yil.
- ↑ „Harry Potter and the Order of the Phoenix (12A)“. British Board of Film Classification (24-may 2007-yil). Qaraldi: 27-dekabr 2015-yil.
- ↑ 3,0 3,1 „Harry Potter and the Order of the Phoenix (2007)“ (inglizcha). British Film Instirtute. Qaraldi: 18-oktabr 2017-yil.
- ↑ Cornwell, Tim. „Oscars signal boom (except for Scots)“. The Scotsman (24-yanvar 2007-yil). Qaraldi: 24-yanvar 2007-yil.
- ↑ 5,0 5,1 Haun, Harry. „Harry the Fifth“. Film Journal International (20-iyun 2007). 4-avgust 2008-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 26-iyun 2007.
- ↑ 6,0 6,1 6,2 „Harry Potter and the Order of the Phoenix“. Box Office Mojo. IMDb. Qaraldi: 2021-yil 3-mart.
- ↑ „Worldwide Openings“. Box Office Mojo. Qaraldi: 21-dekabr 2015-yil.
- ↑ „2007 Worldwide Grosses“. Box Office Mojo (6-mart 2008-yil).
- ↑ „Top actress "will play Umbridge"“. BBC (21-oktabr 2005-yil). Qaraldi: 23-oktabr 2006-yil.
- ↑ Daly, Steve (13 July 2007). „Harry the 5th“. Entertainment Weekly. 12 October 2007da asl nusxadan arxivlandi. Qaraldi: 8 October 2007.
- ↑ 11,0 11,1 Raphael, Amy. „How I raised Potter's bar“. The Observer (2007-yil 24-iyun). 2007-yil 3-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 26-iyun.
- ↑ D'Alessandro, Anthony. „WB Wild For Harry Potter“. Variety (2007-yil 9-iyul). 2014-yil 8-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 15-iyun.
- ↑ „Interview with Emma Watson“. Crushable (source: Donna, Italian magazine) (2012-yil 3-aprel). 2012-yil 14-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 3-aprel.
- ↑ Fienberg, Daniel. „Screenwriter will sit out one Potter“. Milwaukee Journal Sentinel (2005-yil 16-noyabr). 2008-yil 2-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2008-yil 3-mart.
- ↑ Warner Bros. (2006-yil 2-avgust). „Helena Bonham Carter Joins the All-Star Cast and Nicholas Hooper Signs on to Compose the Score of Warner Bros. Pictures' Harry Potter and the Order of the Phoenix“. Press-reliz.
- ↑ „About Paul Harris“. PaulHarris.uk.com. 2020-yil 28-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 30-may.
- ↑ Puig, Claudia. „There's no looking back“. USA Today (2005-yil 3-may). 2011-yil 29-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2006-yil 23-oktyabr.
- ↑ „NR chats to GOF's Rupert Grint“. BBC (2005-yil 16-noyabr). 2017-yil 6-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2006-yil 23-oktyabr.
- ↑ „NR chats to GOF's Emma Watson“. BBC (2005-yil 16-noyabr). 2016-yil 19-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2006-yil 23-oktyabr.
- ↑ „Matthew Lewis: Online Q&A session“. MuggleNet (2005-yil 25-avgust). 2006-yil 8-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2006-yil 23-oktyabr.
- ↑ „Bonnie Wright as Ginny Weasley in Harry Potter and the Goblet of Fire“. Scholastic News (2005-yil 26-noyabr). 2008-yil 16-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2006-yil 23-oktyabr.
- ↑ „What Katie did“. The Star (Malaysia) (2005-yil 16-noyabr). 2005-yil 2-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2006-yil 23-oktyabr.
- ↑ „Ralph Fiennes on Lord Voldemort“. ComingSoon.net (2005-yil 9-avgust). 2006-yil 18-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2006-yil 23-oktyabr.
- ↑ „Filming Begins for Harry Potter 5“. ComingSoon.net (2006-yil 2-fevral). 2006-yil 19-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2006-yil 23-oktyabr.
- ↑ „Lizo reports from the Luna casting“. BBC (2006-yil 15-yanvar). 2007-yil 6-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2006-yil 24-oktyabr.
- ↑ Rodriguez, Karla „Saoirse Ronan admits disappointment over Harry Potter Luna Lovegood role“. IrishCentral (2011-yil 4-avgust). 2013-yil 22-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 14-avgust.
- ↑ Anelli, Mellisa. „WB: Hurley Not Cast in Fifth Potter Film“ (Wayback Machine saytida 27 September 2007 sanasida arxivlangan). The Leaky Cauldron. 8 February 2005. Retrieved 28 May 2006.
- ↑ Cummins, Fiona. „Exclusive: Helen is New Foe for Harry“. Daily Mirror (2005-yil 2-avgust). 2007-yil 10-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2008-yil 18-fevral.
- ↑ „Luna Lovegood role has been cast“. CBBC Newsround (2006-yil 2-fevral). 2006-yil 5-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2008-yil 18-fevral.
- ↑ „Potter exclusive: New Bellatrix“. CBBC Newsround (2006-yil 25-may). 2016-yil 5-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2006-yil 25-may.
- ↑ „WB: McManus as Aberforth, "Very Minor Role"“. The Leaky Cauldron (2006-yil 26-aprel). 2007-yil 24-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 25-avgust.
- ↑ Adler, Shawn „Elf's Absence From Next Harry Potter Flick Opens Up Plot Questions“. MTV (2006-yil 6-oktyabr). 2006-yil 16-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2006-yil 6-oktyabr.
- ↑ 33,0 33,1 Vineyard, Jennifer. „Kreacher Comfort: MTV Solves A Harry Potter Mystery“. MTV (2007-yil 25-iyun). 2007-yil 27-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 26-iyun.
- ↑ Anelli, Melissa, David Heyman, Daniel Radcliffe, Miranda Richardson, Tolga Safer, Emerson Spartz. "Goblet of Fire" Red Carpet Interviews, Part 2: Interviews filmed with Tolga Safer, David Heyman, Miranda Richardson, and Dan Radcliffe on the red carpet of the US premiere. (QuickTime). The Leaky Cauldron, MuggleNet.
- ↑ Green, Kris. „Tiana Benjamin“. Digital Spy (2007-yil 13-aprel). 2007-yil 29-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 15-aprel.
- ↑ Deedes, Henry. „David Yates: Partner of Walcott's aunt, Yvonne (Headline "Pandora: 'Standard' opera row has a dramatic finish")“. The Independent (2006-yil 27-fevral). 2022-yil 9-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 4-mart.
- ↑ McIntosh, Lindsay. „Football Shorts: Theo misses out on Harry Potter film“. The Times (2006-yil 26-sentyabr). 2010-yil 1-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2006-yil 24-oktyabr.
- ↑ Sims, Andrew „OOTP LA Interviews - Part 1“. YouTube. 2022-yil 15-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 15-avgust.
- ↑ „Order of the Phoenix Movie Rehearsals Starting“. The Leaky Cauldron (2006-yil 27-yanvar). 2007-yil 24-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2006-yil 30-dekabr.
- ↑ „2006: The Year in Harry Potter Film“. The Leaky Cauldron (2006-yil 29-dekabr). 2007-yil 27-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2006-yil 30-dekabr.
- ↑ „Exclusive: Order of the Phoenix News“. Empire (2006-yil 14-mart). 2007-yil 30-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 2-avgust.
- ↑ Cornwell, Tim. „Oscars signal boom (except for Scots)“. The Scotsman (2007-yil 24-yanvar). 2009-yil 9-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 24-yanvar.
- ↑ „Harry Potter and the Goblet of Fire“. Box Office Mojo. 2009-yil 22-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2008-yil 6-mart.
- ↑ „JK 'loves' Goblet of Fire movie“. BBC Newsround (2005-yil 7-noyabr). 2007-yil 17-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 31-may.
- ↑ „Sunrise Behind the Scenes of Order of the Phoenix“. The Leaky Cauldron (2006-yil 3-mart). 2007-yil 24-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2006-yil 23-oktyabr.
- ↑ „New Privet Drive Set Photos from OotP“. The Leaky Cauldron (2006-yil 4-iyul). 2007-yil 24-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 24-fevral.
- ↑ „Leaky Mug: Order of the Phoenix Set Report“. The Leaky Mug (2006-yil 24-noyabr). 2007-yil 28-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 24-fevral.
- ↑ „Yates comments on OOTP hold-up“. MuggleNet (2005-yil 27-may). 2007-yil 2-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2006-yil 23-oktyabr.
- ↑ Dhanyasree, M. „Harry Potter and the Order of the Phoenix“. One India (2007-yil 20-iyul). 2007-yil 19-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 4-oktyabr.
- ↑ „Kings Cross, Sunday Sept 3rd“. HP4U News (2006-yil 9-sentyabr). 2006-yil 11-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2006-yil 24-oktyabr.
- ↑ „New images from Order of the Phoenix“. HPANA (2006-yil 22-oktyabr). 2008-yil 18-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2006-yil 22-oktyabr.
- ↑ „Harry Potter rides on London Tube“. BBC (2006-yil 22-oktyabr). 2007-yil 12-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 1-aprel.
- ↑ Kern, Chris. „Harry Potter's Britain“. Fandango. 2007-yil 3-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 8-mart.
- ↑ „Harry Potter pops into palace“. Oxford Mail (2006-yil 27-iyul). 2008-yil 18-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2006-yil 23-oktyabr.
- ↑ 55,0 55,1 „Harry Potter 5 Filming in the West Highlands“. ComingSoon.net (2006-yil 25-may). 2006-yil 4-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2006-yil 23-oktyabr.
- ↑ Twinch, Emily; Henry Samuel. „Ski Sunday as snow blankets Scotland“. The Daily Telegraph (2006-yil 6-mart). 2006-yil 15-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 1-aprel.
- ↑ „OotP Director David Yates: "I've Shot a Movie That's Probably Over Three Hours" - The-Leaky-Cauldron.org“ (2006-yil 27-oktyabr). 2017-yil 10-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 4-aprel.
- ↑ „Order of the Phoenix Filming“. HP4U News (2006-yil 2-avgust). 2007-yil 4-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2006-yil 23-oktyabr.
- ↑ „Order of the Phoenix August Set Report and Pictures“. MuggleNet (2006-yil 3-avgust). 2006-yil 6-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2006-yil 24-oktyabr.
- ↑ 60,0 60,1 Bielik, Alain. „Order of the Phoenix: Escalating Potter VFX – Part 1“. VFX World (2007-yil 1-avgust). 2007-yil 7-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 2-avgust.
- ↑ Waxman, Sharon. „Cyberface: New Technology That Captures the Soul“. The New York Times (2006-yil 15-oktyabr), s. E1. 2007-yil 3-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 19-aprel.
- ↑ Carlsson, Mikael (8 May 2007). "Hooper writes new themes for Potter". Film Music Weekly (14): 4. http://www.filmmusicweekly.com/issues/FM_Weekly_050807.pdf. Qaraldi: 10 May 2007.Harry Potter va Feniks jamiyati (film)]]
- ↑ Carlsson, Mikael. „Hooper writes new themes for Potter“. Film Music Weekly (2007-yil 8-may), s. 4. 2007-yil 24-iyulda asl nusxadan arxivlangan.
- ↑ „Official Soundtrack Tracklisting“. Discogs. 2021-yil 22-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 16-aprel.
- ↑ „"Order of the Phoenix" Soundtrack Due 10 July“. The Leaky Cauldron (2007-yil 26-mart). 2007-yil 24-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 26-mart.
- ↑ "Audio Q&A from 'Order of the Phoenix' press conference" from HPANA
- ↑ 67,0 67,1 67,2 Daly, Steve (13 July 2007). „What Phoenix leaves out“. Entertainment Weekly. 13 October 2018da asl nusxadan arxivlandi. Qaraldi: 9 October 2007.
- ↑ 68,0 68,1 68,2 68,3 Traister, Rebecca. „Harry Potter and the art of screenwriting“. Salon.com (2007-yil 11-iyul). 2011-yil 30-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 19-fevral.
- ↑ 69,0 69,1 69,2 Anelli, Melissa. „Introducing Michael Goldenberg: The OotP scribe on the Harry Potter films, franchise, and fandom“. The Leaky Cauldron (2007-yil 9-aprel). 2012-yil 16-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 15-sentyabr.
- ↑ 70,0 70,1 Daly, Steve (6 April 2007). „Phoenix Rising“. Entertainment Weekly. 3-bet. 6 April 2007da asl nusxadan arxivlandi. Qaraldi: 6 November 2020.
- ↑ „Magic Parents“. Daily Record (2007-yil 4-fevral). 2007-yil 30-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 15-sentyabr.
- ↑ Rowling, J. K. (2007). Harry Potter and the Deathly Hallows (inglizcha). London: Bloomsbury/New York City: Scholastic, et al. UK ISBN 1-55192-976-7/U.S. ISBN 0-545-01022-5, chapter 10.
- ↑ „Goblet of Fire Red Carpet Interviews, Part 2: Interviews filmed with Tolga Safer, David Heyman, Miranda Richardson, and Dan Radcliffe on the red carpet of the US premiere.“ (QuickTime). The Leaky Cauldron, MuggleNet. Qaraldi: 2007-yil 15-sentyabr. [sayt ishlamaydi]
- ↑ „Order of the Phoenix Trailer to Show on Happy Feet Website Monday 20 November at 3:00 pm (EST)“. The Leaky Cauldron (2006-yil 17-noyabr). 2007-yil 27-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2006-yil 20-noyabr.
- ↑ „New International Trailer for "Harry Potter and the Order of the Phoenix"“. The Leaky Cauldron (2007-yil 22-aprel). 2007-yil 25-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 22-aprel.
- ↑ Puig, Claudia. „Phoenix is born again in new trailer“. USA Today (2007-yil 22-aprel). 2007-yil 16-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 23-aprel.
- ↑ Anelli, Melissa. „Ch-ch-changes on the OotP Posters“. The Leaky Cauldron (2007-yil 4-may). 2007-yil 27-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 5-iyun.
- ↑ „"Trick Out Your Broom" at OotP Video Game Preview Events“. The Leaky Cauldron (2007-yil 4-iyun). 2007-yil 28-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 2-iyul.
- ↑ Dredge, Stuart. „Mobile gets magic new Harry Potter game“. Pocket Gamer (2007-yil 14-dekabr). 2021-yil 15-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 2-yanvar.
- ↑ „New Phoenix merchandise info“. MuggleNet (2007-yil 13-fevral). 2007-yil 2-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 8-oktyabr.
- ↑ „2007 Harry Potter Toys from LEGO, NECA, & Cards Inc.“. Millionaire Playboy. 2007-yil 9-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2008-yil 7-mart.
- ↑ „David Yates Does It All“. 2013-yil 11-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 13-noyabr.
- ↑ „2007 Yearly Box Office Results“. Box Office Mojo. 2021-yil 26-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 26-dekabr.
- ↑ „HARRY POTTER AND THE ORDER OF THE PHOENIX – Foreign Total as of 9 December 2007: $646,460,223“. Box Office Mojo. 2019-yil 22-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 24-noyabr.
- ↑ „2007 WORLDWIDE GROSSES“. Box Office Mojo. 2018-yil 4-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 27-dekabr.
- ↑ „Harry Potter and the Order of the Phoenix (2007)“. Rotten Tomatoes. Fandango. 2017-yil 15-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 29-noyabr.
- ↑ „Harry Potter and the Order of the Phoenix (2007)“. Metacritic. 2007-yil 12-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2008-yil 23-avgust.
- ↑ „Into The Wild Leads With Seven Nominations for the 13th Annual Critics' Choice Awards“. Associated Press (2007-yil 11-dekabr). 2007-yil 18-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 15-dekabr.
- ↑ „Transformers beats Harry Potter at MTV Awards“. MuggleNet (2007-yil 3-iyun). 2007-yil 11-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 6-iyun.
- ↑ Pryor, Fiona. „Potter wins film awards hat-trick“. BBC News (2007-yil 28-sentyabr). 2007-yil 16-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 29-sentyabr.
- ↑ „Order of the Phoenix wins "Teen Choice" award“. HPANA (2007-yil 26-avgust). 2007-yil 30-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 27-avgust.
- ↑ Spike TV (2007-yil 5-sentyabr). „Spike TV Goes Into the Woods for SCREAM 2007 at the Greek Theater in Los Angeles“. Press-reliz.[sayt ishlamaydi]
- ↑ „Nicholas Hooper nominated for "World Soundtrack Discovery Award"“. HPANA (2007-yil 7-sentyabr). 2007-yil 11-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 8-sentyabr.
- ↑ Hollywood Film Festival (2007-yil 10-oktyabr). „2007 HOLLYWOOD FILM FESTIVAL ANNOUNCES LINE-UP“. Press-reliz.
- ↑ „FILM AWARDS NOMINEES IN 2008“. BAFTA (2008-yil 16-yanvar). 2012-yil 13-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2008-yil 4-fevral.
- ↑ „2011 Britannia Awards – John Lasseter & David Yates“ (2011-yil 28-iyun). 2011-yil 17-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 14-dekabr. „John Lasseter and David Yates are master creators of joy and imagination. ... Mr. Yates's contribution to the final four parts of the 'Harry Potter' franchise. ... delighted to honor these remarkable filmmakers with this year's Britannia Award.“.
- ↑ „People's Choice Awards Past Winners: 2008“. PCAvote.com. Sycamore Productions. 2007-yil 28-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2008-yil 10-yanvar.
- ↑ Griffiths, Peter. „"Atonement" wins hat-trick of Empire awards“. Reuters UK (2008-yil 10-mart). 2020-yil 6-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2008-yil 10-mart.
- ↑ Dawtrey, Adam. „London loves 'Control', 'Atonement'“. Variety (2007-yil 13-dekabr). 2022-yil 23-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 15-dekabr.
- ↑ King, Susan. „Art Directors Guild lists nominations and honours for Harryhausen, Craig“. Los Angeles Times (2008-yil 11-yanvar). 2008-yil 13-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2008-yil 21-yanvar.
- ↑ „10th Annual Costume Designers Guild Awards“. Los Angeles Times (2008-yil 17-yanvar). 2011-yil 25-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2008-yil 6-mart.
- ↑ „2008 Hugo Awards“. Hugo Awards (2008). 2011-yil 7-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 17-sentyabr.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Rasmiy sayti (inglizcha)
- Harry Potter va Feniks jamiyati IMDbda
- Harry Potter va Feniks jamiyati AllMovieda
- Harry Potter va Feniks jamiyati Box Office Mojoda